27 июн 2023

Devorlarda o'z o'rni bor. Toshkentda strit-art

2022-yilning may oyida Toshkentda strit-artga bag'ishlangan birinchi festival o'tkazildi. Oradan bir yil o'tib, 10-iyunda yangi Graffiti fest bo'lib o'tdi — ko'p bora e'tirof etilgan 139 Documentary Center o'z binosi devorlarini yosh koʼcha rassomlariga «boʼlib-boʼlib» berdi.

 

Ushbu maqolada strit-artning O'zbekiston zamonaviy san'atida qanday o'rin egallagani va ko'cha rassomlarining ijodida nimalar aks etgani haqida so'z boradi.

graf 2

Strit-artda graffiti yoki sprey-art an'anaviy asosiy yo'nalish hisoblanadi, vaholanki, bu mavzuda so'z ketganda shaxsan mening yodimga Pragadagi haddan tashqari g'alati «chaqaloqlar» haykallari yoki Ispaniyaning «Sevilya qo'ziqorinlari» (Metropol Parasol) tushadi. Turli-tuman art-posterlar va trafaretlar ham — shular qatorida. Biroq, odatda, aynan noma'lum rassomlar tomonidan devorlarga chizilgan rasmlar katta shov-shuv va bahs-munozaralarni uyg'otadi. Bularning bari birgina — «unlegal» so'zi bilan ifodalandi.

 

Graffiti ko'pincha aynan kelishilmagan, va tabiiyki, noqonuniy san'at, degan tushunchani beradi. Shu sababli ba'zan nihoyatda chiroyli, ko'lamdor va zo'r taassurot uyg'otadigan ishlar ham shahar ma'murlari tomonidan «vandalizm» deb baholanadi hamda yo'q qilinadi. Murallar esa — boshqa gap. Bu xuddi o'sha devoriy rasmlar bo'lib, faqat ular bo'yoq ballonlari bilan «qurollangan» o'smirlar tomonidan emas, professional rassomlar tomonidan rasm chizish uchun rasman ajratilgan maydonlarda chizilgan bo'ladi.

 

Shu ma'noda Graffiti fest — bungacha yashirinib va qochib ishlashga majbur bo'layotgan ko'cha rassomlariga xavfsiz ijod maydonini taqdim etish orqali ko'cha san'atini legallashtirish yo'lidagi bir urinish bo'ldi. 139 Documentary Center art-direktori va festivalning g'oyaviy tashabbuskori Yana Xarasho ko'cha madaniyatiga nisbatan o'z munosabatini bayon qilar ekan, tashkilotchilarning bu tadbirni o'tkazishdan qanday maqsadlarni ko'zlagani haqida ham so'zlab berdi.

graf 3

Yana: «O'z-o'zicha alohida ishlaydigan rassomlarni birlashtiruvchi nimadir tashkil etish g'oyasi tugʼildi. Va biz, bir kunlik festa tashkil etib, unda rassomlarning qanday ishlashini odamlarga ko'rsatish yo'lini o'ylab topdik. Bu nomi hali ko'pchilikka ma'lum bo'lmagan rassomlar uchun o'ziga xos taqdimot marosimi bo'ldi. Аslini olganda, haqiqiy reyterlar omma diqqat markazida bo'lishni unchalik xohlashmaydi.

Graffiti-lug'at

 

Rayter — graffiti-rassom
Bomba tashlash — nolegal tarzda graffiti ishlash
Baffit qilish — chizilgan rasmni yana bo'yash, ustidan chizish
Teg — avtograf, rassomning o'ziga xos usuldagi imzosi
Bo'lak — ko'chaga chizilgan rasm
Bo'lakni ildirish — rasm chizish
Devorni to'ldirish — devorni to'ldirib rasm chizish

Tarixan olganda, graffitining asosiy printsipi — tezgina rasmni chizib, juftakni rostlash. 12 yoshimdan boshlab o'zim ham graffiti-rassomlar safidaman. U paytlar Benksi davri bo'lib, men trafaretli graffiti ishlardim. Shu yo'l bilan qandaydir fikrni esda qoladigan iborada aks ettirib, trafaretni tezgina ilardimu, u joydan qochib qolardim. Hozir bu ish bilan deyarli shug'allanmayman. Аftidan, bu boradagi istak-xohishlarimni bajarib bo'lganman. Lekin afishalarga bezak berish bo'yicha tegingda faol qatnashib turaman.

graf 4

Men uchun graffiti — bo'yoq balloni va aerozol orqali o'z fikr va kechinmalarimni ifodalash. Rejissyorlar filmlar olishadi, perfomerlar perfomanslar ishlashadi, ko'cha rassomi esa bo'lak qoldiradi. Toshkentda bu madaniyat endigina nish urmoqda. Bir-ikkita festlar bo'lib o'tdi, lekin ularning barchasi «davlat belgisi ostida» edi — eskizlarning hammasi tasdiqlandi, senzuradan o'tkazildi. Bizning tadbirda esa faqat pornografiya va siyosiy mavzularga taqiq qo'yildi. Har bir rassom o'zi galereyasida ko'rishni istagan eskizini yaratdi».

 

 

 

 

Devorni to'ldirishdi

 

Graffiti fest da 15 nafar mustaqil rassom qatnashdi, ularning har biriga ijod uchun bino tashqi devoridan joy ko'rsatildi. Natijada ikki qavatli binoning fasad qismi yorqin va go'zal tasviriy kollajga aylandi. Xo'sh, zamonaviy koʼcha rassomlari kimlar va ularning rasmlarida nimalar aks etmoqda?

 

Timur, qatnashchi: «13 yoshimdayoq graffiti chizish istagim kuchli ekanini anglaganman. Benksi ijodidan ilhomlanardim. Bomba tashlashni boshladim, o'z teglarimni rivojlantirdim. Noqonuniy ish qilishni aslo xohlamasam-da, o'zimdan iz qoldirishni juda istardim. Shu boisdan qonuniy tarzda, ustiga-ustak mablag' evaziga chizish imkoniyati tug'ilganda bundan juda ruhlanib ketdim.

graf 5

Men bu yerda biroz yoqimsiz yigitni tasvirladim. Lekin, aslida u kulguli ko'rinadi, kiyimlari unga kichikroq. U o'zini pastdan turib tomosha qiluvchilarga o'ziga xos ma'noli nigoh bilan tepadan qaraydi. Bu shunchaki hazilomuz tarzda ishlangan tasvir, u xuddiki to'rtinchi devordek».

 

Аlyona va Nigina, qatnashchilar: «Biz, asosan, buyurtma bo'yicha ishlaymiz, ishimiz graffitiga umuman aloqador emas. Аvvallari, aytaylik, shahar devorlarida o'zimizni namoyon qilish uchun biz qonunan haqli emasdik. Bu yerda o'tkazilayotgan open-koll haqida eshitishimiz bilan shu yerga oshiqdik, va mana shu bizning ko'chada bajarilgan ilk mualliflik ishimiz.

graf 6

Tijorat buyurtmalarining bitta muammoli jihati bor — sen o'z ishlaringga muallif bo'lolmaysan. Sen shunchaki ijrochisan, xolos. Bordiyu, san'at odami qo'rqmasdan tavakkal qilolsa, o'zining g'oyalarini namoyon etishga kuch topolsa, demak, unda albatta muallifga xos "Men" degan tuyg'u uyg'onadi. Bugun biz uchun o'z ishimizni sidqidildan bajarish o'z ko'nikmalarimizni namoyon qilishdan ko'ra muhimroq».

 

Nigina: «Men — veganman, va buni o'z mualliflik ishlarimda aks ettirishni istadim. Shu boisdan biz "dont be part of interspecies discrimination", "go vegan" va "Bizning sevgimiz, toki biz uni Yer yuzidagi barcha jonzotlarga baxsh eta olmagunimizcha riyokorona yolg'on bo'lib qolaveradi", degan so'zlar ostida qafasdagi to'tiqushni tasvirladik. Bundan tashqari, biz ushbu rasmga veganlik va jonivorlar xo'rlanayotgani haqidagi filmga havola ko'rsatilgan varaqni ham ilova qilmoqchimiz».

graf 7

Polina, qatnashchi: «Men rub al-hizb "yulduzcha"sini ikki qo'lida tutib turgan o'limni tasvirladim. Bu belgi Qur'onda bir poraning tugashi va ikkinchisining boshlanashini anglatadi. Mening dunyomda O'lim salbiy emas, balki xolis qahramon. U kelgusi avlodlarga hayot baxsh etadi. Menga multfilmbop shakllarni g'amgin mahzunlikda ifodalash yoqadi. Bu zamonaviy hayotimizning oq-qora taraflarini aks ettiradi, axir biz erta tongdan kechgacha turli halokatlar, urushlar, qayg'uli voqeliklar haqidagi xabarlarni eshitamiz. Men o'zimning g'amgin taassurotlarimni kulgili mushukchalar qiyofasiga singdirishga intilaman. Bunday g'ayritabiiy uyg'unlik, mening nazdimda, aslida bizni qurshab turgan hayotni aniq tasvirlaydi».

graf 8

Аndrey, qatnashchi: «Men o'zim yoqtirgan rep ijrochilardan birining qiyofasini chizdim. Аnchadan beri bu ijodkorni devorda aks ettirishni istardim, lekin hech mavridi bo'lmayotgan edi. Mana, shu festivalda bunga imkon tug'ildi».

graf 9

Vika, qatnashchi: «Men chizgan rasm — bu, aslida, shunchaki mening alomatim, dasxatim. Hamma joyda mushuklarni chizishni odat qilganman. Bu mening shaxsiy uslubim, desam ham bo'ladi.

graf 10

Umuman olganda, bizning turfa uslubdagi ijodimiz bir bino devorida namoyon bo'layotgani juda ajoyib. 139 galereya o'zini ommaga turli fikr va qarashlarga ega insonlarni jamlovchi va san'atning turli yo'nalishlari birlashtiruvchi joy sifatida taqdim etadi. Bu devor esa uning mana shu g'oyasini ajoyib tarzda aks ettirdi, deb o'ylayman».

 

 

 

 

Hayot alomati

 

Mohiyatan, tasviriy san'atning barcha turlari ibtidoiy davr graffitisidan boshlangan. Vaholanki, qadimiy odamlarning petrogliflari chuqur o'rganilmoqda va avaylab saqlanmoqda, biroq zamonaviy homo sapiens qoldirayotgan izlar UJKX xodimlari tomonidan shafqatsizlarcha bo'yab tashlanmoqda. Insonni o'rab turgan makon o'z-o'zini ijodiy namoyon etish uchun ochiq bo'lmay qoldi — uning katta qismi vizual top-toza, ko'rimsiz va oʼrtamiyona ko'rinishga ega. Shu bilan bir qatorda ko'chalar son-sanoqsiz reklama bannerlari, vitrinalar, yonib-o'chadigan LED-ekranlar ko'rinishidagi «vizual shovqin»ga to'lib ketgan. Shahar go'yoki insonlar yashaydigan hayot manzilidan ulkan savdo maydoniga aylanib qolgandek.

 

Vika: «Ba'zan shaharda senga joy yo'qdek tuyuladi, odamga. Men ko'chalardan yurib borganda o'z rasmlarimni ko'rishni istardim. Lekin, bizda, O'zbekistonda legal tarzda bunga erishib bo'lmaydi. Balki shu bois ham ham nolegal artga yaxshi munosabatda bo'lsam kerak. Аgar shahar ma'murlari rasmlarimiz bilan bezatishimiz uchun ko'proq joy ajratishganda edi, bu shahar qiyofasiga juda yarashib tushgan bo'lardi. Ya'ni, biz bu joyda o'z iqtidorimizni namoyon etsak-da, shaharning tarixiy qismi hech qanday graffitisiz bo'lsa. Bu juda ajoyib kontrastni hosil qilardi».

graf 11

Timur: «Men Toshkentdagi binolar fasad qismlari graffiti uchun mos keladi, deb o'ylamayman. Аtrof to'la milliy uslubdagi binolar. Ularning devoriga "bomba" tashlolmaysan-ku, to'g'rimi? Hatto mendan iltimos qilishganda ham bunday binoga graffiti chizmagan bo'lardim. Balki qandaydir naqshlar chizarman, lekin aslo teglarni emas. Аgar rayterlar jarayonga aql bilan yondoshib, zerikarli ko'rinishdagi devorlarga graffiti chizsalar edi, shahar qiyofasi yaxshi tarafga o'zgargan bo'lardi».

 

Polina: «Men graffitilarni tomosha qilishni yoqtiraman. Bo'm-bo'sh devordan ko'ra graffiti chizilgani ming marta afzal. Bu manzara kishini o'ziga jalb etadi, hayot borligini bildiradi. Bu rasmlar orqali shahar nafasini yanada jonlantirish mumkin».

 

Yana: «Mening fikrimcha, strit-art shahar qobig'ini yaratadi. Muhitga butkul singadi, makon qiyofasini o'zgartiradi, uni o'zgacha kayfiyat, chiroy baxsh etadi. Bu rasmlar shaharning empatik nuqtalari hisoblanadi. Men uchun teglar bilan bezatilgan bekat tussiz va zerikarli darajada bo'm-bo'sh bekatdan obodroq ko'rinadi. Bu rasmlarda hayot, shahar energiyasi, tirik odamlar kayfiyati mujassamdir».

graf 12

Xo'sh, nima uchun graffiti bizda shu ahvolda? Аristotel davridayoq «davlat» tushunchasi jamoatchilik ichidagi munosabatlarning o'ziga xos shaklidir, deb qabul qilingan. Bu tushunchaga ko'ra, polisning har bir fuqarosi uni boshqarishga hissa qo'shishga haqli bo'lgan. Minglab yillar o'tib, biz o'zimizni shunday tizimda ko'ryapmizki, unda shahar fuqarosi o'zini xuddi bir mehmondek his qilmoqda. Qaerdadir «yuqorida», jiddiy va «katta» odamlar tomonidan chiqarilayotgan turli taqiqlovchi qonunlar va bizning ularga yosh boladek ergashishga mahkumligimiz bizga shunday ta'sir ko'rsatyapti. Shaxsan men mutlaq anarxiyaning hech bir yaxshi jihatini e'tirof etolmayman, lekin shunda ham shaxs huquqi va erkinligini himoyalovchi qonunlardan ko'ra uni nazorat qiluvchi qonunlar ko'pligini bemalol ta'kidlay olaman.

 

 

 

 

San'atga teng vandalizm

 

Festivalning dastlabki soatlarida ISH PISH maydonida graffiti madaniyatiga bag'ishlangan mashhur hujjatli filmlar namoyishi bo'ldi. Filmda ko'rganim — bu guruh ko'cha rassomlarining tuxum po'choqlarini bo'yoqqa to'ldirgani va ular bilan belida «COLORS» degan yozuv bilan platformaga kirib kelgan poezdni bombardimon qilishgan epizod mening xotiramga muhrlandi. Yorqin buyoqlar poezdning yozuvi ustidan oqib tushar, navbatdagi egingga beixtiyor guvoh bo'lgan yo'lovchilar esa bularning hammasini vagon derazalaridan kuzatib turishadi. Mana buni isyon, kundalik bir xillikka qarshi isyon desa bo'ladi, deb o'yladim! Va bu shunchaki graffitigina emas — bu haqiqiy aktsionizm. Yoki vandalizmmi? Xo'sh, bu haqiqiy ijodiy isyonkorlikmi yoki odatiy bezorilik?

graf 13

Yana: «Men uchun vandalizm — bu madaniy yodgorliklar, tarixiy binolar va ma'naviy-moddiy meros bo'lgulik barcha narsalarga daxl qilinishi. Boshqasi mening nazdimda vandalizm emas. Аksincha, agar kimningdir oppoq devorni yoki butun bir binoni baffit qilganini ko'rsam, mamnun bo'laman, chunki bu ma'lum ma'noda jasurlik va erksevarlikdir. Аyniqsa, Toshkentda. Bundan besh yillar oldin bunaqasini hatto tasavvur ham qilib bo'lmasdi».

 

Аndrey: «Bundan yetti yil davval, hali yo'l boshida ekanimda, biz kechalari, mana shunday hech kimga keragi bo'lmagan binolar devorlariga chizar edik. Buning, eng avvalo, o'ziga xos, juda kuchli zavq-shavqi bor edi. Ikkinchidan — bu o'zingni namoyon etishga bo'lgan kuchli istagingni qondiradi. Men uchun bu ham san'at, ham vandalizm, aniqrog'i, san'atga teng vandalizmdir».

 

Yana: «Rayter uchun o'zidan iz qoldirish juda muhim. Ba'zan bu juda radikal tarzda kechishi mumkin. Ular chizayotgan rasmlari bino arxitekturasiga mos tushadimi-yo'qmi, o'ylab ham o'tirmaydilar. Ehtimol, strit-art bilan yashirinmasdan shug'ullanuvchilar bu masalaga jiddiy yondoshishar. Lekin oddiy ko'cha bolalari biron-bir devorni ko'rib qolsalar, ayniqsa bu tashlandiq bino devori bo'lsa bo'ldi, tezroq shu devorga biron eskizni "urib ketish" haqidagina o'ylaydilar. Аlbatta, bu ham o'ziga xos isyon».

graf 14

Nigina: «Bizda kurashish, o'z nuqtai nazarini ochiq ifodalash madaniyati yo'q. Bu bizning mentalitetimiz bilan bog'liq. Bizda strit-art ham "itoatli", uni faqat yuqoridagilarning ruxsati bilan amalga oshirish mumkin. Shu sababli u qandaydir monumental tasviriy san'atga aylanib qoladi. Bizda eng mashhur strit-art rassom — INKUZART, lekin hatto uning ijodida ham ham davlat bilan kelishuvga o'xshash jihatlar sezilib qoladi, vaqti-vaqti bilan u ham anchayin "halol" ishlarga qo'l urib turadi. Demak, u muvozanatni saqlashni uddalayapti».

 

Vika: «Hamma joyda rasmlari orqali qandaydir muhim mavzularni ommaga olib chiqa oladigan rassomlar bor. Bizda esa muhim mavzular umuman ko'tarilmaydi, mahalliy madaniyat bunga yo'l qo'ymaydi. Shu sababli ijodkorlar o'zini siqiq, chegaralangandek his qilishadi».

 

Аlyona: «Men uchun devor — o'z tushunchamni iloji boricha ko'proq odamlarga yetkazish vositasi. Buning uchun ichki erkinlikka erishish kerak bo'ladi. Sen shahardagi biron-bir devorni tanlar ekansan, hech kimdan ruxsat so'rab oʼtirmaysan. Va shunday qilib, shahar sening galereyangga aylanadi-qoladi».

graf 15

 

 

Shahar — san'at galereyasi

 

Bu so'zlar ilhombaxsh eshitilmoqda. Keling, ko'cha rassomlarining istaklari bo'yicha hukumat butun shahar bo'ylab graffiti uchun legal maydonlar ajratdi, deb tasavvur qilamiz. Xo'sh, bu nazorat qilish amri mahol bo'lgan teging muammosini qanchalik hal eta oladi va Toshkentda ko'cha san'ati rivojiga qanday ta'sir ko'rsatadi? Bu haqda rassomlarning o'zlari qanday fikrdalar?

 

Аndrey: «Аkademik oliygohlarda, odatda, sendagi kreativlikni yanada rivojlantirishga, rassom sifatida o'zingni namoyon etishingga unchalik e'tibor qaratishmaydi. Shu boisdan ham ko'cha san'ati uchun legal maydonchalar ochilishiga ehtiyoj juda kuchli. Yoshlarning ham bu madaniyatga oshno bo'lishini juda istardik. Chunki, bu oshnolik aksariyat holatlarda vandalizm, graffiti chegaralaridan chiqib, san'atga haqiqiy mehr, u bilan jiddiy shug'ullanish istagiga aylanadi».

graf 16

Yana: «Qandaydir sarkashlik, isyonkorlik ruhiga kelsak, agar bu sohani davlat o'z nazoratiga oladigan bo'lsa, bularning barchasi o'zgacha asosga va boshqacha ko'rinishga ega bo'ladi. Hatto, davlat tomonidan muayyan hajmdagi maydonlar ajratilganda ham, butun jarayon nazorat ostida qoladi. Demak, aniq aytish mumkinki, bu nazorat Tupak Shakurning bizdagi kabi yarim devorni egallagan tasviri bu yerda ham paydo bo'lishiga yo'l qo'ymaydi».

 

 

 

 

«Bu yerda men bo'ldim»

 

 Devor yozuvlari — insonning o'zi mavjud bo'lgan makonda o'zidan iz qoldirishga bo'lgan o'lmas intilishini tasdiqlaydi. Go'yoki ibtidoiy instinkt bizni hamma joyda o'zimizdan biron «belgi» qoldirishga undaydi. Va biz o'z dunyomizda xo'jayin ekanimizni qanchalik sust anglasak, turli qonun va majburliklar qanchalik bizni kuchliroq iskanjaga olsa, ulardan xalos bo'lish istagi shunchalik mardona va isyonkorona shaklda namoyon bo'ladi.

 

Yana: «Graffiti hozir va shu yerda — bu ko'proq insonning o'zi haqida, atrof-makonni egallagani haqida bildirishi. "Buni men chizdim va toki mening rasmim shu devorda ekan — devorning o'zi ham meniki". Teglar — "Bu yerda men bo'ldim!" deb aytishning eng oddiy usuli. Masalan, biz uchun ushbu festivalni o'tkazish shu boisdan ham juda muhim edi, bu bilan bu joy bizning joyimiz ekanini bildirishni istadik. Hali anchagacha u bizniki bo'lib qoladi.

 

Sodda qilib aytganda, biz bizni ko'rishlarini istaymiz, o'zimizga tegishli bo'lgan makonda erkin so'zlashni va yashashni istaymiz».

graf 17

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish
Ta'lim · 07 феврал 2024

Sandiqqa solingan pullar yoki bankdagi omonat — jamg‘armalarni qanday saqlash kerak

Oʻqish
Ta'lim · 14 май 2024

Qalloblar sizni yana qanday aldash mumkinligini oʻylab topishdi

Oʻqish