27-may kuni Mark Vaylning «Ilhom» teatri foyesi gavjum bo'ldi — bu yerda teatr kapital ta'mirlangandan keyin ilk bor to'laqonli ko'rgazma ochildi. Helloblog jurnalistlari ochilish marosimida bo'lib, tomoshabinlar va tashkilotchilar bilan suhbatlashdilar va siz uchun optimistik ruhdagi ushbu reportajni tayyorladilar.
Toshkentning seysmik modernizm arxitekturasi — hududning seysmik faollik borasidagi o'ziga xosliklarini hisob olgan holda ishlab chiqilgan qurilish uslubi. Oddiy qilib aytganda, binolar shunday loyihlashtiriladi-ki, pirovardda ularning xavfsizligi va zilzilaga chidamliligi yanada ortadi. Bundan tashqari, binolarni qurishda maxsus amortizatsiya tizimlari ham qo'llangan bo'lib, ular zilzilaning kuchini pasaytirib, vayronkor ta'sirini kamaytiradi.
Seysmik modernizm 1966-yildagi kuchli zilziladan keyin Toshkent arxitekturasining yetakchi uslubiga aylandi. O'sha davrga oid binolar va yodgorliklar hatto bugungi kunda ham o'z ulug'vorligi va ko'lamdorligi bilan ajralib turadi, Toshkent modernizmining eng asosiy o'ziga xosliklaridan biri esa klassik modernizmning mahalliy iqlim injiqliklariga moslashtirilganidir.
Ko'rgazmaning g'oyaviy tashabbuskori, kuratori va asosiy muallifi dizayner va tashkent_modernism va allmodernism instagram-loyihalari muallifi — Аleksandr Fyodorov bo'ldi. Аleksandr bir necha yildan beri Toshkentning 60-90-yillardagi arxitekturasini tadqiq etib keladi, o'sha davrning diqqatga sazovor asosiy binolari aks etgan posterlar chop etadi, saqlanib qolgan binolarga ekskursiyalar uyushtiradi, buzilib ketgan ob'ektlarni 3D-modellar va instagram-tasvir ko'rinishida qayta yaratadi.
Ko'rgazma eskponatlarini yaratish va bezatishga Fyodorov bilan bir qatorda o'ttizga yaqin fotosuratchilar ham hissa qo'shgan bo'lib, ularning orasida Komila Rustambekova, Ernest Kurtveyliev, Gayane Аvanesyan, Bobur Аlimxo'jaev kabi juda taniqli ijodkorlar bor.
Tayyorgarlik ishlariga, shuningdek, 139 Documentary Center galereyasi jamoasi va MOC ham hissa qo'shdi.
Tashkilotchilar mehmonlarni soat 17:30 ga taklif qilgan edilar. Tadbir boshlanish paytida «Ilhom»ning ichki hovlisida juda ko'p odam yig'ildi: aftidan, bu ko'rgazmani ko'plab arxitektura va san'at ixlosmandlari ishtiyoq bilan kutishgandi. Аleksandr Fyodorovni ushbu tadbir haqida barcha tasfilotlarni bilishni istayotgan o'nlab jurnalistlar va fotosuratchilar o'rab olishdi.
Tashrif buyuruvchilarning suhbatlari va ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilgan izohlardan sezildiki, arxitekturaviy modernizm mavzusi, Toshkent shahriga bog'lanmaganda ham, keyingi paytlarda xuddi plyonkaga olinadigan fotosuratlar yoki texno-kechalar kabi juda ommabop bo'lib bormoqda. Odamlar modernizmni yoqtiradilar, u o'ziga oshufta etadi, yasama takabburligi va bir chekkada turishi bilan o'ziga jalb etadi.
Soat olti bo'lishi bilan, o'zaro tanish bo'lgan tomoshabinlar madaniy yangiliklarni muhokama etib bo'lishgach, «Ilhom»ning xalqaro dasturlari direktori Irina Bxarat va Аleksandr Fyodorov tadbir uchun maxsus yasalgan sahnaga chiqishdi.
Irina Bxarat:
«Mana bugun “Toshkent. Tarixiy optimizm arxirekturasi” ko'rgazmasini ochdik. Bu nom menga timsoliy ma'noga egadek tuyulyapti — umid qilamanki, bugun bu yerda Toshkentni sevadigan va uning taqdiri uchun qayg'uradigan insonlar jam bo'lishgan.
Bundan tashqari, ko'rgazma arxitekturaviy modernizmga bag'ishlangan — mana shu biz turgan bino ham shu uslubga xos. Bu bino Toshkent modernizmi reestrida qayd etilgan, lekin hozircha arxitektura yodgorliklari ro'yxatiga kiritilmagan. Nima bo'lganda ham, bugun biz shu yerdamiz, va men sizlarga mana shu ajoyib ko'rgazmani tashkil etish g'oyasi qanday tug'ilgani haqida so'zlab bermoqchiman.
O'tgan yilning noyabr oyida, kechasi soat ikki yoki uchlar atrofida men instragamda Аleksandr Fyodorov bilan bo'lgan uchrashuvni tomosha qilib o'tirardim, u Toshkentning arxitektura yodgorliklari haqida so'zlardi. Bu mavzu meni ruhlantirib yubordi — axir biz, toshkentliklar shahrimizda nimalar yuz berayotganini ko'rib-bilib tursak-da, lekin menimcha, bo'layotgan bu yoqimsiz voqealar oqibati ko'lamini to'laqonli tasavvur qilolmayotgandik, to'g'rimi? Men Аleksandrga bu mavzudagi maʼruzaning Toshkentda emas, Moskvada o'tgani juda qayg'uli ekani va shunga o'xshash tadbirni shu yerda, Toshkentda ham o'tkazolsak juda qiziqarli va o'rinli boʼlishi haqida yozib yubordim. Oradan o'n besh daqiqar o'tar-o'tmas Аleksandr menga ayni paytda Toshkentda ekanini yozib, uchrashishni taklif qildi.
Biz xuddi mana shu zalda bir necha marta uchrashdik, u paytda bu yer umuman o'zga ko'rinishda edi. Biz bu yerda keng ko'lamli bir ko'rgazmani o'tkazish haqida o'ylay boshladik. G'oyamizni obdon pishitib olgach, uni amalga oshirish uchun mablag' izlashga tushdik. Аfsuski, shu orada juda qayg'uli voqea yuz berdi: 12-dekabrda ko'rgazmalar zali butkul yonib ketib, vayronaga aylandi. Uni tiklash ishlari boshlandi, biz ko'rgazma o'tkazish haqidagi g'oyamizdan voz kechmadik».
Irinaning so'zlariga ko'ra, ta'mirlash ishlari chog'ida teatr yosh rassomlarning ko'rgazmasini o'tkazdi, asarlar ayni vayron bo'lgan ko'rgazma zalida namoyish etildi. Yangilangan ko'rgazma zalidagi dastlabki tadbir esa Toshkent arxitekturasi haqidagi aynan shu ko'rgazma bo'ldi. Irina ushbu tadbirga tayyorgarlik ishlarida katta yordam bergan va ko'rgazmalar zalida kechayu kunduz ishlagan ko'ngilli volontyorlarga alohida rahmat aytdi. Tayyorgarlik ishlari turli shaharlardan kelgan insonlarni birlashtirdi: volontyor sifatida toshkentliklar, ukrainlar, rossiyaliklar va yana boshqa ko'plab kishilar qatnashdi.
Аleksandr Fyodorov barcha yig'ilganlarga, xususan, «Gumbaz» Badiiy ishlab chiqarish markazi va 2-GES ma'muriyatiga loyihaga qiziqish bildirganlari va uni ro'yobga chiqarishdagi ko'mak uchun minnatdorchilik bildirdi. Аfsuski, ochilish marosimida o'ylab qo'yilgan barcha g'oyalarni amalga oshirishning imkoni bo'lmadi, Аleksandrning aytishicha, namoyish etilmasdan qolgan eksponatlar tez kunda o'ziga munosib joyni egallaydi.
Аleksandr Fyodorov:
«Men ushbu loyihani ro'yobga chiqarishga erishganimdan juda mamnunman. Men, hatto, odamlarning ushbu loyihaga shu qadar ishtiyoq bilan hissa qo'shishga intilganlaridan yoqimli taajjubda qoldim. Kimningdir buvisi teleminoraning sobiq direktori bo'lib chiqdi, kimdir binolar modellarini chop etishda yordam taklif qildi…
… aslida esa, bilasizmi, ko'plab binolar qoplab tashlangan “alyukobond”ning yana bir xususiyati yuzaga chiqdi — u binolarning fasad qismini ajoyib tarzda muhofazalab, tashqi ta'sirlardan himoyalar ekan. Masalan, “Аlpomish” saroyini yoki mozaikalar bilan bezatilgan “Yulduz” kinoteatri binosini olaydik — bu binolar oq rang qoplama bilan o'rab tashlangandi. Mana endi ular o'zining bor ulug'vorligini namoyon eta oladi».
Ko'rgazmaning asosiy eksponatlari Аleksandr Fyodorovning Toshkentning taniqli binolarini aks ettirgan posterlari bo'ldi. Ular orasida «O'zbekiston» va «Chorsu» mehmonxonalari, Toshkent teleminorasi, «Panorama» kinoteatri hamda «Matonat» yodgorligi bor edi.
Posterlar kompozitsiyasini mahalliy va xorijlik fotosuratchilarning ishlari hamda Toshkentning sovetlar davrida olingan, arxivda saqlanayotgan suratlari tashkil etdi. «Sport tovarlari» do'koni, «Ugolok» qahvaxonasi, MUD, «Salom» choyxonasining mashhur viveskalarining neon chiroqlaridan yaratilgan reproduktsiyasi o'tmishni qo'msash va yoqimli shinamlik kayfiyatini uyg'otdi.
Tarix ixlosmandlarining e'tiborini jalb etgan yana bir narsa tovushli installyatsiyalar — kiraverishda o'ng tarafda joylashgan ikkita quloqchinli interfaol ekranlar bo'lib, ular orqali toshkentliklarning seysmik modernizm qurilishi gullagan davr haqidagi xotiralarini tinglash mumkin edi.
Bundan tashqari, ko'rgazma yakunigacha — ya'ni, «Ilhom» teatr mavsumining oxirigacha —fotoijodkorlar va Аleksandr Fyodorov ishtirokidagi meditatsiyaga tashrif buyurish hamda undan Toshkent modernizmini yaqin yillarda nimalar kutayotgani haqida bilib olish mumkin.