13 июн 2023

«Men fotosuratga yuzlab gullarni tikib chiqdim» — Anastasiya Soldeyn o'zining kollaj ishlari, fotografiya va ilhom beruvchi manbaalari haqida

Fotografiya — ijod olamida eng ommaviy yo'nalishlardan biri. Biroq, hatto O‘zbekistonning ko'psonli foto ham jamiyatida ham odatiy ish uslubidan chekinib, qandaydir noyoblikka erishishga intiluvchi ijodkorlar bor.

 

Yana Modelova o'z ishlari uchun har qanday materialdan foydalana oladigan, tog'u toshlarda o'tadigan to'yni suratga olishni xohlovchi va hatto vinetkaga tushirilgan fotosuratlarga-da o'ziga xoslik bag'ishlay oluvchi fotograf-kollajist — AnastasiyaSoldeyn bilan suhbatlashdi.

 

 

 

Biz Nastya bilan bir necha yillardan buyon tanishmiz. Men u ishtirok etayotgan fotosuratkashlar tanlovida tashkilotchilardan biri edim. Aytish joizki, boshqa konkursantlar oracida Nastya professinal kameraga emas, oddiy telefonga suratga tushiruvchi yagona ijodkor edi. Va meni hozirgacha hayratga soluvchi holat —o'shanda aynan Nastyaning g'olib bo'lgani. Hammasi haqqoniy bo'lgan, g'olibni bizning akkauntimiz obunachilari tanlashgan, lekin ularning aksariyati Soldeyn o'z ishlarini telefon bilan suratga olganiga so'nggi damgacha ishonishmagan edi.

 

O'sha tanlovdan buyog'iga dayarli uch yil vaqt o'tdi.  Nastya hozir kamera bilan ishlaydi, TFP tartibida ishlamaydi va kollaj san'atini o'rgatishga kirishgan. Men ham endilikda tanlovlar o'tkazmayman, maqolalar yozaman va intervyu uchun munosib qahramonlarni izlab topaman. Nastyadan intervyu olishni men hamma narsadan ortiqistagandim.    

 

 

— Kollajlarga bo'lgan qiziqishing qanday boshlangan?

 

— Men hamisha chizishni yoqtirganman, nimanidir ko'chirib chizishni, shakllarni hoshiyalab chiqish jonu dilim edi. O'ylab qarasam, deyarli barcha ishlarimni shunchaki berib yuborar yoki sovg'a qilar ekanman. Chamasi, o'n besh yoshlarimda otkritkalar qilishim mumkin-ku, degan fikr keldi. Axir shundoq ham hamma ishlarimni tarqatsam, aynan otkritkalar bu odatimga juda mos kelardi.

soldeyn 2

Shu tariqa, otkritkalar qilishni boshladim: nimanidir yopishtirsam, nimanidir o'zim chizardim. Bu bilan ancha vaqt shug'ullandim, lekin bir payt bu ishga ishtiyoqim so'nayotganini sezdim. Menda iqtidor yo'q, otkritkalarim esa hech kim kerak emas, deb o'yladim. Shunda xayolimga o'zim yoqtirgan ikki mashg'ulotni: fotografiya va otkritkalar yasashni birlashtirsam-chi, degan fikr keldi. O'zim olgan fotosuratlarni chop etdim, kesib chiqdim, yopishtirdim va bildimki, bu — aynan men istagan narsa.

 

 

— Ya'ni otkritkalar bilan to'qqiz yildan buyon shug'ullanasan. Fotografiya sohasiga qanday kelding?

 

— Fotosuratga olishga urinishlarimni o'n uch yoshimda boshlaganman. Fotosuratlarimga o'sha maytda mashhur bo'lgan Retrica da ishlov berardim, hatto eng qimmat filtrlarni sotib olardim. Selfi qilardim. Keyin esa eng yaqin dugonam Kamilla bilan tanishdim.

 

Bu paytga kelib turli Instameet' lar urf bo'la boshlagan, biz ham ularda qatnasha boshladik.

Instameet — Amerikada paydo bo'lgan sayr yoki uchrashuvning o'ziga xos shakli bo'lib, uning davomida hamfikr kishilar guruhi muayyan mavzu bo'yicha fotosessiya o'tkazadilar. Bunday sayrlar nomi Instagram ilovasi nomidan olingan.

U davrda instagramga fotosurat joylab, mashhurlikka erishish juda oson edi. Agar post tavsiyalar qatoriga «ilinib» qolsa bormi, bir zumda minglab «layk» olardi. Instagramda osongina ommalashish mumkin bo'lgan o'sha davrlarda juda sog'inaman.

 

To'g'risini aytsam, oilamda fotografiyaga munosabat yaxshi bo'lmagan. Ota-onam fotografiya foyda keltiradigan ishmas, deb hisoblashar, mening albatta diplom olib, ofis xodimi bo'lishimni istashardi. Shu boisdan ham kameram bo'lmagan va telefonda suratga olganman — lekin, darhaqiqat, hayotimni shu soha bilan bog'layman, deb o'zim ham o'ylamaganman.

 

Oradan bir necha yil o'tgach, ota-onam taqdirga tan berishdi — aftidan, mening kimyogarlikka o'qib, dorixona yuritmasligimga o'zlari ham amin bo'lishdi. Shunday qilib, menga ilk kameramni sovg'a qilishdi, shu ondan boshlab men jiddiy ishlab, mablag' topishga kirishdim. Dastlab shunchaki dugonamni suratga olib yurdim, lekin u Moskvaga o'qishga ketgach, blogerlarga yoza boshladim.  Oddiy mijozlardan farqli o'laroq, blogerlar kamera qarshisida ishlashni bilishadi va bu jarayonni ancha tezlashtiradi, osonlashtiradi. Qo'shimchasiga, men ularni tekinga suratga olardim — o'zimga portfolio qilish uchun va suratga olishni juda-juda istaganim uchun.

soldeyn 3
soldeyn 4

Kunlardan bir kuni mendan fotosessiyangizning narxi qancha, deb so'rashdi. Ana shunda men fotografiya orqasidan ikkiyuz minglik ilk mablag'imni ishladim.

 

 

— O'z uslubingni qanday topgansan? U boshqa fotosuratchilar uslubidan juda farqlanadi.

 

— Men avval boshdanoq boshqalarnikidan farqli, qandaydir «qoramtir» fotosuratlar olardim. Instamitda ko'proq umumiy kadrlar ommabop bo'lgan paytda ham men dugonamni hali quyuq o'sgan butalar orasida yoki shundoqqina jarlik yoqasida suratga olganman.

 

Hozir esa aniq bilganim shuki — odamlar fotosessiya uchun aynan meni tanlashyaptimi, demak, ularga aynan mening uslubim va yondoshuvim ma'qul kelgan. Ularga shunchaki «falonchi suratkash» olgan suratlar kerak emas. Bu meni turli usullarni qo'llab ko'rishga undaydi. Masalan, men mijozimga keling, siz daraxtga chiqasiz va o'sha yerdan sizni suratga olaman, deya olaman. U ham rozi bo'ladi, chunki u aynan mana shu o'ziga xoslikni izlab keladi mening oldimga.

soldeyn 5

 

 

— Nima deb o'ylaysan, mahorat-darslari yoki xudi o'sha instamitlardan foyda bormi-yo'qmi?

 

— Shaxsan men bunday tadbirlarda ishtirok etish doimo zarur va foydali, deb hisoblayman. Nima bo'lganda ham, bu tajribani orttiradi. Aytaylik, sen o'nlab fotosessiyalar o'tkazgan va o'zingga yarasha tajriba orttirishga ulgurgan ijodkor bo'lsang-da, boshqa fotografning mahorat-darsida ishtirok etish senga ayrim, shu paytgacha o'zing payqamagan mayda-chuydalarga e'tibor berishni o'rgatishi mumkin.

 

 

— Kadrni ko'ra olish qobiliyatingni qanday rivojlantirgansan? Bu sohada boshlovchi bo'lganlarga qanday maslahatlar bera olasan?

 

— Bilmasam… Men vizualman — dunyodagi har bir narsani avvalo ko'zim bilan qabul qilaman. Ha, albatta, tajriba ham yo'q emas — axir necha yildan beri atrof-olamga turli rakurslardan nigoh tashlayman.

 

Qo'shimchasiga, men shunday odamman-ki, kimdir menga mana shuni bir ko'rgin deb aytsa bo'ldi, albatta uyga kelgach, o'sha narsani topib ko'raman. Ko'rgan filmlarim va ko'rishim kerak bo'lganlarini alohida ro'yxat qilib qo'yganman. Ehtimol, shu odatimning ham kadrni ko'ra bilish qobiliyatimni shakllantirishda ma'lum hissasi bordir.

soldeyn 6

Ba'zan men shunchaki ko'chaga chiqamanu, duch kelgan narsalarni suratga olaveraman. Kun bo'yi shunchaki sayr qilib, yuzlab kadr olishim mumkin. Keyin ularni saralayman. Bunda yana bir ajoyib usul bor: ko'chaga chiqasanu faqat ma'lum bir rangdagi narsalarni suratga ola boshlaysan. Masalan, qizil rangli. Shu tarzda sen fokusni muayyan bir aniq narsaga qaratasan.

