12 октябр 2023

«Olya, sen buni butun dunyoga ko'rsatishing shart!»

Olya Vis — o'zbekistonlik zamonaviy rassom, uning — yorqin, rangdor otkritkalarda xalqimizning turmush tarzi va saranjom-sarishtaligi aniq-ravshan aks etgan ishlarini ko'pchilik ko'rgan.

 

Rassom biz bilan ijod yo'li tafsilotlarini o'rtoqlashdi va o'zining eng mashhur ijodiy ishlari qanday yaratilganini so'zlab berdi.

 

 

 

 

***

 

Ota-onam bolaligimdanoq rasm chizishga bo'lgan qiziqishimni qo'llab-quvvatlashgan, buvim esa qalbimda go'zallikka mehr uyg'otib, ijodiy shaxs qilib tarbiyaladi. Buvimning san'at haqida juda ko'p kitoblari bo'lardi, ikkimiz ularni tez-tez tahlil qilardik. Yana yodimda qolgani, buvim hamisha shunday derdi: «Аgar biron tadbirga bormoqchi bo'lsang, albatta chiroyli ko'ylak kiyib borgin!»

 

Bolaligimdan rasm chizaman. 14-yoshimdan shu yo'nalishdagi kollejda o'qish haqida o'ylay boshladim, ota-onam menga dalda bo'lishdi. Yettinchi sinfda o'qiyotgan paytimdan kirish imtihonlariga tayyorlanishga kirishdim — natyurmortlar, gipsdan haykalchalar yasay boshladim — vaholanki, men bularning barchasini yomon ko'rardim. O'sha yoshimda faqat abstrakt tasvirlarni ishlashni xohlardim — bu men uchun go'yo meditatsiya qilishdek yoqimli edi.

olya 2

Benkov nomidagi respublika badiiy san'at kollejiga o'qishga kirdim va u yerda haqiqiy san'at maktabini o'tadim. O'qituvchilar borasida omadim chopti: ular menining ijodiy g'oyalarimni qo'llab-quvvatlashdi, ishtiyoqimni sindirmadilar va o'z holimcha ijod qilishimga imkon berdilar — ya'ni, berilgan mavzu bo'yicha o'nta chizgi topshirsam bas, o'n birinchisini o'z xohishimga qarab ishlardim. Kollejdagi darslardan tashqari haftada bir marta tasviriy san'atdan xususiy dars olardim.

 

«Biz seni ortiqcha maqtamaymiz, bu sening intiluvchanliging yanada ortishi uchun kerak — bu sovet maktabining asosiy tamoyili edi».

olya 3

 

 

 

 

Devor — bu yurakda amaliyot bajarish emas

 

Kollejdan keyin navbatdagi hayot maktabi — «Garaj studiyasi»dagi faoliyatim boshlandi. O'shanda 18 yoshda edim. U davr uchun yaxshi tajriba va oylik maoshga ega bo'ldim.

 

Men u yerda aerografdan foydalanish va turli yuzalarda ishlashni o'rgandim. Jarayonlarning birida Kristinani uchratdim, u bilan kelgusida asfaltda optik illyuziya hosil qiluvchi 3D-rasmlar chizish loyihasini amalga oshirdik.  

 

«Garaj»da ishlagan yillarim ko'p tanishlar orttirdim, ular muassasalar devorlariga rasm chizishga chaqira boshladilar. Boshlanishiga katta sahnda erkin ijod qilish imkoniyati tufayli bu takliflar menga juda qiziqarli bo'ldi, vaqt o'tib esa har bir ijodkorning xato qilishga xaqqi borligini angladim. Аxir devorga rasm ishlash — bu yurakda amaliyot bajarish emas. Nimanidir o'xshata olmadingmi — tasvirni bo'yab tashla va ishni qaytadan boshlayver.

 

Keyinchalik devor bezash jonga tegdi, chunki har safar qahvaxonalar devorlariga o'sha-o'sha yaproqchalar, gul barglarini chizishga to'g'ri kelardi — ijodkor uchun bu ish dahshatning o'zi. Buyurtmachilarga noyob va qiziqarli bo'lgan boshqacha uslubdagi eskizlarimni taklif qilib, ularni ko'ndirardim — asosiy kuchim shunga ketardi.

olya 4
olya 5
olya 6
olya 7

 

 

 

 

Yangi shakllarni izlab

 

O'z uslubimni topish yo'lidagi keyingi izlanishlarim meni grafikaviy dizaynga olib keldi — tushundimki, faqat kartinalar ishlash bilan cheklana olmayman, menga yangi nimadir kerak. Qozon oliygohlaridan biriga sirtdan o'qishga kirdim. Dastlab stilus bilan chizish men uchun noodatiy edi, vaholanki, mohiyatan bu shunchaki yangi asbob edi xolos, xuddi bir paytlar valik yoki mastixin ham men uchun yangi bo'lganidek.

 

«Rasvo go'zallik», ya'ni haddan tashqari sip-silliq tashqi ko'rinish oʼzidan itarishi haqidagi tarix yodimga tushaveradi. Ba'zan bir odamni ko'rasanu uning boshqalarga o'xshamasligidan — masalan, qirg'iyburunligidan hayratlanasan. Аyniqsa, 20-25 yoshlik paytlarim shunday ishlarni chizishni, obrazlarga qahramonimning ichki holatiga moslab ishlov berishni yoqtirardim.

 

Grafikaviy dizayner sifatidagi dastlabki buyurtmalarim o'ta siyqasi chiqqan ishlar bo'lgan — logotiplar, tatuirovka uchun eskizlar kabi. Karantin boshlanmasdan oldin Qozonda biroz muddat yashab ko'rdim, lekin onam tayyorlaydigan olive salatini shu qadar sog'indimki, shartta ortga qaytvordim. Qozondalik paytimda tasviriy san'at bo'yicha mahorat darslari o'tkazar edim. Bu davr o'zim uchun ham juda qiziqarli kechgan va ko'p narsalar o'rgandim. Аynan o'sha safarim chog'ida otkritkalar g'oyasini kafsh qildim. U yerda, kichik marketlarda bunday otkritkalarning xilma-xilidan bor edi — sitatalar yozilgani, quvnoq yoki kulguli rasmlilari, xullas, bu mavzu menga juda ma'qul tushdi. Toshkentda otkritkalar hali bu darajada ommalashmagan edi va men bu g'oyani o'zim uchun qayd etib qo'ydim.

olya 8

Mening yarmarkalardagi ishtirokim tarixi otkritkalardan emas, balki gullar bilan bezatilgan sochgardishlar yasashimdan boshlangan. Chamamda, bu 2012-yilda — InterContinental mehmonxonasida o'tgan sharqona bozorda bo'lgandi.

 

Karantin vaqtida men o'z Instagram-akkauntimda aktsiya e'lon qildim — 50 000 so'm evaziga portret ishlash taklifi bilan chiqdim. O'sha g'alati davrda o'zimni nima bilandir chalg'itgim keldi. Ba'zan bir kunda 10 talab portretlar ishlardim. Bu ish bilan tengma-teng ravishda o'zimning noyob illyustratsiyalarim ustida ham ishlay boshladim, lekin hali menda biron-bir yagona uslub va mavzu yo'q edi.

olya 9

 

 

 

 

Chalkash idrok etish

 

Kunlardan bir kun men ispan va meksikalik rassomlar ijodiga sho'ng'ib ketdim — ranglar yorqinligidan ruhlandim, ishlarning shaklini his qila oldim. Shu joyda bolaligimdan ko'rib yurgan manzaram — bozorlarni chizish g'oyasi tug'ildi. Bozor mavzusidagi ishlarimda men personajning chehrasi va xarakteriga emas, balki tevarak-atrof muhiti va turmush manzarasiga urg'u beraman. Mening rasmlarim har birimizni o'rab turgan manzaralar ruhiyatini beradi. Syujetlarimning birinchi partiyasini uch hafta davomida chizganman va hech kimga ko'rsatmaganman.

 

Referenslar olish uchun bozorga otlandim. Fotoapparatimni oldim va noyob rakurslar izlab yo'lga tushdim. Oradan vaqt o'tib, o'z ishlarimni Dubayda yashovchi dugonamga ko'rsatdim: «Olya, sen bularni butun dunyoga ko'rsatishing shart!», dedi u. Lekin men baribir «ish stolim uchun» chizishda davom etdim.

olya 10

Olya o'zbek taqismchalarini chizadi — bu kimga ham kerak? Menda hamisha bu yerda men begonaman, degan siqiqlik bo'lgan. Lekin keyin tushundimki, bu mening atrof-muhitni idrok etish, qabul qilish uslubim, xolos. Men Xorazmda tug'ilganman, butun umrim mahalliy turmush manzaralari og'ushida kechgan. O'z illyustratsiyalarim tarixini men o'ylab topmaganman yoki ularni kitoblarda keltirilgan bayonlar asosida chizmaganman — men bu tarixlarni boshdan o'tkazganman. Mana shu rasmlar orqali men xalqimizning o'ziga xosligini shaxsan o'zim qanday idrok etishimni ko'rsataman.

«Bozor — ruhni tinchlantiruvchi joy: kelasiz va bozor g'ala-g'ovurini tinglaysiz»

2021-yil yanvaridan boshlab «Sharq bozorlari» rasmlarim turkumini Instagram ga joylay boshladim. 8-mart bayramiga bag'ishlab esa qator syujetlar yaratdim, misol uchun, «sen paxta guli kabi nozik va kuchlisan» va «sen so'zananing har bir naqshi kabi betakrorsan», degan mazmunda. Bahorda men hozir ommaga ma'lum bo'lgan koʼrinishdagi otkritkalarni chop eta boshladim. Keyin hammasi jadallashib ketdi — juda ko'p izohlar, savollar bo'ldi, meni qo'llab-quvvatlashdi.

 

Otkritkalarning muvaffaqiyati shundaki, ular ixcham va kartinalar bilan solishtirganda ancha arzonroq. Ularni sovg'a yoki esdalik sifatida olib yurish qulay.

 

Yangi shakl va g'oyalar izlab Buxoro va Xiva shaharlariga bordim. Sayr qildim, kuzatdim va yangi syujetlar uchun referenslar yig'dim. Bundan tashqari, faqat palovni qayta-qayta tasvirlayvermaslik uchun milliy taomlarimiz bilan yaqinroq tanishdim. Kuz boshidan Qahva qaynatamiz (Варим кофе) bilan hamkorlikni boshladim — ularning qahvaxonalarida o'z ishlarimni namoyish etdim va bu brend uchun rasmlar ham chizdim.

olya 11

 

 

 

 

Bizda san'atni sotib olish odat (emas)

 

Men bir necha oyda bir marta Teplo marketda qatnashar edim. Keyin Charos (Teplo tashkilotchisi) mahalliy brendlar uchun maydoncha ochmoqchi ekanligini aytib qoldi — turgan gapki, men ham rezident bo'lishga rozi bo'ldim. Bu ajoyib yangilik edi. Аyniqsa, Teplo Store ga ijodni tushunuvchi va qadrlovchi odamlar kelishi oldindan ma'lum edi, bundan juda mamnun edim.

 

Rezidentlar maydonchada biron tokcha yoki burchakni ijaraga olib, jihozlashlari kerak edi. Sotuvdan tushadigan mablag'ning 70 foizi ijara haqi uchun ketishini yaxshi bilardim, lekin men shunga rozi edim. Loyihaning bir qismiga aylanishni va bir paytlar meni qo'llab-quvvatlagan Charosga ko'mak berishni istardim.

olya 12
olya 13
olya 14
olya 15

Maydonchaning ochilish marosimiga kech qoldim. Yugurib kirdimu — hammani qutlay boshlaydim, javoban meni ham tabriklashar edi. Birdan meni ochilishdan boshqa yana nima bilandir tabriklashayotganini tushunib qoldim. Shu payt bildimki, TBC Bank Teplo Store ning bir nechta rezidentlariga grantlar taqdim etibdi va bu ro'yxatda men ham bor ekanman. Grantda rezidentga dastlabki uch oy davomida homiylik qilish nazarda tutilgandi. Men bunday yoqimli yangilikka tayyor emasdim... Ijodingni qo'llab-quvvatlasalar, qanday yaxshi.

 

 

 

 

O'z ustingda har kuni ishlash

 

Rasm chizish, xuddi boshqa bir ko'nikma kabi, har kunlik diqqat-e'tiborni talab etadi. Bu xuddi mushaklarni chiniqtirishdek gap — ko'nikmani ham birvarakayiga bir umrga yetadigan qilib egallash imkonsiz. Rassom ham o'zini doimo mashq qildirishi, yangi materiallar, ish qurollari va yuzalarni sinab ko'rishi va shu bilan birga yaxshi natija bergan usul va vositalarga qaytib turishi kerak. Аlbatta, har bir rassomning mo'yqalamni qo'liga olmagan kunlari ham bo'ladi — hech qisi yo'q. Аmmo, masalan, biron haftani ijodsiz o'tkazgudek bo'lsam — mo'yqalam sog'inchi sezila boshlaydi. Boshga dam berish va yangi g'oyalar uchun joy ochish payti kelganda esa tanaffus qilaman.

 

Ha, men ijodiy kasbni tanladim, biroq allaqachon o'zimga o'zim so'z berganman: agar buyurtma ustida ishlayotgan bo'lsam — kayfiyatim, ob-havo va boshqa omillar ishimga ta'sir qilmasligi kerak, agarki bu shaxsiy ijod bo'lsa — bemalol. Ba'zan qizg'in ijodga kirishishim uchun qahva damlashu, shu xonaning isini «eshitish»ning o'zi yetarli bo'ladi.

olya 16

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish
Ta'lim · 07 феврал 2024

Sandiqqa solingan pullar yoki bankdagi omonat — jamg‘armalarni qanday saqlash kerak

Oʻqish
Ta'lim · 14 май 2024

Qalloblar sizni yana qanday aldash mumkinligini oʻylab topishdi

Oʻqish