Oktyabr oyi oxirida Markaziy Bankining muvofiqlashtiruvchi ko'magi ostida xalqaro Global Money Week loyihasining O'zbekistondagi mahalliy bosqichi bo'lib o'tdi. TBC Bank ham ushbu tadbirda ishtirok etdi — bank ekspertlari Toshkentda beshta maktabning o'quvchilari uchun moliya masalalari va moliyaviy savodxonlik mavzusiga bag'ishlangan ma'ruzalar turkumini o'tkazdilar hamda ularni qiziqtirgan savollarga javob beribgina qolmay, kelgusida foydali bo'ladigan maslahatlar ham berdilar.
Bankning Mijozlarga servis xizmati departamenti rahbari Shohruh Yo'ldoshev «Humo» va «Diplomat» maktablarida ekspert sifatida qatnashdi — uning ma'ruzasi bank mijozlarining moliyaviy savodxon bo'lishi ahamiyati mavzusiga bag'ishlandi. Shohruh moliyaviy savodxonlik, u nima uchun kerakligi haqida so'zlar ekan, odamlar uchun farovonlikka erishish va o'z moliyaviy ahvolini yaxshilashda, firibgarlikdan saqlanishda hamda moliyaviy vositalarning «yomon» va «yaxshi»sini farqlay bilishda yuqori darajadagi moliyaviy savodxonlik zaruratini alohida ta'kidlab o'tdi.
Moliyaviy savodxonlikdan barcha, mijozlar ham, banklarning o'zi ham foyda ko'rishini o'quvchilarga tushuntirish juda muhim edi. Chunki, savodxon mijozlar bank faoliyatigda ta'sir qiladigan moliyaviy xatolarga kamroq yo'l qo'yadilar, yana bunday mijozlardan da'vo-shikoyatlar kam tushadi, umuman olganda ular bank tizimi ishini yaxshiroq tushunadilar va shu sababli o'zlariga kerakli xizmatni oson topadilar.
Mijozlarning savodxonligini oshirishda banklar keng foydalanadigan qator vositalar mavjud — masalan, banklar ijtimoiy tarmoqlardagi o'z sahifalari, geymifikatsiya, kitoblar va o'quv qo'llanmalari orqali, forumlar va vebinarlar o'tkazish orqali, shuningdek ta'lim platformalari yaratish orqali bu maqsadga erishadilar.
Darqove, TBC Bank ham shunday platformaga ega — so'z FinEdu loyihasi haqida bormoqda, ushbu loyiha doirasida moliyaviy savodxonlikning koʼp jihatlari haqida hikoya qilinadi.
«Lider» maktabida TBC Bank Uzbekistan ning Аmaliyotlarga xos xavflar departamenti rahbari Dmitriy Chelishev firibgarlik mavzusida ma'ruza qildi. U o'quvchilarga firibgarlikning asosiy turlari va moliyaviy vositalarni xavfsiz saqlash choralari haqida so'zlab berdi.
Dmitriyning ta'kidlashicha, bank mijozlari eng ko'p duch keladigan vaziyat — bu to'lovlarni amalga oshirish borasidagi firibgarlikdir. Har bir bankning mijozlari vaqti-vaqti bilan firibgarlar qurboniga aylanib turadi, shu boisdan banklar o'z mijozlarini himoyalash maqsadida mijozlarni xabardor qilish, tranzaktsiyalar xavfsizligi va monitoringini ta'minlashning ko'pbosqichli strategiyasidan foydalanadi.
Dmitriy o'quvchilarga shaxsiy pul vositalarini xavfsiz saqlash borasida asosiy qoidalarni eslatib o'tdi. Bu qoidalar sirasiga — ishonchli parollardan foydalanish va ularni muntazam ravishda yangilash, ikki faktorli autentifikatsiya, amaliyot tizimlarini tez-tez almashtirish va shubhali havolalar va elektron maktublardan maksimal darajada ehtiyot bo'lish kabilar kiradi.
XTV qoshidagi «Sehriyo» DIMMUMda TBC Bank Uzbekistan ning yetakchi data-analitik mutaxassisi Yelena Menshikova ma'ruza qildi. Uning taqdimoti bevosita data-anatiklik kasbi va bu mutaxassislikning biznesdagi moliyaviy ko'rsatkichlarga ta'siri mavzusiga bag'ʼishlandi.
Yelena bu kasbning insonlar turli ilovalardan tobora ko'proq foydalanayotgan hozirgi zamondagi o'ta muhim ahamiyati, xususan, uning odamlar uchun yanada qulay, foydali va talabgir mahsulotlarni yaratishda ommaning ehtiyojlari va xatti-harakatini tahlil qila bilish xususiyati haqida o'quvchilarga batafsil tushuntirish berdi. Misol uchun, data-analitik mijozning qanday vaziyatlarda bank ilovasidan foydalanishdan voz kechishi mumkinligini aniqlashi mumkin — bu esa, o'z o'rnida, bank mijozlariga yetkazilayotgan axborotlarning tilini, dizaynini muvofiqlashtirishda juda qo'l keladi.
Yelena, shuningdek, data-analitika banklarga mijozlarning o'zini qanday tutishini oldindan bilib olish, shu orqali ularga turli xizmat turlarini qulay usullarda taqdim etish imkoniyatini berishi haqida so'zlab berdi.
Ma'ruzalarda 7-11-sinf o'quvchilari ishtirok etdilar. Bank spikerlarining ta'kidlashicha, ma'ruza jarayonlari o'quvchilarning barchasida katta qiziqish uyg'otdi — ular qo'shimcha savollar berib, mustaqil xulosalar yasadilar, yangi texnologiyalarning joriy etilishiga qiziqish bildirdilar hamda bank ishiga oid axborotlardan ko'proq xabardor bo'lishga moyillik namoyon etdilar. Bundan xulosa qilish mumkinki, mamlakatda o'z bilimlarini kengaytirish, o'zi hamda omma uchun foydali bo'lgan yangi mavzularda fikr yuritishga vaqti va kuch-quvvatini sarflashga tayyor bo'lgan yosh avlod yetishib kelmoqda.
Global Money Week — dunyoning yuzlab mamlakatlarida hukumatlar, markaziy banklar va xususiy tashkilotlarning o'zaro hamkorligida 2013-yildan buyon o'tkazib kelinayotgan tadbirdir. GMW maqsadi — yoshlarning moliyaviy masalalardan xabardorligini oshirish va maqbul moliyaviy qarorlarni qabul qilishda kerakli bilim va ko'nikmalarga ega bo'lishi uchun sharoit yaratishdan iborat. Muxtasar aytganda, ushbu tadbirlar moliyaviy farovonlik va moliyaviy barqarorlikka erishishga qaratilgandir.
GMW faollik yo'nalishlari orasida— butun dunyo bolalari va yoshlarini munozaraga jalb etish, mashhur jamoat arboblarining chiqishlarini, vebinarlar, banklar, birjalar, muzeylar va shu kabi muassasalarga tashriflarni tashkillash kabi tadbirlar ham mavjud.