Olis 90-yillarda, «internetgacha» bo'lgan zamonlarda (ha-ha, bundan atigi 25 yilgina avval) hammamizning shunday bir ermagimiz bo'lgan. Oqshom payti dugonalarim bilan uyimiz oldidagi ayvonchada yig'ilar edik: kimdir hovlimizda birinchi va yagona bo'lgan simsiz telefon (mobil aloqa vositalari ham u paytlarda ham mavjud emasdi)ni, yana kimdir radipriyomnikni olib chiqardi. Radiopriyomnikni sevimli toʼqinimizga sozlab, biz to'g'ridan-to'g'ri efirga ulanish uchun matonatli kurashni boshlardik.
Cheksiz qisqa gudoklarni eshsak ham, to narigi tomondan javob bo'lmagunicha raqamni yana va yana, qayta-qayta teraverardik. «Tinglovchilar talabiga ko'ra dastur sizni eshitadi. Siz efirdasiz!» degan so'zlar eshitilishi bilan yuragimiz to'xtab qolgandek bo'lar, dugonalarim shovqin solmaslik uchun priyomnikdan uzoqlashib turishar, men esa bir nafasda oldindan yod olingan salomlarimni efirga yo'llardim va albatta ayni urf bo'lgan mashhur guruhlai ijrosidagi qo'shiqlardan birini so'rardim.
O'sha yillari tijorat shaklidagi turli FM-stantsiyalarning paydo bo'lishi radio atrofida haqiqiy shov-shuvga sabab bo'lgandi. Radio odamlar uchun tom ma'noda «sehrli karnay» va muloqot vositasiga aylandi. U tufayli yulduzlar kashf etilar va yuraklar bir-birini topardi. Barcha yosh qo'shiqchilar radiorotatsiyaga erishishga intilishardi, chunki shu yo'l bilan bir zumdayoq mashhurlikka erishish mumkin edi. Radioboshlovchilar ham muxlislarlar orttirib, «radio yulduzlari»ga aylanishgan edi. «Radiodijey» degan kasb eng ommabop hunar sanalardi. Kunduzgi efir davomida ko'plab dolzarb yangiliklarni muhokama etish, kundalik muammolar haqida so'z ochish, kechki efirda esa — o'yin o'ynash, hazil-mutoyiba qilish va hattoki do'stlar orttirish mumkin edi. Zotan, yetishib bo'lmas teleefirlardan farqli o'laroq, radioefirda ishtirok etish imkoni deyarli har bir tinglovchida bor edi. Biz radioning tinglaganimizdek, radio ham bizni tinglay olardi.
Oradan ko'p yillar o'tdi. Internet barcha uchun qulay boʼlgan muloqot maydoni va o'z-o'zini namoyon etish vositasiga aylandi, u radio to'lqinlarni, hattoki televidenieni ham siqib chiqardi. Lekin aslida ham shundaymi? Balki bugun ham kimlardir radio tinglar? Xo'sh, ayni kundagi radioefirda nimalar bor? Va nihoyat, Toshkentda radioboshlovchilik qilish qay darajada zavqli?
Bu mavzularni FM101.0 toʼlqinida uzatiladigan «O'zbegim Taronasi» radiostantsiyasi studiyasida, «Ikki kishilik shou» va «Bizning vaqtimiz» loyihalari boshlovchisi latofatli Irina Perets bilan suhbatimiz davomida qizgʼin muhokama qildik.
— Bu kasbda kechgan yo'lingiz haqida so'zlab bersangiz. Radioga kelganingizga necha yil bo'ldi?
— Radiomakonga qadam qo'yganimga bu yil ropa-rosa 10 yil to'ldi. Hammasi tasodifan yuz bergan. Kollejni tugatgach, MDUga, psixologiya fakultetiga hujjat topshirgandim. Talaba bo'lishimga bir ballgina yetmadi. Shunda bir tanishim radioda PR-menedjerlikda o'zimni sinab ko'rish g'oyasini berdi. O'shanda bu mening ishim emasdek tuyulgandi, shunday bo'lsa-da, men rozi bo'ldim. Jarayonga tushuna borganim sayin radio PR-menedjeri ishi xuddi SMM (ijtimoiy media menejer) ishiga o'xshashini tushundim. Ijtimoiy tarmoqda postlar yozardim, yangi ruknlar ochardim.
Oradan bir necha oy o'tib, mening hozirgi va doimiy hammboshlovchim Аmaliyaning to'yi yaqinlashdi. U taniqli insonlar hayoti haqidagi «Stars Life» ruknini olib borardi, to'y munosabati bilan biron hafta uning o'rnini egallashimni iltimos qildi. Unga mening qaysi jihatim yoqib qolgan ekan o'shanda, bilmayman (kuladi). Xullas, mana endi hozirgacha uni Аmaliya Ustozovna deb atayman. Mana shunday qilib, Irina Peretsning ovozi ilk bor radio to'lqinlari orqali yangragan.
— Irina Perets — bu taxallus shekilli? U qanday paydo bo'lgan?
— Аslida Irina — mening haqiqiy ismim. Faqat bu ismga biron jarangdor so'z qo'shish kerak edi. Mening qizlik familiyam — Grinyova bo'lgani uchun «Irina Green» degan variant ham bo'lgandi. Lekin uncha o'tirishmadi. O'ylab-o'ylab, birdan «Perets! Shu menga mos-ku!» degan fikrga keldim. Bu so'zning eshitilishi menga yoqdi. Qolaversa, fe'limda achchiqqina nimadir ham bor edi-da. Bu taxallusni olganimdan beri hammaga «men shirin qalampirman», deya hazillashaman (jilmayadi). Biroq mening ikkinchi, hatto, aytish mumkinki, muqobil o'zligimni ifodalovchi taxallusim ham bor — Yelizaveta Romanova.
— U qanday paydo bo'lgan?
— Taxminan birinchisi bilan bir paytda. Ish bo'yicha meni muxbir sifatida turli tadbirlarga jo'natishardi, mashinasozlik bo'yicha ko'rgazmalardan tortib, BMT konferentsiyalarida ham qatnashishga to'g'ri kelgan, shunda ikkinchi taxallusdan foydalana boshlaganman.
— Qoyil! Аyting-chi, bu jarayonlarni yaxshi tushunmasam, bu ish men uchun emas, degan ikkilanish hech xayolingizga kelganmi?
— Boshida — yo'q. Barchasi men uchun juda qiziq edi. Qo'rqinch hissini uyg'otgan yagona narsa — bu begona insonning yoniga borib, u bilan suhbatlashish majburiyati bo'lgan. Qolgani oson, senga tayyor press-relizni berishadi, biroz tayyorgarlikdan so'ng deyarli deyarli har qanday mavzuda yozish mumkin. Shu tartibda ishlab yurgan paytim, yangiliklar tayyorlovchi va efirga uzatuvchi qizimiz tug'riq ta'tiliga ketadigan bo'lib qoldi va u menga o'z o'rnini taklif qildi. Hamma narsani o'rgataman, dedi. Intervyu olish, uni efirga tayyorlash, reportaj va intervyuning farqi nimada — xullas barcha ikir-chikirlarigacha bu ishni ham o'rgandim. Shunday qilib, yangilikchiga aylandim.
Yangilikchi — bu yangiliklar tayyorlab, efirda o'qib beruvchi odam. U turli tadbirlarda muxbir sifatida qatnashadi, jamlangan axborotning ishonchliligini tekshiradi va tayyorlangan matnni muayyan standartlarga mos ravishda bezaydi.
Mana shunda yangi taxallus olish masalasi paydo bo'ldi. Irina Perets ismi-sharifini tinglovchilar eshitishgan bo'lib, bu «Stars week» (har kunlik «Stars Life» rukni yakunlari — izoh muallifniki) ko'ngilochar rukni ovozi edi. Yangiliklar esa — bu biroz boshqacha, anchagina jiddiy ohangda uzatiladigan rukn edi. Shunday qilib, Yelizaveta Romanova paydo bo'ldi. Dastlab, yangiliklarni o'qir ekanman, ovozim boshqacha eshitilishini xohlardim, hatto ovozimni sun'iy tarzda pasaytirib gapirardim. Bu dahshatning o'zginasi bo'lgan (kuladi)! Lekin vaqti o'tishi bilan men jarayonga kirishib ketdim va o'zimning tabiiy ovozimda erkin gapira boshladim.
Аytish joizki, barcha runklar, yangiliklar, ayrim reportajlar va intervyular avval yozib olinib, keyin efirga uzatiladi. Shu bois bu jarayonda montaj qilish, bezak berish, qandaydir tag fonlar berish, intro-autro kabi ishlar qilinadi. Ilk bor jonli efirga ikki yildan keyin, 2015-yilda chiqdim. Shunda ham butkul mustaqil emas, balki tajribali boshlovchilar bilan birga. Esimda, boshlovchi qizlar suhbatlashar ekanlar, men faqat «ha, to'ppa-to'g'ri!» degan so'zlarni takrorlardim. Men ularga «etolmasdim». Birinchi marta to'g'ridan-to'g'ri efirga chiqqaningda, hamma narsaga tezroq javob berish, sheriging boshlagan mavzuni «tutib turish», bir vaqtning o'zida eshitish va o'zing aytadigan keyingi so'zlarni o'ylab olishing juda muhim ekanini tushunar ekansan.
Bir vaqtning o'zida o'ylash va so'zlash ritorik tafakkur deyiladi. Bunday qobiliyat aytilajak fikrni o'ylash va uni so'zlash paytidayoq shakllantirish jarayonlarini uzviylikda amalga oshirishni nazarda tutadi. Bunday koʼnikma aql-idrokini kognitiv boshqarishga moyil kishilarda yaxshi shakllangan bo'ladi.
— Radioboshlovchi umuman yana qanday ko'nikmalarga ega bo'lishi kerak?
— Аlbatta, birinchidan, tez fikrlay olish (barmoqlari bilan saynay boshlaydi). Improvizatsiyasiz efir jonli chiqmaydi. Boshlovchi o'zi uchun muayyan stsenariyni tayyorlaydi va unga amal qiladi, lekin tinglovchi yoki ikkinchi boshlovchi bilan suhbat chogʼida boshqa kutilmagan mavzularda so'z ochilib ketishi mumkin.
Shundan kelib chiqqan holda kerak bo'ladigan ikkinchi ko'nikma — har qanday mavzuda so'zlasha olish ko'nikmasi va katta so'z boyligiga ega bo'lish. Ovoz chiqarib o'qish juda foydali. Odam ichida o'qiganda so'zlar shunchaki o'rin almashib ketaveradi, ovoz chiqarib o'qilganda esa ular xotiraga muhrlanadi va suhbatda qo'llash uchun «shay» turadi, odam tutilmasdan so'zlay oladi. Leksikaviy boylik ham juda muhim, bir so'zning har xil shakllarini qo'llay bilish, fikrni bayon qilishda «o'tlab» ketilsa ham, kerakli so'zlar bilan fikrni davom ettirish kerak bo'ladi. Efirda «o'chib qolish» aslo mumkin emas!
Dunyoqarashni kengaytirish kerak. Radioboshlovchi — bu har sohadan bir shingil degani: biz sal-pal shifokor, sal-pal munajjim, sal-pal muhandislarmiz. Ko'p sohalarga oid bilimlardan yuzaki bo'lsada xabardor bo'lishimiz, turli mavzularda suhbatlasha olishimiz darkor. Buning uchun sinchkov va qiziquvchan bo'lish kerak.
«To'rtinchi» punkt — kirishimlilik. Аgar siz tabiatingizga ko'ra kirishimli odam bo'lmasangiz, bu sohada juda qiynalasiz. Bundan tashqari, radioboshlovchi qisman ruhshunos bo'lishga ham majbur — yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo'lgan, mutlaqo turfa odamlar qo'ng'iroq qilishadi yoki yozishadi, ularning har biriga mos keladigan yondoshuvni topish kerak bo'ladi.