 

 

— Kollajlaring mavzusiga qaytsak: ish jarayonida nimalardan foydalanasan?

 

— Hamma narsadan, behazil. Rangli qog'ozdan tortib, sigaret qoldig'igacha. Kollaj yaratishda qat'iy qoida va tartiblar yo'q, shu bois agar nimadir g'oyaga mos tushsa, uni bemalol stepler yoki yelim bilan yopishtirish mumkin.

 

Oxirgi paytda fotosuratlarga kashta tikishga juda qiziqib qoldim. Kichikroq gulli kompozisiyadan boshladim: to'qqiz sanimetrcha chiqadigan gul poyasi va ikkita g‘uncha. Bularni kamida besh soat davomida kashta tarzida tikdim.

soldeyn 7

Hozir ancha kam vaqt sarflayapman, ancha mahoratim oshib qolgan. Yaqinda ilk bor to'y marosimini suratga oldim va fotosuratda gullardan iborat bog'ni kashta bilan tasvirlashga qaror qildim. Bu ishga 20 soat vaqt sarfladim va 246 ta... yo'q, 247 ta gulni tikib chiqdim. Axir gullar soni juft bo'lmaydi-ku, to'g'rimi!

soldeyn 8

 

— Kollajlar qanday yig'iladi?

 

— Avval, tabiiyki, suratga olish ishlari yakunlanadi. Keyin men fotosuratlarga ishlov beraman, o'ylab qo'ygan g'oyamga mos keladiganlarini chop etaman va shundan keyingina yig'ishga kirishaman. Kollajni yig'ib bo'lgach, natijani skaner qilaman — va hammasi tayyor.

 

Instragramdagi sahifamni ham kollajlar yordamida bezataman. Lekin aslida, men muayyan bir kunda nimani qo'yishimni oldindan rejalashtirib olaman, shu bois g'oya kelishi bilan shablonlar tayyorlab olaman va belgilangan kun davomida ularni sahifamga qo'yib boraman.

 

Bunday shablonlarni yig'ishga u yoq-bu yog'i bilan bir yarim soat vaqt sarflayman. Ertalabdan post chop etish vaqtimni belgilab olaman, tagso'zlar yozaman, bezataman, keyin esa shunchaki ulashib qo'yaman.

 

 

— Eshitishimcha, sen yaqindan boshlab kollajlashtirish san'ati bo'yicha mashg'ulotlar o'tishni boshlabsan. Shu haqda batafsilroq aytib bersang.

 

— Bu individual o'quv kursi. Qandaydir umumiy kurs qilish niyatim mutlaqo bo'lmagan, vaholanki, bir nechta tanish prodyusserlar kurs ishini yo'lga qo'yib, yaxshigina «soqqa qilish»ni ko'p maslahat berishgan. Hatto o'n kishilik kurs yig'a olganimda ham, ularning har biriga individual mashg'ulotda beriladigan darajada foyda berolmasligimni yaxshi tushunardim.

 

Yaqinda bir qizga o'zim bilganlarimni to'liq o'rgatib bo'ldim, u bilan juda faxrlanyapman. Unga yo'l-yo'riq ko'rsatar ekanman, ba'zan biroz urishib ham berardim, lekin endi ko'ryapman-ki, u hammasini bemalol uddalayapti. To'g'ri, qattiq urushmasdim albatta, lekin ranglarni to'g'ri tanlash zarurati, bir ishni nega aynan shunday bajarish shartligini qat'iy tushuntirardim.

 

 

— O'rganishga qancha vaqt ketadi? Tushunaman, hammasi odamning o'ziga bog'liq, lekin, masalan, hamma narsani darrov ilg'ab tushunadigan zehnli odam bo'lsa. Aytaylik, avval suratga olmagan yoki kollajlar qilmagan odam necha soat, kun yoki hafta davomida ishni darhaqiqat chiroyli bajara oladigan darajaga yetishi mumkin?

 

— Odatda o'quvchilar bilan uch marta tasvirga olish ishlarini bajaraman — ikki marta studiyada, bir marta tabiat qo'ynida. Keyin biz materiallarni jamlab olamiz va uch-to'rt soat davomida ishlaymiz, toki ishimiz darhaqiqat chiroyli va arzirli bo'lmaguncha ishlashda davom etamiz.

soldeyn 9

Albatta, men jarayonlarning har bir bosqichini batafsil tushuntiraman: bevosita ish boshlashdan oldin va jarayon paytida ham, nima uchun suratga aynan shunday olish kerak yoki mana bu kadr mana bunday kollaj uchun to'g'ri keladi, degandek va hokazo.

