07 сентябр 2022

Bugungi kunda rivojlanib borayotgan 6 ta eng dolzarb texnologik yangilik

Mazmuni
  • 1. Sun’iy intellekt va mashina yordamida oʻqitish
  • 2. Virtual reallik va qoʻshimcha reallik
  • 3. Blokcheyn
  • 4. Narsalar interneti (IoT)
  • 5. 5G
  • 6. Kiberxavfsizlik

Masalan, unutib ochiq qoldirilgan eshiklarni masofadan turib yopish, uyga qaytayotib ovqatni isitish, aqlli soatlar yordamida jismoniy holatni kuzatib borish mumkin. 

 
 
AI

1. Sun’iy intellekt va mashina yordamida oʻqitish

Sun’iy intellekt – bu oddiy elektron pochta yoki har kuni foydalaniladigan veb-qidiruv emas, balki undan koʻprogʻi. Sun’iy intellekt ilgʻor mashina intellekti bilan bogʻliq keng qamrovli tushuncha. Oddiyroq qilib aytganda, insonning har bir harakati, zehniyatining har qanday xususiyati mashina yordamida xuddi asliday qaytarilishi mumkin. Sun’iy intellekt koʻp ma’noni anglatadi. Bunga kompyuter oʻyinlari uchun dasturlar va hatto nutqni aniqlaydigan tizimlar ham kiradi. Mashina yordamida oʻqitish texnologiyasi esa sun’iy intellektning bir qismi hisoblanadi. Mashinalar ma’lumotlarni olib, ma’lum vazifalarga oʻrgatiladi. Hozirgi kunda mashina yordamida oʻqitish – biznesning muhim vositalaridan biri. Ushbu texnologiya yordamida mashina behisob ma’lumotlar evaziga olingan bilimlarni tezlik bilan qoʻllaydi. Natijada ushbu tizim shablonlarni mustaqil ravishda aniqlaydi hamda yuz, nutq, obyekt va h.k.larni oldindan belgilab oladi.
 
Sun’iy intellektni joriy qilinishi Oʻzbekiston uchun rivojlanish yoʻlida butunlay yangi imkoniyatlarni ochib berishi mumkin. Tasavvur qiling, davlat idorasiga hujjatlarsiz borasiz, kirishda aqlli tizim shaxsingizni aniqlaydi va siz xizmatlardan muammosiz foydalanishingiz mumkin boʻladi. 

VR

2. Virtual reallik va qoʻshimcha reallik

Yana bir oʻziga xos trend – virtual va qoʻshimcha reallik. VR foydalanuvchini atrofdagi muhitga gʻarq qiladi, AR esa bu muhitni yaxshilaydi. Hozirgacha ushbu texnologiyalar asosan virtual oʻyinlarda qoʻllanilgan. Shuningdek ulardan oʻqitish maqsadida (masalan, avtomaktablarda) foydalanib kelinadi. 2022-yilda ushbu yangilik hayotimizga yanada chuqurroq kirib kelishi kutilmoqda. VR va AR boshqa innovatsion texnologiyalar bilan birgalikda ta’lim, meditsina, marketing kabi sohalarda qoʻllanilishi mumkin.
 
Bugun Oʻzbekistonda qoʻshimcha reallikni yaratishga ixtisoslashgan dastur va ilovalar mavjud. Misol uchun, GM yaratgan loyiha yordamida mashinani boshqa rangga boʻyash yoki yangi disklarni oʻlchab koʻrish mumkin. Murad Buildings’ga tegishli texnologiya orqali har bir kishi turar joy majmualarini koʻzdan kechirishi va ularning landshaftini oʻrganib chiqishi mumkin. VR, shuningdek, ta’lim sohasida ham qoʻllanilmoqda. Masalan, “MMFI” milliy yadro tadqiqot universitetining Toshkentdagi filialida tahsil olayotgan talabalar yadro fizikasini virtual reallik yordamida oʻzlashtirmoqda. Milliy avialiniya uchuvchilari esa mazkur texnologiya bilan jihozlangan uskunalarda malaka oshirmoqda.

blockchain

3. Blokcheyn

Koʻpchilik blokcheyn texnologiyasini bitkoin kabi kriptovalyutalar orqali tushunadi. Biroq blokcheyn boshqa koʻplab yoʻnalishlarda asqatishi mumkin boʻlgan xavfsiz tizim. Juda sodda qilib tushuntirilsa, blokcheyn – bu faqat qoʻshib boriladigan va oʻzgartirish mumkin boʻlmagan ma’lumotlar. Aynan oldingi bloklarni oʻzgartirib boʻlmasligi blokcheynni xavfsiz texnologiyaga aylantiradi. Shuningdek, blokcheyn konsensusga asoslangan boʻlib, hech bir subyektga ma’lumotlarni qoʻlga kiritishga imkon bermaydi. Ushbu texnologiyadan foydalanishda amaliyotlarni nazorat qilish yoki tasdiqlash uchun ishonchli uchinchi shaxsning ishtiroki kerak boʻlmaydi.
 