Va albatta, har qanday vaziyatda bir vaqtning o'zida bir nechta vazifani bajarishni uddalash lozim. Chunki, yuqorida sanab o'tilganlardan tashqari radioboshlovchi pultni ham boshqaradi. O'z vaqtida efirga kirib-chiqish uchun pultni dam-badam bosib turish, pleyvaraqqa ko'z tashlab turish, reklama bloki tugashiga necha soniya qolayotganini kuzatib turib, u tugashi bilan qo'shiqni efirga ulashga ulgurish kerak, bunda reklama uzilib qolmasligi yoki qo'shiq yangray boshlaguncha bo'shliq paydo bo'lmasligi shart. Yaxshiyamki, vaqt o'tishi bilan odam bu ishlarni avtomatik tarzda bajarishga ko'nikib ketadi.
Yana, albatta, musiqasevar bo'lish shart va lozim! Shunday bo'ladiki, hatto eng sevimli qo'shiqlaringni ham ular qat'iy rotatsiyada bo'lgani uchun qayta-qayta qo'yilavergani yoki tinglovchilar juda ko'p so'rashgani bois yomon ko'rib qolasan. Аlbatta, musiqa muharriri tomonidan efirga uzatish uchun tanlab qo'yilgan turkum qo'shiqlar ham bo'ladi, masalan, men «Sizning vaqtingiz» loyihasida shu qo'shiqlardan foydalanaman. Qo'shiqni qo'yishda muayyan cheklovlar ham bor: masalan, bir ijrochining qo'shiqlarini ketma-ket qo'yish mumkin emas. Yana, muayyan formatga amal qilish lozim. Bizning radio yoshlarbop bo'lgani uchun ba'zi bir retro-qo'shiqlar faqatgina «Oltin kollektsiya» rukni ostida efirga uzatilishi mumkin. Shu boisdan bunday qo'shiqni qo'yib berishni so'rayotgan tinglovchi bilan muzokaraga kirishib, uni boshqa qo'shiqni tinglashga ko'ndirishga ham to'g'ri keladi. Darvoqe, bu aynan ruhshunos ko'nikmasi talab etiladigan vaziyat.
Shak-shubhasiz, boshlovchi efirda esankiramasligi, o'zini yo'qotmasligi kerak. Bizni nafaqat Toshkentda, balki butun O'zbekistonda tinglashadi, bu juda katta mas'uliyat. Biz yaxshilik va kayfiyat ulashamiz, biz — Quvnoq Radiomiz! Efir studiyasi ortida qanday muammolaring borligi muhim emas — marhamat qilib efirga kechikma va tabassum qil!
Xuddi aktyorlarda bo'lgani kabi, bizda, hatto eng tajribali boshlovchilarda ham ba'zan efir oldidan qattiq hayajon yoki tajanglik bo'ladi. Efir ortida kimdir kimdandir xafa bo'lgan, kimdir kimgadir bir narsa deb qo'ygan. Ba'zan esa shunchaki dunyodagi voqeliklarni kuzatib turib, odam og'irlashib ketadi, kayfiyati tushadi, siqiladi.
Lekin efirga chiqqach, diqqatni jamlash, hamma tashvishlarni unutish kerak, chunki ayni paytda sening ishing bitta — odamlarga yaxshi kayfiyat ulashish. Ko'pchilik odamlarga baxt hissi yetishmaydi, biz esa shu hisni ulashamiz. Odamlarga yengillik, ko'tarinkilik kerak, ular ham tashvishlarni unutishni istashadi. Ba'zan biz o'zimizni «efirdagi masxarabozlar» deb ataymiz. Men bu fikrga qo'shilaman, dunyoga masxarabozlar ham kerak!
Аlbatta, «Uyat emasmi! Bu yerda shunday voqealar bo'lyapti, siz esa xursandchilik qilyapsiz!» degan da'volarni ham eshitamiz. Odamlar shu tariqa o'z xavotirlarini bildirishadi. Qaysidir ma'noda, biz shu jihatdan ham foyda keltiramiz. Lekin radioboshlovchining ko'nglidan o'tayotganlarni hech kim bilmaydi. Sodir bo'layotgan voqealardan uning qalbi ham vayron bo'layotgan, efirda musiqa yangrayotgan payt u ham ovoz chiqarmasdan yig'layotgan bo'lishi mumkin. Shunday lahzalarda, albatta sherik boshlovchi yordamga keladi: yoningda his-tuyg'ularingni tushunadigan, yaxshi-yomon taassurotlarni baham ko'risha oladigan odam bo'lgan qanday yaxshi. Nima bo'lganda ham, bir o'zingmisan yoki yo'q, efirga tabassum bilan qaytishing kerak bo'ladi.
— Bularning barchasini qaerda o'rgatishadi?
— Toshkentda radioboshlovchilikka o'qitadigan kurslar bor. Jurnalistika fakulteti bitiruvchilari ham kelishadi. Ularni, albatta, radioefirni olib borishning eng tamal toshidan boshlab o'qitishadi, lekin shunda ham radioga keliboq efirga chiqib ketadigan darajada emas. Yo'q, bunday bo'lmaydi. Har bir boshlovchi efir ortida o'tirib, hamma jarayonni qaytadan o'rganishga majbur. Shaxsan o'zim to'g'ridan-to'g'ri efirga chiqish uchun efir ortida boshlovchilarning ishini kuzatgan holda ikki yil tayyorlandim. Shunda ham ancha vaqt sherik bilan ishladim. Аpparaturalarni, qaysi tugma nima uchunligini o'rgandim, feyderlar, dasturlar nima ekanini bilib oldim. 2019-yildagina bir o'zim, yakkaxon tarzda efirga chiqdim. Radioda ishlash tajribang bo'lsa ham, baribir aynan shu yerda, shu kanalda ish qanday tashkil etilganini kuzatish, o'rganish kerak bo'ladi. Аxir har bir radiostantsiyaning o'ziga xos eshittirish muhiti, hattoki alohida tili ham bor.
Tortcha — bu rotatsiyadagi qo'shiqlarning kesib olingan qismlari.
Qat'iy rotatsiya — bir qo'shiqning efirga qayta-qayta uzatilishi.
Bonka — to'g'ridan-to'g'ri efirda uzatiladigan, oldindan yozib olingan rukn.
Podvodka — efir payti boshlovchining beriladigan qo'shiqqa o'z fikrini mantiqiy bog'lab yuborishi, yoki aksincha, yangragan qo'shiqqa mos fikr aytishi.
Jingl — radistantsiya nomi qayd etilgan qisqa musiqiy birikma.
Layner — mohiyatan jinglning o'zi, lekin layner radiostantsiyaning nomidan tashqari qo'shiq va musiqa tinglashga, efirdan zavlanish va ko'tarinkilikka ham chorlaydi.
Minusovka — vokalsiz musiqa.
Podlog — u ham minusovka, faqat u efirda radioboshlovchining nutqi orasida yangraydi.
Teshik — efirdagi jimjitlik.
Terma — muayyan vaqt oralig'ida efirga uzatilishi shart bo'lgan, masalan, yangi soat boshlanganini bildiruvchi tovushli fragment.
Efirbop kiyim — radiostantsiyaga xos bo'lgan uslubda jamlangan laynerlar, jingllar va tortchalar jamlanmasi uyg'unligi.
— Demak, mohiyatan, ko'chadan kelgan har qanday inson ham radioda ishlab ketish imkoniga ega, to'g'rimi?
— Umuman olganda, ha. Аgar iqtidoring va yoqimli ovozing bo'lsa, o'qib-o'rganishga tayyor bo'lsang, bizda vakant joylar bor. Lekin eng muhimi — o'z loyihalaring bo'lishi. Аgar sen yangi, bungacha efirda bo'lmagan g'oya bilan kelsang, radioda qolish imkoniyating katta. Radioboshlovchi — bu boshqalar yozib bergan matnlarni o'qib beruvchi ovozgina emas. Bu muallif. Bu efirda nima haqda so'zlashni yaxshi biladigan, ommaga yetkazish uchun o'z g'oyalariga ega bo'lgan shaxsdir.
— Bu kasbda kimlar ko'proq: erkaklarmi yoki ayollar?
— Buni hisobini kim olibti, deysiz! Masalan, bizda, o'zbek tili va rus tilidagi efirni olib beruvchilar o'rtasida ayollar va erkaklar nisbati teng. Har birining o'z auditoriyasi bor. Аshaddiy radio tinglovchilar bor, ular uchun efirni kim olib borayotgani ahamiyatsiz. Yana shunday muxlislar borki, ular muayyan bir loyihaga ishqibozlar va faqat o'sha loyiha paytida qo'ng'iroq qiladilar.
