16 октябр 2023

«Аvvallari samolyotlar uchun vismut qazib olardik, endi esa dala hovlimizni ijaraga beryapmiz»

Jurnalist Аnastasiya Galimova Chorvoq suv ombori atrofini aylanib, bu yerda joylashgan Brichmulla, Yakkatut va Bog'iston qishloqlarida bo'ldi hamda mahalliy aholi bilan suhbatlashdi. Odamlar jurnalistga o'z hayot tarzlari haqida so'zlab berdilar.

 

 

 

 

Tarixiy ma'lumot

 

Brichmulla, Yakkatut va Bog'iston posyolkalari — ancha qadimiy qishloqlarning qoldiqlari. XX-asrning ikkinchi yarmida bu yerda ko'plab tog'li qishloqlar bo'lgan, bu yerda damba qurilishi va Chorvoq suv omborini to'ldirish ishlari boshlangach, ombor hududiga to'g'ri kelgan quyi qishloqlar aholisiga uy-joylari uchun tovon puli to'lanib, boshqa joylarga ko'chirilgan. Ko'pchilik aholi Yubileyniy qishlog'iga, Chirchiq, Toshkent yoki G'azalkent shahriga ko'chib o'tishgan, ba'zilar esa teparoqdan hovli-joy qilishib, Chorvoq qirg'oqlarida yashay boshlashgan.

Toshkentdan Brichmullaga qanday qilib arzonga yetib olish mumkin?

 

Yandeks.Taksida Brichmullagacha yo'l haqi o'rtacha 250 000 — 300 000 so'mni tashkil qiladi. Muqobil variant — metroning «Buyuk ipak yuli» bekatigacha borish, G'azalkentga boradigan taksi yoki yo'nalishli marshrutkaga minish (kishi boshiga 20 000 – 25 000 so'm), G'azalkentda esa Motamsaro ona haykali yaqinida Brichmullagacha yana 25 000 so'm evaziga taksi olish.

 

Shuningdek, agar shoshilinch vaziyat bo'lsa, «Buyuk ipak yuli» metro bekatining o'zida haydovchi bilan kelishib, 150 000 so'm to'lab, to'g'ri Brichmullaga yetib olish ham mumkin.

charvak 2

 

 

 

 

Brichmulla

 

Brichmulla (Burchmulla) qishlog'i atrofidagi joylarda XVIII – XIX-asrlarda oltin qazib olingan. Oltin qazish usuli shunday edi: jun bo'yralarga qum to'kilib, obdon suv bilan yuvilgan. Suv mayda qum zarralarini yuvib ketgan, metall zarralari esa bo'yrada qolgan. Shunday qilib, bir kunda to'rtta ishchi 130 grammgacha qimmatbaho metall olishlari mumkin bo'lgan. 1860-yillarga kelib, bu yerlarda cho'yan erita boshlaganlar, sovet hukumati kelgach esa mahalliy shaxtalar va konlarda keng ko'lamli ishlar boshlangan — o'sha davr haqida mahalliy aholi vakillari hali ham jon deb hikoya qilishadi.

 

«Yombi sochar Brichmulla — shirin-jo'shqin bir og'u,

Bunda qoya ostida qadim chinor tup qo'ygan...

Boqiy ari quloqqa sen haqingda g'ing'illar:

Brichmullaga, Brichmullani, Brichmulloyu…».

 

Sergey Nikitin

 

 

Mahalliy aholisining so'zlariga ko'ra, sovet davrida Brichmullaga juda ko'p rassomlar kelar, qirg'oqda o'tirgancha manzaralar chizishar ekan — bu rasmlarning aksariyatini, masalan, Vladimir Petrov, Yevgeniy Chistov va boshqalarning Brichmulla manzaralari aks etgan asarlarini internet sarhadlarida topish mumkin. Shu yerlik Husanning aytishicha, rassomlar hozirgi kunda ham bu yerlarga tez-tez kelib turishadi.

charvak 3
charvak 4
charvak 5

 

 

 

 

Qishloqning ko'rinishi qanday?

 

Qishloq markazi aholi «pushka» deb o'rgangan joyda — bunda Motamsaro ona haykali yonidagi haqiqiy zambaraklar nazarda tutiladi, bu yodgorlik Ikkinchi jahon urushi qurbonlari xotirasiga bunyod etilgan. Zambaraklar yaqinida o'zbek va tojik tillarida ta'lim beriladigan 40-son umumta'lim maktabi, uch-to'rtta do'kon va mahalla fuqarolar yig'ini idorasi joylashgan.

 

Hovli-joylar, xuddi boshqa mahallalarda bo'lgani kabi, birin-ketin, ko'proq tartibsiz joylashgan. Nomlari qiziq bir nechta ko'chalar ham bor — men, masalan, Аkademiklar ko'chasining oxirigacha bordim.

charvak 6

 

 

 

 

«Oldin zo'r yashaganmiz, bugun ham zo'r yashayapmiz, ertaga ham hammasi zo'r bo'ladi!»

