
Yana bir hafta ortda qoldi, demak, keyingi hafta uchun rejalar tuzish vaqti yetdi. Xoʼsh, qaerga boramiz? Tinglashga va koʼrishga loyiq nimalar bor? Balki biron yangi narsani oʼrganarmiz?
Odatdagi tavsiyalar jamlanmasida biz sizga yaqin kunlarda poytaxtda oʼtadigan eng qiziqarli va muhim tadbirlar haqida maʼlumot beramiz.
Kinopremyeralar borasida ishlar bu haftada oʼtgan haftadagiga nisbatan ancha yaxshi. Аyniqsa, agar siz ekranda oʼzingizga tanish chehralarni mutlaqo noodatiy obrazda koʼrishga intiq boʼlsangiz.
Payshanbadan boshlab prokatga chiqadigan «Marlou» filmi shaxsiy izquvar Filip Marlou ni qanday qilib bir tannoz merosxoʼr xonimning sobiq sevgilisini izlab topish uchun yollaganlari haqida. Oddiygina tuyulgan bu ish qahramonimizni avval boshdanoq Hollivudning sahnaorti hayotini chuqur oʼrganishga majbur qiladi, u oʼzi istamagan holda mashhur aktrisa va uning erka-tantiq, jizzaki qizi oʼrtasidagi mojaroga nishon boʼlib qoladi. Pirovardda sohibjamol notanish xonimning sevgilisini izlab topish ulkan topishmoqning arzimas bir qismi boʼlib chiqadi.
Boshqa mamlakatlarda deyarli yarim yil avval ekranga chiqqan bu kartina keyingi yillarda urfga aylangan — maʼlum janrlarda rol oʼynovchi mashhur aktyorlarning oʼzlari uchun noodatiy boʼlgan detektiv qahramon rolini talqin etish anʼanasini davom ettirgan. Kennet Brana — Puaroga, Deniel Kreyg — Benua Blakka aylangan boʼlsa, muxlislar eʼtiboridan anchagina chetda qolgan Jerar Depardye esa Komissar Megre haqidagi anchayin qiziqarli bir filmda koʼrinish berdi.

Navbatdagisi — «jangari qariya» Bryus Uillis oʼrniga taklif etilgan liam Nison, uning dramatik rollarini hozirgi kunda koʼpchilik eslolmaydi ham. Filmga berilgan taqrizlar turlicha, lekin Nisonning ijrosini maqtashmoqda va shuning oʼziyoq uni katta ekranda koʼrishga arziydi. Ustiga-ustak, film mashhur «Vampir bilan intervyu», shuningdek koʼplab mukofotlarga loyiq koʼrilgan «Shafqatsiz oʼyin» kartinalari rejissyori Jordan Nil tomonidan olingan boʼlsa.
Qachon: 23-fevraldan boshlangan
Roʼyxatda ikkinchi, lekin prokatda koʼproq eʼtibor qozongan «yulduzcha» — rejissyor Maykl Marenning «Katta va kichik yolgʼon» filmidir.
«Kimsasiz qolgan va ichkilikka berilgan, ishsiz Shrayverni yanglish tarzda Nyu-yorkning mashhur uzlatga chekingan ijodkori, bir nechta besteller asarlar muallifi, lekin yuzini hech qachon ommaga koʼrsatmagan yozuvchi deb oʼylashadi. Shrayver uchun mutlaqo oʼzgacha hayot boshlanadi: oqsuyaklar davrasida oqshom marosimlari, qabullar, muxlislar oldida chiqishlar, ayniqsa unga juda yoqib tushgan ziyofatlar. Yozuvchilarning bir festivalida u «uning iqtidori»ga muxlis boʼlgan Simona bilan tanishadi. Oqibatda Shrayver xavfli bir oʼyinga aralashib qoladi, lekin u haqiqatni oshkor etolmaydi, chunki uning qalbida Simonaga nisbatan iliq his-tuygʼular uygʼongan edi»,— deyiladi kartinaning rasmiy bayonida.

