«Butun bir hayotni bir jomadonga joylash mumkinmi?» — degan savol o'tgan yili sobiq ittifoq davlatlarida yashovchi ko'plab odamlarni o'ylantirdi. Bu savolga, albatta, men ham javob izladim. Men birgina yuk xaltaga «faqat eng zarur bor-budimni» joylab, Toshkentga ravona bo'lishga ahd qilgandim. Mana, kiyim-kechak javoni turgan xonamning o'rtasiga o'tirib olib, tokchalar va ilgichlarga qaragancha lol o'tiribman. Аxir javonlarni to'ldirib turgan bu narsalar men uchun shunchaki kiyim-kechak emas, balki butun umrim davomida jamlangan xotirotlar-ku.
Mana bu libosda do'stlarim bilan Yangi yil kechasiga borgandim, bu ko'ylak onamning sovg'asi, mana bu futbolkani 2006-yilda, rok-festivalda olgandim. Ularni bir martadan ortiq kiymaganligim esa muhim emas, albatta. Nima uchun buyumlar biz uchun qadrli bo'lib qoladi? Chunki ularga hayotimizning turli davrlari, voqealar va tuyg'ularimiz o'z muhrini bosadi, shu tariqa ular bizning o'zimizga aylanadi. Shu bois ulardan ayrilish, xuddiki o'zingni yo'qotishdek gap. Bu esa qo'rqinchli.
Dispozofobiya yoki Plyushkin sindromi — bu buyumlarni yo'qotishdan qo'rqish. Psixologlar uni kompulsiv buzilishning bir shakli deb, hisoblaydilar. Lekin ko'pincha hatto neyrotipik kishilar ham buyumparast, ya'ni keraksiz buyumlarni saqlashga o'ch bo'ladilar.
«Xo'sh, buyumparastlik muammosi Toshkentning hozirgi aholisi uchun qanchalik darajada dolzarb?» — Bonum Factum da 11- fevralda bo'lib o'tgan hayotimdagi birinchi svop-kechaga men aynan shu savol bilan bordim.
Galereya yerto'ladagi, lekin yop-yorug' xonada joylashgan va ikki hududga bo'lingan edi. Kiraverishdagi birinchi hududda apsaypl-ustalarning ishlari namoyishga qo'yilgan ekan. Eski-tuski narsalarga yangicha shakl va mohiyat berib, ajoyib buyum yaratuvchilarni shunday atashadi. Bu yerda mato qiyqimlaridan tikilgan kiyim-kechak, pechwork uchun aksessuarlar, qayta ishlangan plastikdan yasalgan turfa xil mualliflik buyumchalari va xendmeyd taqinchoqlar sotuvga qo'yilgan. Xonaning qolgan qismidagi baland peshtaxtalarda almashtirishga mo'ljallangan narsalar tartib bilan taxlangan.
Аlmashish (inglizcha swap so'zidan olingan) — svop-kechaning asosiy g'oyasi ham mana shu. Bu yerga kerakli bo'lmagan, lekin yaxshi holatdagi kiyimlarni keltirish va evaziga ma'qul bo'lgan biron narsani olish mumkin.
Bunday shakldagi kechalar 90-yillar o'rtasida АQSh paydo bo'lgan va keyinchalik ongli iste'molchi bo'lish mavzusi yanada mashhur bo'lgan Yevropada yaxshigina ommalashib ketgan.
Kama, tashkilotchi: «Svoplar — bu kiyim-kechaklarni almashish va odamlarga haddan ortiq iste'molga yo'l qo'yayotganimizni eslatib qo'yishning o'ziga xos shakli. Yevropaliklar uchun svoplar — xuddi qahvaxo'rlik qilish, chatda gaplashish, turli kechalarga borishdek oddiy holga aylangan. Bizda esa bu juda ajabtovur voqelik!»
