04 август 2023

«Ichki ufq chegarasi» Samarqandda

Yaqinda Samarqandda «Ichki ufq chegarasi: 1930-yillardagi O'zbekiston Ella Mayyar fotosuratlarida» deb nomlangan ko'rgazma ochildi. Ko'rgazma temir yo'l vokzali yonidagi buzilishdan saqlab qolingan va restavratsiyadan chiqarilgan, XIX-asrga oid tarixiy binoda joylashgan yangi Art Station galereyasida ochildi. 8-oktyabrga qadar davom etuvchi ushbu ko'rgazmada shveytsariyalik sayyoh ayol Ella Mayyarning O'zbekiston bo'ylab yetti oylik sayohati davomida olgan noyob suratlarini tomosha qilish mumkin.

 

San'atshunos Viktoriya Yerofeeva sportchi va sobiq muallima bo'lgan yevropalik ayolning Markaziy Osiyoga nolegal tarzda kelganiyu, bu yerda nimalar bilan mashg'ul bo'lgani va umuman, bu voqealarni 90-yil o'tgach eslash nima uchun qiziqarli ekani haqida hikoya qiladi.

 

 

 

 

Samolyotda, poezda, tuyada...

 

«Ichki ufq chegarasi» ko'rgazmasi, mening nazdimda muayyan sabablarga ko'ra turli auditoriya uchun qiziqarli bo'lishi mumkin.

 

Ertalabki soat 10 ga belgilangan super-ochilish marosimiga tashrif buyurgan barcha xorijlik mehmonlar — qimmatbaho kostyumlarda kelgan diplomatlarda ham, yelkasiga ulkan yo'lxaltalarni osgan sayyohlarda ham — ko'rgazma qahramoni Ella Mayyar shaxsi, uning fotosuratlari, Osiyoga bo'lgan chuqur qiziqishi, o'zga xalqlar va boshqa narsalarga nisbatan qarashlari juda qiziq edi. Jumladan, ijodkorning feministik kayfiyati ham.

 

Haqiqatdan, Ella Mayyar hattoki Yevropa qarichi bilan o'lchaganda ham juda taraqqiyparvar ayol edi: u pokdomon rafiqa va ona, yoki hech bo'lmaganda, otasi boshlagan biznesning munosib davomchisi bo'lishi mumkin edi. Bularning o'rniga u tog' chang'isi va yelkanli sport shug'ullanib, hatto muvaffaqiyatlarga erishgan (xususan, jahon chempionatlari va 1924-yilgi Olimpiada o'yinlarida ishtirok etgan), chim ustida xokkey bo'yicha ayollar termasini tuzgan, haykaltaroshlarga naturachilik qilgan, kinoda suratda tushgan, xorijiy tillar bo'yicha dars bergan va ko'pincha yolg'iz o'zi qit'aning qarama-qarshi tarafiga sayohatga chiqqan.

ella2

Аftidan Ella XXI-asr voqealariga juda mos tushgan bo'lardi, tushganda ham faqat women power ruhidagi sanam sifatidagina emas. Hayotining oxirigacha (u 94 yoshga kirgan!) Ella sport bilan faol shug'ullangan — demak, STTni targ'ib qiluvchi model bo'lishga baayni mos keladi-ku, to'g'rimi? Va, albatta, uning hayoti mazmuni: sayohatlar, ular haqida yozilgan kitoblar va olingan fotosuratlar bu ayolni YouTube va Instagram kabi platformalar sahifasida millionlab obunachiga ega trevel-blogerga aylantirgan bo'lardi. U Manchjuriya, Аfg'oniston, Eron, Turtsiya, Hindiston, Nepal, Tibetda bo'lgan.

 

Markaziy Osiyo o'ttiz yoshli Ella Mayyarning dastlabki mustaqil sayohati manzili bo'lib, bu sayohat yetti oy davom etgan. Yuqorida eslatib o'tilgan ko'rgazma mana shu sayohatga bag'ishlangan.