Ayni payt blokcheyn texnologiya sifatida Oʻzbekistonda bemalol qoʻllanilishi mumkin. Mamlakat qonunchiligida buning uchun cheksiz erkinlik taqdim etilgan. Blokcheyndan bank sektorida yoki boshqa maqsadlarda (masalan, davlat muassasalarini rivojlantirishda) foydalanish davlatning moliya va texnologiya sohalarining takomil topishiga yordam beradi. Ma’lumotlarning umumiy bazasini tashkil etuvchi, moliya sohasidagi jarayonlarni avtomatlashtirib, axborot yaxlitligini ta’minlovchi ushbu texnologiya xavfsizligi va samaradorligi bilan ajralib turadi. Blokcheynning joriy etilishi qanday qilib iqtisodiyotni rivojlantirishga yordam beradi? Masalan, ushbu texnologiya yordamida bank sektorini rivojlantirish orqali davlatning pul-kredit mexanizmini yuksaltirish mumkin.

IOT

4. Narsalar interneti (IoT)

Yana bir yangi istiqbolli texnologik tendensiya – bu IoT (Internet of things). Koʻplab “narsalar” bugun WiFi tarmogʻiga ulanish imkoniyati bilan yaratilmoqda. Ushbu texnologiya turli qurilmalar, maishiy texnika va avtomobillarni internetga ulashga, ular oʻrtasida ma’lumotlar almashuviga imkon yaratadi. Masalan, unutib ochiq qoldirilgan eshiklarni masofadan turib yopish, uyga qaytayotib ovqatni isitish, aqlli soatlar yordamida jismoniy holatni kuzatib borish mumkin. 
 
IoT texnologiyasi nafaqat fuqarolarning kundalik hayotini osonlashtirishga, balki yirik korxonalarga ham foyda olishga imkon yaratadi. Ushbu trend ma’lumotlarni yigʻish va tahlil qilish uchun qaror qabul qilish jarayonida xavfsizlik va samaradorlikni oshirishga yordam beradi. Shunday qilib, IoT odamlarga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilashga va biz hatto tasavvur qilmagan qulayliklarning paydo boʻlishiga xizmat qiladi.
 

5G

5. 5G

Keyingi texnologik trend – bu 5G. Bundan avval 3G va 4G texnologiyalari bizga internetdan foydalanish, ma’lumotlarga asoslangan servislarni ishlatish va boshqa koʻplab sohalarda asqatgan boʻlsa, 5G hayotimizga inqilobiy oʻzgarish olib kelishi kutilmoqda. Ushbu xizmat AR va VR kabi ilgʻor texnologiyalarga asoslangan servislardan foydalanishga imkon yaratadi. 5G zavodlarda, yoʻl harakati xavfsizligini ta’minlashga yordam beradigan HD-kameralarda, “aqlli” tarmoqlar hamda chakana savdoda qoʻllanishi kutilmoqda.
 
Bunday kelajak kishini haqiqatan hayratga soladi, biroq 5G texnologiyasi mamlakatimizda qanday qoʻllanilishini tasavvur qilish biroz murakkab. Bu kabi innovatsiyalarni joriy qilishdan oldin internetning hozirgi kundagi sifatini yaxshilash maqsadga muvofiq boʻladi. Shundan soʻng biz “texnologik kelajak”da yashashni boshlashimiz mumkin.

CSec

6. Kiberxavfsizlik

Kiberxavfsizlikni yangilik deb boʻlmasada, ushbu texnologiya kundan-kunga rivojlanib bormoqda. Bu qisman yangi xavf-xatarlarning paydo boʻlayotgani bilan bogʻliq. Ma’lumotlarni noqonuniy qoʻlga kiritishga urinish holatlari koʻpayishda davom etmoqda. Xakerlar eng qattiq himoya choralarini ham yengib oʻtish yoʻllarini izlashda davom etarkan, kiberxavfsizlik aktual texnologiya boʻlib qolaveradi. 
 
Oʻzbekistonliklarning texnologiya sohasidagi bilim darajasi yuqori boʻlmagani sababli mamlakatda kiberxavfsizlik muammosi hozircha unchalik dolzarb emas. Biroq aholining raqamli savodxonligini oshirish uchun oxirgi yillarda hukumat tomonidan faol choralar koʻrilmoqda. Shunday ekan, ushbu texnologiyaga tez orada zarurat tugʻilishi ehtimoli yuqori. 

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Ta'lim · 27 март 2025

Soxta xabarlar, klon saytlar: Fishing nima va firibgarlarning qarmog‘iga tushib qolmaslik uchun nima qilish kerak?

Oʻqish
Ta'lim · 28 март 2025

Hamyoningiz uchun moliyaviy yostiqcha: moliyaviy xotirjamlik sari 5 qadam

Oʻqish

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish