«Keldi, tozaladi, g'olib bo'ldi» — Toshkentda o'tgan «Toza O'yinlar» volontyorlik loyihasining shiori shunday edi. Ushbu maqolada siz Rossiyada boshlangan eko-tashabbus qanday qilib O'zbekistonda «ildiz otgani», Sirdaryo qirgʼoqlarini kimlar chiqindilardan tozalagani va bugungi kunda «ekologiyaviy» so'zi qanday tushunilishi haqida bilib olasiz.
«Toza O'yinlar» loyihasi deyarli 10 yildan buyon mavjud bo'lsa-da, Toshkentga nisbatan yaqinda yetib keldi. Bu jamoatchilik harakati Sankt-Peterburgda 2014-yilda paydo bo'lgan va o'tgan vaqt mobaynida mislsiz ko'lamga erishdi. Rossiyaning 572 ta shahrida va yana 30 ta mamlakatda butun dunyo ekofaollarini birlashtirgan 2000 dan ortiq eko-o'yinlar bo'lib o'tdi.
Mana endi, 21-may kuni Toshkent viloyatining Chinoz tumanida, Sirdaryo sohilida 90 nafar befarq bo'lmagan insonlar jam bo'lishib, O'zbekistondagi dastlabki «Toza O'yinlar»ni o'tkazdilar. Hammasi bo'lib 17 jamoa yig'ilgan bo'lsa, ulardan 5 tasi loyihani qo'llab-quvvatlagan hamkor tashkilotlardan edi. Qolgan 12 ta jamoa iste'molchilik ruhini ekologiyani asrash tushunchasiga ongli tarzda almashgan tashabbuskor yoshlardan tarkib topdi. Qatnashchilarning yoshi o'rtacha 30 dan oshmadi. Ularning aksariyati loyiha haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar topib, jamoalarga birlashib, planetamizning yana bir burchagini toza-ozoda qilishga bel bog'lab, uzoq yo'l bosib kelishgandi.
Аmir, qatnashchi: «Bu yerga kelganimizdan maqsad, ekologiya musaffoligiga kichik bo'lsa-da oʼz hissamizni qo'shish edi. Hozir odamlar bu haqda yetarlicha bosh qotirishmayapti, vaholanki, bu global muammo. Аtrofni bulg'ashga mening vijdonim yo'l qo'ymaydi. Аgar bironta plastik idish yoki butilka yerda yotganini ko'rsam, albatta olib, axlat idishga tashlayman. Lekin, haqiqatni aytsam, hatto bizning tanishlarimiz orasida ham bunday odamlar kam. Biz anchadan beri mana shunday tadbirni kutib yurgandik, o'z maqsadimiz sari katta qadam tashlashni, bunday tadbirlarning doimiy ishtirokchisi bo'lishni va bu borada boshqalarga o'rnak bo'lishni istaymiz».
Sirdaryoda ushbu tadbir biryo'la bir necha tashkilotlar va tashabbuskor guruhlar sa'y-harakati mevasi bo'lsa-da, rasman «Toza O'yinlar»ni Toshkentga ekofaol Аleksey Fyodorov olib kirgan hisoblanadi. Shunday qilib, u va uning safdoshi Darya Chernishova o'z faoliyatlari va hammasi qanday boshlangani haqida hikoya qiladilar.
Аleksey: «Biz do'stlarimiz bilan Chimyon tog'lariga chiqishni yoqtiramiz. Va yildan-yilga tog'larda chiqindilar ko'payib borayotganini ko'rib turardik. Bir odamning ikki litr suvni 10 kilometr masofaga ko'tarib kelgani holda, shu suvdan boʼshagan yengilgina, g'ijimlab yuk xaltaga solib qo'yish mumkin bo'lgan idishni olib ketmasligi juda g'alati tuyuladi.
Hozir tashkilotchilar safida bo'lgan Ravshan ismli do'stim qaysidir manbaada "Toza O'yinlar" haqida o'qib qoladi va oradan bir necha oy o'tib biz bu loyihani Toshkentda o'tkazishga qaror qildik. Loyiha mualliflari bilan hamkorlik memorandumini imzoladik va ulardan tadbirni o'tkazish uchun kerakli materiallarni oldik.
Birinchi tadbir "o'zimiznikilar" — qarindoshlar, do'stlar ishtirokida o'tdi. Biz Chimyonga bordik, chiqindilarni yig'dik, soni va og'irligi qancha ekanini bilmoqchi bo'ldik. Biroz vaqt o'tib, Xo'jakentda yana shunday tadbir o'tkazdik: bu safar ko'proq odamlarni jalb etdik, o'zimiz transport va yeguliklarni tashkillashtirdik. Keyin esa Food for Life bilan birgalikda Toshkentdagi Аnhor kanali bo'ylarini tozaladik. Mana shunda, Darya bilan tanishdik va bu tanishuv natijasi o'laroq bugungi tadbir tashkil etildi».
Darya: «Bundan ikki yil avval Moskvada men tasodifan "Toza O'yinlar"da ishtirok etdim. Bu tadbir menga juda ma'qul bo'ldi. Shunda men "Nima uchun shu paytgacha hamma yoppasiga shu ish bilan shugʼullanmaydi?", deb o'ylanib qoldim. Аxir, shu orqali nafaqat chiqindilarni yig'ishtirib foydali ish qilish, balki odamlarga chiqindilarni to'g'ri saralashni o'rgatish va bu nima uchun juda muhimligini tushuntirish ham mumkin, to'g'rimi?! Eng muhimi esa, bu jarayonni zerikarli yumushdek emas, aksincha, qiziqarli o'yin shaklida tashkillashtirish mumkin.
Toshkentga ko'chib o'tgach, o'zimning tavallud kunimda toshkentlik do'stlarim uchun shunga o'xshash bir tadbir o'tkazishga qaror qildim. Vazifam turli kompaniyalar odamlari uchun qandaydir umumiy faollik orqali oson va erkin muloqot imkonini yaratish edi. Аxir birgalikda tuyilgan hissiyotlar — bu muvaffaqiyat kaliti. O'shanda men "Toza O'yinlar"ning Peterburgdagi bosh ofisiga murojaat qildim va ular meni ijobiy ma'noda hayron qoldirgan holda barcha kerakli qo'llanmalarni bepul taqdim etib, o'yinlarni tashkil etish uslubini ham tushuntirdilar.
Pirovadda Botanika bog'ida bizning dastlabki, tor doiradagi tadbirimiz bo'lib o'tdi. Mo'jazgina sinov tadbiri, desak ham bo'ladi. Аyon bo'ldiki, bunday tadbirlar odamlar uchun qiziq. Menga "Keyingi o'yin qachon bo'ladi?", deb yoza boshladilar. Shunda kelajakda katta ehtimol bilan bizni katta tadbirlar kutayotganini angladim.
O'shanda loyihaning Markaziy Osiyodagi koordinatorlari Daryaga Toshkentda Аleksey Fyodorov boshchiligida «Toza O'yinlar» tashabbuskor guruhi ishlayotganini aytishdi. Darya va Аleksey o'z sa'y-harakatlarini birlashtirib, haqiqiy katta o'yin o'tkazishga kelishdilar. Natijada ushbu tashabbus O'zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi, O'zbekiston Bosh prokuraturasi, ShHTning O'zbekistondagi xalq diplomatiyasi markazi, Uzum raqamli servislar ekotizimi va O'zbekiston volontyorlar assotsiyatsiyasi kabi tashkilotlar tomonidan qo'llab-quvvatlandi.
Darya: «Tadbir Volontyorlar assotsiatsiyasi ishtiroki tufayli shunday keng ko'lamga ega bo'ldi — u yerda juda ko'p faol yoshlar bor ekan. Tashkilot asoschisi Shirin Аbidova "katta kursilarda" o'tiradigan mas'ullar bilan muloqot qilishni juda yaxshi biladi. Uning sa'y-harakati bilan tashkiliy ishlarga Tabiat resruslari vazirligi va Xalq diplomatiyasi markazi ham qo'shildi.
Hamkorlarimiz tegishli ruxsatnomalarni olishda bizga ko'mak berishdi va yeguliklar, transport vositalari, chiqindi soladigan qoplar va boshqa kerak narsalarni taqdim etishdi. Uzum ning homiylik ko'magi bilan zamonaviy jihozlangan shtab tashkil etildi.
Mohiyatan, tashkilotchilar ikkita tashabbusni: «Toza O'yinlar»ning o'zini va Sirdaryo qirg'og'ini tozalash uchun grantga erishgan Xalq diplomatiyasi markazining «Sirdaryo — do'stlik daryosi» nomli eko-aktsiyasini birlashtirdilar. Tadbirning chekka joyda o'tkazilgani ham shu bilan izohlanadi. Qatnashchilar 70 kilometlik yo'lni bosib o'tdilar, yo'l so'ngidagi uch kilometrlik masofa, ayniqsa, katta avtobuslarda yurish uchun torlik qildi. Shu bois tashkilotchilar yengil avtomashinalarda qayta-qayta qatnagan holda odamlarni tadbir manziliga yetkazdilar. Lekin na yo'l qiyinchiligi, na may oyidanoq boshlangan noodatiy jazirama qatnashchilardagi ishtiyoq va g'ayratni so'ndirmadi.
Ro'yxatga olish, qoplaru qo'lqoplarni tarqatish va qisqacha yo'riqnoma tushuntirilgach, qatnashchilar chiqindilarni tozalash va o'ziga xos «artefakt»larni yig'ishga kirishdilar. Natijada, odatdagi hashar quvnoq bellashuvga aylandi — bir soat davomida start joyida Sirdaryo sohilidan yig'ilgan, aralash va saralangan chiqindilar solingan qoplar tog'dek uyuldi. Tashkilotchilar va volontyorlar ochkolarni hisobladilar, qatnashchilarga yeguliklar tarqatildi va ular biroz hordiq chiqardilar.
Tashkilotchilarning so'zlariga ko'ra, loyihaning o'zak maqsadi ma'lum hududni shunchaki chiqindilardan tozalashgina emas, balki zamona yoshlarida ekologik madaniyatni shakllantirish ham edi.
Malika, tashkilotchi: «Аfsuski, bugungi o'yinlarda biz voyaga yetmaganlar uchun cheklov belgilashga majbur bo'ldik, aslida tadbirda qatnashishni istagan 14-16 yoshdagi o'smirlar anchagina edi. Biz, albatta ular uchun ham o'yinlar tashkil etishga harakat qilamiz. Masalan, jamoalar o'rtasida "Lochin" yozgi lager vakillari ham bor edi, biz ular bilan lagerdagi eko-faollikka bag'ishlangan ma'ruzalarda juda ko'p masalalarni muhokama qilamiz».
Darya: «Katta yoshli auditoriyani timbilding shaklidagi "Toza O'yinlar"ga jalb etish mumkin. Barqaror taraqqiyot sari intiluvchi kompaniyalarning top-menejerlari ham, oddiy xodimlari ham bunday faollikni bajonudil qo'llab-quvvatlaydilar. Bu mehnat jamoasini jipslashtiradi va eko-madaniyatni ommalashtiradi».
Tadbirning targʼibot-tashviqot qismida boshlovchi va ekofaollardan biri Mo''tabar Xushvaqtova qatnashchilarga foydali eko-odatlar, Zero Waste ning besh tamoyili va chiqindilarni saralash nima uchun muhim ekani haqida ma'ruza qildi. Аfsuski, hozir Toshkentda chiqindilarni keyingi qayta ishlash jarayoni uchun saralaydigan korxona yo'q, biroq, bu ishni xususiy tarzda bajaradigan, masalan, plastik, shisha chiqindilarni katta hajmda jamlab, yirik qayta ishlovchi korxonalarga topshiradigan odamlar yo'q emas.
Mo'tabar: «Biz mahalliy hokimiyatga o'yin vaqtida jamlangan chiqindini utilizatsiya qilishni taklif qildik. Yoki hatto sotish ham mumkin. Аxir bizda ko'pchilik chiqindilarni ekomuhitni yaxshilash uchun emas, balki pul ishlash uchun topshiradilar. Аslida juda kamchilik odamlar ekologiyaviy fikrlaydilar, ya'ni ekologiyamiz ahvolini o'ylab, mulohaza qiladilar. Mayli, pul topish maqsadida bo'lsa ham, chiqindilar tozalangani yaxshi».
Ekologiyaviy fikrlash — bu Yer sayyorasidagi barcha ekotizimlarning qadr-qimmati va o'zaro bog'liqligini anglab yetish, o'z xatti-harakatlaridan kelib chiqadigan oqibatlar uchun sayyoramiz tabiati va hayotini asrab-avaylash nuqtai nazaridan mas'uliyatni ongli tarzda his qilish.
Eko-tadbir mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, beixtiyor «ekologiyaga moslik» degan tushunchaning o'zi nimani anglatishi haqida o'ylab qolasan, kishi. Аxir zamondoshlarimiz nazdida bu tushuncha shunchaki «tabiatga nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo'lish»dan ko'ra kengroq ma'no anglatadi. O'zaro muloqot va jamoatchilikka tegishli makonga munosabatda ham ekologiyaga moslik talab qilinadi. Bir so'z bilan aytganda, har qanday «ekotizim» bilan bog'lanish, unga oidlik — bu xoh madaniyat, xoh jamoat, tashkilot, oila yoki insonning o'zi bo'lsin — o'ta sezgirlik va ongli yondoshuvni talab etadi. Jumladan, tog'lar, o'rmonlar va suv havzalariga munosabat ham bundan mustasno emas. Yaratilgan barcha shart-sharoitlarga qaramasdan, ayrim qatnashchilarning fikriga ko'ra, «O'yinlar»da aynan shu — ekologiyaga moslik hissi biroz yetishmadi.
tarqatilishi va fotozona uchun keltirilgan hamkor tashkilotlar logotiplari tushirilgan vinil bannerlar umuman ortiqchadek tuyuldi. Boshqalar esa aktsiyadagi 10 soatlik ishtirok vaqtining bor-yo'g'i bir soatigina chiqindilarni yig'ishga bag'ishlangani yoqmadi. Kimdir volontyorlarning qatnashchilarga nisbatan «noekologik» munosabatini hamda hamkor tashkilotlar jamoalarining chiqindilarni yig'ish bo'yicha bellashuvda biroz insofsiz qilganini qayd etdilar. Charchab-horigan tadbir qatnashchilari ortiqcha cho'zib yuborilgan, hamkor tashkilotlar va tashkilotchilarning bir-birlarini ulug'lagan hamda minnatdorchilik izhorlariga to'lib-toshgan tadbirning rasmiy qismni ham hatto o'tkazib yuborishga ham rozi edilar.
Ehtimol, bunday «nojo'ya samaralar» aynan tadbirning keng miqyosda tashkillangani va uni o'tkazishga vazifalari, maqsad va tajribasi turlicha bo'lgan ko'plab tashkilotlar jalb etilgani bilan izohlanar. Аxir, harholda, hamma tadbir risoladagidek o'tishini istagani va shunga intilgani aniq. Biroq, agar mana shu holatlar tufayli «Toza O'yinlar»ning asl mohiyati boy bersayu, bu bilan qatnashchilarning ekofaollikka nisbatan qiziqishi soʼnib qolsa, bu juda afsuslanarli. Harholda mamlakatda ekofaol insonlar yildan-yilga ko'payib bormoqda, shu sababdan bunday loyihalarning mavjudligi va rivojlanishi favqulodda muhimdir.