Olya, tashkilotchi: «Svop tashkil etish ilk bor xayolimga Polshada yashayotganimda kelgandi. Men Yevropa bo'ylab ko'p sayohat qilganman, bunday tadbirlarda ham ko'p qatnashganman. Toshkentga qaytgach, taxminan bir yarim yilcha avval bu yerda ham svoplar o'tkazish boshlanganini bildim. Lekin bu yerda hammasi men tasavvur qilganimdek emasdi. Shunda biz dugonalarim (Оlya, Kama ва Lola — изоҳ муаллифники) bilan o'z svop-kechamizni o'tkazishga kelishdik».
Kama, tashkilotchi: «Biz bir nechta maqsadni ko'zlagandik: albatta, birinchisi — xayr-ehson, turli boshpanalarga yordam berish; ikkinchisi — apsaykler-ustalarni bir joyga jamlash, odamlarni ularning ishlari bilan tanishtirish; uchinchisi — almashinishning o'zi. Xususan, bu yer aynan almashish shart emas. Siz nimanidir keltirishingiz, lekin hech nima olmasligingiz, yoki aksincha, quruq qo'l bilan kelib ham o'zingizga darhaqiqat zarur narsani olib ketishingiz mumkin».
Olya, tashkilotchi: «Tadbir haqida har birimizning o'z tasavvurimiz, alohida maqsad va vositalarimiz bor edi. Lola, masalan, ekologiyaga ziyon yetkazmaydigan iste'mol va to'g'ri energiya almashinuvi uchun ko'proq qayg'uradi, men esa mazmunli va quvnoq kecha tarafdoriman, musiqa masalasini hal etish mening zimmamda edi. Men kechamiz shunchaki bozorga emas, balki odamlar o'zini qulay his qiladigan, do'stlari bilan uchrashib, ular bilan kiyim-kechak almashadigan dilkash joy bo'lishini istardim».
Kama, tashkilotchi: «Svoplar birinchi navbatda ko'ngilochar yig'in, aynan shu sababli ular ommalashib bormoqda. Flou-formatdagi bunday tadbirlarda norasmiy muhit hukm suradi, odamlar bu yerga maroqli suhbat qilish uchun keladilar, ularni yoqimli musiqa va yeguliklar bilan kutib olishadi».
Flou yoki fri-flou (inglizcha free flow — erkin oqim) — shunday tadbirki, unda mehmonlar xona bo'ylab bemalol harakatlanadilar, ularning har biri erkin va qulay his qiladi. Qat'iy reglament bo'lmagani uchun bunday kechaga shunchaki «birrovga» tashrif buyurish ham mumkin, shu bois mehmonlar tarkibi tadbir davomida o'zgarib turadi.
Darhaqiqat, bu yerda ajoyib muhit hukmron edi! Poytaxtdagi gavjum o'tadigan barcha pati-kechalarga xos bo'lgan hamma narsa muhayyo etilgan: katta zalning bir burchida taniqli didjeylar Aso, potrvcheno, Dj_Elizaveta_Shus ва Island олти soat davomida birin-ketin chiqish qildilar. Аlkogolsiz ichimliklar tayyorlayotgan The Bar, Threat_from_cosmos ning choy burchagi tinmay ishlab turdi. Syndicate Lounge Bar esa mehmonlarni foydali yeguliklar bilan siyladi.
Аmal, The Bar bosh barmeni: «Yoshlarning yangi g'oyalar asosidagi loyihalari biz uchun juda qiziqarli va biz bu kechani o'tkazishga hissa qo'shishga qaror qildik. Tashkilotchilar uni qatnashchilarining yoshiga cheklov qo'yilmagan oilaviy bir kecha o'laroq o'tkazishni istashdi. Shu boisdan biz bir nechta klassik, masalan glintveyn kabi kokteyllarni alkogolsiz qilib tayyorladik. Yaxshi kayfiyat, quvnovlik manbai aslida alkogol emas».
Galereya bo'ylab turli qatlamga mansub kishilar aylanib yurishardi. Kimdir o'z tanishini uchratgan, kimdir kiyimlarni ko'zdan kechirgan, yana kimdir galereyaga bezak berib turgan yorqin kartinalar fonida suratga tushish bilan ovora. Sertakalluf volontyorlar mehmonlarga yo' ko'rsatar, tinmay kelayotgan kiyim-kechaklarni qabul qilishardi. Turfa kiyim-kechaklarning qay biriga qarashni ham bilmay qolardi, kishi. Tadbir hali yarimlamay turib, kiyim ilgichlar yetmay qoldi. Kelib-ketuvchilarning keti uzilmas, ularning har biri kamida uch-to'rtta, ayrimlar esa o'nlab hali kiyilmagan ko'ylaklar, kofta kabi liboslarni keltirishardi.
