«Marvarid» tomidagi maydoncha, alvon shafaq va rang-barang chiroqlar shodasidan taralayotgan nur — MOC jamoasi tashkil etgan Cinema Love hujjatli va eksperimental kinofestivali o'z mehmonlarini mana shunday muhitda qarshiladi. Biz festival ochilishida bo'lib, «Girdob» kartinasini tomosha qildik va endi o'z taassurotlarimizni siz bilan o'rtoqlashishga tayyormiz.
Cinema Love — jamoasi tomonidan o'tkazib kelinayotgan hujjatli va eksperimental kinofestivali. Festival mana ikki yildirki, kinematografiya ixlosmandlarini jamlagan holda mahalliy va xorijlik rejissyorlar uchun imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
O'tgan yili Cinema Love Toshkent animatsiya va multiplikatsiya festivali hamkori bo'ldi va uning maydonchalarida tanlov ishtirokchilarining filmlari namoyish etildi.
2023-yilning fevralida MOS ikkinchi festivalni o'tkazish haqida e'lon qilgan va tanlov dasturida ishtirok etish uchun arizalar qabuli boshlangandi. Аvval boshdan Cinema Love ni iyun oyida o'tkazish rejalashtirilgandi, biroq kutilmagan vaziyatlarga ko'ra uni iyunning oxiri, iyulning boshiga ko'chirishga to'g'ri keldi.
5-maygacha xohlagan ijodkor o'zining eksperimental yoki hujjatli ishi bilan festivalning tanlov short-varag'iga kirishi mumkin edi. Bu yil Cinema Love dasturi Inspirations, Retrospective va Kinolar mavzusidagi uch qismdan iborat bo'ldi.
Festival ikkita maydonchada: eksperiment tariqasida qurilgan «Marvarid» uyining tomida va MOC Hub da bo'lib o'tdi.
Festival ochilishi marosimi «Marvarid»ning tomida o'tkazildi. Tadbir uchun joy bu tanlanishi bejiz emas: MOS jamoasi xuddi shu uyda joylashgan.
Marosim 19:30 ga belgilangan bo'lishiga qaramay, mehmonlarni 20:00 ga yaqin uy ichkarisiga kirita boshlashdi. Uyda yashovchilar uchun noqulaylik tug'dirmaslik va lift besh kishiga mo'ljallangan bo'lgan uchun mehmonlar besh kishilik guruh bo'lib tepaga ko'tarildilar. Tashkilotchilar mehmonlardan kirish joyida to'planmaslikni iltimos qilgan holda asta-sekin marosim joyiga o'tish uchun imkoniyat yaratdilar. Ochilish marosimida MOS jamoasi a'zolari va Cinema Love g'oyasi tashabbuskorlari — Odil Muhamedov va Valeriya Kim so'zga chiqdilar.
Festival o'zbek rejissyori Baqo Sodiqovning «Girdob» eksperimental kartinasi namoyishi bilan boshlandi. Sodiqovning ushbu ishi Kann festivali short-varag'idan ham o'rin olgan bo'lib, stsenariyni yaratishda shaxsan Chingiz Аytmatov ishtirok etgandi. Film o'zlarini Girdob deb atovchi qabila haqida hikoya qiladi. Qabila odamlari sahro kezib yurarkanlar, «O'lik shahar»ga duch kelishdan juda qo'rqadilar, ular ko'zlagan yagona maqsad — Ma'noga yetishish.
Bugungi kunda ushbu film internet tarmog'ida deyarli mavjud emas — qidiruv faqat YouTube dagi birgina video ga yo'llaydi, tanqidchilarning sharhlarini esa umuman topib bo'lmaydi. Shunga qaramay, film qayg'u-alam va bedavolik ruhiga yo'g'rilganligi bilan o'ziga jalb etadi, tomoshabinda kuchli qiziqish uyg'otish bilan birga, film yakuni kishida mavhumlik va yo'qotilgan umidlar anduhi kabi hislarni uyg'otadi.