 

Kollajlarni yaratish va bunga hozirlik ko'rishda ham shunday. Ayrim printerlar kerakli ranglarni chiqarib berolmaydi, bunday holatda qanday ishlash kerak va bularning hammasi keyin qanday skanerlanadi, tushuntiraman.

 

Kollaj yaratish uchun qaychidan tortib, jurnallar, kesmalar, qog'oz sochiqlar va yopishtirma qog'ozlargacha o'zim bilan olib kelaman.

 

 

— Sen o'qitganlar orasida o'zingga raqobatchilar paydo bo'lishidan qo'rqmaysanmi?

 

— Yo'q. Aksincha bu men uchun foydali, shu ma'noda-ki, meni yanada yaxshiroq bo‘lishga undaydi. Chunki, ba'zan Toshkentda men bilan raqobatlasha oladigan ijodkor yo'qdek tuyuladi. Boshqa mamlakatlik ijodkor bolalarning ishlariga qarab turib: «Ofarin, axir men ham shunday qila olaman-ku», deb qolaman.

soldeyn 10

— Darvoqe, materiallar haqida — ularni qaerdan olasan? «Kolleksiyang»ni qanday to'ldirib borasan?

 

— Har doim har xil. Do'stlarim nimalardir keltirishadi, nimalarnidir o'zim topman. Masalan, futbolka sotib olsam, «Yelim xaltasi chiroyli ekan, olib qo'yish kerak», deb o'ylab qolaman. Do'stlarim uylarida keraksiz bo'lib qolgan narsani Nastyaga olib kelinsa, u albatta bir koriga yaratishi mumkinligi yaxshi bilishadi. Eski jurnallar, plastinkalar, otkritkalar, makalatura — hammasini olaveraman.

 

 

— Xonang Yangiobod bozorining filialiga aylanmadimi hali? Bular ancha joyni olsa kerak?

 

— Deyarli shunday. Lekin uyimda juda ko'p tokchalar bor, narsalarimni tartib bilan taxlab qo'yaman, hali yana anchagina joy bor. Bir tarafdan bu juda yaxshi, lekin ikkinchi tarafdan — mutlaqo yaxshimas.

soldeyn 11
soldeyn 12

 

— Bir paytlar bir oylik ish jadvalingni e'lon qilar eding, unda bo'sh vaqting ko'rsatilgan bo'lar va fotosessiya uchun yozilish mumkin edi. Hozir esa faqat bo'lib o'tgan fotosessiyalar bilan o'rtoqlashasan. Nima fotosessiyalarni kamaytirdingmi? Yoki shunchaki kam suratga tushiryapsanmi?

 

— Ha, avvallari suratga olish arzonga tushardi va men yaxshi daromad ko'rish uchun ko'proq syomkaga chiqishim kerak, deb o'ylardim. Hozir esa oyiga besh-oltita fotosessiya o'tkazib, topgan pulimga bemalol yashay olaman. O'ylangan g'oya, vizajist xizmati, studiyani ijaraga olish va mayda-chuyda xarajatlarga qarab, bir martalik syomkam 150 dollardan boshlanadi.

 

 

— Fotosessiya mudbordini o'zing tanlaysanmi? Yoki mijozing ham biron o'zgartirishlar kiritishga haqlimi? Masalan, kimdir faqat Botanika bog'ida suratga tushishni istaydi, sen esa buning iloji yo'qligini yaxshi bilasan.

 

— Bilasanmi, agar mijoz Botanika bog'ida suratga tushishni juda ham istayotgan bo'lsa, unga toqqa borishni taklif qilaman. Shahardan bor-yo'g'i 40 daqiqalik masofada shunday tog' manzaralari borki, u yerda olingan kadrlar Botanika bog'idagiga qaraganda go'zalroq chiqadi. Fotosessiyadan avval albatta mijozga mening profilimda unga ma'qul bo'lgan fotosuratlarni ko'rsatishini so'rayman, uning fikriga, didi qandayligiga qiziqaman.

soldeyn 13

Aytaylik, menga o'zbek qiz murojaat qilib, folklor yo'nalishda suratlar oldirishni istayotganini aytadi. Bu juda ajoyib! Men unga «Malikalar malikasi» mavzusida, xontaxta va ko'rpachalarda suratga tushishni taklif qilaman. Va fotosuratda qizning do'ppisiga albatta kashta tikib beraman.

