Men uchun O‘zbekiston – bu insonlar va ular yaratgan narsalar
TBC Bankning Oʻzbekiston ornamentlariga qanday bog‘liqligi bor? Ushbu savol «TBC Ornaments» loyihasi haqida eshitgan har bir kishining xayoliga keladi. Gap shundaki, TBC Bankning maqsadi faqat onlayn-banking xizmatlarini taqdim etish emas, balki san’at, musiqa, kulinariya, innovatsion texnologiyalar, moda va arxitektura kabi mamlakatning madaniy sohalarini ham qoʻllab-quvvatlashdir. Gruziyada muvaffaqiyatli amalga oshirilgan «Ornamentlar» loyihasini Oʻzbekistonda ham joriy qilmaslikning iloji yoʻq edi, chunki bu yerda ornamentlar har qadamda uchraydi. Ushbu loyiha, bank faoliyati, viloyatlarga safar va shaxsiy uslubni ishlab chiqish haqida «TBC Ornaments» illyustratori Polya Pokatayeva soʻz yuritadi.
Tarixga nazar
Keling, hammasini bir boshidan boshlaymiz. TBC Ornaments – TBC Bank Uzbekistan kompaniyasining ijtimoiy loyihasi. Loyihaning maqsadi – Oʻzbekistondagi amaliy san’at va xalq ijodiga tegishli raqamli ornamentlarning toʻlaqonli digital-kataloglarini yaratish va ulardan boʻlajak mahsulotlar/loyihalar/imijlar brendini yuritish uchun foydalanish imkonini barchaga taqdim etish.
Mazkur loyiha 2021-yilning bahorida ommaga e’lon qilingan edi. Aprel oyida Toshkent-Samarqand-Urgut-Nurota-Buxoro-Gʻijduvon yoʻnalishi boʻylab oʻzbek toʻqimachiligiga bagʻishlangan ilk ekspeditsiya oʻtkazildi. Sayohat davomida ekspeditsiya ishtirokchilari muzeylar va hunarmandchilik markazlariga borib, yuzdan ortiq ornamentlarni tasvirga olishdi. Soʻng har bir ornamentni raqamli formatga oʻtkazish, ularning tavsiflarini tayyorlash va milliy naqshlar bazasini yigʻish uchun platforma yaratish boʻyicha ishlar boshlandi.
18-noyabr kuni www.tbc-ornaments.uz digital-platformasi ishga tushdi. 2021-yilning dekabrida Fargʻona vodiysi bo‘ylab oʻzbek keramikasiga bagʻishlangan ikkinchi ekspeditsiya boʻlib oʻtdi. Ishchi guruh Namangan, Rishton, Margʻilon hamda Fargʻona shaharlariga yoʻl oldi.
Ayni vaqtga kelib platformada Oʻzbekistonning turli burchaklaridan 200 ga yaqin ornamentlar toʻplangan. Uchinchi ekspeditsiya Qashqadaryo boʻylab uyushtirilishi rejalashtitrilmoqda.
Loyiha ishga tushgan vaqtdan boshlab uni Uztelecom, Testo, B&B va Chaykof kabi Oʻzbekiston bozoridagi yirik oʻyinchilar qoʻllab-quvvatladi. Ushbu brendlar birinchilardan boʻlib oʻz qadoqlari va reklama kampaniyalari dizaynida raqamlashtirilgan ornamentlardan foydalandi.
TBC Ornaments viloyatlarda
Keyingi qadam loyihaning viloyatlarga chiqishi bo‘ldi. Asosiy maqsad 12 ta hududni ularning har biriga xos bo‘lgan naqshlar va turli xil personajlar orqali namoyish etish edi. TBC Bankning joylardagi har bir shourumi uchun alohida dizayn, shuningdek merchandayzing paketi ishlab chiqildi.
Birinchi navbatda, matoli ornamentdan, shuningdek arxitektura, yog‘och o‘ymakorligi, keramika va tanga zarb qilishda qo‘llaniladigan qadimgi o‘zbek naqshlari xilma-xilligidan foydalanildi. Loyihani amalga oshirishga 10 yildan beri illyustratsiyalar yaratish va ularning dizayni ustida ishlash bilan shug‘ullanib kelayotgan Polya Pokatayeva jalb etildi. Ushbu illyustrator faoliyati davomida o‘zining ommaga tanilib ulgurgan uslubini shakllantirishga erishgan (Pokatayevaning ishlari bilan uning @pollyroark Instagram sahifasida tanishib chiqishingiz mumkin).
