Men katta maqsadlarni qoʻyish kerak va ularga olib boradigan yoʻlda adashmaslik uchun bu maqsadlarni doim xayolan tasavvur qilib turish kerak, deb oʻylayman
Zamonaviy jamiyat toʻqnash kelayotgan koʻplab muammolarni hal qilishga yordam bergan holda ilm-fan va innovatsiyalar hayotimizga chuqur kirib kelmoqda. Kasbi boʻyicha biotexnolog, hayotdagi pozitsiyasi boʻyicha esa pozitiv va ochiqkoʻngil inson boʻlgan Barnoxon Ortiqxoʻjayeva ilmiy ixtirolari orqali aholi turmush darajasini yaxshilashga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. U 2018-yildan buyon “LiPach – suyuq plastir” startap-loyihasi ustida ishlab kelmoqda. Oʻtgan yili uning bu loyihasini amalga oshirish va rivojlantirish uchun mablagʻ ajratildi.
Ochigʻini aytsam, men oʻz sohamda gʻayritabiiy kashfiyotlar qildim, deb ayta olmayman. Bundanda koʻproq ishlarni bajarsam boʻlardi, deb oʻylayman. Masalan, yanada koʻproq odamlarga yordam berishni, mamlakat rivojiga salmoqliroq hissa qoʻshishni istardim.Oʻz jamoam bilan faxrlanishimni alohida aytib oʻtishni joiz deb topdim. Iqtidorli va qobiliyatli insonlar jamoasida boʻlish men uchun sharaf. Meni har borada qoʻllab-quvvatlaydigan hamfikrlarimni topganimdan baxtiyorman. Biz birgalikda ilm-fan rivojiga xizmat qiluvchi koʻplab ijtimoiy loyihalar yaratdik. Shuningdek, menga zavq bagʻishlaydigan sevimli ishim bilan shugʻullanayotganim ham men uchun muhim. Ayniqsa yoshlar va ayollarga shunchalar koʻp imkoniyatlar yaratilayotgan hozirgi paytda. Bu imkoniyatlardan foydalana bilishnig oʻzi – yutuq.
Innovatsion rivojlanish vazirligi loyihalarining faol qatnashchisiman. Mana, necha yildirki, men va mening jamoam turli biznes-inkubatorlarda ishtirok etib kelmoqdamiz. Biz Rossiyada ham loyiha ishlab chiqish, uni sarmoyadorlarga sotish borasida oʻqib keldik. Oʻtgan yili boʻlsa “Fan va texnologiya orqali global innovatsiyalar” dasturi doirasida Amerikaning Arizona va Merilend shtatlaridagi startap-loyihalarda qatnashdik. Ana oʻshanda bizning “LiPach” (Liquid Patch) startap-loyihamiz moliyalashtirildi. Bu esa albatta mamlakatimiz ilm-fani uchun bir yutuq boʻldi. Bunday muvaffaqiyatlarga yaqinlarim koʻmagisiz erisha olmasdim.
Toʻgʻrisi, men orzularim haqida soʻzlashni yoqtirmayman. Shovqin koʻtarmay ular tomon ohista borishni maʼqul koʻraman. Men katta maqsadlarni qoʻyish kerak va ularga olib boradigan yoʻlda adashmaslik uchun bu maqsadlarni doim xayolan tasavvur qilib turish kerak, deb oʻylayman. Men uchun nafaqat shu yoʻldan borish, balki yoʻl-yoʻlakay koʻplab insonlarga yordam berish muhim. Odamlarni qoʻllab-quvvatlash, ogʻir damda yordam qoʻlini choʻzish, shirin soʻz bilan qalblarini ilitish, koʻngillarida olov yoqib, biror narsaga intilishni uygʻotish... Mana shular haqida orzu qilaman. Ijodiy ambsiyalarga keladigan boʻlsak, loyihamni bundan-da rivojlantirishdan umidvorman. Jamoam bilan yangi loiyhalar yaratish va jarayonga yosh avlodni jalb qilishni istayman. Ayniqsa ayollarni. Axir yurtimizda oʻqimishli, tarbiya koʻrgan va iqtidorli qizlar juda koʻp. Ular oʻzlariga ato etilgan salohiyatdan foydalanishlariga turtki boʻlishni xohlayman. Ular mamlakat rivojiga oʻzlarining ulkan hissalarini qoʻshishlariga ishonaman.
Oʻzbekistondagi trendlar haqida gapiradigan boʻlsak, soʻnggi paytlarda gender tengligi masalasi koʻp koʻtarilayotganiga guvoh boʻlayapmiz. Davlat muassasalaridagi rahbarlik lavozimlaridagi ayollar soni koʻpayib borayotgani haqida eshitish men uchun quvonarli hol. Bugungi kunda biz nozik xilqat vakillarini siyosiy maydonda ham uchratishimiz mumkin. Bularning bari ayollar bizning mintaqamizda oʻz ovoziga, pozitsiyasiga va albatta qudratga ega ekanidan darak beradi. Ular oʻqishmoqda, bilimlarini oshirishmoqda, faol ijtioiy pozitsiyani egallashmoqda. Zukko student qizlar biotexnologiyada ham yangiliklarni sinab koʻrib, muvaffaqiyat qozonishmoqda. Yurtdoshlarimiz orasida yutuqlarining dovrugʻi hali olamni tutadigan qizlar borligiga ishonaman. Balki ular Nobel mukofoti sovrindorlariga ham aylanishar. Har holda mening shunday boʻlishiga ishongim keladi.
Baxtning choʻqqisi nimada deb bilasiz?
Men uchun bu muvozanat va hotirjamlik. Mening ichki halovatim va osoyishtaligim bir necha omillarga bogʻliq. Birinchisi – oilam, yaqinlarimning sogʻ-salomat va baxtli boʻlishi. Ikkinchisi – sevimli ishim bilan shugʻullanishim. Uchinchisi – sport bilan shugʻullanishim. Men yugurishni juda yaxshi koʻraman.
«Baxtsizlik» siz uchun nima?
Insonning oʻzini shaxs sifatida namoyon qila olmasligi. Aniqroq qilib aytadigan boʻlsam, odam oʻzini, qalb ishini, jamiyat va hayotdagi oʻrnini topa olmasligi.
Insonlarda hammasidan ham koʻproq qay fazilatni qadrlaysiz?
Halollik va punktuallikni. Insonlarga inoshinish juda muhim. Ishonch boʻlsa oʻzaro halol va pok boʻlishlikdan boshlanadi. Men yana punktuallikni qadrlayman. Hayot juda tezkor, vaqt juda uchqur. Va men koʻpimcha grafigimdan ortda qolayotgandek his qilaman oʻzimni. Boshqalar mening vaqtimni ayab, hurmat bilan qarashlari men uchun juda qadrli.
Insonlar feʼlidagi eng yoqtirmagan kamchiligingiz qaysi?
Ikkiyuzlamachilikni yoqtirmayman. Bu nafaqat boshqa insonni, balki oʻzini ham aldashdir.
Qachon va qayerda siz har qachongidanda baxtiyor boʻlgansiz?
Juda qiziq savol. Baxt shunaqangi nozik va koʻz ilgʻamas tuygʻuki, aynan baxtiyor onimizda biz uning qadriga yetmaymiz. Faqat oradan vaqt oʻtganidan keyingina oʻsha lahzada baxtli boʻlganimizni tushunamiz. Baxtiyor boʻlgan onlarim juda koʻp va ularning bari oilam bilan bogʻliq.
Yer yuzida yashab oʻtgan istalgan inson bilan muloqot qilish imkoniyati boʻlganida, siz kimni tanlagan boʻlardingiz?
Bu men uchun juda qiyin savol. Xayolimdan juda koʻplab ismlar oʻtdi, uzoq oʻylagach men paygʻambarimiz Muhammad s.a.v.da toʻxtadim. Men ular bilan koʻrishishni va suhbat qurishni juda istardim.
Ijodda sizning eng muhim ambitsiyangiz?
Biror shedevr yaratib, tarixda qolishni istayman, izdoshlarim boʻlishini, mendan keyin mening ishim davom ettiriladigan maktabim boʻlishini xohlayman.
Siz bilan vidolashuv marosimiga kelganlar siz haqingizda nima deyishlarini xohlagan boʻlardingiz?
Men doim ham odamlarga yordam bera olmayman, qoʻlimdan keladigan eng arzimas ish – ularni bir oz boʻlsada baxtiyor etish. Har koʻrishganimda tabassum qilishga, insonga dalda berib, uni ruhan qoʻllab-qvvatlashga harakat qilaman. Meni yuraklarda olov yoqa olgan inson, deya eslashlarini istardim