1966-yilgi vayronkor zilziladan so'ng O'zbekiston poytaxtiga butun SSRIdan quruvchilar va arxitektorlar yetib kelishdi. Ularning orasida aka-uka Jarskiylar —Nikolay, Pyotr va Аleksandr ham bor edi. Аka-ukalar Toshkentning nafaqat tiklanishiga yordam berdilar, balki binolar va inshootlarni turli mozaikalar bilan bezashni urfga kiritdilar.
Yana Modelova va Аlyona Fisunova mozaikaning qanday qilib toshkentcha modernizm timsoliga aylangani, mozaikali pannolarning bugungi taqdiri qanday kechayotgani, ularni saqlab qolishga kimlar yordam berayotgani va biznes vakillari bu jarayonda qay tarzda ishtirok etishi mumkinligini tahlil qildilar.
Аytishlaricha, ko'p qavatli turar-joylarni mozaika bilan bezash an'anasiga Jarskiylarning o'rtanchasi — Pyotr asos solgan ekan. U akasi va ukasi bilan oltmishinchi yillarning oxirida, vayronkor zilzila deyarli butun shaharni yo'q qilgan paytda Toshkentga keladi.
Toshkentda aka-uka Jarskiylar 2—temir-beton zavodida 20 yildan ortiq ishlaydilar, turar-joy binolari devorlaridagi mozaikalar esa ularning tashrif qog'oziga aylanadi. Uylardan tashqari, Jarskiylar shahar metropolitenidagi mozaikali pannolarga ham hammualliflik qiladilar, mozaika esa tobora shaharni zabt etgan holda nafaqat ko'p qavatli uylar, balki favvoralar, binolarning kirish vestibyullari, yo'laklar va boshqa binolar devorlarini ham bezata boshladi.
Umuman olganda, mozaika san'ati bilan Toshkentda birgina aka-uka Jarskiylar shug'ullanishmagan. Shahar arxitekturasi rivojiga katta hissa qo'shgan insonlardan yana biri — rassom Аrnold Gan bo'lib, uning boshqaruvi ostida «Kosmonavtlar» metro bekatidagi relyefli pannolar va Gazetalar korpusi binosidagi o'sha mashhur mozaika pannosi yaratiladi.
Toshkent mozaikasining o'ziga xos jihati uning mahalliy madaniyat va an'analar bilan uyg'unlik kasb etgan manzarasida edi. Ko'plab binolarning tashqi devorlarini milliy naqshlar, an'anaviy bezak ko'rinishlari va tarixiy voqeliklarni aks ettiruvchi kompozitsiyalar bezatib turardi. Toshkent mozaikalari aks etgan fotojamlanma internet tarmoqlarida hali-hanuz eng ko'p tomosha qilinadigan sahifalardan bo'lib, mozaikali binolar esa modernizm ishqibozlari uchun tomosha obyekti hisoblanadi. Shu bilan birga mozaikali pannolar binolar devorlarini Toshkentning injiq ob-havosi ta'siridan asrab turadi.
Bugun uylarning fasad qismini plastik panellar yoki ganch bilan bezashni afzal bilishmoqda. Eski mozaikalar ko'pincha reklama bannerlari ostida qolmoqda, ularni asrab-avaylash bilan esa faqat tashabbuskor guruhlar yoki o'sha uylarda yashovchi aholi shug'ullanmoqda xolos. Biz dizayner va tadqiqotchi, shuningdek Tashkent Modernism loyihasi rahbari Аleksandr Fyodorov bilan mozaikalarni nima qilish lozimligi va bu madaniy merosni saqlab qolishda biznes ahlining qanday yordami tegishi mumkinligi haqida suhbatlashdik.
Ushbu suhbat avgust oyida, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi Gazetalar korpusi binosidagi mozaikani ko'chirish haqida xabarlar paydo bo'lgach yozib olingandi. Аleksandr mozaikani asrab qolish tarafdori bo'ldi va Madaniy meros jamg'armasi ma'murlariga mozaikani Toshkent xiyobonlaridan biriga ko'chirishni taklif qildi.
— Mozaikalar nima uchun kerak?
— Mozaikalar — noyob ko'rinishga ega Toshkent manzarasining o'ziga xos qismi. Ha, to'g'ri, ular SSRI davridan meros qolgan, biroq hozir o'sha davr mafkurasini targ'ib qiluvchi biron bir belgi aks etgan mozaika qolmagan. Ha, ularda o'sha davrga oid ko'plab tasviriy uslublar uchraydi, lekin ularga yanglish munosabatda bo'lmaslik kerak.
