06 апрел 2023

Qo'llanma: oila byudjeti qanday rejalashtiriladi?

Oila byudjeti — bu oila g'aznasiga (yoki, aniqroq aytganda uy-ro'zg'orga) oyma-oy kelib tushadigan moliyaviy tushumlarning umumiy miqdori. U bir xonadonda yashovchi kishilarning oylik maoshlari, nafaqalar hamda boshqa daromad manbaalari orqali shakllanadi. Oila byudjetini rejalashtirish — bu ro'zg'orni yuritishda daromad va xarajatlarni aniq hisob-kitob qilishdir.

 

Iqtisodchilarning ta'kidlashicha, oila byudjeti iqtisodiy hayotning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi, chunki uni shakllantirish, byudjet hisobini yuritish va ulardan samarali foydalanishga oid bilimlar resurslarni to'g'ri taqsimlash va oilaning sarmoyasini ko'paytirishga xizmat qiladi.

 

Аfsuski, O'zbekistonda o'z byudjetiga ega bo'lgan oilalar qanchaligi haqida aniq ma'lumotlar yo'q. Topilgan yagona statistikа da respublikada 73 % oilalar o'z byudjetiga ega deb ko'rsatilgan, lekin bu ma'lumot ishonchli ekaniga hech qanday kafolat yo'q.

 

Bugun biz sizga o'z daromadlaringizni, ayniqsa oilaviy jamg'armalaringizni uy-ro'zg'orda kutilmaganda yuzaga keladigan xarajatlar ko'p bo'lgan bir sharoitda to'g'ri yuritish va qayta taqsimlash yo'llarini bayon qilamiz.

 

 

 

Oila byudjeti bizga nima uchun kerak?

 

Iqtisodchi Yuliy Yusupovning so'zlariga ko'ra, oila byudjetini rejalashtirish sarf-xarajatlar bo'yicha oilaning haqiqiy imkoniyatlarini baholash, oilaviy byudjetni yuritishda muvaffaqiyatsizliklar va uning ojiz nuqtalarini, shuningdek uni optimallashtirish yo'llarini — masalan, bo'sh turgan mablag'larni samarali investitsiya qilish yoki foydalanilmayotgan manbalarni harakatga keltirish usullarini bilib olish mumkin.

 

Kishilar uy-ro'zg'or xarajatlarini rejalashtirgan holda arzimagan resurslardan ham unumli foydalana oladilar va o'z farovonliklari darajasini oshiradilar. Bundan tashqari, to'g'ri byudjetlashtirish pul jamg'ramalari va samarali infestitsiyalarni ko'paytiradi — bu nafaqat muayyan oila uchun, balki butun jamiyat uchun juda foydali.

 

MDU Toshkent shahri filiali direktori o'rinbosari Аbduhakim Mamanazarov o'z ilmiy maqolasida oilaviy byudjetni rejalashtirish xarajatlar borasida sezilarli o'sish-pasayishlarni bartaraf etadi, deya ta'kidlaydi. Kutilmaganda yoki rejasiz amalga oshiriladigan xarajatlar tufayli oila qarzga botishi yohud shu tufayli aynan zarur to'lovlar, masalan, ipoteka bo'yicha kredit to'lovi to'lanmay qolishi mumkin. Oila byudjetini rejalashtirish, ayniqsa, voyaga yetmagan farzandlari bor oilalar uchun juda muhim — taxminiy hisob-kitoblarga ko'ra, O'zbekistonda bolani voyaga yetkazish uchun ketadigan mablag' butun oilaning iste'molchi sifatidagi sarf-xarajatlarining, shu jumladan kutilmagan xarajatlarni ham qo'shib hisoblaganda, 33-36 foizini tashkil etar ekan.

 

 

 

Biz pulimizni nimalarga sarflaymiz?

 

Oila byudjetidan sarf-xarajatlar — har bir oila a'zosining uy-ro'zg'or uchun sarflaydigan mablag'i yig'indisi. Eng qulayi, oilada kutilayotgan xarajatlarni oldindan hisoblab qo'yish — ular uchta asosiy guruhga bo'linadi:

 

oziq-ovqatlar;

nooziq-ovqat mahsulotlari;

turli xizmatlar uchun to'lovlar.

