O'zbekistonning kelajagi deganda men aynan ochiqlik va qabul qilish holatlari ortib borayotganini ko'rmoqdaman
Pinterest va Instagram’ning siri nimada? Albatta professional darajada suratga olingan, bir qarashning oʻzida kishida kuchli tassurot qoldiradigan fotosuratlarda. Vaqtida kadrga muhrlangan nigoh, eʼtiborni tortadigan gavda holati, fotosessiya uchun sozlangan chiroqlar va fotosuratchi qoʻlidagi fotoapparat qotib turgan kompozitsiyaga jon bagʻishlab, biror hikoya soʻzlashga majbur qiladi. Liliya Mirkarimovani haqli ravishda jurnallar uchun ishlovchi Oʻzbekistondagi eng mashhur feshn-fotosuratchi deb ayta olamiz. Mana 10-yildirki, u Oʻzbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi ilgʻor moda brendlari va nashrlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
Kollejda oʻqib yurgan damlarimdanoq fotosuratchilikka qiziqa boshladim. Ilk fotosuratlarimni telefonga va plyonkali kameraga olganman. Keyin fotosuratchilik kurslarida oʻqidim, u yerda iqtidorli pedagog Aleksandr Shishov bilan tanishdim. Afsuski, bu inson hozirda oramizda yoʻq, ammo unga boʻlgan minnatdorligim uzoq yillar men bilan qoladi. Mening professional darajada suratga olish tarixim ana oʻsha kurslarda boshlangan va plyonkaga foto olish sir-asrorlarini ham oʻsha yerda oʻrganganman. U damlarda VKontakte ijtimoiy tarmogʻi ommalashgan edi, fotosuratchilikdagi ilk ishlarimni shu tarmoqqa joylaganman. Snob Collection yaltiroq muqovali jurnalining art-direktori shu ishlarimni koʻrib, meni fotosuratchining yordamchisi lavozimiga ishga taklif qildi. Professional sifatida oʻz yoʻlini endi boshlayotgan 17 yoshlik qiz uchun bu juda katta tajriba edi: tematik syomkalar, yangi tanishlar orttirish, klublarda kechuvchi hayot, tungi vaqtichogʻliqlar! Oʻsha damlarni oʻzgacha iliqlik va mehr bilan eslayman, chunki barchasi haqqoniy edi, jarayonlar iziga tushgan, bir tekisda ketardi. Snob Collection’da besh yil ishlaganimdan soʻng fotosuratchilikda yangi bir yoʻnalish – feshnni oʻzim uchun kashf qildim. Uslub va moda hayotimga sekin-asta kirib kelayotganini va men bu ummonga borgan sari chuqurroq shoʻngʻiyotganimni his qildim. Reklama, tijorat, mahsulot sotuvi – buning barini ijodiy tomondan koʻrsatib berishni istardim. Shu boisdan bugungi kunda men har bir syomkamda loyihani nafaqat texnik jihatdan, balki kreativ tomondan ham ochib beraman.
Hali oldinda yutuqlarim koʻp boʻladi, deb umid qilaman, zero men fotosuratchi va ijodkor sifatida “stop” deya, erishib boʻlganlarim bilan qoniqa olmayman. Tendensyalar yashin tezligidan oʻzgarayotgan bir vaqtda trendlarni ilgʻay bilish va his qila olish eng muhim koʻnikmalardan biri, deb hisoblayman. Men oʻz yoʻlim bilan faxrlanaman. Men oʻzimni business woman rolida, shaxsiy fotostudiya egasi sifatida ham sinab koʻrdim. Ammo tez orada bir joyga mixlanib qolishni istamasligimni tushundim. Bitta studiyada suratga olishdan ham tez zerikdim. Lokatsiyalarni alishtirish va bir joyda qotmay, harakatda boʻlish istagi fotostudiyamni yopishimga sababchi boʻlgan asosiy omillardandir. Biroq, ayta olamanki, professional hayotimdagi soʻnggi ikki yil ichidagi muhim hodisalardan biri – Modern Icon («Zamonaviy Ikonalar») deya nomlangan shaxsiy koʻrgazmam aynan shu studiyada boʻlib oʻtdi. Loyihada bosh qahramon sifatida ishtirok etgan toʻqqiz nafar qizning ikki nafari professional modellardan iborat edi. Vizajistlar, stilistlar jamoasi va butaforiya boʻyicha rassom sof ijoddan iborat boʻlgan bu loyihaga jalb qilindi. Modern Icon – men oʻzimni professional sifatida namoyon qilgan ilk mustaqil ishim. Bu loyiha men uchun eng birinchisi edi va shu boisdan ham shunchalik ahamiyatli edi.