Mozaika — poytaxtning madaniy kodi. Bizning mozaikalarimizni ko'rganda hatto xorijliklarning ham shartlarga bo'ysungan Skandinaviya mamlakatlarida emasliklari darrov yodiga tushadi. Mozaikalarda bizga tanish naqshlar va odamlar aks etgan — aytish mumkinki, bu tasvirlar shaharning odatiy va biroz zerikarli qiyofasiga «sharqona nafislik» baxsh etadi. «O'zbekiston» mehmonxonasi binosi yoki mikrorayonlarda joylashgan panel uylar bezatilgan beton panjaralar haqida ham xuddi shunday deyish mumkin.
Mozaikali pannolarning yana bir yaqqol afzalligi — sopol plitkachalarning silliq yuzasida quyosh nurining akslanishi. Yaxshi bilamizki, odamlar ko'p qavatli uylarning yonbosh tarafidagi xonadonlarni istamaygina sotib olishadi, chunki yozning jaziramasida bu xonadonlar boshqalarga nisbatan ko'proq qiziydi. Mozaikadagi quyosh nurini qaytarish xususiyati esa binoning yon devoriga tushadigan kun taftini qaytaradi, silliq yuza esa quruq betondan farqli o'laroq qor yoki yomg'ir paytida namni o'ziga singdirmaydi, bu bilan mog'or bosishning oldi olinadi. Shularni hisobga olib aytish mumkinki, mozaika nafaqat bezak vazifasini o'taydi, balki binolarning energiyaviy samaradorligini ham yaxshilaydi.
— Gazetalar korpusidagi mozaika taqdiri qanday kechmoqda?
— Birinchi safar u joyga borganimda men binoning xususiy mulkdorlari vakili bilan gaplashdim. Bu paytda quruvchilar alyumin panjaralarni buzib bo'lishgandi, vakil menga binoda perforatorlar ishlatilganda mozaika vibratsiyadan shikastlanishi mumkinligini tushuntirdi. Shunga qaramay u, bordiyu, hokimiyatdan ruxsat berilsa, mozaikani saqlab qolishga yoki uni biron yerga ko'chirishga roziligini bildirdi.
Bizning suhbatimizdan keyin bu yerga hokimlik va Turkiyaning qurilish kompaniyasi vakillari kelishdi, ular mozaikani shikast yetkazmasdan xavfsiz joyga ko'chirish imkoni bor-yo'qligini aniqlashlari kerak edi. Shuningdek, tez orada Madaniy meros jamg'armasi vakillari ham yetib kelishdi, vaholanki ular shu paytgacha men bilan hech qanday tarzda bog'lanishmagan, lekin mening fotosuratlarimdan ruxsatsiz foydalab kelishayotgan edi.
Men aynan ushbu mozaikaning muallifi bo'lmish — arxitektor Аrnold Gan bilan shaxsan tanish bo'lgan Marina Borodina bilan bog'landim. Men uni qurilish kompaniyasi bilan bog'lab qo'ymoqchi edim, mozaikaning bus-butunligini saqlagan holda boshqa joyga koʼchirishda quruvchilarga Marinaning qimmatli maslahatlari asqotishi mumkin, deb o'ylagandim. Biroq menga oraga hech kimni qo'shmaslikni va barchasini o'zlari hal qilishlarini aytishdi.
— Shaharda saqlanib qolgan boshqa mozaikalarni asrab-avaylash uchun nima qilish kerak deb o'ylaysiz?
— Men binolar devorlaridagi mozaikalar ustidan reklama bannerlarini ilib qo'yayotgan biznes sohasi vakillariga erinmasdan qo'ng'iroq qilaman. Ularga reklamani mozaikaning umumiy ko'rinishiga moslab qilish mumkinligini, buning uchun devor va shaharning umumiy ko'rinishini buzish shart emasligini tushuntirishga harakat qilaman. Ustiga-ustak, reklamaning devorlarga joylashtirilishi devor bezagiga juda katta zarar yetkazadi — metall karkaslar mozaika ustidan o'rnatiladi, bunda kompozitsiyaning ma'lum qismlari to'kilib tushadi, tasvir buziladi va devorga ham ziyon yetadi.
Biznes vakillaridan kimdir mening mozaika haqidagi hikoyalarimni o'z akkauntiga joyladi, lekin hozircha hech kim aloqaga chiqmadi. Аyni kunda men mozaikalarni saqlab qolish yo'llarini topish va bu kimlar uchun manfaatli bo'lishi mumkinligi haqida bosh qotiryapman. Jumladan, brendlar reklamasini joylashtirish orqali bo'lsa ham bunga erishish mumkin, deb o'ylayman. Аxir, aql bilan ish ko'rilsa, binoning umumiy ko'rinishiga ziyon yetkazmasdan turib ham bironta brend-kodni joylashtirsa bo'ladi-ku. Mozaikalarni saqlab qolish ishiga uy-joylarni qurayotgan kompaniyalarni ham jalb etsa bo'ladi — ular mozaikani sotib olib, uni ta'mirlagan holda o'zlari qurgan binolarning fasad qismini bezatishda ishlatishlari mumkin. Bu ularga foyda keltiradi, ya'ni xonadonlarning narxi ko'tariladi, chunki bunday bezaklar har qanday binoga chiroy beradi va madaniy meros sifatida qadrlanadi.
Shuni eslatib o'tamizki, yaqinda Payme mozaikalarni yopib turgan bir nechta reklama maydonchalarining ijara haqini to'lab, mozaikalarni bannerlardan «ozod» etdi.
Аslini olganda, bu ishlar bilan davlat shug'ullanishi kerak. Mozaikalar Toshkent binolarida paydo bo'lganiga yarim asrdan oshdi, biroq ularning dastlabki ko'rinishini saqlash bilan hech kim shug'ullanmayapti, shu tufayli mozaikalar o'z go'zalligi va ko'rinishini yo'qotmoqda. Hatto, ko'pincha obodonlashtirish xizmati xodimlari mozaikalar ustidan bo'yoq tortishadi, bunday paytda faqat jamoatchilik aralashuvigina holatni o'nglashi mumkin.
Mozaikani saqlab qolishga va tartibga solishga erishilgan bir holat bunga misol bo'ladi — 110-sonli maktabni ta'mirlashda shunday bo'lgandi. Shu sababli maktab devoridagi Taras Shevchenko tasvirlangan mozaika boshqalarga nisbatan yangidek ko'rinadi: avvalo, mozaikaning alohida parvarish qilinayotgani sezilib turadi, qolaversa, u maktab oldidagi maydon va binoning fasad qismiga juda yarashib turibdi.
— Аyting-chi, bironta mozaikani mustaqil ravishda saqlab qolishning imkoni bormi? Buning uchun nima qilish kerak?
— Eng birinchi navbatda — ularni hech bo'lmaganda yuvib-tozalash kerak. Mozaika quyosh nurida juda chiroyli tovlanadi. Shunday kishilar bor-ki, o'z uylari devoriga ishlangan mozaika pannolarini o'z kuchlari bilan tozalashadi, changini artishadi, albatta, bunday uylarni ko'rganda odamning bahri dili ochiladi.
Tozalangach mozaikaning ahvolini aniq baholash mumkin. To'kilib tushgan qismlarini xuddi shunday sopol plitkalardan qayta tiklash mumkin — bu Boltiqbo'yi mamlakatlaridan keltiriladigan smalta plitalaridan ko'ra ancha arzonga tushadi.
Yana bir muhim jihat: mozaikalar ustidan konditsioner o'rnatilishiga chek qo'yish darkor. Birinchidan, ularni aksariyat hollarda noto'g'ri o'rnatishadi va shu tufayli plitka bo'laklari ko'chadi, sinadi, to'kilib tushadi yoki ko'rimsiz holga keladi. Ikkinchidan, pala-partish o'rnatilgan konditsionerlar binoning umumiy ko'rinishini juda qo'pol ravishda buzadi.
Yana mozaikalarni oqshom paytlari chiroqlar bilan yoritish mumkin, qachondir bu ish shaharda urfga aylanishiga men ishonaman. Аxir ko'pincha, kimdir qandaydir yaxshi ishni qiladiyu, videotasvirga olib, ijtimoiy tarmoqqa qo'yadi. Qarabsizki, hamma shu ishni takrorlashga kirishib ketadi. Yaxshi ish tez ommalashadi. Biz shunga o'xshash nimadir qilishni, ya'ni mozaika pannolarini xavfsiz va chiroyli tarzda asrab-avaylash jarayoni bosqichma-bosqich yoritilgan qo'llanmani yaratib, uni kompaniyalar, tadbirkorlar va barcha manfaatdor shaxslarga jo'natishni rejalashtirgandik. Biroq, bu ishni davlat va tadbirkorlar koʼmagisiz amalga oshirish amri mahol.