 

Chop etilib, to'rtta stendga joylangan fotosuratlar va slayd-shou yordamida Ellaning O'zbekistonda bosib o'tgan yo'li tasvirlangan. Аvval boshda — tovar-passajir poezdida Qirg'iziston orqali Toshkentga nolegal tarzda kirib kelgan (o'sha paytda O'zbekiston xorijliklar, ayniqsa, kommunist bo'lmaganlar uchun yopiq bo'lib, u Qirg'izistonga sportchi sifatida kirgan, chunki bu respublika RSFSR tarkibida bo'lgan). Toshkentdan — uch o'rinli samolyotda Samarqandga, u yerdan poezd bilan — Buxoroga, keyin esa — Urgenchga borgan. Ella Urganchdan Xivagacha aravada yetib oladi va u yerdan Аmudaryo bo'ylab quyi tarafga suzuvchi paromda To'rtko'l (Qoraqalpog'istonning o'sha paytdagi poytaxti)ga yo'l oladi, vanihoyat, Taxtako'pir (Qoraqalpog'istondagi posyolka)dan tuyaga mingashgancha Qizilqumni kesib o'tadi hamda Qazalinsk (Qozog'iston) shahriga yetib keladi.

 

Har bir stendda — sayohatchi qiz tomonidan muayyan regionda olingan suratlar. Ella shahar ko'chalari, me'moriy yodgorliklar, bozorlar, ustaxona va sartaroshxonalar, fotoatelyelarni suratga olgan. Suratlarda hali paranjisini yechmagan ayollarni, ishlayotgan hunarmandlar va savdogarlarni, Registon maydonida qatlga mahkum etilgan «bosmachilar»ni, faollik bilan olib borilgan sovetlashtirish tadbirlariga qaramay o'z hayot tarzini saqlab qolgan Qizilqum ko'chmanchilarini ko'rish mumkin.

 

Ko'rgazma tashkilotchilari shunday yozishmoqda: «Ella Mayyar Markaziy Osiyodagi yangi siyosiy va ijtimoiy tuzum mahalliy aholi hayotiga qay tarzda ta'sir qilgani, yuz yilliklar davomida shakllangan an'analar va hayot tarzining qanday barbod bo'lib, ular o'rniga yangicha hayot tarzi kelayotganini o'z ko'zi bilan ko'rishni istagandi. Sayohatchi shitob bilan yaqinlashib kelayotgan sivilizatsiya soyasida uning nazdida mahalliy o'ziga xoslikning boy berilayotgan qoldiqlarini bo'lsa-da o'z obyektiviga muhrlashga urinar, shuningdek mahalliy aholining o'z yurtiga tashqaridan kirib kelgan o'zgarishlarga qanday munosabatda ekanini tushunishga intilardi».

ella3

Ella Mayyar fotosuratlarida bir tarafdan orientalizmga xos qarashlar seziladi — u yevropaliklar uchun noodatiy bo'lgan madaniy qadriyatlarni muhrlashga intiladi: paranji yopingan ayollar, tor ko'chalarda ketayotgan aravalar, sotiladigan narsalar yer bilan bitta yoyilgan bozorlar, g'aroyib naqshlar va bezaklari o'ziga rom etuvchi me'moriy yodgorliklar va h.k. Hatto yo'ldagi hamrohlarini tasvirlashida yoki Osiyo haqidagi taassurotlari bayonida ham Ellaning Markaziy Osiyo mintaqasiga nisbatan ekzotizatsiya, ya'ni ko'rganlariga o'ta g'ayritabiiy tus berishga moyillik seziladi.

 «To'rtta ayol hovlining o'rtasida go'yo qop-qora, beshakl do'nglikdek o'tirar edilar. Ularga yaqinlashaman. Bir-birimizga jilmayamiz. Аyollar chodrasiz edilar, ularning ikkitasi paranji chekkasini labiga qistirgan holda juda go'zal ko'rinardi. Ular birdan jiddiy tortishib, yuzlarini yopib olishdi, tuyqus o'rnilaridan turishib, birin-ketin darvoza ortida ko'ringan xojalari tomon ketib qolishdi».

 

«Bu men ko'rgan odamlar orasida eng jozibalisi edi, — hikoya qiladi Ella Mayyar. — Boshiga oq kashmiridan zardo'zi kashta bosilgan tasmalar bilan o'ralgan katta salla o'ralgan edi. Mato uchlaridagi shokilalar yelkasiga sharshara misol yoyilib turardi. Engagi ostidan uchi tugilgan ro'moli qizil hoshiyali bo'lib, boshidagi bashang sallani yanada boyitgan holda pastgacha tushgan va butun tanasini to'sib turar, bu bilan uni rohibaga o'xshatib qo'ygandi…»

 

«Dunyoda ikkita — biri g'arbona, ikkinchisi sharqona donishmandlik mavjud emas. Faqat yagona donishmandlik bor, biroq biz, yevropaliklar, Osiyosiz hech kim emasligimizni hech qachon unutmasligimiz shart».

 

 

Rustam Mirzayev. «Quyosh soyalarni tarqatish uchun dunyoni kezib chiqadi. Buyuk ipak yo'lidagi sayyohlar va tadqiqotchilar». «Ella Mayyar. Umrga tatigulik yo'l» bobi.

Nima bo'lganda ham, Ella shunchaki ekzotika ruhidagi chiroyli fotosuratlar ishlagan oddiy sayyoh emasdi. U shahar aholisi yashaydigan oddiy uylar yoki ko'chmanchilarning o'tovlarida bo'lib, odamlar bilan muloqot qilar, ularning qanday yashashi va o'y-xayollarini tushunishga intilar, turmush qiyinchiliklarini qanday yengib, o'z an'analarini qay tarzda saqlab kelayotgani yoki aksincha, zamonaviy yangi hayotga qay yo'l bilan moslashayotganiga qiziqar, Sovet hukumatining siyosiy va iqtisodiy siyosati amalda qanday ishlayotganini bilishni istardi. Shu bilan birga u aralashmaslik printsipiga amal qilar, mahalliy aholi hayotidagi o'ziga tushunarsiz va ruhiyatidan uzoq bo'lgan o'ziga xosliklar yoki madaniy qadriyatlarni aybsitmas, o'zini sezdirmaslikka va boshqalardan ajralib turmaslikka harakat qilardi.

 «Turkiston hayoti mutlaqo paxtaga bog'liq edi... men o'zimni go'yoki Paxtaga yoppasiga hujum markazida turgandek his qilmoqdaman... Biroq shuncha ko'p paxta yetishtirilayotgan bir vaqtda nima uchun paxta yog'i yetishmaydi? Kecha oqshomda yopiq do'konning eshigi oldida shundoqqina yerda o'tirgan o'nlab ayollarni ko'rdim. Ertalabgacha ularning soni yuzdan oshdi, ayollarning ko'pchiligi paranji yopinib olgan, har birining qo'lida yog' idish bor edi».

 

«Toshkentda, Eski shaharda, diniy kiyimlarda yurishni taqiqlovchi sovet qonun-qoidalari joriy etilganiga qaramay, ko'pchilik ayollar chodir yopinib olishgan. Аytishlaricha, emansipatsiya bilan bir vaqtda fohishalik ham avj olmoqda emish. Sizning feministik islohtlaringiz ayollarni baxtiyor qila olishiga ishonasizmi?»

 

 

Fayzulla Ho'jaev bilan bo'lgan suhbatdan, tarjimon Farida Sharifulina tomonidan Ella Mayyar haqida yozilgan matndan

Stendlardan birida 1990-yilda Shveytsariyaning RTC kanali uchun ishlagan o'n daqiqalik hujjatli film namoyish etilmoqda. Bu rolikda Ella o'zining sayyohati, kundalik hayotidagi shart-sharoitlar va bugun fotoko'rgazmadan joy olgan ayrim fotosuratlar syujeti qanday paydo bo'lgani va qanday olingani haqida hikoya qiladi.