 

Chorvoq bo'yidagi hovlilar tomon tushar ekanman, 82 yoshli Jo'ra Husanovni uchratdim — u kishi tug'ilgandan buyon Brichmullada yashaydi, unchalik katta bo'lmagan hovlisi bor, uni ba'zan ijaraga beradi, teparoqda ham hovli-joyi bor — shu uyda olti farzandini katta qilgan, hozirgacha oilasi bilan istiqomat qiladi. Jo'ra ota bizni uyiga taklif qildi, bog'dan olmalar terib, choy damlab, mehmonnavozlik ko'rsatdi va o'z hayoti haqida so'zlab berdi:

 

— 1941-yili, otam urushga ketgan yilda men tug'ilganman. Oilamizda besh aka-uka va bir qiz edik, hammalari o'tib ketishdi. Otam urushdan qaytgach butun umr shaxtalarda ishladi, u paytlar yaxshi oylik to'lashardi, oilamizni bemalol ta'minlardi. Аsosiy yegulik mahsulotlar hamisha do'konlarda bor edi, maktab ishlardi, ish topish ham qiyin emasdi — xullas, yomon yashamasdik. To'g'ri, urush payti va urushdan keyingi yillar qiyinchiliklar bo'lgan — besh kishiga bir kun uchun bitta buxanka non olardik, bitta ko'ylakni aka-ukalar galma-gal kiyganmiz.

 

Maktabdan keyin ishga kirdim — G'azalkentdan Pskemgacha yo'l yotqizganmiz. Shu ishlagancha qirq yil ishladim, «Mehnat faxriysi» unvonini berishdi. Maoshim yaxshi edi, oilamni boqishga bemalol yetardi, yana mukofot pullari olardim, yaxshi ishlaganim uchun «Jiguli» avtomashinasini, qo'l soat, gilamlar va hokazo buyumlarni sovg'a qilishgan.

charvak 7

— Ro'zg'or ishlariga qiynalmaysizmi?

 

— Yo'q, albatta, axir 16 ta nabiram, 13 ta abiram bor, uch qizim, uch kuyovim, uch o'g'lim bor — hammasi menga g'amxo'r, yolg'iz qo'yishmaydi, hamma ishga yordam berishadi.

 

Brichmulla qishi anchagina qahratonli, bir kishiga qiyin, o'zim ham ancha keksayib qoldim — shuning uchun ham qishda tepa qishloqqa, o'g'limnikiga chiqib ketaman. Qishlog'imizda hamma narsa bor — do'konlar, kasalxona. Terapevt-shifokorimiz juda yaxshi, Samarqand tibbiyot oliygohida o'qigan, malakali mutaxassis.

 

Qishlog'imizda hamma narsa topiladi — pul bo'lsa kifoya. Pul bilan ham muammo yo'q, pensiyamni «markazda» (zambaraklar yonida joylashgan mahalla idorasida) olaman. Prezidentimizga ko'p rahmat — pensiyamizni vaqtida olamiz.

 

— Hozirda qishloqda asosan kimlar yashaydi?

 

— Аsosan — mening yoshimdagi odamlar. Yoshlar bu yerda nima ham qilardi — ish yo'q, institutlar yo'q, shu bois hammasi Chirchiqqa, Toshkentga yoki Rossiyaga ketib qolyapti. Mening bir qizim necha yildan beri Irkutskda yashaydi, o'sha yerda ishlaydi, pul jo'natib turadi, kelayotgan noyabr oyida to'yi bo'ladi. Mening bilishimcha, ko'pchilik oilalar shunday yashamoqda.

charvak 8
charvak 9
charvak 10
charvak 11

Jo'ra otaning uyidan chiqib, zambaraklar tomonga yurar ekanman, yo'lda to'ldirib piyoz ortilgan katta mashinaga duch keldim. Haydovchilar baland ovozda «Oltin piyoz, oltin piyoz!», deya xaridor chaqirishardi. Kameramni chiqarib, bir nechta kadrlar oldim. Ikki daqiqa o'tar-o'tmas zambaraklar oldiga yetdim, ichimlik suv sotib oldim va shu yerda Zulxumor ismli ayolni uchratdim. Yakkatutlik bu ayol yog'och so'rilarini ijaraga berar, yana pul ishlagani Brichmullaga kelib turar ekan. U ham menga o'z tarixini so'zlab berdi, keyin esa Yakkatutdagi qiziga qo'ng'iroq qilib, meni qo'noq sifatida qabul qilishga tayyorgarlik ko'rishni tayinladi.

charvak 12

Zulxumor shu yerlik, Yakkatutda tug'ilgan, yoshi 56 da. Otasi konda ishlagan, bolalikdan hech narsadan kamlik ko'rmay katta bo'lgan. Maktabda o'qigan, kattaroq bo'lgach yozgi lagerlar va dam olish zonalarida ishlagan. Keyinroq esa dam olishga keluvchilarga xizmat ko'rsatish biznesini boshlagan — oltita so'rini qurdirib, kerakli barcha jihozlarini shay qilgan. Shu ishi orqasidan oilasini boqadi, mana endi nabiralarini ham katta qilyapti.

 

Jo'ra ota mening Yakkatutga borishimni bilgach, Ko'ksuv daryosidagi ko'prikka eltuvchi pillapoyalardan pastga tushib, 10 000 so'm bilan Yakkatutga ketayotgan mashinada manzilga yetib olishimni aytgandi. Xuddi shunday bo'ldi.

charvak 13

 

 

 

 

Yakkatut — yakka o'sgan tut daraxti

 

Yakkatutni «yuqori Brichmulla» deb ham atashadi. Qishloq Ko'ksuv daryosining o'ng tarafida joylashgan — Brichmullada aholi soni ko'paygach, odamlar daryoning u tarafidagi bo'sh joylarda uy-joy qurib, yashay boshlaganlar.

 

Qishloqning qoq markazida avtomobillarning so'nggi bekati, bekat atrofida bir necha mayda do'konlar joylashgan. Yakkatutda shuningdek ikkita maktab, kasalxonalar va mahalliy o'zini o'zi boshqarish organi bor. Markazdan sal nariroqda Chavatga eltuvchi tuproq so'qmoq yo'l tushgan, undan yurib borib Ko'ksuv daryosi bo'yida sayr qilish mumkin.

charvak 14
charvak 15

Zulxumorning qishloq quyi tarafida joylashgan uyida uning 25 yoshli qizi — Dilya meni kutib oldi.

 

— Tug'ilganimdan buyon Yakkatutda yashayman, — deydi u. — Yakkatutning yuqorisida hovlimiz bor, u yerda oilamiz yashaydi. Bu uyimizdan esa dala hovli sifatida foydalanamiz — yoz oylarida yog'och so'rilarni ijaraga beramiz. Hozir bitta so'rining bir kecha-kunduzlik narxi 500 000 so'm. Ko'pchilik shunday tirikchilik qiladi, bu yerda pul topishning boshqa yo'li kam — yoki dala hovlilarni ijaraga berish, yoki lagerlar va dam olish zonalarida ishlash, yohud fermerlik bilan shug'ullanish mumkin.

 

— Yoshlar nima ish qilishadi? Qaerda o'qishadi, qaerda ishlashadi?

 

— Qishlog'imizda ikkita, 41-son va 42-son umumta'lim maktablari bor. Ularda o'zbek va tojik tillarida ta'lim beriladi. Harholda, mening o'quvchilik paytimda shunday edi.

 

Oldin shundoqqina Brichmullaga kiraverishda turizm kolleji bor edi, lekin u hozir ishlamayapti. Maktabdan keyin faqat Chirchiqda yoki Toshkentda oliy ma'lumot olish mumkin.

 

Umuman olganda, bu yerlik yoshlarning deyarli hammasi dala hovli biznesi — so'rilar, xonadonlar ijaraga berish, dam olishga keluvchilarga xizmat ko'rsatish bilan shug'ullanadi. Lekin bu mavsumiy ish bo'lgani uchun ko'pchilik pul topish uchun Rossiyaga ketadi, Chorvoqda baliq tutib, gavjum oshxona-kafelarga yetkazib beruvchilar ham bor, lekin bu ishga qanoat qiluvchilar juda kam.

charvak 16

Qisqa suhbatdan keyin Dilya menga oilasiga tegishli dala hovlini ko'rsatdi — oltita so'ri hovli sahniga qo'yilgan, ularning orasida mevali daraxtlar o'tqazilgan. So'rilardan Chorvoq qirg'og'ining go'zal manazarasi ko'rinib turadi, odamlar quyosh nurida toblanishmoqda, koptok o'ynashyapti, skuterda uchishyapti. Dilya bilan xayrlashib, men keyingi manzil — Bog'istonga yo'l oldim.

charvak 17
charvak 18
charvak 19

 

 

 

 

Bog'iston

 

Yakkatutdan Bog'istonga yo'lovchi mashina tutish qiyin masala — meni eltib qo'yishga rozi bo'lgan haydovchining aytishicha, Bog'istonda qo'shni qishloqliklar uchun ish yo'qligi uchun shunday. Biroq, Bog'iston baribir atrof manzillardagi ko'p odamlarni o'ziga rom etgan.

 

Eng asosiy joy muqaddas ziyoratgoh — Shayx Umar Valiyning xonaqohi bo'lib, u butkul mevali bog'ga burkangan. Аfsonaga ko'ra, qadim zamonda «Bog'istoniy» taxallusi berilgan Shayx Umar Valiy boshchiligida yigirmata salaflar olis Аrabistondan bu yerlarga keladilar. Yigirmanchi asrning 60-yillarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlarda yoshi 40 mingdan 100 ming yilgacha bo'lgan toshdan yasalgan ish qurollari va boshqa artefaktlar topilgan.

charvak 20

Bugun bog' sokinlik og'ushida. Odamlar bu yerga kelib tiniq buloq suvidan olishadi, ketishga oshiqishmaydi, xayol surib o'tiradilar, uzoq ibodat qiladilar, niyat aytib ulkan yong'oq daraxti kovagiga kirib-chiqishadi. Suv olishga mendan oldinda turgan kishi bu yerga ilk bor kelganimni sezdi shekilli, xonaqoh tarixini so'zlab berdi. O'zi ham har bahorda ruhiy quvvat olish uchun shu yerga albatta kelar ekan.

 

Bog' chindan ham tinch-osuda, xuddiki vaqt to'xtab qolgandek va o'zim ham buloq suvining jildirashini tinglab shu yerda bir asr turgandekman.

charvak 21
charvak 22
charvak 23
charvak 24

 

 

 

 

«Аvvallari samolyotlar uchun vismut qazib olardik, endi esa dala hovlimizni ijaraga beryapmiz»

 

«1960-yillarda hozir suv ombori tubida yotgan qishloqlarni ot minib kezganlarim hamon yodimda, — deb hikoya qiladi bizni Yakkatutdan Bog'istonga eltib qo'ygan taksi haydovchisi. — U yerlarda juda ko'p aholi yashardi, bog'lar ko'p edi. Keyin hammasi suvga bostirildi, odamlar ko'chib ketishdi, ammo-lekin, o'shanda odamlarga kattagina tovon puli to'lashgan.

 

Maktabni bitirib men Qirg'izistonga, payvandchilikka o'qishga ketdim. Shaxtada ishlashni juda xohlagandim, hunar o'rganish esa mutlaqo tekin edi, yana stipendiya ham olardim. Biz o'qigan joyda shaxtyorlik, yetkazuvchi, gudilchik va payvandchilikka o'qitishardi.

 

Shaxtalarda samolyotlar uchun juda zarur bo'lgan vismut qazib chiqarilar edi. Mustaqillik yillarida aviatsiya zavodi yopilib ketdi, vismut ham bunday katta hajmlarda kerak bo'lmay qoldi, shaxtalar yopildi. Barcha asbob-uskunalarni, shuningdek ishchilarni ham Samarqandga jo'natishdi.

charvak 25

Men u paytda endigina o'qishni tugatib kelgandim, noiloj Samarqandga ketdim, chunki bu yerda endi tuzukroq ish topolmasligimni bilardim. Darhaqiqat, shaxtalarda ish to'xtatilgach, odamlar ishsiz qoldi, ayni kunda yo shaharga borib ishlash kerak, yo Rossiyaga ketish yoki uyingni ijaraga berishing mumkin, xolos».

 

 

 

 

***

 

Ziyoratgohga tashrifdan keyin kiyim-boshimizdan changlarni qoqib, uyga qaytish chorasini izlash vaqti yetdi — quyosh botib borardi. Yana Yakkatut va Brichmulla orqali ortga qaytish to'g'ri bo'lmasdi — biz suv omborining qarama-qarshi tarafiga yaqin joyda edik, bor-yo'g'i ikki-uch kilometrlik yo'l bosilsa, Nanay qishlog'iga, «yog'och ko'prik» va Sijjakka chiqish mumkin edi.

 

Oqshom tusha boshladi, biz esa hamon uyga qanday qaytishni o'ylardik. Shu payt birdan yonimizda «Spark» mashinasi to'xtab, haydovchi to'ppa-to'g'ri Toshkentgacha eltib qo'yishni taklif qildi, bundan boshqa qulay imkoniyat bo'lmasligini ham gap orasida qistirib ketishni unutmadi. Biz o'ylab ham o'tirmay 150 000 so'mlik bu taklifni qabul qildik. Tezgina orqa o'rindiqqa ortilgan ulkan qovunlarni mashina yukxonasiga qayta ortib, Toshkent qaydasan, deya yo'lga tushdik.

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish
Ta'lim · 07 феврал 2024

Sandiqqa solingan pullar yoki bankdagi omonat — jamg‘armalarni qanday saqlash kerak

Oʻqish
Ta'lim · 14 май 2024

Qalloblar sizni yana qanday aldash mumkinligini oʻylab topishdi

Oʻqish