14 май 2024

Qalloblar sizni yana qanday aldash mumkinligini oʻylab topishdi

Firibgarlarning yangi nayranglarini koʻrib chiqamiz. Pullaringizni saqlab qolish va aldov qurboni boʻlmaslik uchun, albatta, oʻqing.

 

Davlat tomonidan moliyaviy yordam taklif qilishadi

Bu qanday amalga oshadi? Sizga davlat tomonidan moddiy yordam taklif qiluvchi odam tomonidan xabar kelishi yoki shaxsan oʻzi uchrashi mumkin. U oʻzini davlat organi xodimi deb tanishtiradi va hatto hujjatini koʻrsatadi. “Xodim” sizga bir martalik moddiy yordam olish imkoningiz borligini, biroq ariza topshirish uchun sizning pasport ma’lumotlaringiz va suratingiz kerakligini aytadi.

Ma’lumotlarni taqdim etish talabi mantiqan toʻgʻri, chunki davlat idoralaridagi istalgan arizada har doim ular koʻrsatiladi. Tuzoqqa tushgan odam hech nimadan shubhalanmay pul olish ilinjida oʻz ma’lumotlari va suratini taqdim etadi.

 

Qalloblik nimadan iborat? Shaxsning fotosurati va passport ma’lumotlari yordamida qalloblar bankda hisob raqami ochib, uning nomiga kredit va mikroqarz olishadi. Shaxs esa ushbu summani toʻlashga majbur boʻladi.

 

Qanday himoyalanish kerak? Agar sizdan suratga tushishni va shaxsiy ma’lumotlaringizni taqdim etishni soʻrashsa, rozi boʻlmang. “Hukumat xodimlari” bilan muloqotni toʻxtating va nari keting. Agar imkoni boʻlsa, u(lar)ni rasmga olib, muloqotni diktofonga yozib oling — bu militsiya xodimlariga qallobni topish va uni jazolashga yordam beradi.

 

Unutmang, davlat tashkilotlari xodimlari koʻcha-koʻyda yardam berish taklifi bilan yurishmaydi. Agar sizga moliyaviy yordam kerak boʻlsa, oʻzingiz davlat organiga borib ariza yozishingiz lozim.

“OpenBudget”ga ovoz yigʻishadi

Bu qanday amalga oshadi? Notanish odamlar oldingizga kelib, OpenBudget uchun ovoz to‘playotganini va siz o‘z shahringiz, viloyatingiz yoki tumaningiz uchun byudjet mablag‘larining bir qismini taqsimlashda ishtirok etishingiz mumkinligini aytishadi. Ovoz berishingiz uchun ular toʻlov ham taklif qilishi mumkin, masalan, 10 000 soʻm.

 

Agar rozi boʻlsangiz, ovozingiz servisda tasdiqlanishi uchun ular sizdan pasport ma’lumotlaringiz va suratingizni soʻrashadi.

 

Qalloblik nimadan iborat? Yuqoridagi haolatlar kabi, qalloblarning maqsdadi — sizning ma’lumotlaringiz va suratingizni qoʻlga kiritib, ular yordamida nomingizga kredit yoki mikroqarz olish.

 

Qanday himoyalanish kerak? Notanish odamlarga pasport ma’lumotlaringizni bermang va sizni suratga olishga ham yoʻl qoʻymang. Ayniqsa, buning evaziga pul taklif qilishsa. Katta ehtimol bilan, ular — qalloblar.

Hisobingizdan kimdir pul yechishga uringanini aytishadi

Bu qanday amalga oshadi? Notanish shaxs sizga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini O‘zR Markaziy banki Moliyaviy nazorat bo‘limi xodimi deb tanishtirib, goʻyoki sizning shaxsiy ma’lumotlaringizni buzib kirishga urinish boʻlgani haqida xabar beradi: “Ayni damda kimdir noquniy ravishda barcha banklarda ochilgan hisob raqamingizdan foydalanib, mikrokreditlar olishga urinmoqda”.

 

Buzib kirishni toʻxtatish uchun sizdan firibgarlar tomonidan kredit rasmiylashtirilgan banklarning ilovalarini yuklab olish va ularning harakatlarini bloklash soʻraladi. Firibgarlar harakatini bloklash uchun sizga barcha banklarda mikroqarzlar ochish taklif etiladi. Mikrokredit olish uchun rad javobini olsangiz, qalloblar sizning hisobingizga kirish imkonini yoʻqotadilar.

 

Mikrokreditlar rasmiylashtirish vaqtida Markaziy bank xodimlari vaziyatni nazorat qilish uchun siz bilan aloqada boʻladilar va siz ularga SMS orqali yuboriladigan barcha ma’lumotlar, kodlar va parollarni berishingiz/aytishingiz kerak bo‘ladi — goʻyoki ular shu tariqa firibgarlarni aniqlashadi va hibsga olishadi.

 

Qalloblik nimadan iborat? Firibgarlar sizni barcha banklarda mikrokreditlar rasmiylashtirishga, shuningdek, shaxsiy va kredit hisoblaringizdan pullaringizni yechib olishga undashadi.

 

Qanday himoyalanish kerak? Hech qachon, hech qachon, hech qachon Markaziy bank xodimi sizga qoʻngʻiroq qilmaydi — Markaziy bankda ishlovchi xodimlar odamlarga qoʻngʻiroq qilishmaydi, karta operatsiyalarini kuzatishmaydi, fuqarolarning moliyaviy ma’lumotlari xavfsizligi va himoyasi bilan shugʻullanishmaydi. Xavfsizlik uchun javobgar — bank xavfsizlik xizmati va bank mijozidir. Agar “Markaziy bank xodimi” sizga qoʻngʻiroq qilsa, bu 100% firibgar va u bilan gaplashish shart emas. Qoʻngʻiroqni oʻchiring va raqamni bloklang.

 

Hech qachon, hech qachon, hech qachon notish kimsalar talabi bilan kredit va qarzlar rasmiylashtirmang, ayniqsa ular oʻzini Markaziy bank, turli banklar, militsiya yoki boshqa tashkilot xodimlari deb tanishtirishsa.

 

Hech qachon, hech qachon, hech qachon SMS kodlar, parollar va boshqa ma’lumotlaringizni qoʻngʻiroq qilgan odamlarga aytmang. Ular ma’lumotlaringizni olishi bilan shu zahoti hisobingizdan barcha pullarni yechib oluvchi — qalloblar.

Majburiy ijro byurosi (MIB) oldidagi qarzlar bilan qoʻrqitishadi 

Bu qanday amalga oshadi? Messenjer yoki SMS orqali MIBga toʻlanmagan qarzingiz borligi haqida gʻalati xabarlar keladi. Batafsil ma’lumotlarni koʻrish uchun telefoningizga apk-faylni yuklab olishingiz va uni faollashtirishingiz kerak boʻladi.

 

Qalloblik nimadan iborat? Agar siz ushbu apk-faylini oʻrnatsangiz, telefoningizda zararli dastur paydo boʻladi. U sizning shaxsiy ma’lumotlaringizni oʻgʻirlaydi, SMS-xabarlarni toʻxtatadi va firibgarlarga bank ilovalaringizga kirish imkonini beradi. Ushbu ma’lumotlardan foydalanib, firibgarlar barcha bank hisoblaringizdan osongina pul yechib olishlari mumkin.

 

Qanday himoyalanish kerak? Ishonchsiz manbalardan fayllarni yuklab olmang. Agar siz faylni SMS orqali olgan boʻlsangiz, darhol xabarni oʻchirib tashlang. Agar siz tasodifan shubhali faylni yuklab, oʻrnatgan boʻlsangiz, darhol telefoningizni ilk ishlab chiqarilgan sozlamalariga qaytaring. Shu tariqa virusli dastur oʻchib ketadi.

 

Xavfsizlik uchun telefoningizda antivirus dasturlaridan foydalaning — ular zararli dasturlarni bloklaydi va ma’lumotlaringizni himoya qiladi.

 

Agar shubhangiz boʻlsa, bank yoki davlatdan qarzingiz bor-yoʻqligini aniqlashtiring. Davlat xizmatlari portalining “Fuqarolik” bo‘limida “Ijro hujjati bo‘yicha qarzdorlikni tekshirish” xizmati mavjud. Agar qarz mavjud boʻlsa, darhol uning miqdorini va kimdan\nimadan qarzdorlik borligini koʻrasiz. Agar yoʻq boʻlsa, ular sizni aldashga harakat qilishgan.

Yaqinlaringiz ovoziga taqlid qilib yordam soʻrashadi

Bu qanday amalga oshadi? Sizga qizingiz, akangiz yoki boshqa yaqin insoningiz qoʻngʻiroq qilib, avariyaga uchraganini aytadi va zudlik bilan pul oʻtkazib berishingizni soʻraydi. Birovning telefonidan qoʻngʻiroq qilayotganini oʻziniki singani bilan tushuntirishga urinadi.

 

Siz yaqinlaringiz ovozini taniysiz, shu sababli sizga yordam soʻrab aynan u qoʻngʻiroq qilayotganiga amin boʻlasiz. Shu zahoti u soʻragan karta raqamiga pul oʻtkazasiz.

 

Qalloblik nimadan iborat? Sizga yaqin insoningiz emas, sun’iy intellekt qoʻngʻiroq qilmoqda — yangi texnologiyalar istalgan ovozni oʻxshatish imkoniyatiga ega. Qalloblar sizni xavotirga solish va ularga pul oʻtkazib berishingiz uchun sun’iy intellektdan foydalanishadi.

Sun’iy intellekt ovozni oʻxshatishga urinishi mumkin, ammo ideal holatda emas. Sizga yaqiningiz yoki robot qoʻngʻiroq qilganini aniqlashning bir necha usullari mavjud.

 

Ular quyidagilar:

Telefondagi odam oʻzini odatdagidek tutmaydi. Masalan, hamisha ogʻir-bosiq boʻlgan akangiz birdan baqirib, unga pul oʻtkazib berishingiz kerakligiga ishontiradi va qayta qoʻngʻiroq qilishni taqiqlaydi.

 

Noodatiy narsalarni soʻraydi. Masalan, shaxsiy ma’lumotlar, karta PIN-kodi yoki boshqa maxfiy ma’lumotlarni aytish kabi.

 

Shoshiltiradi. U oʻylashga qoʻymaydi, koʻp gapiradi va zudlik bilan zaruriyat hissiyotini uygʻotadi. U ataylab siz oʻylab qaror qabul qilmasligingiz uchun shunday qiladi.

 

Qoʻngʻiroq fonida — tushunarsiz gʻalati tovushlar. Muloqot davomida siz gʻalati tovushlarni eshitasiz, masalan, chiyillash, xirillash, shovqin, eks sado yoki ovozning davomiy buzilishi/uzilishi. Bu ovozga taqlid qilish texnologiyasi ishlatilayotganidan darak berishi mumkin.

 

Qanday himoyalanish kerak? Agar biror noxushlikni sezsangiz, bir nechta aniqlashtiruvchi savollar bering. Masalan, faqat ikkingiz biladigan narsani soʻrang. Firibgarlar bu haqida bilishmaydi va javob bera olishmaydi. 

 

Yana bir usuli — qoʻngʻiroqni oʻchirib qoʻyish va yaqiningizning raqamiga oʻzingiz qoʻngʻiroq qilish, faqat sizga qoʻngʻiroq qilgan begona raqamga emas.  Katta ehtimol bilan, u sizga hammasi yaxshi ekanligi haqida javob beradi, sizga esa firibgarlar qoʻngʻiroq qilgan boʻlib chiqadi.

Qalloblarning toʻriga tushmaslik uchun nimalarni yodda tutish kerak

❌Begonalarga sizni suratga olishiga yoʻl qoʻymang, ma’lumotlaringiz bilan boʻlishmang, hatto ular rost gapirayotganga oʻxshashsa ham, hujjatlarini ko'rsatishsa yoki pul taklif qilishsa ham.

❌Shubhali fayllarni telefoningizga yuklab olmang va oʻrnatmang. Smartfoningizga antivirus oʻrnatib olib, uning ishlashini hamisha nozorat qiling.

❌Yaqiningiz begona raqamdan muammo bilan qoʻngʻiroq qilsa, vahimaga tushmang. Aniqlashtiruvchi savollar bering, yaxshisi, qoʻngʻiroqni oʻchiring va uning shaxsiy raqamiga oʻzingiz qoʻngʻiroq qiling.

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish
Ta'lim · 07 феврал 2024

Sandiqqa solingan pullar yoki bankdagi omonat — jamg‘armalarni qanday saqlash kerak

Oʻqish
Ta'lim · 10 июл 2023

Depozit haqida nimalarni bilishimiz kerak?

Oʻqish