24 апрел 2023

Improvizatsiya — ayni damda mavjud bo'lish san'ati

Yil boshida, Yangi yil bayrami kunlarida   «Boshqa odamlar» aktyorlik improvizatsiyasi kursi chiqishlaridan birini tomosha qilish baxtiga muyassar bo'ldim. U Toshkentdagi Yunon madaniyati markazi sahnasida bo'lib o'tdi va hamma uchun mutlaqo bepul edi. Men uchun o'sha kecha yoqimli kashfiyotlar va iliq xotiralar oqshomiga aylandi. Bu yerda sodir bo'lgan hamma narsa muqarrar ravishda meni 2004-yilga, men o'qigan rejissyorlik ustaxonasi va aktyorlik kurslarining birinchi yiliga qaytardi.

 

O'shanda o'n yetti yoshli ko'zlari yonib turgan juda jiddiy qiz edim va men uchun eng muhimi uyalib qolmaslik bo'lgandi. Bo'sh kelmaslik, xato qilmaslik, hech qanday holatda baland kursdagilardan biron narsadan kam ekanligimni sezib qolmaslik muhimdek tuyulardi. Bilasizmi? Men qisinib qimtina boshladim, qo'rqoqlik qilardim va xato ketidan xatoga yo'l ko'yardim. Menimcha, o'shanda hammasiga tupurib, shunchaki rolimni o'ynay boshlaganimda bundan anchagina kamroq xatolar qilgan bo'lardim.

 

O'yin o'ynash — inson uchun eng birinchi va eng tabiiy o'rganish mexanizmidir. Bolalikda o'ynab,biz dunyoni anglay boshlaymiz va unda muloqot qilishni o'rganamiz. Kap-katta amakilar va xolalar projektor yog'dusida hazil-huzul bilan sho'xlik qilayotganlarini ko'rib, birdan o'sha bolalarcha zavq, samimiylik va hech narsani o'ylamasdan o'yinga berilib ketish kabi tuyg'ularni anchadan beri boshdan kechirmaganingizni anglab yetasiz. Aytishlaricha, aktyorlar voyaga yetishni istamaydigan bolalardir. Shunaqa bo'lsa ham kerak. Lekin, bu — aktyor bo'lmaganimiz uchun biz o'yin o'ynash qobiliyatini abadiy yo'qotamiz deganimi? Kap-katta odamga buning nima keragi bor? Aslida improvizatsiya nima?

 

Men shu va shu kabi savollarni aktrisa, aktyorlik improvizatsiyasi kursi muallifi va pedagogi Anastasiya Pryadkina va uning bir nechta shogirdlariga berishga qaror qildim.

 

Anastasiya Pryadkina: “Ko'pchilik insonlar bir-birini eshitishmaydi. Ikki kishi o'tiradi va har biri o'zi haqida gapiradi. Aksariyat odamlar kelajakda nima bo'lishi haqida o'zlari uchun qandaydir tasavvurni yaratib, o'sha bo'lg'usi voqealar bilan yashashga odatlanib qolishgan, vaholanki, kelajak bunday bo'lmasligi ham mumkin. Bu yerda esa hayotning bor zavqini, hamma narsani bolalarcha quvnoqlik bilan qabul qilish hissini tuyasiz. Axir, bolalikda siz ayni dam bilan yashaysiz. Yig'lagingiz kelayaptimi — yig'laysiz, bir daqiqadan keyin og'riyotgan barmog'ingiz og'rig'ini sezmay qolasiz va endi jilmayasiz. Shirinlik yeb ham uning ta'midan maza qilib maroqlanasiz. Agar o'yin o'ynasangiz, unda siz butunlay o'yin ichida bo'lasiz. Bu vaqt oralig'ida ertaga nima qilishni, kecha nima bo'lganini umuman o'ylamaysiz. Aynan mana shu improvizatsiya bo'ladi”.

 

 

Hammasi nimadan boshlandi?

 

Anastasiya: “Men teatrni anchadan beri yoqtiraman. «Ilhom» teatriga haqiqatan ham oshib bo'lganman, jurnalistika fakultetida o'qiyotganimda doim uning spektaklllari haqida yozardim. Ammo turli holatlar tufayli teatr qoshidagi maktab-studiyaning qabullariga kelolmasdim. Bir nechta studiyalarni o'tkazib yubordim, oxiri 25 yildan keyin qabul qilindim. Hozir “Ilhom”da aktrisa bo'lib ishlayman, shuningdek, adabiy qism mudiriman.

 

Bir payt menga havaskorlar uchun aktyorlik kursini o'tkazishni taklif qilishdi, u yerga hamma kelishi mumkin. Haftada uch marta uch soatdan uch oy — sahna nutqi, aktyorlik mahoratidan dars o'tiladi. Odamlarni o'zgartiradigan, ularga kuch bag'ishlaydigan, kimgadir teatrning maktab-studiyasiga kirishga tayyorgarlik ko'rishga, kimdir esa teatr haqidagi ba'zi amalga oshmagan orzularini ro'yobga chiqarishga va o'z komplekslari bilan kurashishni o'rganishga imkon beradigan yaxshi, intensiv kurs.

 

Kurs katta rezonansga ega bo'ldi: bizga stendapchilar, bloggerlar va musiqachilar kelishadi. Bu ham sahna tajribasi, ham jamoada sherik bilan ishlash imkoniyati. Avvaliga ko'pchilik hatto bir-birining ko'zlariga qaray olmaydi. Hatto kichik auditoriya oldida sahnaga chiqishni o'ylab qo'rquvdan titraydi. Bu yerda esa ular bu qo'rquvni yengish imkoniyatiga ega bo'lishadi. Natijada, ular g'alati, ahmoqona, masxarabozcha etyudlar qilishadi va bu anchayin dadil harakat.

 

Taxminan bir yil oldin Toshkentga amerikalik professor Jadson Rayt kelgan edi, u dramaturgiya va improvizatsiya usullarining samaradorligini o'rganadi. U 20 yildan ortiq shu ish bilan shug'ullanadi, o'z ishtiyoqi bilan boshqalarni ham yuqib, ularga quvvat beradi. Shunday qilib, u bizning teatrimizga kelib, aktyorlar uchun improvizatsiya bo'yicha mahorat darslarini o'tkazishni taklif qildi”.

 

 

 

Asosiysi — haqiqiy bo'lish

 

Anastasiya: “Men improvizatsiyaga oshiq bo'lib qoldim! Birinchi darsdanoq men aql bovar qilmaydigan erkinlikni his qildim: siz biron bir narsa qilishingiz mumkin va yetarlicha o'ylanmagan obraz uchun hech kim sizga tanbeh bermaydi, siz sahnada osongina yashashingiz mumkin. Menga bu juda ham yoqdi.

 

Shunday vaqt bo'ladiki, hech narsa qila olmayman, hammasi juda yomon, deb o'ylaysiz, nima deyishni va nima qilishni bilmaysiz. Bizning aktyorlik sozlamamiz borku, agar nimadir ijro qilsangiz, juda yaxshi chiqishi kerak, bor kuchingizni sarflashingiz lozim degan. Bu yerda esa — g'ayrioddiy, shunchaki harakat qilib ko'rishingiz mumkin, hech qanday g'oyasiz sahnaga chiqish va real vaqt rejimida ijod qilish mumkin. Va bu ish beradi. Ustiga ustak, ancha yaxshiroq natija beradi, hammasi erkinroq, organikroq, haqiqiyroq chiqadi. Miyangizni bu yetarlicha yaxshi g'oya emas va qanday qilib boshqalardan ajralib turish mumkin, degan fikr bilan to'sib qo'ymaysiz. Aksincha, asosiysi hissiyot, asosiysi sherik, asosiysi haqiqiy bo'lish ekanligini tushunasiz.

imp 2

O'z-o'zidan bu men uchun teatrdagi mashg'ulotlardan tashqariga chiqdi, improvizatsiya men uchun hayot falsafasiga aylandi. Hech narsaga tayyorgarlik ko'rmaysiz, oldindan hech qanday ssenariy tuzmaysiz, bugungi kun shunchaki shunday ekanligini anglaysiz. Men bunga «ha» deyman va bunda o'zim uchun yaxshi, qiziqarli yo'l izlayman. Umuman olganda, men kamroq xafa bo'la boshladim. Havo sovuq, gaz yo'q va siz shunday deb o'ylaysiz: «Men qanday qilib bunday sharoitda ham ajoyib tarzda yashay olaman? Turmush o'rtog'im bilan uyda kulgili bosh kiyimlarini kiyib, issiq sharob bilan ziyofat uyushtiramizmi?» Hamkasblarim hatto mening sahnadagi holatim ham o'zgarganini payqashdi. Badiiy rahbar, tomoshabin manga nima deyishidan qo'rqishni bas qildim, shunchaki voqelikka sho'ng'ib, yashay boshladim.

 

Jadson ketayotganida shunday dedi: «Improvizatsiya sizda yashashda davom etadimi yoki yo'qmi, bilmayman». Men o'yladimki, u menda aniq yashaydi. Improvizatsiya — mening buyuk muhabbatim! Bundan hech qayerga keta olmasligimni anglaganman, u menda juda qattiq o'rnashib oldi. Men uni baham ko'rishim kerak, men unda mavjud bo'lishim kerak, men uni rivojlantirishim kerak. Shunday qilib, kurs yaratishga qaror qildim («Boshqa odamlar» improvizatsiya kursini — muallifning eslatmasi)”.

 

 

 

Improvizatsiya — bu xavf

 

Anastasiya: “Sahnaga chiqasiz va nima kutishni bilmaysiz. Barcha his-tuyg'ularingiz jumbushga keladi, sherigingizning har bir harakatiga, so'zlariga, ichki kechinmalariga, tabassumiga e'tiborli bo'lasiz. Diqqat qaratish lozim bo'lgan barchasini ilg'aysiz. Juda tetik, to'liq “yoqilgan” holatda bo'lasiz. Tavakkal qilasiz va aql bovar qilmaydigan zavq olasiz”.

 

Ba'zida xavf haqida qaror qabul qilish qanchalik muhim ekaniga o'zim ham amin bo'lmoqdaman. Komfort zonasidan chiqish, odatda, rivojlanish va o'z-o'zini anglashning yagona yo'lidir. Axir biz ko'pincha o'rgangan narsalarimiz ichiga sho'ng'ib ketgan bo'lamiz. Ishda, munosabatlarda, hayotning har qanday sohasida shunday bo'ladi. Bu hudud tekshirilgan va xavfsiz ekanligini bilamiz. Natijada, biz qayta-qayta bir xil xatti-harakatlarga amal qilamiz, bir xil ssenariylar bo'yicha bir xil relslarda yuramiz.

 

Agar o'zimizga bog'liq bo'lmagan yangi sharoitlarda bo'lib qolsak, unda jabrlanuvchi holatiga tushib qolamiz va barchasi bizning foydamizga bo'lmayotganini aytib, shikoyat qilishni boshlaymiz. Ushbu tashvishlarimiz orasida biz kutilmagan yangilik bilan kelgan yangi imkoniyatlarni o'tkazib yuboramiz.

 

Anastasiya: “Bizning eng muhim qoidamiz — hamma narsaga «ha» deyish. Ba'zan «ha, lekin...» bo'ladi. Siz biror narsani o'zgartirishingiz mumkin, lekin avval rozi bo'ling, qabul qiling va bu voqelikdan qanday chiqish haqida o'ylang. Bizda shunday ajoyib mashq borki, unda sizga ma'lum bir personaj, joylashuv va qandaydir muammo taklif etiladi, uni mantiqiy ravishda rivojlantirishingiz va yanada kuchaytirishingiz kerak bo'ladi. Keyingi ishtirokchi esa nima uchun bu ajoyib holat bo'lishi mumkinligini qidirib, o'z yechimini taklif qiladi. Aytmoqchimanki, siz hamma narsadan ijobiy va ajoyib yo'l izlayaysiz”.