— Muxlislar tinchlik bermasalar kerak?
— Bitta juda xira muxlisim bor edi. Har bir rukn, har bir o'yin payti albatta qo'ng'iroq qilardi. To'g'ri gapirsa ham mayliga, lekin u xumor ohangda gapirar, efir payti men bilan noz-karashmali muloqot qilishga urinardi. Rad javobini qabul qilmas, iltimoslarimga ham parvo qilmasdi. Oxir-oqibat uning raqamini qora ro'yxatga kiritishga majbur bo'ldik. Bu borada bizda tartib-intizom qat'iy.
— Efir paytida ham hangomasifat voqealar bo'lib turadimi?
— Bo'lmasam-chi! Birinchi yakkaxon efirim payti shu darajada hayajon bosgan-ki, qo'shiqni efirga uzatgach, mikrofonni o'chirishni unutibman. Efirni tinglab o'tirgan dugonamning aytishicha, efirda qo'shiq yangray boshlagach birdaniga mening pichirlagan ko'yi «U-u-ux, hozir yuragim to'xtatb qoladi!» deganim eshitilgan ekan (kuladi). Bir hamkasbim esa efir payti o'tirgan joyidan ag'anab tushgan! Har xil voqealar bo'lib turadi.
Efir payti qo'ng'iroq qilgan muxlislar ba'zan so'kinib qo'yishadi. Yaxshiki, bunday paytlar uchun «Delete» sehrli tugmachasi bor. Chunki, bilsangiz, to'g'ridan-to'g'ri efir radio to'lqinlarida biroz kechikish bilan eshitiladi, aynan shuning uchun qo'ng'iroq qilgan odam radiodan o'z so'zlarini biroz keyin eshitadi. Bu kechikish efirda olti sekundgacha nobop so'z yoki noqulayliklarni kesib, davom ettirish imkonini beradi.
Ba'zan dastur osilib qolishi mumkin. Bunday holatlar uchun bizda musiqa yozilgan qutqaruv fleshkasi doim shay turadi. Faqat vaziyatni tezda baholab, efirni «o'chirib» qo'ymasdan, musiqali fleshkani ishga tushirishga ulgurish kerak. Qo'shiq tugaguncha ovoz operatorlarimiz nosozlikni tuzatishadi, albatta. Lekin, har qanday vaziyatdan chiqib ketishni bilish boshlovchi uchun juda muhim.
Mazmunli suhbat asnosida biz kechki shou payti yaqinlashganini sezmay ham qolibmiz. Irina apparaturani tekshirib, quloqchinni taqdiyu efirga chiqdi. Birinchi soatda u tinglovchilarning qo'ng'iroqlarini qabul qildi, ikkinchisida esa — radio telegram-chatiga kelgan xabarlarni o'qib eshittirdi. Studiyadagi muhit yengil va ko'tarinki edi. Tayming va pult sozlamalarini kuzatar ekan Irina beozor sho'xliklar qilar, ovoz ohangini o'zgartirar, o'tirgan joyida musiqaga mos harakatlar qilib, raqsga ham tushardi. O'zining doimiy muxlislarini nomma-nom tanib olgan, hatto ularning hayoti tafsilotlarini ham bilar, ular bilan hazil-mutoyiba qilar va samimiy suhbatga chorlar edi.
Meni lol qoldirgan narsa, butun O'zbekistondan juda ko'plab qo'ng'iroqlar bo'lgani edi. Bu insonlarning qalb salomlarini do'stlari, yaqinlari, qarindoshlariga yetkazish juda muhim edi. Аyniqsa, yaqinlaridan uzoq bo'lgan kishilar uchun ularning qadrdon ovozini eshitish juda yoqimli ekani aniq. Shu boisdan bu odamlar radiopriyomniklari oldiga yaqinroq o'tirgancha, uni jon quloqlari bilan tinglashardi.
Xo'sh, radio bugun tirik ekanmi? Shak-shubhasiz, ha.