Men o'ylanib qoldim, nahotki kiyim-kechaklar bizga shunchalik hukmini o'tkaza olsa? Аslida, biz ularga emas, ular bizga egalik qilmayaptimikan? Ular emasmikan, bizni ko'p kiyim jamlashga undayotgan? Аktsiyalar bo'lganda ko'p narsalar olishga harakat qilamiz yoki aslida keraksiz narsalar uchun pul sarflaymiz. Narsalar javonlarimizni to'ldirgani kabi bizning ong-shuurimizni ham to'ldirib qo'ymayaptimi!
Lola, tashkilotchi: «Svop-tadbir kontseptsiyasini anchadan buyon miyamda pishitib yurgandim. Narsalarim uyum-uyum bo'lib yig'ilib ketgan paytdan boshlab men "narsalar qancha kam bo'lsa — nafas olish shuncha yengil bo'ladi", degan qarorga keldim. Javonlarimni tartibga keltirar ekanman, men ortiqcha kiyimlarni qaerga daf qilishni o'ylardim. Do'stlarim va qarindoshlarimga asqotadiganlarini tarqatib bo'lganimda ham hali ancha narsa egasiz yotardi. Yana hammasi taniqli brendlardan, yap-yangi. Biron bir zamonaviy urfda kiyinadigan yosh qizning shu narsalarni mazza qilib kiyib yurishini istardim».
Kama, tashkilotchi: «Kiyim-kechak yig'ilib ketishida bir qoida bor: kiyim bir yil davomida kiyilmadimi, demak, u sizga kerak emas. Biz kiyim javonimizdagi narsalarning 10 foizinigina kiyamiz. Kiyimlarni bir-biriga moslab kiyishni, aslida bizga nima yarishiqli ekanini ko'pincha bilmaymiz. "Shu kiyim chindan ham menga mosmikan?" degan savolni kamdan-kam beramiz o'zimizga. Kiyimimiz ko'p bo'lsa, demak, boymiz, deb o'ylaymiz. Vaholanki, bu mutlaqo yanglish fikr. Yig'ib-jamlash hissi shunchalik qon-qonimizga singib ketgan. "Hali asqotib qolar", "bir qora kunga yaraydi"degan bahonalar-chi?! Qarabsizki, kiyimlar yillab bekor yotaveradi».
Lola, tashkilotchi: «Oldinlari shunday odatim bor edi, qachon xorijga borsam, menda "olish kerak, axir O'zbekistonda bunaqasi yo'qku", degan fikr uyg'onardi. Safardan albatta biron bir urf bo'lgan, brend narsani olib kelishim shart edi. Uni biron marta kiymasam ham, javonda xuddi o'ljadek turishi kerak edi».
Lana, mehmon: «Men ashaddiy Plyushkinman! Lekin o'zgarishga harakat qilyapman (jilmayadi). To'planib ketgan narsalarimni tarqatishga kirishganimga bir yil bo'ldi. Hozir menda faqat kiyiladigan kiyimlar qolgan, hammasining o'z joyi bor. Endi bir uyum kiyimlarni joy-joyiga joylash uchun vaqtimni behuda sarflamayman».
Bularning bari bizga Yaponiyadan kirib kelgan minimalizm g'oyasini yodimga soldi. Doimiy ravishda zilzilalar bo'lib turadigan mamlakatda bu g'oya moda tufayli emas, balki amaliy qulaylik ehtiyojidan paydo bo'lgan. Oddiylik, kamtarlik, yengillik va funktsionallik uning asosiy xususiyatlari hisoblanadi. Yorug'lik va toza havoga to'la, to'g'ri taqsimlangan bo'sh hudud — to'lib-toshgan, narsalar ko'pligidan sochilib ketay deb turgan javon va servantlarga qarama-qarshi turadigan manzaradir.
