25 май 2022

Chorsu bozorining tarixi

Bozor – bu har bir oʻzbek shahrining yuragi

Bozor – bu har bir oʻzbek shahrining yuragi. Toshkentda oʻz tarixiga ega boʻlgan bozorlar koʻp, biroq ularning orasida Chorsu alohida ahamiyatga ega. Birinchidan, ushbu bozor eski shaharda joylashgan. Ikkinchidan, u eng yirik bozor hisoblanadi. Uchinchidan, aynan ushbu bozor oʻz qonunlariga ega boʻlgan “Shahar ichidagi shahar” taasurotini uygʻotadi. 

1

Chorsu – bu kichikroq gumbazlar qurshovidagi ulkan markaziy gumbaz. Buning natijasida yopiq, ochiq va yarim ochiq xonalari boʻlgan murakkab maydon yuzaga kelgan. Markaziy gumbaz stilobatda koʻtarilgan. Stilobatga markaziy zinapoya etadi.

 

Shuning uchun maydon boʻyiga ham kengayib, galereya, zinapoya va oʻtish joylarining murakkab tarmogʻini hosil qiladi. Ushbu bepoyon bozorda adashib ketish hech gap emas. Chorsuning barcha gumbazlari rangli keramika bilan qoplangan. Gumbaz qirralarida koʻk va havorang ornamentlar aks etgan.

2

Chorsu loyihasining mualliflari, arxitektorlar Vladimir Azimov va Sobir Odilovlar  keramika bilan qoplangan va savdo xonalari uchun moʻljallangan ulkan gumbaz gʻoyasini Andrey Kosinskiyning me’morchilik loyihalaridan olgan. Kosinskiy Chilonzordagi 1967-1969-yillarda qurilgan savdo markazi loyihasini yaratishda oʻrta asr arxitekturasi obraziga tayangan.

 

Yuqoriga qarab qad rostlagan koʻk rangli gumbazlar ham savdo maydonlari sifatida xizmat qilgan. Eski Lenin sayilgohida joylashgan “Havorang gumbazlar” kafesi – Oʻzbekistonning sovet arxitekturasida gumbaz shaklidan foydalanishning yana bir misoli. 

3

Chorsu misolida modernizm arxitekturasi oʻz oʻrnini saqlab qolayotganini va taqab qurilgan besaranjom imoratlar bilan toʻldirilayotganini koʻrish mumkin. Bu esa, oʻz navbatida, obyektning tashqi koʻrinishi va dastlabki me’morchilik gʻoyasiga koʻp holatlarda salbiy ta’sir koʻrsatadi.

 

Beton konstruksiyalarga vaqtinchalik imoratlar taqab quriladi va ularning usti zamonaviy plastik uskunalar bilan qoplanadi. Bu ansamblning boshlangʻich koʻrinishini yopib qoʻyadi. Bozorning tashqi hududida ham savdo-sotiq bilan shugʻullanishadi.

 

Bozor ulkan organizm singari kengayib borayotgandek goʻyo, u kundan-kunga yanada koʻproq hududni egallab, qatlamlarga boʻlinib bormoqda. Bu, oʻz navbatida, Chorsu ansamblini qayta-qayta rekonstruksiya qilishga olib keladi. Rekonstruksiya jarayonida esa ansambl arxitekturasining qadr-qiymati koʻpincha inobatga olinmaydi.

4

Bu yerda, boshqa bozorlardagi singari, tovarlar qatorlarga ajratilgan. Biroq shunga qaramasdan, ushbu yirik bozorda adashib qolish oson, ayniqsa yoningizda yoʻl koʻrsatuvchi hamrohingiz boʻlmasa. Ba’zi joylar yonidan shunchaki oʻtib ketolmaysiz.

 

Masalan, manzarali qoplamaga ega boʻlgan bosh pavilyonning gumbazosti maydoni yoki uning atrofida joylashgan ziravorlar, tandirda yopilgan nonlar, meva-sabzavotlar sotiladigan savdo qatorlari kishini befarq qoldirmasligi aniq.

 

Ba’zi burchaklar esa e’tibordan chetda qolishi mumkin. Agar siz Chorsuga birinchi marta borayotgan boʻlsangiz, bozorning quyidagi oʻziga xos nuqtalariga nazar solishingizni maslahat beramiz.

5

1) 1950-yillarning kirish arkasi. Stalin arxitekturasining eng yorqin davrida barpo etilgan ushbu orientalistik qurilishni uchratish uchun siz bozorga Chorsu metrosining uzoqdagi chiqish joyidan chiqib borishingiz kerak. Arka kvadrat shaklda boʻlib, keramika va yengil oriyental motivlar bilan bezalgan markaziy gumbazga ega – bu 1950-yillarda Chorsuda amalga oshirilgan obodonchilik ishlari qoldigʻi.

6

2) Kirish arkasidan toʻgʻri oʻtib xalq orasida “objorniye ryadi” (“ochkoʻz qatorlar”) deb nom olgan joyga kirish mumkin. Bu yerda, norindan tortib palovgacha, eng sara oʻzbek taomlarini boshqalar bilan birgalikda oʻtirib tatib koʻrish mumkin. Toshkentliklar orasida Chorsuda tayyorlanadigan xonim juda mashhur. Ushbu taom bozorga kirish joyidayoq sotiladi. 

7

3) Yana biroz toʻgʻriga yurilsa, maydonga chiqiladi. Bu yerda dam olish kunlari raqslar, ashulalar, musobaqalar guvohi boʻlish mumkin.

8

4) “Ochkoʻz qatorlar”dan oʻngga yursa, kichik tepalikda eski tovarlar sotiladi. Mahsulotlar Yangiobod bozoridagi kabi koʻp emas, biroq koʻplab qiziqarli narsalar – kiyim-kechak, idish-tovoq va kitoblarni topish mumkin.

9

5) Markaziy zinapoyadan chap tarafda matolar bozori joylashgan. Bu yerda barcha ranglardagi import matolar, islomiy kiyimlar, eski soʻzanalar, yaqin oʻtmishdagi noyob baxmal matolar topiladi.

10

6) Markaziy zinapoyadan yana toʻgʻriga yursa, “yashil” qatorlar keladi. Bogʻbonlar uchun juda kerakli bozor. Bu yerda koʻchatlar, ekinlar, yosh daraxtlar va gular sotiladi – gʻoyat goʻzal manzara.

11
12
13
14
9 Фото

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Ta'lim · 27 март 2025

Soxta xabarlar, klon saytlar: Fishing nima va firibgarlarning qarmog‘iga tushib qolmaslik uchun nima qilish kerak?

Oʻqish
Ta'lim · 28 март 2025

Hamyoningiz uchun moliyaviy yostiqcha: moliyaviy xotirjamlik sari 5 qadam

Oʻqish

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish