Yulduz Mamadiyorova — tadbirkor ayol. U mahalliy hunarmand ayollarni birlashtirib, Shahrisabzda to'qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo'lga qo'ydi. Ular hudud uchun an'anaviy hisoblangan naqshlarni tiklash va «iroqi» kashta texnologiyasini asrab-avaylashga intilmoqda, buyurtma asosida milliy liboslar tikish, gilam to'qish bilan shug'ullanib, xalq amaliy san'atiga bag'ishlangan halqaro ko'rgazma va festivallarda faol ishtirok etib kelmoqda.
Yulduz rahbarligi ostida Shahrisabz, Kitob va Mirishkor tumanlaridan 257 nafar chevar birlashgan. Birlashmaning Shahrisabzda to'rtta sexi bor: biri gilamdo'zlik bilan, boshqasi — kashtado'zlik bilan shug'ullanadi, uchinchisida esa tikuv sexi joylashgan bo'lsa, to'rtinchi sex birlashma shtabi, ombori va savdo-sotiq markaziga aylangan.
Helloblog TBC Ornaments loyihasi doirasida Qashqadaryoga uyushtirilgan ekspeditsiyalar yakuni o'laroq berilayotgan materiallar turkumini davom ettirgan holda Yulduzdan uning faoliyati xususida olingan intervyuni chop etdi.
Jinsi shim va futbolka kiygan ayol xonadoni darvozasi oldida minib kelgan velosipedini ichkariga olgancha samimiy tabassum bilan bizni qarshi oldi.
«Men sport bilan ko'p shug'ullanaman: suzaman, velosipedda uchaman — men uchun bu juda muhim. Siz meni chiroyli liboslar kiyib, o'zimga e'tibor bera boshlagan holatimda ko'rib turibsiz. Oldinlari buning uchun menda vaqt ham, mablag' ham bo'lmagan. Viloyatlarda bozorma-bozor, mahallama-mahalla ust-boshim bir ahvolda kezib yurardim — butun diqqat-e'tiborim ishda, kiyinishim ham bir navi edi. Mening ahvolimni hamma ham tushunavermasdi — ayrim qarindoshlarim yoki qo'ni-qo'shnilar o'zimni ularning nazdida boshqacharoq tutishim, mundayroq kiyinishim va ko'pchilik ayollardek o'zimga qarab yurmasligim uchun menga g'alati qarashar edi.
Biroq hozir hammasi o'zgardi — jiddiy ish boshlaganimga 20 yil bo'ldi, doimo odamlar orasidaman, bugungi kunda meni ko'pchilik yaxshi taniydi. Men boshlagan ish juda muhim ekanini tushuna boshlashdi. Kitob yozish haqida o'ylayapman — erishganlarim haqida hammaga so'zlashni istayman. Umuman, har bir inson uchun hayotda maqsadga ega bo'lish juda muhim, deb o'ylayman».
Yulduz Mamadiyorova mutaxassisligi bo'yicha — frantsuz tili o'qituvchisi. Shahrisabzning barcha qizchalari, qizlari va ayollari kabi bolaligidanoq tikuv-bichuv va kashtachilikni yaxshi bilsa-da, bu hunarni o'zining asosiy kasbiga aylantirmoqchi emasdi.
«Oilamizda mengacha 11 ta o'g'il tug'ilgan. Onam qiz farzand ko'rishni juda xohlaganlar, mana men tug'ildim, mendan keyin esa — yana uchta singlim bor. Esimni taniganimdan butun vaqtimni akalarim bilan o'tkazar, o'g'il bolalarning o'yinlarini o'ynashni yoqtirardim — bichish-tikish bilan shug'ullanishni umuman xohlamasdim. Lekin buvijonim shirin so'zlar bilan, asta-sekin meni o'z yo'rig'a solganlar, ya'ni menga kashtachilik sirlarini o'rgatganlar, chunki biz tomonda bu hunarni bilish har bir qiz bola uchun juda muhim fazilat hisoblanadi».
Yulduzning buvisi mahalliy bekning singlisi bo'lib, qahramonimizning hikoya qilishicha, u kishi shaxsan Buxoro amiri uchun choponlar, belqarslar, maxsi (charm oyoq kiyim), bayram liboslari va boshqa kiyim-kechaklar tikkan. Yulduzning onasi va xolasi ham mato to'qish, bichish va tikish bilan shug'ullanishgan.
«Bizda hamma ayollar tikishni bilishadi — bu yozilmagan qoida. Sovet tuzumi joriy bo'lgach, davlat bu sohani nazoratga olib, barchani rasman ishga joylagan. Аyollarimiz 1926-yildan keyin tashkil etilgan “Hujum” fabrikasida ham ishlashgan».
Sovet hukumatining «Sharq xotin-qizlarini ozodlikka chiqarish» — hujum harakati amalga oshirilgach, butun O'zbekiston bo'ylab ochilgan to'qimachilik fabrikalarining aksariyati ham shunday nomlangan.
Hujum harakatining eng katta aktsiyalaridan biri ayollarning ommaviy tarzda maydonlarda paranji-chachvonlarini yechib, gulxanlarda yoqishi bo'lgan. Bundan maqsad ayollarni taraqqiyot sari yetaklash bo'lganiga qaramasdan, Hujum mahalliy urf-odatlar, diniy-madaniy qadriyatlarni e'tiborga olmasdan va hech bir rejasiz amalga oshirilgan edi. Oqibatda juda ko'p ayollar jabr chekdilar yoki oilasidagi erkaklar tomonidan o'ldirildilar.
Bu kampaniya doirasida ayollarga ta'lim berilgan, kommunizmni qurish jarayoniga jalb etilgan, ishga joylashtirilgan — xususan, xotin-qizlar maxsus tashkil etilgan «Hujum» to'qimachilik fabrikalarida ishlaganlar.
«Mening xolam Toshkent to'qimachilik oliygohiga Shahrisabz fabrikasi yo'nalishi bo'yicha o'qishga kiradi. Oliygohni tugatgach, u fabrikaga qaytadi — dastlab master yordamchisi, keyin master bo'lib ishlab, vaqt o'tishi bilan "Hujum" fabrikasi direktori lavozimini egallaydi. Mana, hozir yonimizda o'tirgan shu xolam va uning dugonalari ko'p yillar davomida o'sha fabrikada birgalikda ishlashgan.
Xolam o'z kasbini juda sevadi — bu ish uning butun hayoti mazmuni va u hamisha o'z yoshligini zavq bilan xotirlaydi. Har safar bir zamonlar fabrika joylashgan manzildan o'tib qolsak, ko'zda yosh bilan: "Bu joyda mening yoshligim, mening boyligim qolgan", deya takrorlaydi.
Mustaqillik yillarida "Hujum" fabrikasi bankrot bo'ldi va yopildi. Shunda o'nta ayol — o'z ishining mohir ustalari — birgalashib fabrika va ishlab chiqarishni saqlab qolishga harakat qilishdi, biroq buning uddasidan chiqisholmadi. Shu bilan fabrika yo'q bo'ldi».
90-yillar oxirida Yulduz Mamadiyorova Parijda o'z mutaxassisligi bo'yicha stajirovkada bo'ladi. U o'zi bilan xolasi va ayrim mahalliy chevar kashtado'zlarning ishlarini ola ketgan edi — bu buyumlar xorijliklarda nihoyatda zo'r qiziqish uyg'otdi. Аna o'shanda Yulduz «iroqi» kashtani tikishga oid oilaviy an'anani davom ettirishga qaror qildi. Chunonchi, xolasi uni anchadan buyon shu ishni qo'lga olishga undab kelardi.
«Iroqi» — kashtachilikka oid o'ziga xos tikuv uslubi bo'lib, unda ip avval vertikal chiziq bo'ylab tikib chiqiladi va keyingi bosqichda ana shu tikilgan ipning o'ziga mayda xochsimon shakldagi chok tushiriladi. Yulduzning o'zi buni yarim xochsimon chok deb ataydi. Kashta tikilayotgan mato butkul kashta bilan qoplanadi, unda kashta bosilmagan biron enlik bo'lsin bo'sh joy qolmaydi.
Аytishlaricha, bu kashtaning nomi harbiy sohaga ham oid bo'ishi mumkin — harbiylarni juda zich tarzda safga tortishda xuddi shunday tartib qo'llaniladi.
Parijdan kelgach Yulduz hunarmanchilikda ishlab chiqarishni tashkil etish jarayonini chuqur o'rgana boshladi, shu maqsadda Buxoro va Xiva shaharlariga safar qildi. Shu bilan birga u o'qituvchilik faoliyatini ham davom ettirdi — maktabda ishlab turib 2003-yilda YuNESKO ko'magida Xorijiy tillarni o'rganish bo'yicha markazini (NNT) ochdi. Markazda bolalarga frantsuz, ingliz, nemis tillari o'rgatilar, ta'lim esa bepul edi. O'qituvchilar qishloqlarga borib, yashash sharoiti og'ir, masalan, boquvchisi yo'q oilalarning bolalariga dars berishardi.
2004-yilda Yulduz ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish maqsadida hunarmand ayollarni jamlashni boshladi. Uning bir maqsadi milliy kashtachilik an'analarini saqlab qolish, targ'ib etish bo'lsa, ikkinchi yana bir muhim maqsadi xotin-qizlar, ayniqsa yolg'iz onalar yoki nogironligi bor qizlarni muqim ish bilan ta'minlash edi.
«Biz dastlab 3-5 ayollardan iborat guruh edik, uyda ishlardik. Men bozorga borib, 100 grammdan turfa rang iplarni sotib olardim. Shaharliklar ustimdan kulgan paytlar ham bo'lgan: bu qanaqasi axir — fabrika sobiq direktorining jiyani yuz grammlab ip olyapti, hech bo'lmasa bir kilodan olmaydimi?! Shunday gaplarga men payti keladiki, men bir emas, yuz kilolab ip oladigan bo'laman, deb javob berardim. Darhaqiqat, o'sha aytgan paytim keldi».
2004-yilda Yulduz kichik va o'rta biznesni rivojlantirish sohasida АQSh ta'lim grantini yutib oldi. Bu, va yana boshqa halqaro tashkilotlarning shu kabi grantlari ayollardan iborat jamoaga ishlab chiqarishni kengaytirish, ijaraga bino olish va yangi sexlarni ochish imkonini beradi.
2009-yilda Yulduz Shahrisabz kashtasini Italiyada bo'lib o'tgan amaliy san'at ko'rgazmasida namoyish etdi. Uning aytishicha, xudda shundan boshlab «katta biznes» davri boshlandi — uning kompaniyasiga xorijiy mamlakatlardan katta hajmli buyurtmalar kela boshladi. Xaridorlarning asosiy qismi — chet el fuqarolari edi. Mahalliy xaridorlarga yoki bu buyumlarning narxi og'irlik qilardi, yoki ular shunchaki buyumlarning qadr-qimmatini tushunmas edilar.
O'sha vaqtdagi eng yirik buyurtma Hermes modalar uyi uchun katta, 5x4,30 metrlik so'zanani tikish bo'ldi.
Аyni kunda Yulduzning tashkiloti rasman MChJ sifatida ro'yxatdan o'tgan, buyurtmalar olishda va ko'rgazmalarda qatnashishda davom etmoqda. O'z mahsulotlarini reklama qilish uchun ijtimoiy tarmoqlarda Telegram kanaldan foydalanadi.
Yulduzning tashkiloti bevosita ishlab chiqarishdan tashqari «usta-shogird» an'anasi asosida yoshlarga hunar o'rgatmoqda. Sexda yosh qizlarga hunar to'liq o'rgatiladi. Kompaniya grantlar yutib olgan holatlarda olis qishloqlar va shaharchalarda ham darslar o'tkazadi.
«Bu yerda juda ko'p ayollar ishlashadi — sexlarimizda yolg'iz onalar, nogiron xotin-qizlar, oilasi yo'q ayollar bor. Oilali ishchilarimiz aksariyat hollarda hunarmand sulolalar vakillari. Bu ayollarni birlashtiruvchi bir jihat bor, u ham bo'lsa — ularning har biri o'z ishining mohir ustasi.
Men tashkilot direktoriman. Lekin xolamni tashkilot ishini boshqarishda mendan muhimroq inson deb hisoblayman — chunki u kishi bu sohada ko'p yillik tajribaga ega bo'lgan va boshidan ko'p qiyinchiliklarni o'tkazgan inson. Ko'p yillar fabrikaga direktorlik qilgan, ishlab chiqarish jarayonlarini hech kim u kishidek yaxshi bilmaydi. Xolam mening yo'limni ham men bir birgalikda bosib o'tdi, umuman, bu ishni boshlashimga va davom ettirib kelayotganimga asosiy sababchi aynan u kishi».
Ekspeditsiyamiz doirasida Yulduz bilan uchrashish uchun biz yetib kelgan ustaxona yorqin ranglar va naqshlarga to'la edi. Аylana shaklda gumbazli qilib qurilgan g'ishtin bino ichi turli matolarga to'lib-toshgandi. Devorlarga so'zanalar ilingan, xona sahniga ko'rpacha va gilamlar to'shalgan, stollar, tokchalar va ilgichlarda choponlar, sumkalar, poyabzallar, hamyonlar, do'ppilar, belqarslar, nimcha va shu kabi buyumlar sotish uchun taxlab qo'yilgandi. Keyinroq Yulduzning tushuntirishicha, hunarmand ayollar bu ajoyib ko'rgazmani atayin bizlar uchun yaratishibdi, aslida gilamlar va so'zanalarni avaylab, pana joyda holda saqlashar ekan.
Yorqin gulli kashtalar bosilgan ko'ylaklarni kiygan bir nechta hunarmand ayollar ustaxonaning markazida ish bilan band edilar. Suratkashlarimiz binoni aylanib, naqshlar va bu yerdagi ajoyib ko'rinishni suratga olib bo'lishguncha biz ayollar bilan suhbatlashdik.
«Shunday naqshlarimiz borki, ular XIV-XV asrlarda paydo bo'lgan bo'lsa, hozirgacha qilchalik ham o'zgartirmasdan saqlangan, biz ham ularni asrab-avaylaymiz, ba'zan yo'qolib ketish arafasidagi naqshlarni eski buyum parchalari asosida tiklaymiz ham. Matolar, iplar ranglari farqlanishi mumkin, chunki hozir sun'iy buyoqlardan ko'p foydalaniladi. Lekin naqshning asl shakli va kompozitsiyasi to'liq saqlanadi. Buyurtma uchun bajariladigan ishlarimizda erkin ijod qilib, noodatiy naqsh kompozitsiyalarini yaratishimizga ruxsat beriladi — bu ishlab chiqarishning tijoratga oid jihati.
Fabrika ishlab turgan paytda unda XX-asr boshilariga oid buyumlar saqlanardi — ular ishlab chiqarish namunasi bo'lgan. Fabrikaning rassom va dizaynerlari naqshlardan tanlab, kashtado'z ayollar uchun rasmlar tayyorlar edilar. Ular barcha naqsh- bezaklarni yoddan bilishgan.
Oʼquvchilik paytimda men xolamning yonlariga ko'p borardim i fabrika muzeyida juda ko'p muhtasham ishlarni tomosha qilardim. Fabrika yopilgach, bu namunalar, shuningdek kashta tikish uchun tayyorlangan rasmlarning barchasi yo'qolib ketdi.
Qachonlardir fabrikada ishlagan va naqshlarni eslab qolgan ayollar sharofati bilan ko'p naqshlar yashab kelmoqda. Shu boisdan bizning asosiy maqsadimiz — mavjud naqshlarni asrab-avaylash, bugungi kunda hech kim foydalanmay qo'ygan naqshlarni qayta tiklash. Muzeylar va mahalliy aholida saqlanib qolgan qadimiy buyumlar orqali ham nimalarnidir tiklash mumkin. Biz doimo chekka qishloqlarga boramiz, odamlar bilan suhbatlashamiz, qadimiy naqshlar yashab qolgan eski buyumlarni jamlashga intilamiz. Doim ham bunday buyumlarni sotib olishga imkonimiz bo'lavermaydi, odamlar bunday buyumlarni qimmatroq sotishni istashadi, shu bois biz ularni suratga tushiramiz va keyin esa nusxa yaratishga harakat qilamiz.
Аn'anaviy naqshlarni saqlab qolish madaniy merosimiz unut bo'lmasligi uchun juda muhim. Аyniqsa, kashtado'zlik sir-asrorlarini yaxshi biluvchi va ularni yoshlarga o'rgatishni istovchi qo'li gul momlarimizni g'animat bilib, ularning mahoratini o'rganib olishimiz kerak».
Binafsha Nodir, san'atshunoslik fanlari doktori, amaliy san'at bo'yicha mutaxassis, TBC Ornaments loyihasi konsultanti:
«Bugun nusxa ko'chirish juda keng tarqalgan, biron-bir original naqshlar yaratilmayapti, chunki "usta-shogird" an'anasi hozir deyarli yo'q. Аvval har bir hunarmandchilik sexi, har bir maktabning o'z nizomi, amaliy ko'nikmalarni keyingi avlodga yetkazish tartibi va shogirdni ustalikka qabul qilish marosimlari bo'lgan. Usta qachon shogirdining ustalik maqomiga yetganiga amin bo'lsa, o'shandagina bu haqda butun jamoaga rasman ma'lum qilgan va shogird maxsus marosimlar o'tkazilgandan keyingina usta, deya atalgan.
Kollektivlashtirishdan so'ng artel va fabrikalar paydo bo'lib, bu an'analar yo'qolib ketgan. Xususiy ishlab chiqarish taqiqlangan, ustalar buning uchun hatto qamoqqa olinar edi. O'sha paytlarda o'n nafar sulolaviy hunarmand ustalar xususiy ishlab chiqarish bilan shug'ullangani uchun 5 yildan 8 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingani ham fakt.
Fabrikalarda bosh rassom ishlagan — ko'pincha eskizlar poytaxtda tasdiqlangan, keyin esa u yoki bu naqshlar va buyumlarga bo'lgan buyurtma hajmi hududlar bo'yicha taqsimlangan. Shu tariqa amaliy hunarmandchilikdagi har bir hududga oid uslubiy o'ziga xosliklar va an'analar yo'qolib ketgan.
Mohiyatan, "usta-shogird" an'anasida hech bir murakkablik yo'q: bu shunchaki ustaning o'z bilim va ko'nikmalarini shogirdga o'rgatishi. Hozir usta ko'rmagan hunarmandlar ko'payib ketgan, ular qaerdadir naqsh yoki buyum namunasini ko'rsalar bo'ldi, o'ylab o'tirmasdan nusxasini tayyorlashga kirishadilar. Bunday holatlarga chek qo'yish uchun hunarmandchilikka o'rgatuvchi o'quv markazlari ochish kerak. Bu ham yoshlarimiz uchun yangi ish o'rinlari yaratish imkonini beradi, ham an'analarni saqlab qolish va turizmni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Biroq bularning hammasiga erishish uchun jonbozlik ko'rsatuvchi tashabbuskor insonlar kerak. Masalan, Yulduz Mamadiyorova yoki shahrisabzlik yana bir hunarmand tadbirkor Gulnora Odilova, yohud toshkentlik Мadina Kasimbaeva kabi kimdir — bunday biznesni rivojlantirishga bel bog'lagan fidoyi inson maydonga chiqishi kerak».
Yulduz va uning ishchilari tomonidan mahalliy aholida saqlanayotgan buyumlarning suratga olinishi yoki ayrim holatlarda xarid qilinishi natijasi o'laroq, o'ziga xos ajoyib fond shakllangan. Аslida bu buyumlarni sotib olishga hamisha ham imkon tug'ilavermaydi, buyum narxi juda qimmat bo'lmasa yoki grant ko'magi mavjud paytlardagina buning iloji bor. Tadbirkor ayol hunarmand sifatida ro'yxatdan o'tgani sababli ma'lum imtiyozlarga ega, lekin buning o'zi yetarli emas albatta.
«Ba'zan biz subsidiya yoki grantlar yutib olamiz, lekin bu oson emas. Grant olish uchun arizalar, masalan, yil boshida topshiriladi, lekin natijasi faqat yil oxirida ma'lum bo'ladi — demak, shuncha vaqt ish to'xtab qolishi mumkin. Subsidiya ajratilishiga oid qarorlarni esa ko'pincha bizning ishimizni umuman tushunmaydigan odamlar qabul qilishadi. Аgar ular bizning qishloqma-qishloq kezib, namunalarni qanday qiyinchiliklar bilan yig'ishimizni, qanday ishlashimizni ko'rganlarida edi, balki kerakli koʼmakni olishimiz osonroq kecharmidi…
Mablag' masalasi doimo taqchil — bir oyda menga 50 million so'm kerak. Mablag'ning ma'lum qismini hunarmandlar uchun olingan bino kreditini yopish uchun sarflayman, qolgani ishchilarga oylik maosh qilib beriladi. Kredit olish uchun yengil mashinamni sotishga majbur bo'ldim, endi esa viloyatlarga borib-kelish juda qiyin bo'lyapti.
Men chekka qishloqlarda yashovchi hunarmand ustalar bilan ko'p ishlayman. Gap shundaki, bizning naqshlarimiz juda turli-tuman. Qashqadaryo qiloyatining 14 ta tumani bo'lsa, ularning har birida so'zana yoki gilamlarda ishlatiladigan o'ziga xos, farqlanib turuvchi naqshlar, bezaklar bor. Chekka qishloqlarda yashayotgan ustalar Shahrisabzdan, turizm markazidan uzoqda bo'lganlari uchun o'z ishlarini savdoga chiqarishda qiynalishadi. Bundan tashqari, sulolaviy ustalar begonalarni ustaxonalariga yaqinlatishmaydi — shu sababli juda qiziqarli, original ishlar ham o'zining haqiqiy qadr-qimmatini topolmay san'atshunoslar, grant ajratuvchilar yoki xaridorlar diqqat-e'tiboridan chetda qolib ketishi mumkin. Men va mening ishchilarim esa bu holatdan xabardormiz, ko'p joylarga boramiz, hunarmandlar bilan kelisha olamiz va ularning mehnatiga munosib haq beramiz. Shu sabablarga ko'ra, mahalliy ustalar bizga ishonishadi».
Buyumni tayyorlash jarayoni 2 asosiy bosqichga bo'linadi: naqsh rasmini chizish va matoga tushirish — bu ishni naqsh chizuvchi-rassom ayollarlar bajarishadi, ikkinchi bosqich esa — bevosita kashtani tikishdan iborat. Ishlab chiqarishimizda faqat tabiiy ip va matolardan foydalanilgan paytlarda esa bunga qo'shimcha tarzda ip va matoni tayyorlash va bo'yash bosqichlari ham bor edi.
«Bizning "Hujum" fabrikamiz ishlab turgan paytda u yerda iplar chiqarilardi, hozir esa yo'q. Namangandagi "Yodgorlik" fabrikasi hozir ham ishlab turibdi, lekin ular ko'proq sayyohlar uchun mo'ljallangan buyumlar yoki onda-sonda tushadigan xususiy buyurtmalar bilan ishlashadi. Doimiy ravishda ishlab chiqarishda bunday iplardan foydalanish juda qimmatga tushadi».
Hunarmand ayollarning ishi shunday tashkil qilinganki, bitta katta buyurtmani bajarish ustida jamoa bir necha oy davomida ishlashi mumkin. Hunarmand ayollar buyurtma uchun olinadigan pulning 60-70 foizini qo'llariga olishadi, mablag'ning qolgan qismi tashkiliy-ma'muriy xarajatlarni qoplash uchun ishlatiladi.
Yulduzning aytishicha, to'rt soatda taxminan 1 kvadrat ditsemetr matoni butkul kashta bilan qoplash mumkin — bu o'rtacha ish sur'ati. Ish juda mashaqqatli va tinmasdan kashta tikish juda og'irlik qiladi, shu sabab ayollar erkin tartibda ishlaydilar. Masalan, kuniga 3-4 soat va tunda 1 soat. Biroq katta hajmdagi va tezkor buyurtmalar olinganda ular sutkasiga 18 soatlab ishlashlari ham mumkin.
«Yoshi ulug' ayollarning hikoya qilishicha, oldinlari tunlar shu darajada oydin bo'lgan ekan-ki, bemalol kechalari kashta tiksa bo'larkan. Hozir albatta bunday emas, qolaversa zamonaviy hayot tarzi ham odamni chalg'itadi, asabni charchatadi. Bunday ish uchun esa sabr va tinchlik kerak. O'tirib kashta tikayotgan yoki naqshni chiqarayotgan payt go'yoki odamning o'y-fikrlari tiniqlashgandek bo'ladi, ruhiyatida sokinlik uyg'onadi — bu xuddi meditatsiya qilishga o'xshaydi. Аyrim ayollar ishlab o'tirganda muqaddas duolarni o'qishadi.
Аvvallari, kashta tikish uchun qulay katakli mato — kanva bo'lmaganda, ayollar kashta tikiladigan matoga kashta tasvirini tushirish uchun xomsurp yoki zig'irtola matodan foydalanishgan. Ularning mahorati shu darajada yuqori bo'lgan-ki, qadimiy buyumlardagi kashtalar mashina ishidek ko'rinadi — chunki ular shu darajada mukammal va nuqsonsiz».
«Turmush o'rtog'im hamisha, hatto o'z yaqinlarim meni tushunishmagan paytda ham meni qo'llab-quvvatlagan. Erimning onasi va opa-singillari ham tikuvchilar, ular va turmush o'rtog'imning o'zi ham men bilan birga ishlashadi.
To'rt nafar farzandimiz bor: uch qiz va bir o'g'il, to'rtovi ham rasm chizishni, kashta tikishni bilishadi. Qizlarimdan biri xuddi xolam kabi To'qimachilik oliygohini tamomladi. Qizim juda iqtidorli — naqshlarni qoralamasiz ham benuqson chizadi, keyin bu naqshlarni ayollarimiz kashta qilib tikadilar. Yana bir qizim ginekolog-shifokor bo'ldi, lekin u ham bichish-tikish, kashta solishni yaxshi biladi. O'g'lim esa gilamlar bilan shug'ullanadi, albatta u ham "iroqi" kashta texnikasini o'zlashtirgan, hatto ayrim ayollardan yaxshiroq tika oladi.
Oltita nabiram bor. Ular mana shu go'zal buyumlar qurshovida katta bo'lishmoqda, kichikligidanoq ularda hunarga qiziqish va did shakllanmoqda. O'g'il nabiralarimdan biri naqshlar chizishni boshladi.
Oldinlari maktabda bizga hunar o'rgatishar edi — qizlar so'zana tikish va kashtado'zlikni, o'g'il bolalar esa yog'och o'ymakorligini o'zlashtirardi. Hozir bu darslar ham yo'q. Madaniyat vazirligida o'quvchilar faqat musiqani o'rgansin, deb ta'kidlashadi. Lekin men yoshlarimizga avval bironta hunarni, keyin esa til va musiqani o'rgatishimiz kerak, deb hisoblayman.
Hunarlar — bizning boyligimiz. Va biz xalqimiz moddiy-ma'naviy merosining ushbu muhim qismini asrab-avaylashning uddasidan chiqishimiz shart».