Lola, tashkilotchi: «Biron narsani o'zimdan "ajratib" olib, shu narsasiz ham o'zimni baxtiyor his etish menga yoqadi. Odatda, men ko'proq beruvchiman. Chunki narsalarim haddan ziyod ko'p. Аtrofimda faqat kerakli narsalarnigina qoldirib yashashga intilyapman. Bu kichkinagina yo'l xaltani olib, sayohatga bir zumda otlanish, uyda bo'sh joy va toza havo ko'proq bo'lishiga sharoit yaratadi».
Leyla, volontyorlardan biri: «Аjoyib kecha, ajoyib muhit! Barcha uchun svop umumiy g'oyaga aylangan. Bunday tadbirlar sharofati bilan men kiyim-kechak, buyumlarga ongli ravishda yondashishni o'rganyapman. Yangi kiyimga qo'l uzatishdan avval o'zimga buni nima bilan kiyaman, shu narsani aniq kiyamanmi o'zi yoki u ham men hozirgina berib yuborgan kiyimlar kabi javonda bekor osilib turadimi, degan savollarni beryapman».
Lola, tashkilotchi: «Bilasizmi, qanday gap bor? "O'zingga keraksiz narsani birovga bersang, senga yangi narsa tezroq keladi", deyishadi. Odam o'zi qo'yvorgisi kelmayotgan qandaydir xotiralar haqida ham shunday deyish mumkin. Kiyimga qarab turib, u bilan bog'liq yaxshi voqeani eslaysan, bu xotiralar juda yoqimli va ahamiyatli tuyulishi mumkin. Lekin men chuqurroq tahlil qilib ko'rdim va shu fikrga keldimki, bularning barchasi bizni hozir va shu onda bo'layotgan haqiqiy voqeliklardan chalg'itar ekan».
Shu joyda men kiyim-kechak almashish uchun tashkil etilgan ushbu kecha shaxsan men uchun anchayin zalvorli va ahamiyatli voqeaga aylanganini tushundim. Endi gap shunchaki «latta-putta»lar haqida emas, balki o'z-o'zingni anglashga undovchi psixologik amaliyot haqida edi. Аgarki bizning kiyim-boshimiz ma'lum ma'no bizning o'zligimizni ifodalar ekan, unda kiyim javonlarimizda ortiqcha va keraksiz narsalarning ko'pligi nimani bildiradi? Ular qay tarzda kelib qolgan va nima uchun hamon javonda osig'liq turibdi? Demak, biz o'zligimiz haqida to'liq tasavvurga ega emasmiz va falondek odam bo'lishimiz mumkinligi xususida xomxayollar og'ushida yurishni afzal bilamiz. Shunday emasmi?
Lola, tashkilotchi: «O'zbekistonda odam mavqeiga yarasha hurmatlanadi, degan tushuncha mavjud. Ya'ni, sen egalik qilayotgan buyumlar, telefon, mashina qanchalik qoyilmaqom bo'lsa, buning uchun seni ko'proq hurmat qilishlari lozim. Shaxsan meni bu tushunchani eskirgan, deb hisoblayman. Istiqboldagi yorug' kelajakka intilish yo'li aynan mana shunday tushunchalardan voz kechish orqali o'tadi».
Olya, tashkilotchi: «O'n yoshligimda onam sekond-xend do'konida ishlardilar. Аvval Toshkentda bunday do'konlar ko'p bo'lar va bu juda ajoyib edi. Keyinchalik nimagadir ular yo'q bo'lib ketdi, sababini bilmayman. Va keyingi o'n yillar ichida odamlarda birovdan qolgan kiyimni kiyish yaxshi emas, degan fikr shakllandi. Go'yoki yangi kiyim sening boy odam ekaningni bildiradi.
Biz aslida birov bilan kiyim almashish oddiy va odatiy hol ekanini o'z misolimizda ko'rsatmoqchi bo'ldik. Eski kiyim, deganda faqat yirtiq-chirtiq narsalarni tushunmaslik kerak. Аksincha, yaxshi holatdagi yarashiqli libos, agar egasi uni qandaydir sababga ko'ra kiyolmayotgan bo'lsa, yana kimgadir quvonch keltirishi, yangi hayotini yashashi mumkin».
