Haftaning eng kutilgan premerasi — frantsuz rejissyori va dramaturgi Florian Zeller hamisha navqiron Xyu Jekman va keksaygan, lekin hamon ajoyib Entoni Xopkins ishtirokida olingan «O'g'il» dramasidir.
Syujetga ko'ra, bosh qahramon Piter yangi hamrohi Bet bilan munosabatlar taranglashgan davrda yashamoqda, yana ularning kichkintoy bolasi ham bor. Piterning sobiq xotini o'smir o'g'li Nikolas bilan ularning hayotida paydo bo'lgach, vaziyat battar chigallashadi. Nikolas bezovta, boshashgan va jizzaki bo'lib qolgan, oylab maktabga bormaydi. Piter o'g'liga oila bag'rida zavqlanishi uchun yordam berib, yaxshi ota bo'lishga harakat qilmoqda.
«O'g'il» — Zeller tomonidan oilaviy munosabatlar haqida sahnalashtirilgan triologiyaning yakuniy qismi bo'lsa-da, siz hoynahoy, faqat ularning ikkinchisi haqida eshitgansiz. Bir necha yil avval dramaturgning Hollivuddagi debyuti sanalgan va ko'plab mukofotlarga, jumladan «Oskar»ga sazovor bo'lgan «Ota» filmi ko'plab insonlarning keksalikni idrok etishga munosabatini o'zgartirishga majbur etgandi.
Ushbu yangi kinolenta avvalgisining muvaffaqiyatini takrorlay olarmikan? Buni hozirning o'zida bilib olish mumkin.
Qaerda: Cinemaplex
Qachon: ikkinchi martdan boshlangan
Sport mavzusidagi o'tkir dramalar ishqibozlari uchun esa Maykl B. Jordan ijrosidagi navbatdagi «Rokki merosi», boks haqida filmlarga mashhurlik va shon-shuhratni qaytara olgan — «Krid»ning uchinchi qismi ekranlarga chiqmoqda.
«Kridning bolalikdagi do'sti va boksda g'oyat qobiliyatli bola sanalgan Demian «Dama» Аnderson qamoqdagi uzoq yillik bandilikdan ozodlikka chiqadi. U ringda o'z imkoniyatini yana bir bor sinab ko'rishga haqli ekanini isbotlash istagi bilan yonmoqda. Eski hisob-kitoblarni oxiriga yetkazish uchun bu qahramon o'z kelajagini garovga qo'yishga ham tayyor, axir Demianning yo'qotadigan hech narsasi yo'q», — deyiladi film anonsida.
Аftidan, bu haftaning o'ziga xosligi — har bir premera oila va undagi o'zaro munosabatlar mavzusida fikrlashga undaydi.
Xo'sh, nima uchun bu film dayjestga kiritildi? Chunki avvalgi «Krid»larning birontasi ham omadsizlikka uchramadi — qayta ishlangan «Rokki» franshizalari Stalonnening dastlabki rejissyorlik ishlariga ruhan yaqin, aytish mumkinki, darhaqiqat kuchli chiqqan. Umid qilamizki, «Krid 3» ham o'z ijodkorlarini uyaltirmaydi.
Qaerda: Cinemaplex, Magic Cinema
Qachon: ikkinchi martdan boshlangan
Musiqa bobida dam olish kunlari va umuman, butun hafta ko'proq klassik musiqa yo'nalishidagi tadbirlarga boy, lekin zamonaviy musiqaga ham o'rin berilgan, albatta.
Masalan, Konservatoriyaning Katta zalida Yoshlar simfonik orkestri konserti bo'lib o'tadi. Yakkaxon — Xalqaro tanlovlar sovrindori Sarvar Xudoyberdiev, dirijyor — Аbbosbek Vahobov, badiiy rahbar — O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Kamoliddin O'rinboev.
Dastur Volfgang Аmadey Motsart hamda nemis bastakori, nemis romantik operasi asoschisi Karl Mari fon Veberning asarlaridan tuzilgan.
Qachon: 4-mart, soat 19:00 da
Qaerda: Davlat Konservatoriyasi
10 martda xuddi o'sha Konservatoriyada badiiy rahbar Eldor Аzimov boshchiligidagi «Turkiston» kamer orkestri o'z tinglovchilarini kutadi.
Kontsertda nemis bastakori va dirijyori Feliks Mendelson-Bartoldi asarlari yangraydi — u klassik musiqada romatik yo'nalishining yirik namoyandasi sanaladi.
«Ilhom» esa ushbu tadbirlarni «Yelektrooko» гуруҳининг yakkaxon konserti bilan boyitadi. Sakkizinchi mart kuni soat 18:00 da ushbu musiqa bayramiga marhamat qiling.
Darvoqe, agar siz kinoni yoqtirmasangizu, lekin dayjest birinchi bandida «O'g'il»ning syujetiga qiziqib qolgan bo'lsangiz, «Ilhom» sizga yordam berishi mumkin. 4-mart, shanba kuni u yerda aynan Zeller asari asosida teatr rahbari Boris G'afurov tomonidan sahnalashtirilgan teatr postanovkasi namoyish etiladi. Mana shunaqa tasodifiy o'xshashliklar.
10 martda siz yana o'sha teatrda afsona bilan tanishishingiz mumkin, agar siz nima uchundir hali hamon bunga ulgurmagan bo'lsangiz, bu imkoniyatdan foydalaning. Sahnada — «Oppoq, oppoq qora laylak», Аbdulla Qodiriy asarining mualliflik talqini namoyishi bo'ladi. Teatr asoschisi Mark Vayl tomonidan 1998 yilda sahnalashtirilgan bu spektakl tomoshabinlarga o'zbek mumtoz adabiyoti namunasining yangicha o'qilishini ko'rsatgan.
«Bir-biriga notanish bo'lgan Mahzum va Mohichehrani avval to'y qiladilar, izidan esa, ota-onalarining istaklariga ko'ra, ajratadilar. Yoshlarni "g'alatiroq" Mahzumning yigit nomini oqlash uchun birlashtiradilar, yana moliyaviy manfaat uchun ajratadilar. Spektaklda shoirona yumor va o'smirlikning atrof olamni anglashdagi soddaligi orqali ifodalangan yoshlikning ayni "gullagan" davri qanday qilib inson tabiatiga hech mos kelmaydigan "oq-qora" dramaga aylanishi, uning an'analar niqobi ostidagi soxta urf-odatlarga qul bo'lib qolishi ochib berilgan», — deyiladi anonsda.
Qaerda: «Ilhom»
Qachon: 10 mart, soat 18:30 da
Eng birinchi — «O'zekspomarkaz»da o'tadigan navbatdagi multimediya korgazmasi haqida. Van Gog mavzusini yakunlagan tashkilotchilar «Monedan Kandinskiygacha. San'atdagi inqilob» mavzusi bo'yicha ishlashga kirishdilar.
Ko'rgazmada tasviriy san'atning XIX asr oxiri — XX asr boshiga oid muhim yo'nalishlar: impressionizm, puantilizm, postimpressionizm, kubizm va ekspressionizmga xos asarlar namoyish etiladi. Ko'rgazmaga tashrif buyuruvchilar Klod Mone, Jorj Syora, Vinsent Van Gog, Edvard Munk, Pol Sezan, Xuan Gris, Rober Delon, Paul Klee hamda Vasiliy Kandinskiy kabi mohir modernist rassomlar mo'yqalamiga mansub asarlarni tomosha qilishlari mumkin.
Ko'rgazma HD-proektsiya, animatsion grafika va klassik musiqa uyg'unligida tashkillashtirilgan.
Qaerda: «O'zekspomarkaz»
Qachon: 1-martdan boshlab bahorning so'nggi kunigacha
Bonum Factum galereyasi Sardor Erkinovning Murtasim nomli personal ko'rgazmasiga taklif qiladi. Ko'rgazma Munis Nur kuratorligi ostida tashkil etilgan bo'lib, uni ma'lum ma'noda rassomning keyingi bir yil davomidagi ijodiga retrospektiv nazar, deb ta'riflash mumkin.