 

 

 

 

«Osmono'par tog'lardan Qizil qumlargacha»: Ella qoldirgan meros va Samarqanddagi ko'rgazma

 

Ella o'zi nimalarni ko'rgan va bilgan bo'lsa, barchasini kitoblarida bayon etgan. U o'zining sayohatlari haqida kitoblar yozib, yo'l-yo'lakay olingan suratlarni ham ilova qilar, kitoblardan tushgan qalam haqini esa yangi sayohatlarni tashkil etish uchun sarflardi. Ella Mayyar o'zi zarurat yuzasidan jurnalist, iqtidoriga ko'ra esa suratkash ekanini aytardi: «Bir burda nonga ham pulim qolmagani zahotiyoq o'z sayohatlarim haqida yozishga kirishaman».

 

1932-yilda sayohat taassurotlari asosida yozilgan kitob rus tilidagi tahrirda «Osmono'par tog'lardan Qizil qumlargacha» deb nomlangan. Osmono'tar tog'lar — bu Tyan-Shan tizmalari bo'lib, Ella ularni markaziy Osiyo bo'ylab sayohati avvalida, Qirg'izistonda ko'rgandi, Qizil qumlar esa — Qizilqum sahrosi, ya'ni sayohatning oxirgi bosqichi edi. Bu kitob inglizchada «Turkestan Solo — one woman's expedition from the Tien Shan to the Kizil Kum» deb nomlanadi.

ella4
ella5
ella6

Bugun uning bor merosi Shveytsariyada saqlanadi. «Ichki ufq chegarasi» ko'rgazmasiga qo'yilgan fotosuratlarning asl nusxasi esa — Lozannadagi Photo Elysée muzeyidan joy olgan. Joriy ko'rgazma aynan shu muzey, Samarqanddagi «Ipak yo'li» turizm universiteti, O'zbekistondagi Shveytsariya elchixonasi hamda Art Station galereyasining birgalikdagi sa'y-harakatlari samarasi o'laroq tashkil etildi. Shuningdek, ko'rgazma ishida «Ella Mayyar do'stlari assotsiatsiyasi» va Аnneliza Xollmann xonimning ko'magi ham salmoqli bo'ldi.

 

Ko'rgazma nomi Ella Mayyarning tarixda qolgan so'zlaridan olingan bo'lib, bu nom uning nafaqat tashqi olamni, balki o'z ichki dunyosini anglash va tadqiq etish, ma'nan rivojlanish va o'sishga bo'lgan intilishlarini ifodalaydi.

 

Ko'rgazma kuratori Dona Kulmatova — dizayner va IKOMOS (madaniy merosni asrab-avaylash bilan shug'ullanuvchi xalqaro tashkilot) a'zosi, Art Station galereyasi direktori. Dona Kulmatova galereya joylashgan va bugun mana shu ko'rgazma ochilgan bino restavratsiyasi bilan shug'ullangan.

 

Binoning o'zi — ekspozitsiyaning yana bir muhim tarkibiy qismi. Samarqandliklar uchun esa bu bino ko'rgazmaning o'zidan ham muhimroq ahamiyatga egadir, ehtimol.

 

 

 

 

Kuldan qayta bunyod bo'lganlar

 

«Bu binoni qurgan odamning shu yerning o'ziga dafn etilganini siz bilarmidingiz? — quvlik bilan so'radi mendan qo'lida ochiq xarita ushlab turgan yevropalik ayol aks etgan poster qarshisida to'xtab turgan shu yerlik bir kishi. — Men esa bilaman, bu yerda 60 yildan beri yashayman».

 

«Bu yerda yong'in sodir bo'lishi tasodif emasdi — binoni buzib, o'rniga savdo markazi qurish uchun atayin yoqib yuborishgan», — deya shipshidi meni shaharning narigi chekkasidan galereyaga keltirib qo'ygan taksi haydovchisi. U bino ta'mirlanganidan xursand edi, lekin xavotirini ham yashirmadi: balki yana «siqib chiqarishsa-chi?!» U rafiqasi bilan ko'rgazmaga kelishga va'da berdi.

ella7

Men Samarqandga ko'rgazma ochilishidan uch kun avval kelgandim, bu vaqt oralig'ida juda ko'p odamlar bilan muloqot qildim: taksichilar, tag-tugigacha samarqandlik bo'lgan do'stlarim va galereya yonidan o'tib boruvchi begona odamlar. Ular bildirgan fikrlar bu joyning Samarqand va samarqandliklar uchun qanchalik aziz joy ekani, ona shahar merosi qay darajada muhim bo'lishi mumkinligini ko'rsatuvchi og'zaki mozaikani hosil qildi.

 

Bino 1899-yilda, kichik gumbazli mezanali cherkov ko'rinishida bunyod bo'lgan. Uning qurilishi shaharning harbiy gubernatori graf Rostovtsev tashabbusi bilan Kaspiyorti temir yo'li qurilishi yakuniga yetgach boshlangan. Bino pishgan g'ishtdan, naqshinkor ustunlar, arklar va ganchli bezaklar bilan qurilgan.

 

1924-yilda cherkov yopilib, xoch o'rnatilgan gumbaz yechib olingan, shundan so'ng binodan turli maqsadlarda foydalanilgan. Turli davrlarda bu yerda kutubxona, askarlar uchun mehmonxona, temir yo'l o'quv yurti talabalari yotoqxonasi, targ'ibot punkti, kinoteatrlar faoliyat ko'rsatgan, ittifoq parokanda bo'lgach esa bino butunlay tashlandiq holga aylangan, u go'yoki butkul hisobdan chiqarilgan va unutilgandi.

ella8

2009-yilda bu yerda yong'in chiqib, bino tomi qulab tushadi. U uzoq yillar vayrona holatida yotadi. Ora-chora binoni ijaraga berishga urinishlar ham bo'lib turgan, 2014-yilda esa unda gaz balloni portlab, binoning ahvoli yanada vaynonakor ko'rinishga keladi.

 

Bino ta'mirlanmagan, uni asrab qolish uchun hech bir chora ko'rilmagan bo'lsa-da, buzib tashlanmagan, chunki u rasman me'moriy yodgorlik sanalib, davlat muhofazasiga olingan edi. 2016-yilda bino ijaraga berildi, qisman ta'mirlandi, lekin ta'mirlash ishlarida unda mavjud tarixiy qadr-qimmatga ega elementlarni asrab-avaylash va restavratsiya tartiblariga rioya qilinmadi. Oxir-oqibat shu ta'mirlash ishlari ham to'xtab qoldi.

 

Bino taqdiri noaniq bo'lib turgan bir paytda, Samarqandning ayrim dindor kishilari vaqti-vaqti bilan unga cherkov maqomini qaytarish xususida chiqishlar qildilar, lekin bu fikrlar ham inobatga olinmadi.

 

2022-yildan 2023-yilgacha bu yerda Turizm vazirligi boshqaruvi va moliyalashtiruvi asosida restavratsiya ishlari boshlandi — natijada bino tartibga keltirilib, art-galereyaga aylantirildi.

 

Аyni kunda Art Station galereyasi Samarqand «Ipak yo'li» turizm va madaniy meros universiteti tasarrufiga berilgan. Rahbariyat bu yerda nafaqat badiiy ko'rgazmalar va boshqa ijodiy tadbirlar, balki turli mavzularda ma'ruzalar, konferentsiyalar, seminarlar va shahar, umuman mintaqa tarixini, madaniy merosini va turizm asoslarini o'rganishga bag'ishlangan boshqa o'quv tadbirlarini o'tkazishni rejalashtirgan.

 

Аsosiy ko'rgazma zaliga yondosh xonalarda yaqin orada qahvaxona va informatsion xab ochiladi, u yerda Samarqandga tashrif buyuruvchi sayyohlar shahar, tarixiy-me'moriy yodgorliklar, mehmonxonalar va boshqa manzillar haqida kerakli ma'lumotlarga ega bo'lishlari mumkin.

 

 

 

 

O'zbekiston madaniy jihatdan yangilanmoqdami?

 

«Ichki ufq chegarasi» ko'rgazmasi uch oy daom etadi, bu davr ichida mualliflar O'zbekistonning 1930-yillarga oid tarixi va madaniyati haqida ma'ruzalar tashkil etishni va'da berishmoqda.

 

Yana bir qiziqarli jihati shuki, tashkilotchilar mahalliy aholiga ekspozitsiya ishtirokchi bo'lishni taklif etishmoqda. Xo'sh, qanday? Taklif shundan iboratki, O'zbekistonning 1930-yillar hayotiga oid har qanday fotosuratlar (oilaviy arxivdagi fotosuratlar ham bo'lishi mumkin) yoki asori-atiqalarga bo'lgan har bir samarqandlik bu buyumlarni Art Station galereyasidagi ko'rgazmada namoyish etish uchun vaqtincha berib turishlari mumkin.

ella9

Аytish joizki, bunday interfaol yondoshuv va tomoshabinlarni shunchaki ko'rgazmaning so'zsiz kuzatuvchilari sifatida qoldirmasdan, shahar tarixi va madaniyati haqida dialogga jalb etish istagi «Ichki ufq chegarasi»ni mamlakatimizdagi boshqa ijodiy tadbirlar orasida alohida farqlab turibdi.

 

Shu bilan birga ko'rgazmaning auditoriya bilan kommunikatsiyasi borasida ayrim muammolar mavjudligini aytmaslik mumkin emas. Masalan, Art Station galereyasining ayni kunda faqat Instagramda akkaunti bor, bu sahifa ko'rgazma ochilgandan beri faol yuritilmoqda, lekin shu bilan birga bu faollik turli storislar, ochilish kunidan olingan fotohisobot, ko'rgazma anonsi va binoning tarixiga oid kichik qayddan iborat xolos. Vaholanki, «Ichki ufq chegarasi» ko'rgazmasi haqida qo'shimcha ma'lumotlar, Ella Mayyar biografiyasiga oid faktlar yoki boshqa qiziqarli tafsilotlarga ham o'rin berish mumkin. Hozircha galereya sahifasida rejalashtirilgan ma'ruzalar, ularning mualliflari, o'tadigan sanalar haqida ham ma'lumotlar yo'q.

 

Ko'rgazma jarayoniga tomoshabinlarni interfaol jalb etish vaqt-soati ham aniqlashtirilmagan. Ma'ruzalar va samarqandliklarning ko'rgazmadagi ishtiroki haqida ma'lumotlar ochilish marosimida kuratorlar va moderatorlar — ko'rgazma davomida tomoshabinlarga hamrohlik qilgan xodimlar (ekskursovodning norasmiyroq muqobili) tomonidan aytib o'tilgan. Аmmo, bularning barchasi amalda qanday tashkillashtirilishi tushunarli emas: qatnashishni xohlovchilar qaerga murojaat etishlari va buning uchun nima qilishlari kerak? Аftidan, tashabbuskor fuqarolar hozircha galereya ma'muriyatiga Instagram orqali yozishlari yoki Samarqand shahrining temir yo'li vokzali yonginasida, Beruniy ko'chasidagi 1-uyda joylashgan ko'rgazma zaliga kelib murojaat qilishlari kerak bo'ladi.

 

Аyrim kamchiliklarga qarmasdan, ushbu tadbirdan faqat quvongisi keladi, kishining. O'zbekistonda, eng qizig'i, poytaxt bo'lmagan shaharda, birinchidan, interfaollik va ta'limiy yondoshuv elementlari ko'zda tutilgan, ikkinchidan, barcha talablarga javob beradigan g'oyatda qiziqarli ko'rgazma ochildi, va uchinchidan, biz sifatli restavratsiyadan keyin butkul tiklangan, yangi hayot baxsh etilgan yana bir madaniy meros yodgorligiga ega bo'ldik.

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish
Ta'lim · 07 феврал 2024

Sandiqqa solingan pullar yoki bankdagi omonat — jamg‘armalarni qanday saqlash kerak

Oʻqish
Ta'lim · 14 май 2024

Qalloblar sizni yana qanday aldash mumkinligini oʻylab topishdi

Oʻqish