Polya, siz uchun TBC Ornaments – bu nima?
Ushbu loyiha men uchun, eng avvalo, yangilikka aylandi. Chunki, birinchidan, bank ijtimoiy-madaniy faoliyat bilan shug‘ullanishi noodatiy va ajoyib. Men TBC Bank brendi qanday barpo etilganidan taajjubdaman, uning ortida o‘zining qadriyatlari, dunyoqarashi va qiziqishlariga ega haqiqiy insonlar turganini his qilish mumkin.
Ikkinchidan, bu loyihaga tayyorlanishim va uning ustida ishlashim davomida o‘qigan, ko‘rgan va to‘plagan qiziqarli ma’lumotlarning ko‘pligi. Viloyatlar – keng qamrovli va bepoyon, shu bilan birga, g‘oyat qiziqarli mavzu. Ko‘pincha, agar biror-bir g‘aroyib narsa sening yoningda bo‘lsa, bu sen uchun oddiy holga aylanib qoladi. Loyiha sababli men bizning madaniy merosimizga boshqacha nazar bilan qaray boshladim.
Yon-atrofdan go‘zallikni izlab topish va ko‘ra olish juda muhim. Xuddi rassom Savitskiy axlat uyumlari orasidan ajoyib milliy liboslar va bezaklarni topib, taajjublanarli kartinalar yaratganidek.
Men uchun O‘zbekiston – bu insonlar va ular yaratgan narsalar.
Har bir viloyat uchun dizaynni qanday yaratgansiz va ular qanday ma’noni ifodalaydi?
Yuqorida aytib o‘tganimdek, asosiy vazifa har bir hududni uning o‘ziga xos ornamentidan foydalangan holda arxetiplar orqali ifodalash edi. Buni har bir personaj kasb, faoliyat turi, arxitektura yordamida amalga oshirgan seriyalarni tayyorlamoqchi edim.
O‘zbekiston kengliklari bo‘ylab madaniy sayohat quyidagicha ko‘rinish oldi:
• Sirdaryo viloyati – polizchilik, atlas kiyim.
• Farg‘ona viloyati – O‘rta Osiyoning «asosiy kulolchilik ustaxonasi». Asosiy personaj – kulolchi, Rishton sopol idishlarini eslatadi, orqa fonda – Madina Qosimboyevaning anorlari aks etgan so‘zana.
• Andijon viloyati – dorbozlik, etikdagi an’anaviy ornament va ko‘ylakdagi o‘simlik ornamenti.
• Buxoro viloyati – raqqosa, zardo‘zli yengsiz ko‘ylakda ijro etiladigan mashhur Buxoro raqsi timsoli. Orqa planda Ark qal’asi.
• Samarqand viloyati – bu, birinchi navbatda, me’morchilik, moviy-havorang tuslar. Bu yerda biz Usto Mo‘minning «Dutorchi bola» asaridan ilhom olingan musiqachi – dutorchini ko‘rsatdik. Musiqachining egnida yarim ipak matodan tikilgan beqasam, orqa fonda – Sherdor Madrasasi.
• Navoiy viloyati – Nurota kashtachilik maktabi, naqsh – anor daraxti, fonda – “Chashma” me’morchilik majmuasi.
• Namangan viloyati – Chust, pichoqlar, uzumchilik, sabzavotchilik. Naqsh – chorgul, bosilgan ornament.
• Jizzax viloyati – oshpaz, Jizzax somsasi, tandir, naqsh – rozetka.
• Qashqadaryo viloyati – gilam to‘qish, taroqgul naqshi (taroq naqshi), orqa fonda – Ko‘k gumbaz masjidi (Shahrisabz).
• Surxondaryo viloyati – do‘ppilar va ulardagi kashta. Erkaklar do‘ppisida to‘rtta qalampir bo‘ladi, ayollarniki esa o‘simlik ornamenti bor dumaloq shaklda, zanjir kashtali yoki Boysunniki bo‘ladi. O‘n ikkita do‘ppi o‘n ikkita viloyatni ramz qiladi.
• Xorazm viloyati – qo‘g‘irchoq san’ati, yog‘och o‘ymakorligi, fonda – bosilgan oranamenti bor mato.
• Toshkent va Toshkent viloyati – qadimgi kasb-hunar va zamonaviy texnologiyalarning umumlashuvi, yangi ko‘rinishdagi madaniyat. Personaj – Badiiy akademiyaning Markaziy ko‘rgazma zali fonidagi suratchi yigit. Yengsiz ko‘ylakda Piskentning o‘simlik ornamenti.
O‘z uslubingiz haqida gapirib bersangiz. U qanday va nimalarning ta’siri ostida shakllangan?
Men hozirgi uslubimni shunchaki tasodifan tanlagan emasman. Uni tanlab bo‘lmasa ham kerak, bu xuddi birorta rassomning asariga qarab: «Menga yoqdi, olaman», - deganday gap. Bizning uslubimiz – bizning o‘zimiz demakdir. Qanday eshitilishimiz, dunyoni qanday ko‘rishimiz va unda qay darajada o‘zimizni anglashimiz – bularning barchasida azaldan ma’lum bir uslub mavjud.
Illyustratsiyamdagi mening hozirgi uslubim ayni payt mening qandayligimni ifoda etadi. Ushbu stil menga yoqqan narsalardan, mening hayotiy va vizual tajribamdan, mening kechinmalarimdan paydo bo‘lgan. Va men boshqa rassomlar, dizaynerlar, illyustratorlar, operatorlar va rejissyorlardan o‘zimga yoqqanini olaman va buni mutlaqo anglamayman.
Ongli ravishda foydalanadiganlarim ham bor. Masalan, menga noodatiy rakurslar va proporsiyalar, minimalizm, qiziqarli shakl, mahalliy ranglar yoqadi. Shuningdek oq listning bo‘sh maydonidan illyustratsiyaning rangsiz qismi sifatida foydalanishni yoqtiraman.
Menga Anri Matiss va uning applikatsiyalari, O‘rol Tansiqboyevning ilk ishlari, ayniqsa «Qizil ko‘z» va «Yo‘l» asarlari ilhom bag‘ishlaydi. Kitoblardagi bolalar illyustratorlaridan menga Viktoriya Semikina va Juliya Sardalar yoqadi. Ushbu rassomlarning stili menikidan farq qilsada, men ulardan ko‘p narsani o‘rganaman. Shuningdek men dizaynni xush ko‘raman, va bu mening illyustratsiyalarimda o‘z aksini topadi.
TBC Ornaments loyihasiga kelsak, ko‘zimni yayratib, meni ilhomlantirgan narsa – bolaligimda o‘zbek xalq ertaklarida uchratgan O‘rta Osiyo miniatyura va illyustratsiyalari. Miniatyuralardan men illyustratsiyalar atrofidagi ramkachalar, bulutlar shakli, rejalilik va istiqbolning yo‘qligidan foydalandim. Ya’ni men o‘z uslubimni saqlab qolgan holda menga kerakli muhit va milliy koloritni yaratishga yordam bergan elementlarni qo‘shdim.
Shuningdek meni o‘z ishini sevadigan insonlar ilhomlantirdi. Men umumiy obrazlar va rakurslarni ko‘rsatish maqsadida ustalar va ularning ish jarayoni aks etgan foto va videomaterillarni o‘rganib chiqdim. Sezgan bo‘lsangiz, illyustratsiyalardagi barcha qahramonlarning ko‘zlari yopiq va yuzida tabassum, sababi – ular o‘zi sevgan ish bilan shug‘ullanmoqda. Axir bu inson hayotidagi eng muhim narsalardan biri!
TBC Bank O‘zbekiston ornamentlari dunyosi bo‘ylab sayohatini davom ettiradi. Siz esa bu sayohatni ijtimoiy tarmoqlardagi bankning rasmiy sahifalari orqali kuzatib borishingiz, shuningdek ekspeditsiya natijalarini www.tbc-ornaments.uz platformasida ko‘rishingiz mumkin.