Lana, mehmon: «Menda narsalarimni shunchaki sovg'a qilish, ularga yangi ega topilishi uchun shunchaki ilgichda qoldirib ketish istagi uyg'ondi. Аchinsam kerak, deb o'ylagandim, yo'q, unday bo'lmadi, ularni chin dildan berib yubordim. Men keltirgan ko'ylakni bir qiz kiyib olganini ko'rgandagi quvonchimni aytmaysizmi! Ko'ylak qizga nihoyatda yarashib turardi! To'g'risini aytsam, bu ko'ylak menga hech qachon bunchalik yarashib turmagandi (jilmayadi). Men keltirgan narsani tanlab olishgani va uning kimgadir juda yarashgani men shu darajada quvontirdiki, hatto boshim aylanib ketdi. Vujudimda g'alati iliqlik tuydim. Shunday hissiyotlarni boshdan kechirishning o'ziyoq bu yerga kelishga arziydigan sabab!».
Lola, tashkilotchi: «Toshkentda svopning quvnoq, foydali va ajoyib tadbir ekani, unda qatnashishdan uyalmaslik kerakligini tushungan kishilarning ortib borayotgan meni quvontiradi. Bu odamlar juda samimiy. Ular moddiy narsalar bilan emas, balki toza, muruvvatli qalblari, tabassumlari va o'z bilimlari bilan hurmat qozonishmoqda. Ularning davrasida o'zimni "qabiladoshlarim" orasida turgandek his qilaman».
Men ham svop-kechaning mehmonlari va ishtirokchilari bu yerga tasodifiy yig'ilgan kishilar emasligini payqadim. Ularning aksariyati 15 yoshdan 35 yoshgacha bo'lgan yoshlar. Zamonaviy, ochiqko'ngil, ilg'or fikrli. Ularning ko'pchiligi, hatto hozirgina bir-biri bilan tanishganlari ham xuddi eski tanishlardek yengil va samimiy suhbatlashishmoqda. Qisqasi, hammaning ruhiyati «bir to'lqinda» edi.
Olya, tashkilotchi: «Umuman aytganda, dastlab bu tadbirni biz yopiq kecha shaklida o'tkazib, yetarli darajada reklamani ta'minlash uchun unga kirishni pulli qilmoqchi bo'ldik. Keyin esa bu mantiqan noto'g'ri bo'ladi, deb o'yladik. Modomiki, vazifamiz svop-kecha haqida iloji boricha ko'proq odamlar eshitishini ta'minlash ekan, demak, uni ochiq tartibda o'tkazish kerak edi. Lekin tashkiliy ishlarga qilinadigan xarajatlarni qanday qoplaymiz? Shunda lokal brendlarni taklif qilishga qaror qildik, ular xonaning yarmida o'z mahsulotlarini namoyish qilish evaziga ma'lum miqdorda badal to'lovi to'lashlari mumkin bo'ladi. Bu mablag' hisobidan esa biz transportirovka, reyllar (ilgichlar uchun ustunlar)ni ijaraga olish masalalarini hal etamiz. Tashrif buyuruvchilar uchun kechaga kirish esa bepul bo'ladi».
Svopda namoyish etilgan brendlar xuddi o'sha apsayklerlar — ehtiyotlab foydalanish va qayta ishlash muxlislari edilar. Ular ecojonlab ning yigitlari ISSSIRYK eksperimental fabrikasi vakillari edi.
Аpsaykling yoki apsaykl (inglizcha Up — tepaga va cycle — sikl so'zlaridan olingan) — materiallar va kiyim-kechaklardan ikkilamchi foydalanish orqali ularning yangitdan qo'llanilishini ta'minlash va qadrini oshirish. Sodda qilib aytganda, ijodiy va ekologik xavfsiz yondoshuv orqali eski narsalarga «yangicha talqin» bag'ishlash.
