21-oktyabrda Moc Hub da Eco-niyat yarmarkasi bo'lib o'tdi. Ushbu tadbir yanada barqaror kelajakni yaratish ustida ishlayotgan kishilarni birlashtirdi va hayotimizni sifatliroq qilishga, resurslardan foydalanishga ongliroq yondoshuvni shakllantirishga yordam beradigan turli tashabbuslar va texnologiyalarni namoyish etdi.
«Bu tadbirni o'tkazish taklifi Yanguraz Upcycling loyihasi muallifi Liya Yangurazdan chiqdi. O'shanda men quvonch ila bu ishga kirishdim, — deydi Ecojon.lab plastikni qayta ishlash bo'yicha laboratoriya asoschisi Said Isaev. — Biz Liya bilan tadbirni ko'p muhokama qildik va asta-sekin uning kontseptsiyasi va ivent jadvalini shakllantirdik.
Maqsadimiz oddiy — odamlarga maishiy ishlarni ham ekologiyaga zararsiz tarzda bajarish mumkinligini ko'rsatish edi va bu tadbirning asosiy o'zak g'oyasi bo'ldi. Mehmonlar bilan suhbatlashar ekanman, tadbirdagi hamma narsa: musiqa, muhit, dastur va tanlangan joy ham ularga ma'qul kelganiga amin bo'ldim. Yarmarka ishtirokchilari ham tadbirdan juda xursand bo'ldilar. Ularning ayrimlari unchalik ko'p savdo qilmagan bo'lsalar-da, bizning kelgusidagi iventlarimizda ham ishtirok etish istagini bildirishdi.
Tashkiliy masalalar — dizaynni yaratish, OАV bilan bog'lanishga oid kommunikatsiya ishlari va maydonni tanlashda bizga MOS juda katta ko'mak berdi».
Tadbir uchun MOC ning ichki maydonidan tashqari, hovli sahni ham band qilindi. Аvval boshda buyumlar terilgan ayrim stollar binoning kiraverish qismiga qo'yilgandi, lekin kunning ikkinchi yarmida havo avzoyi buzilgach, tashkilotchilar vaziyatga moslashdilar — ustalar va rassomlar bino ichiga ko'chirildi. Аlbatta, buni muammo deb bo'lmaydi, aksincha — bu vaziyat ichkaridagi muhitga yanada shinamlik baxsh etdi, ishtirokchilar o'zlarini shunchaki tadbir mehmoni emas, balki muhim voqelikning bir qismidek his qildilar.
Bu yerga tashrif buyuruvchilarni ko'plab qiziqarli imkoniyatlar — masalan, svopda buyumlarni ayirboshlash yoki foydali eko-mahsulotlar xarid qilish mumkin edi. Sotuvda hamma narsa — oshxona idishlari, yog'ochdan ishlangan bezaklar va kitoblardan tortib, qayta ishlangan xom ashyodan tayyorlangan bir martalik kiyim-boshlargacha bor edi. Mehmonlar shashka yoki ping-pong o'yinida musobaqalashish, shuningdek kollaj yaratish borasida o'z kuchlarini sinab ko'rish imkoniga ham ega bo'ldilar.
Ekobloger Mo'tabar Xushvaqtova bolalarning eko-savodxonligini oshirish mavzusida ma'ruza qildi. Bolalar uchun bu favqulodda muhim — atrof-muhitni asrab-avaylash tushunchasi yoshlikdan singdirilgan bolalarda yaxshi odatlar shakllanadi va ular o'z hayotlariga ijobiy o'zgarishlar kiritish bilan nafaqat o'zlari va atrofdagi kishilarga, balki butun sayyoramizga foyda keltira oladilar.
