TBC Bank Uzbekistan faol rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash uchun rekord darajadagi 38,2 mln AQSH dollari kapital sarmoyalarini jalb qildi

TBC Bank Uzbekistan faol rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash uchun rekord darajadagi 38,2 mln AQSH dollari kapital sarmoyalarini jalb qildi
Toshkent, Oʻzbekiston — 2024-yil 11-iyul. TBC Bank Uzbekistan («TBC UZ»), Markaziy Osiyodagi yetakchi raqamli bank ekotizimi TBC Group Uzbekistan tarkibidagi mamlakatdagi eng yirik mobil bank, aksiyadorlaridan rekord darajadagi qo‘shimcha kapital sarmoyalari — 38,2 mln AQSH dollari jalb qilganini e’lon qildi. Bu kompaniyaga yanada faol rivojlanishga imkon beradi.
TBC Bank Group PLC (London), TBC Bank Uzbekistan’ning bosh kompaniyasi, 23 mln AQSH dollari sarmoya kiritdi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) va Jahon banki tarkibidagi Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) esa 7,6 mln AQSH dollari ajratdi.
Qo'shimcha kapital TBC UZ ga kredit portfelini yuqori sur’atda o‘sishini qo‘llab-quvvatlash, yangi mahsulotlar, jumladan mikro va kichik biznes uchun sarmoya kiritishga imkon berib, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilishga yordam beradi. Aksiyadorlarning oldingi sarmoyalari jami 130 mln AQSH dollarini tashkil etgan. Yangi kapital kiritilishi bank tarixidagi eng yirik bosqich bo'lib, bu aksiyadorlarning TBC UZ missiyasiga sodiqligini ko'rsatadi.
TBC UZ mobil banki bilan bir qatorda, TBC Group Uzbekistan tarkibida payme — jismoniy shaxslar va kichik biznes uchun raqamli to‘lovlar ilovasi hamda payme Nasiya («payme Рассрочка») — tovarlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmati mavjud.
Vaxtang Butskhrikidze, TBC Bank Group PLC bosh direktori:
«TBC UZ kapitaliga bunday katta sarmoyalar bizning kompaniya strategiyasiga bo‘lgan ishonchimizni, shuningdek, uning kuchli operatsion natijalari va foydaning barqaror o‘sishini ko‘rsatadi. Bizning maqsadimiz TBC UZ’ni Markaziy Osiyodagi bank sohasida raqamli transformatsiyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib qolishini ta’minlashdir. Qo‘shimcha kapital O‘zbekistonda ilg‘or raqamli moliyaviy xizmatlar ekotizimini kengaytirish jarayonini tezlashtiradi. Bu kredit portfelining tez o‘sishini, yangi mahsulotlar chiqarilishini va sun‘iy intellekt asosida yechimlar joriy etilishini o‘z ichiga oladi, bu esa mijozlarga eng yaxshi xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi. Yangi sarmoyalar bizga 37 milliondan ortiq aholiga ega bo‘lgan tez rivojlanayotgan mamlakat — O‘zbekistonning salohiyatini to‘liq ochishga imkon beradi».
Andi Aranitasi, YeTTB’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari:
«Raqamlashtirish va inklyuziv tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash YeTTB mavjud bo‘lgan barcha davlatlaridagi uning uchta asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. TBC UZ’ga sarmoya kiritish O‘zbekistonda inklyuziv moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish va bank sohasini raqamlashtirishga tayyor ekanligimizni tasdiqlaydi. TBC UZ’ning hayratlanarli rivojlanish sur’atlari va innovatsion yondashuvi YeTTB missiyasi — butun mintaqaning barqaror iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashishga to‘liq mos keladi».
Nil Makkeyn, IFC ning O‘zbekistondagi mintaqaviy rahbari:
«Faol rivojlanish va innovatsiyalarga ochiqlik TBC UZ’ni sohaning muhim ishtirokchisiga aylantiradi. Biz bank tomonidan erishilgan natijalarni va uning iqtisodiyot rivoji hamda moliyaviy inklyuzivlikka qo‘shgan hissasini yuqori baholaymiz».
Nika Kurdiandi, TBC Group Uzbekistan bosh direktori:
«Kapital sarmoyalari nafaqat TBC UZ, balki biz raqamli moliyaviy ekotizimni qurishda davom etayotgan butun O‘zbekiston uchun muhim rivojlanish bosqichi bo‘ldi. Aksiyadorlarning sarmoyalari kapital darajamizni oshiradi va foyda o‘sishni tezlashtiradi, shuningdek, Markaziy Osiyodagi yetakchi onlayn bank ekotizimi sifatida pozitsiyalarimizni mustahkamlaydi. Bizda biznesimizni kengaytirish va ko‘plab mijozlarimiz uchun yangi mahsulot va xizmatlarni ishga tushirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud».
Tbc Uzbekistan ishga tushirilganidan ikki yil o‘tib daromadga chiqib, dunyodagi raqamli banklar orasida rekord o‘rnatdi va shundan beri uning ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilari soni 15 millionga yetdi. 2023-yil yakunlariga ko‘ra, sof foyda 23 mln AQSH dollarini tashkil etdi; 2024-yilning birinchi choragidagi daromad o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 85% ga o‘sdi, kredit va depozit portfellarining hajmi esa ikki baravar oshdi.
***
TBC Bank Group PLC («TBC PLC»)
TBC Bank Group PLC («TBC PLC») — Angliya va Uelsda ro‘yxatdan o‘tgan mas’uliyati cheklangan ochiq aksiyadorlik kompaniyasi. TBC PLC TBC Bank aksiyadorlik jamiyati («TBC Bank») va asosan Gruziya moliyaviy sektorida faoliyat yurituvchi kompaniyalar guruhi bosh kompaniyasi hisoblanadi. TBC PLC, shuningdek, Gruziyada eng yirik raqamli ekotizim bo‘lgan TNET orqali nomoliyaviy xizmatlarni ham taklif etadi. 2019-yilda TBC PLC O‘zbekiston bozoriga kirib, jismoniy shaxslar uchun tez rivojlanayotgan raqamli moliyaviy xizmatlar segmentida ishlamoqda. TBC PLC Londondagi fond birjasida TBCG tikeri ostida ro‘yxatdan o‘tgan va FTSE 250 indeksiga kiritilgan. Kompaniya, shuningdek, FTSE4Good indekslar seriyasida va MSCI United Kingdom Small Cap (kichik kapitalizatsiyaga ega Britaniya kompaniyalari) indeksida ham mavjud.
TBC Bank va uning sho‘ba kompaniyalari Gruziyada yetakchi universal banklar guruhidir, 2024-yil 31-mart holatiga ko‘ra, kreditlar bo‘yicha bozor ulushi 39,1% va depozitlar bo‘yicha 39,5% ni tashkil etadi (Gruziya Milliy banki tomonidan Tableau analitik platformasida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra).
TBC Uzbekistan
TBC Uzbekistan Markaziy Osiyodagi yetakchi raqamli bank ekotizimi va Londondagi fond birjasida ro‘yxatdan o‘tgan TBC Bank Group ning sho‘ba kompaniyasi hisoblanadi.
TBC Uzbekistan muvaffaqiyati maxsus ishlab chiqilgan texnologiyalar va yechimlar, tajribali xalqaro jamoa va iste’molchilarga kredit berishga qaratilgan mahsulot strategiyasi tufayli amalga oshirildi. Bundan tashqari, TBC O‘zbekiston — Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega mamlakatda mobil bank xizmatlari bozorida birinchilardan bo‘lgan. Kompaniya innovatsion, o‘z turidagi eng yaxshi mahsulotlar doirasini doimiy ravishda kengaytirib, jismoniy shaxslar segmentida bank xizmatlarining past darajasi va raqamli yechimlarni keng qo‘llashga qaratilgan yosh aholining faol qiziqishi tufayli qo‘shimcha afzalliklarga ega bo‘lmoqda.
TBC Uzbekistan uchta yuqori o‘sish sur’atlariga ega bo‘lgan fintex segmentlarida ishtirok etadi: bu TBC UZ mobil banki, jismoniy shaxslar va kichik biznes uchun raqamli to‘lovlar ilovasi payme hamda payme Nasiya («Payme Рассрочка») — tovarlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmati.
TBC Uzbekistan ishga tushirilganidan ikki yil o‘tib, dunyodagi raqamli banklar orasida rekord darajadagi foydaga erishdi va shundan beri unda ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni 15 millionga yetdi. 2023-yilda bank o‘z tarixidagi eng yuqori sof foyda — 23 mln AQSH dollarini ko‘rsatdi; 2024-yilning birinchi choragidagi daromad o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 85% ga, kredit va depozit portfellarining hajmi esa ikki baravar oshdi. TBC Bank Uzbekistan yetakchi reyting agentligi Fitch Ratings tomonidan BB- reytingiga ega (O‘zbekistonning davlat reytingiga mos), prognoz esa «barqaror».
IFC haqida:
IFC — Xalqaro moliya korporatsiyasi, Jahon banki guruhiga kiradi, bozorlari rivojlanayotgan davlatlarda xususiy sektorga yo‘naltirilgan eng yirik global rivojlanish institutlaridan biridir. 100 dan ortiq mamlakatlarda o‘z kapitali, tajribasi va ta’siridan foydalanib, rivojlanayotgan mamlakatlarda bozorlar va imkoniyatlar yaratuvchi faoliyat yuritadi. 2023-yilda IFC rivojlanayotgan mamlakatlardagi xususiy kompaniyalar va moliya muassasalariga 43,7 milliard dollar ajratdi, global kompleks inqirozlar oqibatlari bilan yuzma-yuz kelgan iqtisodiyotlarda qashshoqlikni yo‘q qilish va umumiy farovonlikni oshirish uchun xususiy sektorning salohiyatidan foydalandi. Qo‘shimcha ma’lumot: www.ifc.org.
YeTTB haqida:
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki — bu 36 mamlakatda uchta qit’ada xususiy sektor va tadbirkorlik tashabbuslarini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi xalqaro moliya instituti. YeTTB aksiyadorlari bu 72 mamlakat, Yevropa Ittifoqi va Yevropa sarmoya bankidir. YeTTB sarmoyalari uning faoliyat yuritadigan hududlaridagi iqtisodlarni raqobatbardosh, inklyuziv, yaxshi boshqariladigan, ekologik toza, barqaror va integratsiyalashgan qilishga qaratilgan. O‘zbekiston ketma-ket to‘rt yildan buyon Markaziy Osiyoda YeTTB’ning yetakchi sarmoya oluvchisi bo‘lib kelmoqda. Hozirgi kunga qadar Bank butun mamlakat bo‘ylab 162 ta loyiha uchun qariyb 4,7 milliard yevro sarmoya kiritgan.
Media uchun aloqa:
PR-mutaxassis
Komila Muxamadieva
Komila.m@tbcbank.uz
+998 90 002 67 72