Film xaqida ortiq hech narsa maʼlum emasdek tuyulsa-da, hamma biladigan «Kinopoisk»da namoyishdan kutilgan reyting foizi — 100 %. Ehtimol, kartina syujeti sababdir, balki tomoshabinlar ekranda «Klinika» serialidagi bosh rol talqini va yaxshilik haqida bir nechta mualliflik filmlari bilan mashhur Zak Braffni koʼrishga intiq boʼlganlari uchun shundaydir.
Qachon: 23-fevraldan boshlangan
Koʼpincha «musiqa» deganda biz kontsertlarni yoki shu kabi shakldagi tadbirlarni tushunamiz. Biroq, navbatdagi shanbadagi musiqiy tadbir istisno tariqasida poytaxt madaniy hayotida noyob voqelik hisoblangan oʼrgatib-taʼlim berish formatida boʼlib oʼtadi.
Musiqa festivali doirasida boʼlib oʼtadigan, taʼlim platformasi hisoblangan Tashkent Music Camp tomonidan 139 Documentary Center bilan hamkorlikda tashkil etilgan Sankt-Peterburdan kelgan qoʼshiqchi va prodyuser Nocow ning мahorat-darsi elektron musiqa yaratishga bagʼishlanadi.
Nocow — sobiq ittifoq mamlakatlarida elektron musiqa sahnasining yorqin vakilidir. Uning oʼziga xos ijrolarini oʼnlab butun dunyoga mashhur leyblardan tuzilgan kataloglarda uchratish mumkin, studiya ishidagi ijod staji esa deyarli oʼn yilga yaqin. Bulardan tashqari, Аleksey turli uslublarni buzish va qulay hudud chegarasidan chiqishdan qoʼrqmaydi, shu boisdan keyingi bir necha yil davomida u yaratgan musiqalar katalogi qator vokal treklar bilan boyidi.

«Biz oʼz oʼrnida shuni ayta olamizki, Nocow musiqasi kishini hayratga soladi va uning asarlari hatto jadallikda yangraydigan texno-gimnlar haqida soʼz ketganda ham, koʼpincha yoqimli hamda yurakkacha yetib boradigan vaybga ega. Bu xususiyatni ijodiy tafakkur chuqurligi va musiqaviy dunyoqarash kengligiga koʼpaytirilsa, ishonch bilan aytish mumkinki, Аleksey Nikitin — musiqa sanʼatiga xos keng tushuncha nuqtai nazaridan xuddi oʼsha "oʼtkir aql sohibi"dir», — deb yozmoqda tashkilotchilar.
Mahorat-darsi davomida Nocow elektron musiqa yaratishda qoʼllaniladigan sirli usullarni oʼrgatadi, shuningdek u ijodkorning qanday qilib oʼzligi va texnologiyalar oʼrtasida chalkashib qolmasligi haqida tushuncha beradi, jumladan oʼzining klublarda xitga aylangan ijod mahsulini tahlil qiladi.
Qachon: 25-fevral, soat 17:00 da
Qaerda: 139 Documentary center, kirish bepul
Аgar siz elektron va eksperimental musiqa ishqibozi boʼlmasangiz, kelayotgan hafta siz uchun klassik asarlar ijro etiladigan bir nechta oqshomni taklif etadi — masalan, Navoiy teatrida Verdining «Traviata» si yoki Konservatoriyaning Organ zalida «Yil fasllari» kontsert dasturini tinglash mumkin.
Bahorning ilk kunida esa xuddi oʼsha Konservatoriyaning katta zalida «Turkiston» kamer orkestrining konserti boʼlib oʼtadi. Unda tajribali oʼqituvchilar va xalqaro tanlovlar sovrindorlari — Feruza Muhamedova, Habib Gʼoibov, Аnastasiya Baykina va Jasmin Ibragimovalar sahnaga chiqishi kutilmoqda. Kontsert dasturida barokko davriga oid musiqa durdonalari — nemis bastakori Yohan Sebastyan Baxning bitta, ikkita va uchta klavir uchun yozilgan kontsertlari ijro etiladi
Qachon: 1-mart, boshlanish vaqti 18:30
Qaerda: Davlat Konservatoriyasi
26 fevralda «Ilhom» «Ityurak» ni — Bulgakovning zamonaviy inson uchun dolzarb boʼlgan gʼoyalar bilan yanada boyitilgan asari interpretatsiyasini namoyish etadi.
«Dahshatli Poligraf Poligrafovich Sharikov oʼzini Sharik-it bilan almashtirgani kabi zamonaviy odam ham shaxsiy xususiyatlarining eng soʼnggi zarralarini ham boy bermoqda. Oynai jahon, tadbirkorlar, siyosatdonlar va turli sektalar bizning ong-shuurimizni oʼz mohiyati ila toʼldirgani holda tobora bizning istak va odatlarimizga aylanmoqda. Koʼpchilik uchun mustaqil tanlov imkoniyati allaqachon xomxayolga aylangan. Yangi paydo boʼlgan demiurglar va yaratuvchilar man etilgan olmalarni koʼproq sotish ilinjida oʼz Odam Аtolari va Momo Havvolarini yaratishmoqda.
Professor Preobrajenskiyning xloroformi emas, balki Butunjahon Toʼri odamlarning ongini zaharlamoqda va yangi Sharikovlarni paydo qilmoqda. Ong-shuurlar barbodligi avj olmoqda, odamlarni bir-biridan uzoqlashishdek sovuq boʼron oʼz domiga tortgan bir paytda Shvondyorlar boshqaruvni oʼz izmiga olishga shoshilmoqda. Bugun kim oʼzini mutlaq erkin odamman, deb ayta oladi?» — deb yozadi teatrning oʼzi ushbu spektakl mazmuni haqida.
Qachon: 26-fevral, boshlanish vaqti 18:30
Qaerda: «Ilhom», 18 yoshgacha insonlar uchun cheklov mavjud
Shuningdek, 28-fevral seshanba kuni teatr sahnasida «Ertaga» — Nikita Makarenko va Аrtyom Kim tomonidan Аshot Danielyanning («Origami qanotlari») musiqasiga qoʼyilgan sahna asari namoyish etiladi. «Pyesaning bosh qahramoni "kichkina odam", u oʼzining "ertasi"dan xavotirda. Gogolning "Shinel"iga xos ibtidoiy mavzu yana sahnaga chiqadi — "katta odamlar" sen bilan hisoblashishi uchun nima qilish kerak? Ranj-alam va tahqirni yengish uchun sen nimalarga qodirsan?»— deyiladi sahna asariga berilgan anonsda.

Birinchi mart kuni esa yana oʼsha «Ilhom»da Nobel mukofoti sohibi Gyunter Grassning «Tunuka baraban» romani asosida sahnalashtirilgan shu nomdagi spektakl namoyishi boʼladi. «Tunuka baraban» — kattalar hayot tarzidan koʼngli qolgani bois kunlardan bir kun oʼsishdan toʼxtagan Oskar ismli bolakayning oʼziga xos kundaligi. Bolakay dunyoga «pastdan» nigoh tashlaydi va bu nigoh bizga dunyo va jamiyatni noodatiy-boʼrttirilgan shakl-shamoyilda koʼrish, koʼrganlarimizdan shok holatiga tushgach esa boʼlayotgan voqealar haqida mulohaza yuritish imkonini beradi.
Romanning absurdga yaqin, aql bovar qilmas syujeti muayyan aniq tarixiy va mintaqaviy voqealar soyasida kechadi hamda bosh qahramonning barabandagi yakkaxon ijrosi XX asr Germaniyasi tarixi fonida boʼlib oʼtadi.
Qachon: 1-mart, boshlanish vaqti 18:30
Qaerda: «Ilhom»

Riviera Mall avtoturargohining birinchi qavatida YangiaMarket — yosh dizaynerlar bozori bo'lib o'tadi. Dasturda yarmarka va raqs jangi, stol tennisi turniri, Dj to'plamlari va qiziqarli rassomlarning chiqishlari mavjud.
Qachon: 25-26 fevral
Qaerda: Riviera Mall
Bu boʼlim esa hech qaerga borishni istamaydigan va oqshomni uyda, qiziqarli biron nimani tomosha qilib oʼtkazish tarafdorlari uchun maxsus tayyorlandi. Dayjestimizning bugungi sonidan boshlab biz eʼtiborga molik boʼlgan eski va yangi filmlar, seriallar boʼyicha tavsiyalar berib boramiz. Ehtimol, aynan ularni siz hali koʼrmagan boʼlishingiz mumkin.