 

Improvizatsiya amaliyoti, menimcha, bir kun kelib odatiy qolipni buzishga, ko'p yurib yo'l solingan yo'ldan chetga chiqishga va bundan falokat yuz bermasligiga ishonch hosil qilishga imkon beradi. Bu yerda siz osongina va tabiiy ravishda e'tiboringizni boshqa narsaga ko'chirishni, muammoga boshqa tomondan qarash uchun yangi notabiiy burchaklarni topishni o'rganasiz. Bu mahorat oxir-oqibat sizni deyarli cho'kmaydigan qilib qo'yadi”.

imp 3

 

 

Qisinib qimtinishlar va komplekslar

 

Anastasiya: “Men 16+ yosh chegarasini qo'ydim, boshqa cheklovlar yo'q. Ko'rinib turibdiki, improvizatsiya ko'proq yoshlar uchun qiziqroq — ular asosan yigirma-o'ttiz yoshda, lekin yoshi kattaroq odamlar ham kelishadi. Shunday ayollardan biri sinov darsidan so'ng kelib, kursni tortib ketishiga shubha qilayotganini tan oldi. Unga javoban men unga taklif bildirdim: «Keling, oddiy narsalardan boshlashga harakat qilaylik. Agar biror holatda siz umuman bu yo'nalish sizniki emasligini tushunsangiz, unda biz xayrlashamiz. Lekin, keling, avval harakat qilib ko'raylik».

 

Men odamlar bilan ishlashni yaxshi ko'raman, o'rgatishga nisbatan yumshoq yondoshuvga egaman. Fikrimcha, shunchaki odamlarni yaxshi ko'rib qolish kerak, ularni gullar kabi maqtov bilan «sug'orish» lozim. Shunda ular o'zlarini bo'sh quyadilar, iqtidorlari ochilib, aql bovar qilmaydigan narsalarni ko'rsatishni boshlaydilar.

 

Avvaliga qiyin bo'ldi. Mashg'ulot davomida o'ta katta tanaffuslar bo'lardi, hech kim bir-birini eshitmasdi, bir-biriga ishonishmasdi. Odamlar qisinib kimtinishardi, qayerdadir «qotib qolishardi», ularga yaqinlashib, quchoqlash, tushuntirish kerak edi. Aslida, omadsizliklarimizni hech kim eslab qolmaydi. Ayniqsa, improvizatsiyada. O'xshamagan narsani o'n daqiqadan so'ng hech kim eslamaydi ham, ajoyib tarzda ijro etilgan improvizatsiyani esa uzoq vaqt xotirlab, iqtibos keltirib yurishadi”.

 

 

Yevgeniya, moliyachi va restorator: “Improvizatsiya kursiga odam yig'ilayotgani haqidagi postni ko'rib, ishtiyoqim qo'zidi va sinov darsiga keldim. Bu men uchun o'z-o'zidan kelgan, kutilmagan qaror bo'ldi. Barcha hayotiy tajribalarimga qaramay, menda, boshqalarda bo'lgani kabi, qandaydir qisinib qimtinishlar, komplekslar bor. Ulardan ozod bo'lish masalasi men uchun doim eng qiyini edi. Bolaligimdan sahnada rol ijro etishni orzu qilardim, lekin uyalchanligim, omma oldiga chiqish qo'rquvi menga xalaqit bergan. Bu kurs men o'zimni ocha oladigan joy ekanligini angladim.