Men oʻz ijodimni atrofda sodir boʻlayotgan voqealarning zamonaviy talqini, deb ayta olaman. Saida Amir, Dildora Kasimova kabi yurtimizda faoliyat olib boruvchi koʻplab dizaynerlar bilan ishlashga muvaffaq boʻldim: ularning ijodi fotosuratlar orqali butun dunyoga yoyildi. Uslublar va liboslarning yorqin hamda oʻziga xos tasviri mening zamonaviy Oʻzbekiston madaniyatiga qoʻshgan hissam deb bilaman. Bu suratlar orqali har bir inson sanʼatimiz va madaniyatimizga oshno boʻla oladi. Iqtidorli oʻzbek dizaynerlarining butun dunyoda munosib baholangan ishlarini internet kengliklarida koʻrish mumkin. Va men bu loyihalarga aloqador ekanimdan xursandman.
Ijod bilan bogʻliq kasb egasining bittagina orzu bilan cheklanib qolishi mushkul, axir biz, ijod ahli koʻp hollarda oʻzimizdan qoniqmaymiz va yanada kattaroq loyihalarni yaxshiroq bajarishga harakat qilamiz. Men Oʻzbekiston fotosurtchiligi rivojiga oʻz hissamni qoʻshib, tarixda iz qoldirishni istardim. Fotosuratchilikda ayollar va erkaklar muallifligidagi suratlar degan tushuncha mavjud. Koʻp hollarda kadrga bir boqishning oʻzidayoq uni kim tomonidan olinganini anglash mumkin. Toʻgʻri, biz ham doim qoyilmaqom qilib uddalamaymiz, ammo biz, ayollar barini boshqacha his qilamiz. Har bir fotosuratchi oʻzining individual uslubiga ega boʻlib, uning ijodi va personasi bilan tanishgandan soʻng bu uslubni farqlay boshlaysiz. Va mening orzuim – boshqa koʻplab ishlar orasida odamlar mening uslubimni tanib, ajrata olishlari.
Internet yuzaga kelishi bilan fotosuratchilikni oʻrganish ancha osonlashdi, zero onlayn oʻqib-oʻrganish imkonini beruvchi xorijiy kurslar paydo boʻldi. Shu boisdan endilikda kreativ sanoatda professionallar soni ortadi, menimcha. Bozorda taklif haddan ziyod oshib ketadi, deb ayta olmaymanu, biroq feshnning barcha yoʻnalishlarida oʻz ishining ustalari koʻpayadi. Oʻzbekiston kelajagiga kelsak, taraqqiyotni aynan ochiqlikda koʻrayapman. Agar sen olamga ochiq boʻlsang, olam ham senga ochiladi. Bu boʻlsa barchaga – ijodiy doiralarga ham, mamlakat iqtisodiyotiga ham faqat foyda keltiradi.
Baxtning choʻqqisi nimada deb bilasiz?
Afsuski, hayotda nimalar boʻlishi mumkinligini oldindan bilish oʻta mushkul va boshimizga nelar tushishi mumkinligini tasavvur ham qila olmaymiz. Mening eng qadrli insonim – onajonim halokatga uchraganlariga koʻp boʻlmadi, bu albatta koʻzimni ochishim va salomatlikdan-da muhim narsa yoʻqligiga yana bir bor amin boʻlishimga turtki boʻldi. Bunday paytlarda ish, moliyaviy ahvol, muvaffaqiyat, doʻstlar, barcha-barchasi orqa planga oʻtadi va salomat boʻlish, tinch va totuv yashash istagi qoladi, xolos. Men uchun baxtning choʻqqisi ham mana shu.
Insonlarda hammasidan ham koʻproq qay fazilatni qadrlaysiz?
Meni oʻziga tortadigan, suhbatini koʻnglim istaydigan inson hayotni sevadigan boʻlishi kerak. Va albatta bu kishi birinchi navbatda oʻzini aldamasligi, haqiqatgoʻy boʻlmogʻi darkor. Inson ishonadiganlari, soʻzlayotganlari albatta qalbidagi holat, dunyoqarashi bilan mos tushishi kerak.
Qachon va qayerda siz har qachongidanda baxtiyor boʻlgansiz?
Albatta ona shahrim – fayzli va mehmondoʻst Toshkentimda.
Yer yuzida yashab oʻtgan istalgan inson bilan muloqot qilish imkoniyati boʻlganida, siz kimni tanlagan boʻlardingiz?
Juda qiziq savol. Ingliz tilida qoyillatib gapirmasam ham bu roʻyxatni Fredi Merkyuri ochib bergan boʻlardi. Keyingi oʻrinda Albert Eynshteyn turgan boʻlardi, zero daholar doim meni oʻziga tortgan. Va nihoyat bu roʻyxatni afsonaviy fransuz fotosuratchisi, XX asr realistik fotosurtchiligi ustasi Anri Kartye-Bresson tugatardi.
Siz bilan vidolashuv marosimiga kelganlar siz haqingizda nima deyishlarini xohlagan boʻlardingiz?
Albatta, menining qanchalik pozitiv inson boʻlganimni unutmasliklarini va ular dilini ogʻritadigan biror ish qilgan boʻlsam, kechirishgani haqida aytishlarini istardim. Boqiy dunyoga koʻngil hotirjamligida ketishni istardim.