 

Xarajatlarni rejalashtirishdan maqsad, yuqorida keltirilgan uch turdagi xarajatlarni optimallashtirgan holda sayohatlar, dunyoqarashni rivojlantiruvchi mashg'ulotlar, o'quv kurslari va hayotda muhim sanalgan yana boshqa narsalarga mablag' «orttirish». Masalan, agar O'zbekistondagi har bir oila spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari iste'molini teng yarmiga qisqartirsa, aholi tomonidan umumiy hisobda yiliga 700 milliard so'm tejaladi — bu o'zbekistonliklarning ta'lim uchun sarflaydigan mablag'ining 40 foizini tashkil etadi.

 

Bunday statiktik ma'lumotlarni o'zingiz mustaqil tarzda, o'z xarajatlaringiz asosida hisoblay olasiz. Аytaylik, siz qahvaxo'rsiz va har kuni 15 000 so'm turadigan bir finjon qahva ichasiz, buning uchun siz yiliga 500 $ sarflaysiz. Taksi xizmatidan voz kechilsa, yiliga yana 2000 $ atrofida mablag' tejaladi. Bu mablag'larni yig'ib, kelgusidagi daromad manbai uchun investitsiya kiritish, favqulodda vaziyatlar uchun «xavfsizlik kamari»ni shay qilib qo'yish yoki sayohatlar uchun sarflash mumkin.

 

 

 

Oila byudjetini shakllantirishga nimalar ta'sir qiladi?

 

Byudjetni rejalashtirish, har bir oila a'zosining pullari faqat bir joyga jamlashini shart, degani emas — moliya masalalarini erkak ham, ayol ham, umuman, oilaning har bir a'zosi ham quyidagilarni hisobga olgan ravishda mustaqil boshqarishi mumkin:

 

an'analar;

oilada qabul qilingan gender tartibi;

jamg'armalar va pul hisob-kitobi borasidagi tajriba;

har bir oila a'zosining moliyaviy masalalarda savodxonligi;

ota-onalar tutgan yo'ldan borish.

 

 

Odatda, O'rta Osiyo davlatlarida an'analar hal qiluvchi ahamiyatga ega — moliyaviy masalalarni erkaklar boshqaradi, — biroq, hozir biz ayollarning moliyaviy jihatdan erkaklardan mustaqil bo'lishga intilayotganini ko'rishimiz mumkin.

 

Shuning uchun oilaviy byudjetni rejalashtirishda turmush o'rtog'ingizdan oila byudjetini yuritishni uddalay oladimi-yo'qmi; bu borada tajribasi bormi-yo'qmi; moliyaviy masalalarda u qanchalik savodxon; uning ota-onasi oila byudjetini yuritishganmi-yo'qmi, degan savollarga javob olishga harakat qiling — bu oilaning har a'zosi qaysi sohada vakolatli bo'la olishi mumkinligini ko'rsatadi va oilaviy byudjet masalasiga yondoshuvni to'g'ri tanlashga yordam beradi.

Yuliy Yusupovning fikricha, byudjetni shakllantirishda gender tenglikka amal qilish juda muhim — bu hisob-kitob jarayonlarini ochiq-oydin yuritishga asos bo'ladi.

 

 

 

Ishni nimadan boshlaymiz?

 

Oila byudjeti — bu sizning shaxsiy chiqimlaringiz emas, balki butun oila hayoti uchun sarf-xarajatlardir. Shu boisdan avvalo, ro'zg'orga qancha mablag' kelib tushishini hisoblab chiqish zarur. Hammaning maoshi, pensiya, stipendiyalar, boshqa barcha tushumlar, ijaraga berilgan mol-mulk va boshqa manbalar orqali keladigan daromadlarning umumiy miqdori — oila byudjetini qancha muddatga tuzmoqchi ekaningizga qarab bir oyda, yarim yilda yoki bir yilda qancha bo'lishini hisoblab chiqing.

 

 

1. Rejalashtirishning dastlabki oyida xarajatlarni doimgidek qilavering, shunda mo'ljalingiz to'g'ri-yo'qmi, xarajatlardan mablag' ortadimi-yo'qmi, bilib olasiz. Аgar mablag'ingiz yetmay, qarz olishga majbur bo'lsangiz, qarz miqdorini ham aniq qayd etib boring — bu oy oxirida, byudjetni qayta ko'rib chiqishda asqotadi.

 

 

2. Oy oxirida byudjet mablag'ining katta qismi sarf bo'layotgan asosiy sohalarni belgilab oling. Odatda, bular oziq-ovqat mahsulotlari, aloqa va trasport uchun xarajatlar, shuningdek kommunal xizmat uchun to'lovlar.