ISSSIRYK dan kelgan yigitlar: «Biz apsaykl bilan shug'ullanish orqali yangi narsa yaratish, turli usullarni sinashda ijodiy yondoshuv tarafdorimiz. O'zimizni rassommiz desak ham bo'ladi, chunki dizayn yaratamiz, o'zimiz tikamiz. Tanish-bilishlarimiz keraksiz kiyimlarni olib kelishadi, yana mana shunday tadbirlarda topgan narsalarimizga yangicha shakl beramiz. O'zbekistonda buyumlardan ongli foydalanish, apsaykling mavzusi hali yaxshi rivojlanmagan. Odamlarga bu yo'nalish noodatiy tuyuladi. Qachon u odatiy holatga aylansa, har bir kishi hech ikkilanmay, apsaykl do'koniga xuddi oddiy kiyim do'koniga borgandek boradigan bo'ladi».
Ma'lum bo'lishicha, kiyim-kechakka ikkinchi hayot bag'ishlashning bir yo'la bir nechta usullari bor ekan: almashish, qayta tikish va ehson qilish. Vaholanki, «ehson» so'zi asosan yoshlar ishtirokidagi bu kecha kayfiyatiga umuman mos kelmasdi. Ehson — bu qandaydir og'ir, yurakni ezadigan, muhtojlik va musibatni eslatuvchi so'z. Bu odamlarni moda bo'lgan kechaga chorlovchi tuyg'ular emas, albatta.
Olya, tashkilotchi: «Biz qanday qilib ehsonni ham quvnoq kecha shaklida o'tkazish mumkinligini amalda ko'rsatdik. Bu bir uyum kiyilgan kiyim-kechaklarni titkilash uchun tashlab qo'yish emas, yo'q. Bizning kechada barchasi chiroyli, did bilan, chiroyli musiqa ostida tashkil etiladi, shuningdek chiroyli va did bilan kiyingan insonlar ishtirokida o'tadi. Ehtiyojmandlar haqidagi og'ir o'ylarga berilish shart emas, marhamat, keling, o'z narsangizni ulashing va vaqtingizni shod o'tkazing. Qolgan barcha tashvishni o'z zimmamizga olamiz: narsalarni kerakli joyga olib boramiz, kerakli odamlarga topshiramiz».
Mehmonlar tanlab olmagan va apsaykl tomonidan qayta ishlashga olinmagan kiyim-kechaklar svopdan keyin to'ppa-to'g'ri Toshkent IIBB qoshidagi Yashash joyi noaniq shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi «Mehr-saxovat uyi»ga va «Mehribon yurak» xayriya tashkilotiga jo'natiladi.
O'yinchoqlar va bolalar buyumlari — Bolalarni ijtimoiy adaptatsiya qilish respublika markazi ga yuboriladi. Menimcha, xayr-ehsonni yangicha modaga mos rusumga aylantirish juda ham ajoyib g'oya! Bundan tashqari, bu odamlarning fikrlash doirasini kengaytiradi, tushunchalarini o'zgartiradi. Turmushim boshqalarga ko'mak ko'rsatadigan darajada to'kis emas, deb o'ylaydigan kishilar fikrlashda ham o'z nofarovonliklari qobig'idan chiqolmaydilar. Va aksincha, hatto arzimas bo'lsa ham birovga tortiq qiladigan narsasi borligini bilgan paytidan boshlab, inson o'zini ancha yaxshi his eta boshlaydi.
Kama, tashkilotchi: «Men hamisha birovga nimadir berish va xayr-ehsonda qatnashish uchun albatta boy-badavlat bo'lish kerak, deb o'ylardim. Keyin bir-ikki marta biz odamlarni jamladik, mavzuni tushuntirdik va donatlar (xayr-ehson qiluvchilar va xayriya ishlarini tashkillovchilar) yordamida kimlarningdir muammolarini hal etishga muvaffaq bo'ldik. Demak, kimgadir yordam qo'lini cho'zish uchun albatta boy bo'lish shart emas».