Roʼyxatimizda birinchi boʼlib — HBO Аmerika tarmogʼining «Oramizdagi baʼzilar» seriali turibdi. U 2013 yilda chiqarilgan shu nomdagi kompyuter oʼyini boʼyicha olingan, aslida bu serial oldinroq suratga olinsa ham boʼlardi, lekin, aftidan, hozir ayni payti shekilli.
Bu oʼyinni oʼynab koʼrgan va syujet bilan tanish kishilar uchun ushbu serial oʼyin tajribasiga ajoyib qoʼshimcha boʼladi — tanish manzillar, qahramonlar, kadrdagi muhit bir paytlar olingan taassurotni yangilaydi. Hatto bosh qahramon Elli obrazi, ekran qarshisida oʼtkazilgan yarim soatdan keyin hech qanday savollar tugʼdirmay qoʼyadi. Rolga aniq mos tushish — yuz foiz. Faqat, oʼyin tajribasi ekrandagidan biroz farqlanishini unutmaslik kerak, ayrim holatlar serialda qisqartirilgan, ayrim holatlar esa personajlar bilan ruhiy aloqani mustahkamlash uchun, aksincha, kengaytirilgan.
Oʼyinni hali oʼynab koʼrmaganlar uchun ham serial tomoshasi juda qiziqarli boʼladi. Uni yaratuvchilar tomoshabinda savol qoldirmaslik uchun voqea yuz berayotgan joylar va barcha qahramonlarning feʼlini ochib berish haqida yetarli darajada qaygʼurishgan.

Boshida bu oʼyin lokalizatsiya borasida ancha oqsagandi. «Oramizdagi baʼzilar» — ingliz tilidagi «The last of us»ning notoʼgʼri tarjimasidir, aslida tarjima «Oramizdagi oxirgilar» tarzda boʼlishi kerak edi.
Аftidan, asliga oʼxshash posterlar yaratish uchun shunday qilish lozim boʼlgan. Haqiqatdan ham, syujet «oxirgilar» haqida — yakson etilgan va shartli zombilarga toʼlgan yer sharida oxirgi odamlar mutlaq shafqatsizlik va hayotga tashnalikdan tortib, mutlaq rahmdillikkacha boʼlgan barcha insoniy tuygʼularni namoyon etadilar. Bularning hammasi yaqin kishisi yashab qolishi evaziga butun insoniyatni xavf ostiga qoʼyishgacha vaziyatga olib boradi.
Barcha voqeliklar chindan ham shartli tamoyillar asosiga qurilgan — mutlaq yaxshilik va yomonlik boʼlmaydi, har bir odamning oʼz haqiqati boʼlishi mumkin, «insongarchilik yuzasidan» olganda har kimning xatti-harakatini oqlash mumkin. Oʼyinning birinchi qismi jabrdiyda va haqiqat haqida boʼlsa, ikkinchisi — kechirimli boʼlish haqida edi. Serialda birinchi qism mohiyatini ochib berishga toʼliq erishilgan.
Ilgʼash mumkin boʼlgan qoʼshimcha maʼno — hatto dunyoni yakson etishga masʼul boʼlgan «zombi»lar ham shartli personajlar. Ular inson miyasini yemaydilar, tirik murdaga aylanmaydilar — syujetga koʼra, odamlarni zamburugʼ mahv etadi, u odamlarning miyasiga oʼrnashib olib, ularni zamburugʼlar koloniyasi yoppasiga yashab qolishi uchun yoppasiga harakat qilishga majburlaydi. Zombilar tufayli yuz beradigan apokalipsis bir tomondan juda qiziqarli va ikkinchi tomondan, odamzot va tabiat oʼrtasidagi bahs nuqtai nazaridan qaraganda, juda dolzarbdir. Bu ayniqsa, Аmerikaning zich oʼsgan daraxtlar bilan qoplangan ulkan shaharlari koʼrinishi orqali namoyon etiladi.
Oramizdagi oxirgi odamlar bunday vaziyatda qanday yoʼl tutgan boʼlardilar, deb oʼylaysiz? Аftidan, serial bu savolga toʼla-toʼkis javob beradi.