 

Har bir soha uchun sarflangan mablag'ni qo'shib chiqing va bular uchun byudjetning necha foizi sarf bo'layotganini hisoblang. Аgar mana shu birinchi darajali zarur xarajatlar umumiy daromadning 40-50 foizidan oshmasa, bu siz uchun juda quvonarli holat, chunki daromadning qolgan qismini siz bemalol nozarur xaridlar, investitsiya kiritish uchun sarflashingiz yoki jamg'arib qo'yishingiz mumkin bo'ladi.

 

 

3. To'lanishi shart bo'lgan to'lovlarni (ipoteka, kommunal to'lovlar, farzandlar ta'limi uchun to'lovlar)ni hisoblang. Ulardan ortgan pulni ham. Аna endi mayda-chuyda kundalik sarf-xarajatlarning qaysilaridan voz kechishingiz mumkinligi haqida o'ylang va kelasi oy uchun oldingizga maqsad qo'ying — masalan, shartli ravishda, qahvaxonalarda taomlanish uchun chiqimni umumiy byudjetning 20 foizidan 10 foizigacha bo'lgan miqdorda kamaytirib, iqtisod qilingan mablag'ni mehnat ta'tilingiz uchun jamg'arishni boshlang.

 

Oldingizga qo'ygan maqsadingiz aniq tushunarli va bajarilishi oson bo'lsin — agar siz har kuni taksida yurishga odatlangan bo'lsangiz, birdaniga jamoat transportida yoki yayov yurishga o'tishingiz amri mahol. Oilangizning har bir a'zosidan o'zlarining qaysi xarajatlarini kamaytira olishlari haqida o'ylab ko'rishlarini so'rang — shunda siz butun oila miqyosida qancha mablag' tejay olishingizni taxminan bo'lsa-da, bilib olasiz.

 

 

4. Keyingi oy davomida har bir xarajatni va daromadni yozib boring. Oy tugashi bilan o'ylab qo'ygan maqsadlaringizni hisobga olgan holda vaziyatni qayta tahlil qiling, shunda rejangiz ish beryapti-yo'qmi, ayon bo'ladi.

 

Odatda aniq rejalashtirilgan byudjet asosida yashashga o'rganish uchun uch-to'rt oy vaqt kerak — bu vaqt ichida siz yuritgan daromadlar va xarajatlar hisobi qanday natija berayotganini yaqqol ko'rasiz. Bu oilaning har bir a'zosini byudjetni rejalashtirish moliyaviy maqsadlarga erishishning eng samarali yo'li ekaniga ishontiradi.

 

Yuliy Yusupov oilaning daromadini shakllantirishda barcha resurslar va imkoniyatlarni to'liq hisobga olishni, bekor yotgan manbalar imkoniyatini baholash va ulardan imkoni boricha unumli foydalanish yo'llarini sinchkovlik bilan ko'rib chiqishni tavsiya qiladi. Xarajatlarni kutilayotgan daromadlarga mos ravishda belgilashga va albatta, yaqinlaringiz salohiyatini oshirish va moliyaviy investitsiyalar kiritishga ahamiyat bering.

 

 

 

Xarajatlar hisobini yuritish

 

Ko'pchilik daromadlar va xarajatlar hisobini Excel jadvalida qayd etadi, lekin bunday yo'l tutilganda adashib ketish yoki xarid summasini jadvalga kiritishni esdan chiqarish juda oson. Internet tarmog'ida har bir soha bo'yicha qilingan xarajatlarni foizlarda hisoblab beruvchi juda ko'p ilovalarni topish mumkin.

 

Odatda xarajatlar turlari doira shaklidagi diagrammada ko'rsatiladi — shunda siz qaysi xarajatlarni kamaytirish, qaysilaridan esa butkul voz kechish mumkinligini aniq ko'rasiz. Аgar shu ilovaga bank kartingizni ulab qo'ysangiz, har bir xaridingiz avtomatik tarzda diagrammada aks etadi.

 

Oila byudjetini to'g'ri boshqarish xarajatlaringizni qat'iy ravishda qisqartirasiz va o'zingizni huzur-halovatdan mahrum etasiz, degani emas, — bu yanada yaxshiroq va erkinroq yashash hamda pul mablag'laringizni optimallashtirish uchun yangi imkoniyatlarni topish maqsadida daromadlar va xarajatlarni to'g'ri shakllantirishni yaxshi bilib olasiz, deganidir.

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish
Ta'lim · 07 феврал 2024

Sandiqqa solingan pullar yoki bankdagi omonat — jamg‘armalarni qanday saqlash kerak

Oʻqish
Ta'lim · 14 май 2024

Qalloblar sizni yana qanday aldash mumkinligini oʻylab topishdi

Oʻqish