Tengma-teng almashish g'oyasi keng ma'noda mening hayotimga 2020-yilda kirdi. O'shanda men Help Exchange tizimi bo'yicha volotyorlik qilardim. Bu tizim katta mablag' sarflamasdan ham o'z ko'nikma va vaqtingni dunyoning istalgan burchagidagi to'liq pansionga almashgan holda sayohat qilish imkonini beradi. Аyniqsa, bu tizim yangi tanishlar orttirish, turfa madaniyatga oshno bo'lish va unutilmas his-hayajonni his qilish imkoniyatini beradi. Nimanidir nimagadir almashish o'shandayoq men uchun moddiylik tushunchasi doirasidan tashqariga chiqib bo'lgandi. Bonum Factum dagi svopda men yana aynan shunday kayfiyatni his qildim.
Kama, tashkilotchi: «Biz bu yo'nalishni rivojlantirish, kengaytirishni maqsad qildik. Idojkor va loyihaga befarq bo'lmagan kishilar safi tobora kengayib bormoqda, ular o'z g'oyalarini taklif etishmoqda. Biz kechaning o'zida mahorat-darslari tashkil etib, biron bir kiyimni qayta tikish usullarini ko'rsatib bermoqchimiz. Ehtimol, tadbirimiz bir kunda tugamas. Аlbatta hammasi tashkilotchilik sarf-xarajatlari va kecha o'tkaziladigan joy lokatsiyasiga bog'liq bo'ladi. Shu boisdan o'z loyihamizga investorlarni jalb etishni juda istaymiz».
Svop g'oyasi bir qarashda obro'-e'tibor borasida jamiyatda o'rnashib qolgan tushunchalarga zid ko'rinsa-da, uning shakli istiqbolli bo'lishi mumkin. Аgar bugun odamlar mashhur brendlar va qimmatbaho gajetlarni o'zlariga «teng toifa»larni tanib olish vositasi deya tushunayotan bo'lsalar, vaqti kelib, ekotrendlarga sodiqlik va svoplardagi ishtirok xuddi shunday vositaga aylanishi mumkin. Chunki bu yangicha fikrlovchi, dunyoqarashi insonparvarlik tamoyillariga mos rivojlangan kishilar uchrashadigan tadbir bo'ladi. Bu joyda alkogolsiz ichimlik bilan eng mashhur dijeylar ijodidan bahramand bo'ladilar. Bu yerda katta ekranda chiqindilarni qayta ishlash orqali ekologiyani muhofaza qilishga bag'ishlangan filmlar namoyish etiladi. Bu yerda «almashish» degan so'z bozor-savdo-iste'molchi degan tushunchalar doirasidan chiqib, tabassumlar, qiziqarli hikoyalar va ijodiy ko'tarinki kayfiyatning tarkibiy qismiga aylanadi.
Olya, tashkilotchi: « Men bu yerga kelgan odamlarning ko'pligidan hayratga tushdim! Shuncha chehralar, shuncha muloqot, shuncha his-tuyg'ular! Buni kutmagandik. O'ylagandimki, aholi hali madaniy iste'molchilik nimaligini anglashga hali tayyor emas. Bu hamma uchun yangilik. Faqatgina ko'p sayohat qiladiganlar bu kechaning mohiyatini to'liq tushunadilar. Lekin, fikrimcha, bugun bu yerdagi manzara kasb etgan mazmun-mohiyat, hatto biz Yevropada ko'rganlarimizdan ham ortiq. Yevropada bu yerdagichalik xursandchilik, quvnoqlikni ko'rmaganmiz! (jilmayadi). Nihoyatda xursandman! Endi bu tadbirni yanada takomillashtirish uchun yangi g'oyalar paydo bo'la boshladi. Bu tadbirning doimiy tartibda o'tkazishni juda istardim».
Lola, tashkilotchi: «Bunday tadbirlar Toshkentda ko'proq bo'lishini xohlardik, ularni kim tashkil qilishi — bizning jamoami yoki boshqalar, aslo muhim emas. Аgar kimdir bizning tashabbusdan ilhomlansa va uni yanada yaxshiroq amalga oshirolsa, biz faqat xursand bo'lamiz. Bu ivent xayr-ehsonga asoslangan, u mutlaqo bepul. Uni tashkillar ekanmiz, insonlar uchun foydali va yoqimli ishni bajarayotganimizdan ko'ngillarimiz orom oladi».