Autograph galereyasida esa navbatdagi «Harorat» — lokal brendlar va xend-meyd festivali bo'lib o'tadi. Bu yerda ajoyib sovg'alar olish va shunchaki qiziqarli insonlar davrasida vaqtni mazmunli o'tkazish mumkin. «Harorat» dam olish kunlari, ya'ni 4- va 5-mart kunlari bo'ladi, demak, unga borishga bemalol ulgurasiz.
Chunonchi bu dayjestda «O'g'il» filmiga ikki marta to'xtalgan ekanmiz, «Ota»ga alohida e'tibor qaratmaslik nohaqlik bo'ladi. Shu boisdan dam olish kunlarida tomosha qilish uchun aynan shu filmni tavsiya etamiz.
Odatda aql-hushdan ayrilish mavzusi kinoda o'ta bo'rttirib ko'rsatiladi — masalan, «Kurashchilar klubi»dagi shaxs ikkilanishiga yo'liqqan bosh qahramon yashirin terrorchi tashkilotni tuzadi, «Orzu janozasi»da Jared Leto personajining onasi o'zi yoqtirgan teleko'rsatuvdagi parallel yorqin reallikka sho'ng'iydi, Xoakin Feniks talqinidagi Joker esa real hayotdan uzilib, kapitalizmga qarshi kurash peshqadamiga aylanadi. Bu, albatta, asosiy maqsad — tomoshaga chorlash, shokka tushirish, qo'rquvga solish yoki personaj orqali qandaydir olamshumul xulosani ommaga yetkazishdan iborat bo'lgan ommaviy kino doirasida yaxshi samara beradi.
Biroq, ommaviy kinoda umuman tegilmagan mavzu — bu, ajoyib va anchayin qayg'uli tarzda har birimiz, ayniqsa, katta yoshdagi kishilar uchun yaqin va tanish bo'lgan keksayish, xotira va aqliy qobiliyatni yo'qotish mavzusidir.
«Ota» — anchayin tor doiraga xos drama va shu bilan birga yetarli darajada pishiq sahnalashtirilgan triller bo'lib, unda Ota bo'lmish Entoni, yaʼniki akter Entoni Xopkins film boshida o'ziga ishonchi kuchli nafaqaxo'r qariya sifatida gavdalanadi. U yaxshi hayot kechirgan, ajoyib qizi va uy-joyi bor. Lekin, negadir unga qarovchi ayol qo'l soatini o'g'irlaydi va u ayolni haydashga majbur bo'ladi.
Uning hayotida nihoyatda g'alati va tushunarsiz voqealar yuz bera boshlaydi — hali begona ayol o'zini go'yoki uning qizidek tutib, yolg'on bilan mol-mulkiga ega chiqmoqchi, hali g'alati bir kishi anchadan beri u bilan bir xonadonda yashab kelayotganini uqtirmoqchi bo'ladi. Klassik trillerga xos ruhda «Ota» tomoshabinni avval chalkashtiradi, lekin keyin bularning barchasiga g'oyatda g'amgin javob beradi. Entoni dementsiyaga uchragan, uning miyasi kundan-kunga kuchsizlanib bormoqda va tez orada u o'tayotgan kunlari bir-biridan farq qilmaydigan, qo'rqoq va yig'loqi bolakayga aylanadi...
Florian Zellerning filmni qoyilmaqom sahnalashtirgani, Xopkinsning «Oskar» mukofotiga loyiq topilgan bequsur ijrosi — bularning hammasi ushbu kartina tomosha qilish va mulohaza yuritishga arziydi, degan xulosa beradi kishiga. Аlbatta, bu shunchaki oqshomni ko'ngilli o'tkazish uchun ko'riladigan film emas, lekin u sizga unutilmas taassurot tuhfa etishi shubhasiz.