Oqshomda esa Liya Yanguraz «Sening apsayklinging» mavzusida mahorat-darsini o'tkazib, qanday qilib qayta ishlash jarayonisiz eski buyumlardan yangilarini hosil qilish mumkinligini ko'rsatib berdi. Аpsaykling — bu eski buyumlarning dastlabki ko'rinishini buzmasdan, shunchaki ularga ayrim o'zgartirishlar va elementlar kiritgan holda butkul o'zgacha ko'rinishga keltirish. Bunday usulni ko'plab buyumlarda, xususan, kiyim-kechaklardan tashqari uy-ro'zg'or ashyolarida ham qo'llash mumkin — masalan, shu tarzda darz ketgan eski sopol krujkani chiroyli guldonga aylantirish mumkin.
Shuningdek, tashkilotchilar va mehmonlar o'rtasida «Barqaror iste'mol: eko-odatlarni qanday shakllantirish va saqlab qolish mumkin» degan mavzuda bahs-munozara bo'lib o'tdi. Qatnashchilar atrof-muhitga ehtiyotkorlik bilan yondoshuv masalasida shahar sharoitida yashayotgan har bir insonning o'zi va atrof-muhitga foydali bo'lgan usullarni qo'llash imkoniyatlarini muhokama qildilar. Bunday usullarning eng asosiylari:
• Dag'al matodan tikilgan xaltalar (shopper)dan foydalanishga o'tish —plastik ishlatilishi darajasini kamaytiradi. Shuningdek, har bir kishi ekologik toza xom ashyodan ishlangan, ko'p karra foydalanishga yaroq idish-tovoqlarni qo'llashga o'tishi mumkin, bu usul, ayniqsa plastik yoki polietilendan ishlangan qadoq idishlar ko'p ishlatiladigan qahvaxona, tamaddixona va boshqa joylarda samarali bo'ladi.
• Tez-tez yangi kiyim-kechak yoki buyumlar sotib olish o'rniga bor narsalarga yangi hayot bag'ishlash haqida o'ylab ko'ring — masalan, eskirgan jinsa matoli shimni buzib, yaxshigina ro'zg'orbop xalta yoki sumkaga aylantirish mumkin. Quroq tikish usulini qo'llagan holda mayda-chuyda qiyqim matolar yoki eskirgan kiyimlardan uy-ro'zg'orda, xonalarni bezatishda asqotadigan ko'plab buyumlar yaratish, hattoki, yangi libos ham tikish mumkin.
• Kiyilmaydigan kiyimlarni tashlab yubormang, ular hali butkul eskirmagan va yaxshi holatda bo'ladi — demak, ulardan kimdir foydalanishi mumkin.
• Jamoat transportidan foydalanishga odatlaning. Bu nafaqat atmosferaga chiqarilayotgan zaharli kimyoviy birikmalar miqdorini kamaytiradi, balki mablag'ingizni ham tejaydi.
• Chiqindingizni mustaqil ravishda saralab ajratishga o'rganing. Chiqindi tashlanadigan har bir punktda o'zingiz keltirgan chiqindilar saralanganini, ya'ni, qog'oz, plastik va shisha chiqindilar alohida qilinganini aytib qo'yishingiz mumkin bo'lgan odam bo'ladi.
• Qancha suv ishlatayotganingizga e'tiborli bo'ling, uni isrof qilmang.
Iqlim oʼzgarishi va atrof-muhitdagi tabiiy jarayonlarning buzilishi muammosi oʼtkirlashishda davom etar ekan, yuqorida bayon etilgan tadbirlar zarur va dolzarbligicha qolaveradi. Ularni odatga aylantirish, amalga oshirishda ishtirok etish juda muhim — bularning barchasi odamlarning atrof-muhitimiz ahvoli va uni asrab-avaylashga xizmat qiladigan xatti-harakatlardan xabardorlik darajasini oshiradi.
TBC Bank ning Eco Edu loyihasi haqida ham eslatib o'tamiz — uning barcha sonlarini YouTube orqali tomosha qilishingiz mumkin. Yana bizda ushbu maqolaning ayrim qahramonlari ishtirok etgan video ham mavjud. Marhamat, uni ham ko'ring: