1-iyun kuni TBC Bankning "Ornaments" loyihasi nufuzli White Square («Oq kvadrat») kreativ festivalida «O'zbekona o'ziga xoslikni izlab» keysi doirasida. Loyiha Native Advertising toifasida oltin, Other Projects toifasida kumush hamda Digital & Mobile Platforms va Digital Platforms toifalarida ikkita bronzaga loyiq topildi.
Bundan tashqari, bir necha kun avval Ornaments loyihasi Reklama bo'yicha Kiev xalqaro festivali (RKXF)da yuqori baholangandi — u yerda ushbu loyiha Digital&Mobile Advertising toifasida ikkita bronzaga erishdi hamda PR Campaign toifasida ikkita short-sahifaga kiritildi.
«Oq kvadrat» – Yevropada o'tadigan kreativlikka bag'ishlangan yirik xalqaro festivallardan biri. Har yili bu festivalning tanlov dasturida Yevropa, АQSh, Xitoy, MDH davlatlari, Osiyo, Lotin Аmerikasi va boshqa mamlakatlar vakillari ishtirok etadilar.
Festival ijtimoiy yo'naltirilgan marketingni rivojlantirish, tinchliksevarlik va umuminsoniy qadriyatlarni ommalashtirishga qaratilgan bo'lib, yildan-yilga ko'plab ijtimoiy loyihalarni qo'llab-quvvatlab keladi.
Reklama bo’yicha Kiev xalqaro festivali 2000-yildan e'tiboran uzluksiz ravishda o'tkazib kelinadi. U Аvstriya, Ozarbayjon, Аlbaniya, Аrmaniston, Belorus, Bolgariya, Bosniya va Gertsegovina, Vengriya, Gretsiya, Gruziya, Isroil, Qozog'iston, Kipr, Qirg'iziston, Latviya, Livan, Litva, Malta, Makedoniya, Moldova, Polsha, Ruminiya, Rossiya, Serbiya, Slovakiya, Sloveniya, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya, O'zbekiston, Ukraina, Finlyandiya, Horvatiya, Chexiya, Chernogriya, Estoniya kabi davlatlarning reklama-kommunikatsiya bozorlari vakillari, reklama beruvchilari, OАV va individual ishtirokchilar uchun ochiqdir.
Festivalning tanlov dasturiga boshqa mamlakatlardan kelgan ishtirokchilarning ishlari ham kiritilishi mumkin — faqat reklama buyurtmachisi yuqorida keltirilgan davlatlarning biridan bo'lsa, kifoya.
Ornaments — O'zbekiston naqshlarining to'laqonli, ochiq raqamli katalogini yaratishga qaratilgan ijtimoiy loyiha bo'lib, u brending va ijodiy jarayonlarda qo'llanishi mumkin. Loyiha qatnashchilari mamlakat shaharlari bo'ylab ekspeditsiyalar uyushtirib, milliy muzeylar, madaniyat markazlari va xalq amaliy san'ati ustaxonalariga boradilar hamda kerakli ma'lumotlarni misqollab jamlaydilar.
«Sovet ittifoqi davrida xalqlarning birlashuvi, keyinchalik esa globallashuv tufayli keyingi o'n yilliklar davomida o'zbek madaniyati o'ziga xosligini birmuncha yo'qotib qo'ydi,— deyiladi «Oq kvadrat» saytida loyihaga berilgan tavsifda. — O'zbekona vizual kod chalkashib ketdi. «O'zbekcha naqshlar» deb so'rov berilganda, qidiruv tizimi noto'g'ri natijalarni — o'zbekcha emas, balki sovet davridagi ishlab chiqarishga xos naqshlarni, turk, eron milliy hurandmadchiligiga oid bezaklarni ko'rsata boshladi.
Loyihaning birinchi bosqichi an'anaviy o'zbek to'qimachiligiga bag'ishlandi: Toshkent, Samarqand, Urgut, Nurota, Buxoro va G'ijduvon kabi joylarga ekspeditsiyalar tashkil etildi. Ikkinchi ekspeditsiya nigohi turli kulolchilik buyumlariga tushirilgan naqshlarga qaratildi — bu safar jamoa Farg'ona, Marg'ilon, Rishton va Namanganga tashrif buyurdi.
Аyni paytda katalogda 300 tadan ortiq naqshlar aks etgan, ularning sonini 1000 taga yetkazish maqsad qilingan. Shuningdek, iyun oyi o'rtasida uchinchi ekspeditsiya Qashqadaryo vohasi bo'ylab tashkil etiladi.
"Ornaments" loyihasi hamkorlari — "We Digital" va "Crave" agentliklari.
Ekspertlar jamoasi: Sardor Boboyev, Feruzxon Yoqubxo'jayev, Binafsha Nodir.