 

Agar oq-qora rangli fotosessiyani istovchilar uchrab qolsa, bosma sahifalar, masalan, kitob sahifalaridan kollaj taklif qilaman. Ammo pushtirang sochli nozik qizchaga loy ko'chada pank-fotosessiya olishni taklif qilmayman, albatta. Shunchaki, bu usul unga mos kelmasligini va noqulay bo'lishini yaxshi bilaman. Keyin anchayin tavakkalchi bo'lgan boshqa kimdir keladi va uning o'zi loy, ko'lmaklarda sakrab suratga tushishni istayotganini aytadi. Va bu suratlar ham zo'r chiqadi!

 

Umuman olganda, men o'z modelim bilan bir to'lqinda bo'lishga harakat qilaman — doimo biroz vaqtliroq uchrashishni, qahva ichib, biroz suhbatlashishni taklif qilaman. Modelda hayajon bo'lmasligi va u menga butkul ishonish mumkinligiga amin bo'lishi juda muhim.

 

Albatta, bu borada ko'p narsa mijozning o'ziga bog‘liq, lekin men ham hamisha uning istaklarini inobatga olishga intilaman. Agar o'zimda afzalroq g'oya tug‘ilsa— taklif qilaman.

 

 

— Sen telefonga olingan suratlaring bilan Exponaut tanlovida g'olib bo'lding, vaholanki, senga raqobatchilar professional kameralarda ishlashgan edi. Endi sen ham kamera bilan ishlamoqdasan. Savol: qo'llaniladigan texnika qay daraja muhim? Ishni qaysi texnikadan boshlagan ma'qul?

 

— Agar suratkashga kadrni kengaytirish va hokazo texnik imkoniyatlar juda zarur bo'lmasa, qanday texnika bilan ishlashning deyarli farqi yo'q. Hammasini, suratkashning qo'llari qay darajada tekis turishi va uning ko'zlari qaerga qarayotgani hal qiladi. Men bir necha ming dollar turadigan juda qimmat asbob-uskunada ishlaydigan kishilarni bilaman, lekin ularning kadrlar o'rtamiyona xolos.

soldeyn 14

— Yaqin istiqbolda qanday loyihalarni rejalashtirgansan? Balki, qandaydir yangi yo'nalishni sinab ko'rishni istarsan?

 

— Ha, hozir papye-mashedan bir nechta narsalarni yasab beradigan odamni izlayapman.

Tushlar haqida fotosuratlar turkumini qilish niyatim bor. Yana tushayotgan tishlar tasvirlangan nyu-suratlarni ishlamoqchiman... Bilmadim, balki, ko'pchilik shunday tushlar ko'rgandir.

 

Hozir asta-sekin video olamiga ham kirmoqchiman, o'zim ishlagan 700 ta fotosuratlardan videoqator yaratmoqchiman. To'laqonli klip bo'ladi.

 

 

— So'ngso'z o'rnida o'zing eng yoqtirgan fotosessiya jarayoni haqida so'zlab bersang. U qanday kechgan?

 

— Voy bilasanmi, hozirgacha menga eng yoqqan syomka — bu ikki aktyorning to'ylari bo'lgan. U yerda barcha yulduzlar jamul-jam bo'lishgandi, hammasi juda ajoyib kechgan. Bundan tashqari, barcha mehmonlar kelin va kuyovning hamkasb do'stlari bo'lib, kayfiyat va muhit ertaklardagidek bo'lgandi. Hech kim hech kimdan tortinmagan, kameradan qochmagan.

 

Men bu to'yni bor-yo'g'i 500 ming so'm evaziga suratga olgan, chunki aynan shu to'yni suratga olishni o'zim juda istagandim. Syomkadan keyin barcha kollajlarni, fotosuratlarni o'z didimga ko'ra ishlaganman. Bir necha an'anaviy lahzalarni kiritdim — kelin-kuyovning tortni kesishi, mehmonlarning guruch sochishlari kabi. Yoki mana bu suratni qaragin, kuyov kelinni xuddi Dyumchaxon kabi kaftida «ko'tarib» turibdi.

 

Yana shuni sezdimki, agar fotosuratlarga o'z kechinmalarim va hislarini singdirsam, ular boshqalarga ham ko'proq ma'qul bo'lar ekan. Balki, bu Koinotdan kelayotgan bir belgidir…

soldeyn 15

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish
Ta'lim · 07 феврал 2024

Sandiqqa solingan pullar yoki bankdagi omonat — jamg‘armalarni qanday saqlash kerak

Oʻqish
Ta'lim · 14 май 2024

Qalloblar sizni yana qanday aldash mumkinligini oʻylab topishdi

Oʻqish