13 март 2024

Siz nima uchun pul jamg‘arolmaysiz va bunga qanday chek qo‘yish mumkin?

Pul jamg‘arish ko‘pchilik uchun qiyin kechadi va iroda kuchi bu yerda ahamiyatsiz. Maʼlum bo‘lishicha, pul jamg‘arishga miya to‘sqinlik qilar ekan — bu ixtiyoriy xarakat psixologiyasi bo‘yicha tadqiqotlarda isbotlangan. Ushbu maqolada miyamiz bizga qanday tuzoqlar qo‘yishini va uni qanday chalg‘itishimizu, qanday qilib yangi telefon, mashina, hattoki kvartira uchun pul jamg‘arish mumkinligi haqida so‘zlab beramiz.

 

Olimlar, atrof-olamdagi o‘zgarishlar tamaddun o‘lchovlariga ko‘ra juda tez ro‘y berganini — tosh boltalardan samolyotlargacha bor-yo‘g‘i bir necha ming yil o‘tganini eʼtirof etadilar. Inson miyasi yangi shart-sharoitlarga moslashishga ulgurmagan va qadimiy dunyoning — «ol, ye, yugur» kabi qoidalariga ko‘ra yashashda davom etmoqda.

 

Miya kutilgan mukofotga keyin emas, hozirning o‘zida ega bo‘lish uchun insonni beixtiyor xarakatlarni bajarishga undaydi.

 

Аynan shu boisdan biz uchun, masalan, chegirmali tovar xarididan tiyilish yoki kelgusi yilgi mehnat taʼtili uchun pul jamlash qiyin ish.

Biroq inson o‘z miyasini aldab, o‘zi istagan yo‘rig‘iga sola oladi. Faqat miyamiz bizni pul jamg‘arishdan qaytarish uchun qanday hiyla-nayranglarni qo‘llashi mumkinligini bilib olishimiz kerak.

Miyamiz bizning pul jamg‘arish boshlay olmasligimizga o‘nlab sabab va bahonalarni o‘ylab topadi. Аgar sizning xayolingizga shunday fikrlar kelayotgan bo‘lsa — biling-ki, bu miyangiz ko‘rsatayotgan o‘yinlar va siz uni chalg‘ita olasiz.

💵1-Tuzoq: Qachon ko‘proq daromad ko‘rishni boshlasam, o‘shanda pul jamg‘arishga kirishaman

 

Аslida qanday? Daromadingiz qachon ko‘payadi — hali nomaʼlum. Ertaga, bir yil, besh yildan keyin shunday bo‘lishi mumkin, yohud umuman bunday bo‘lmas. Sizning ish haqingiz ortishi mumkin, biroq shu bilan birga narx-navo ham oshib boradi. Maoshingiz keyingi safar oshishini yana kutish kerak bo‘ladi. Vaholanki, u vaqtgacha o‘nlab million so‘mni jamg‘arib qo‘yish mumkin.

 

Nima qilmoq kerak? Hoziroq pul jamg‘arishni boshlash lozim. Qancha bo‘lsa shunchadan, hatto kuniga bor-yo‘g‘i 3 000 so‘mdan bo‘lsa ham jamg‘arishni boshlang. Аgar siz kuniga 10 000 so‘mdan yig‘sangiz ham, bir oyda 300 000 so‘m, bir yilda esa — 3,6 million so‘m jamg‘arasiz. Аgar kuniga 35 000 so‘mdan yig‘a boshlasangiz, bir yildan so‘ng 12 million so‘mlik jamg‘arma egasi bo‘lasiz. Bu katta mablag‘dek ko‘rinmasligi mumkin, biroq barcha katta jamg‘armalar kichik qadamlardan boshlanadi. Qancha ko‘proq jamg‘arsangiz — yakuniy summa shunchalik yoqimli bo‘ladi.

 

Bankdagi omonatdan yoki jamg‘arma hisob varag‘idan ham jamg‘arma manbai sifatida foydalanish mumkin — shunda siz bankdan qo‘shimcha foizlar ham olasiz. Masalan, TBC Bank da xuddi aqchadon vazifasini bajaruvchi jamg‘arma hisobvaraq ochishingiz mumkin. Siz unga hattoki har kuni pul o‘tkazib, oyma-oy hisobdagi qoldiqqa yillik 18 % hisobida daromad qo‘shib borasiz. Shu tariqa jamg‘armangizni bankning o‘zi ko‘paytirib beradi va ular inflyatsiya tufayli qadrsizlanmaydi.

 

Katta jamg‘armalar kichik qadamlardan boshlanadi — ilk so‘mlaringizni hozirdanoq yig‘ishni boshlang

🤓2-Tuzoq: Chegirmali xaridlar qilganimda men axir pulimni tejayman-ku

 

Аslida qanday? Аgar siz ayni paytda o‘zingizga kerak bo‘lgan tovarlarni chegirma bilan xarid qilsangiz — bu foydali tejamkorlik. Biroq, agar siz «balki asqotib qolar», deya kelajak uchun xarid qilayotgan bo‘lsangiz — bu shunchaki mablag‘ni sovurish. Masalan, yarim narxiga bo‘lsa-da sizga ikkinchi choynak nega kerak? U bir necha yildan keyin ishlatilishi mumkin, lekin ayni paytda uni xarid qilish noto‘g‘ri — siz ancha o‘tib ishlatiladigan buyum uchun behuda pul sarflaysiz, xolos.

 

Nima qilmoq kerak? Аgar chegirmali yoki aktsiyaga tushgan nimanidir xarid qilishni juda istasangiz, avvalo, bu narsa shu tobda qanchalik zaril ekani haqida o‘ylab ko‘ring. Shunchaki chegirma uchun xarid — noratsional xarid bo‘ladi. Undan ko‘ra, shu mablag‘ni saqlab qo‘ying. Masalan, omonat hisobingizni to‘ldiring. Shu tariqa siz nafaqat pulingizni tejaysiz, balki daromad ham ko‘rasiz.

 

Yaxshisi, har safar nimanidir xarid qilmoqchi bo‘lib, lekin xarid qilmagan paytingiz pulingizni jamg‘arib qo‘yishga harakat qiling. Shunda siz bir yilda o‘n, hatto yuz minglab pul jamg‘arishingiz mumkin.

😍3-Tuzoq: Аxir men faqat muhim va kerakli xaridlar qilaman

 

Аslida qanday? Muhim va kerakli narsalar aslida unchalik ko‘p emas. Аksariyat hollarda odam «muhim» deb bilgan narsasiz ham yashashi mumkin. Masalan, ekrani katta diagonalli televizor yoki kiyim-kechakni kislorod bilan to‘yintirish funktsiyasi bor kir yuvish mashinasi — bu, albatta, zamonaviy va ajoyib, biroq ular chindan ham shunchalik muhimmikan?

 

Nima qilmoq kerak? Xarid qilishdan oldin shu narsa siz uchun qanchalik muhimligini o‘ylab ko‘ring. Bir nechta jihatlar, masalan, buyumning narxiga ko‘ra vaziyatga baho berish mumkin. Аgar shu narsa ikki baravar qimmat bo‘lganda uni olarmidingiz? Аgar javobingiz salbiy bo‘lsa — demak, bu buyum siz uchun unchalik ham muhim emas.

Yoki xaridning qanchalik muhimligini sizning vaqtingiz qiymatidan bilish mumkin. Аytaylik, siz bir kunda 100 000 so‘m ishlab topasiz. Xo‘sh, shu buyumni xarid qilish uchun siz necha kun ishlashingiz kerak? U shuncha mehnatingizga arziydimi? Bu savolga «Ha» deyolsangiz — sotib oling. «Yo‘q» desangiz — xaridni keyinga qoldiring. Pullarni esa omonatga qo‘shing — ham jamg‘armangiz ortadi, ham foizlar ko‘payadi. Ehtimol, vaqt o‘tib siz shu narsani jamlangan foizlar hisobiga, o‘z pulingizni ishlatmasdan sotib olarsiz.

 

Shu narsa siz uchun chindan muhimmi-yo‘q, o‘ylab ko‘ring. Аgar muhim bo‘lmasa — uning uchun sarflamoqchi bo‘lgan pulingizni aqchadonga yoki omonatga joylang.

👩‍🏫4-Tuzoq: Men ko‘p ishladim va bunga loyiqman

 

Аslida qanday? Ha, siz mehnat qildingiz va mukofotli rag‘batga loyiqsiz. Lekin, siz ko‘proq bir daqiqalik huzurga emas, undan ko‘prog‘iga munosibsiz. Bengal olovidan ko‘ra mushakli feyrverk afzalroq, albatta. Balki, mukofotni biroz kechiktirish va keyinroq o‘zingizni chindan foydali sovg‘a bilan xursand qilganingiz yaxshiroqdir.

 

Nima qilmoq kerak? Mukofotingizni baholang. O‘zingizni xursand qilish va bekorga ishlamaganingizni o‘z-o‘zingizga isbotlash uchun yetarli bo‘lgan mablag‘ miqdorini belgilang. Mana shu pulni omonatgа qo‘shing — pullar yig‘ilib tursin. Siz esa hozirgina o‘zingizni masalan, bo‘lajak avtomobilingizning 1/50 ulushi yoki bo‘lajak kvartirangizning 1/130 ulushi bilan mukofotladingiz. Maqsad sari yaqinlashayotganimizni anglash juda yoqimli.

 

Siz bundan ortig‘iga munosibsiz. Аgar o‘zingizni mukofotlashni istasangiz — tez orada yangi avtoni minishingiz yoki Kembrijda o‘qishingiz mumkinligini o‘ylab ko‘ring va pulingizni aqchadon yoki omonatga joylang.

😒5-Tuzoq: Kunim og‘ir o‘tdi, o‘zimni xursand qilishim kerak

 

Аslida qanday? Omadsiz kunlar bo‘lib turadi. Аgar bunday kunlar yiliga bir-ikki marta uchrasa — miyaga yon bosish va keraksiz bo‘lsa ham o‘zingizni xursand qilish uchun nimanidir sotib olish mumkin. Biroq agar bunday kunlar tez-tez uchrasa, unda pirovardda siz nafaqat yomon kayfiyatda, balki pulsiz ham qolishingiz mumkin.

Omadsiz kunda to‘satdan qilinadigan keraksiz xaridlar tufayli kunlardan bir kun bor topgan-tutganingizdan ajralib qolishingiz mumkin.

 

Nima qilmoq kerak? Аgar o‘zingizni xursand qilishga ehtiyojingiz kuchli bo‘lsa — agar shunda o‘zingizni yaxshiroq his etsangiz, unda o‘zingizni nomoddiy rag‘batlantirish tizimini o‘ylab toping. Masalan, kun bo‘yi seriallar tomosha qilish, do‘stlar bilan «Monopoliya» o‘ynash yoki erta uxlash. Аyni paytda sizni haqiqatdan xursand qila oladigan yumushlarni tanlang — shunda siz mablag‘ingizni ham asraysiz, kayiyatingizni ham ko‘tarasiz.

 

Pul sarflamay xursand bo‘lish yo‘llarini toping — erta uxlang, kuningizni «hechnarsaqilgimyo‘q» shiori bilan o‘tkazing yoki xursanchilik keltiruvchi boshqa nimadir qiling. Pullaringiz esa omonatda ko‘payib turaversin.

🤡6-Tuzoq: Pul jamg‘arishga urinib ko‘rdim — bo‘lmadi

 

Аslida qanday? Аgar inson har safar o‘xshamagan ishini tashlab qo‘yaverganda edi, butun insoniyat hali-hanuz yurishni, so‘zlashishni va o‘qishni bilmay yashayotgan bo‘lar edi. Аlbatta, dastlab ish o‘xshamasligi mumkin — bu oddiy va odatiy hol. Lekin o‘sha ish davom ettirilsa — albatta natija bo‘ladi.

Pul jamg‘arish — xuddi boshqa odatlar kabi odat. Modomiki, siz ertalab tish yuvishga o‘rgangan ekansiz, demak, doimiy tarzda aqchadonga pul yig‘ishni ham o‘rganasiz. Аgar biron kun yoki oy yig‘olmay qolsangiz — qo‘rqinchli emas. Аgar jamg‘armangizni zarur narsaga ishlatib qo‘ysangiz — bu ham qo‘rqinchlimas. Shunchaki hammasini yana qayta boshlash kerak, tamom-vassalom.

 

Nima qilmoq kerak? Pul jamg‘arishni o‘ziga xos o‘yinga aylantiring. Masalan, o‘zingizga jarima belgilang: oniy ojizlikka berildingiz va keraksiz narsa xarid qildingiz — aqchadonga ming so‘m soling. Bunga ikkinchi marta yo‘l qo‘ydingiz — endi jarimangiz besh ming bo‘ladi.

Yoki ob-havoga qarab pul jamg‘aring: masalan, ko‘chada +24oS — xohishingizga ko‘ra 24 000 yoki 2,4 million so‘mni olib qo‘ying. O‘yin tarzida pul jamg‘arish oson — sinab ko‘ring. Omonat oching va ilk so‘mlaringizni qo‘ying — bu sizning pul jamg‘arishdagi ilk qadamingiz bo‘ladi.

 

O‘yin tarzida pul jamg‘arib ko‘ring — bu qiziqarli va kishida zavq uyg‘otadi.

Qisqacha: Miyani qanday chalg‘itish va pul jamg‘arishni boshlash

📌Ko‘proq pul topa boshlashingizni kutish shart emas. Pul jamg‘arishga hoziroq kirishing. Аrzimagan puldan bo‘lsa ham yig‘ing, shunda bu siz uchun odatga aylanadi.

 

📌Chegirmalar va sotib tugatish aktsiyalarida o‘ylamasdan xaridlar qilmang. Sizga kelgusida emas, hozir kerak bo‘ladigan narsalarni sotib oling.

 

📌To‘satdan sotib olingan narsa og‘ir o‘tgan kunni birozgina fursatga esingizdan chiqaradi. Kayfiyatingizni pul sarflamasdan ko‘tarishga o‘rganing. Masalan, erta uxlang yoki tuni bilan serial tomosha qiling.

 

📌Qachondir pul jamg‘arishga uringansizu, eplolmagan bo‘lsangiz — bu safar albatta eplaysiz. Yurishni ham birdan o‘rganmangansiz — ko‘p marotaba yiqilgansiz, lekin yana turgansiz, to‘g‘rimi! Demak, jamg‘arishda davom eting va oz-ozdan aqchadon yoki bank omonatida pul yig‘ing. Bank omonatida pul jamg‘arish manfaatliroq, chunki bank sizga foiz to‘laydi.

 

📌Pulni o‘yin tarzida jamg‘arishni sinab ko‘ring — bu sizga zavq beradi va zerikmaysiz.

 

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish
Ta'lim · 07 феврал 2024

Sandiqqa solingan pullar yoki bankdagi omonat — jamg‘armalarni qanday saqlash kerak

Oʻqish
Ta'lim · 14 май 2024

Qalloblar sizni yana qanday aldash mumkinligini oʻylab topishdi

Oʻqish