 

Sinov darsiga borayotganimda: «Nima bo'lganda ham qirq yoshdaman. Bu men uchun bo'lmasa kerak. Borsamu, u yerda yoshlar ko'p bo'lsa, ularga qo'shilib ketolmayman» degan fikrlar paydo bo'ldi. Ammo keyin qarasam, 18 dan 40 yoshgacha bo'lgan jamoa yig'ilgan va biz hammamiz bir xil to'lqindamiz. Bu yerda yoshingiz yoki ijtimoiy maqomingizdagi farqni his qilmaysiz, shunchaki sheriklar bilan birlashasiz. Shundan so'ng qandaydir durdona narsa tug'ila boshlaydi”.

 

 

Anastasiya: “Men har doim aytaman: «O'zingizga ishoning». Siz juda aqlli, o'qimishlisiz, millionlab turli xil ajoyib g'oyalaringiz bor, lekin siz negadir ularni yetarlicha yaxshi emas deb hisoblab, bloklaysiz. Bu yerda eng muhimi, ishona olishdir. Birinchi darslarda katta yoshdagi ishtirokchilar ba'zida ayrim vazifalarni bajarishga qarshilik ko'rsatishadi. «Bu nima uchun kerak?» deyishadi. Shunchaki buni bajaring, o'zingizni shu holatga kirgiza oling. Undan keyin esa ushbu mashq nimaga qaratilganligi haqida taxmin qilishingiz mumkin bo'ladi. Inson yoki bunga kirisha oladi, yoki darslarimizni tark etadi”.

 

 

Yevgeniya, psixolog: “Birinchi oy muammo menda, qandaydir boshqachaman, nimanidir noto'g'ri qilyapman, deb o'yladim. Doimiy bu shubhalar, shubhalar, shubhalar. Ular dahshatli tarzda meni sindirardi. Keyin ma'lum bo'lishicha, nafaqat menda, balki juda ko'p, hatto juda tajribali insonlarda ham shunday hissiyot paydo bo'lgan ekan. Axir biz mantiqiy, to'g'ri, ijtimoiy ma'qullangan xulq-atvor bilan tarbiyalanganmiz. Jamiyat bizni qabul qilishi uchun biz «qo'llashimiz» kerak bo'lgan muayyan qoliplar, klishelar mavjud. Shuning uchun, ahmoqona, noto'g'ri tarzda ko'rinishdan qo'rqish bor edi. Aynan shu bosqichdan o'tib olish juda qiyin kechdi. Ammo, agarda, nima bo'lganda ham, davom etsangiz, unda qaysidir vaqtda qo'rquvlaringiz sizni qo'yib yuborganini his qilasiz va qilayotgan ishingizdan zavq ola boshlaysiz”.

 

Bu yerda men yana 19 yil oldingi aktyorlik darslariga qaytdim va kechagidek ko'z o'ngimda sinfdoshim Alanni ko'rdim. U 34 yoshli baland bo'yli osetin,  kino rejissyorligiga o'qish uchun shahar ma'muriyatidagi lavozimini tashlab, Sankt-Peterburgga ko'chib o'tgan. Alan otamdan unchalik yosh emas. Men uchun u kostyum kiygan katta yoshli jiddiy amaki. Aynan shu amaki... qurbaqaga taqlid qilib, cho'kkalab, beso'naqay tarzda sakraydi yoki barmoqlarini kuydirib, xayoliy turkada o'ziga qahva qaynatadi. Nima uchun? Chunki bu chaqiruv. Bu kasbni o'zgartirish yoki oila qurish qaroridan kam narsa emas. Bu kulgili va beso'naqay ko'rinishdan qo'rqmasdan, o'zi uchun tanish holatdan chekinishdir. Boshqa insonning tanasida bo'lib, uni tushunish. O'zini hayratda qoldirish.

imp 4

Anastasiya: “Men ularga nimanidir o'rgatmayman, balki ularni yo'naltiraman, ularni ocha oladigan «kalitlar»ni topishga harakat qilaman, ba'zi narsalarni ajratib ko'rsataman, tajribam bilan o'rtoqlashaman, jamoadagi muhitni kuzataman. Men — tashqaridan nazarman. Men doim ta'qiqlaydigan yagona narsa — sheriklarining ko'nglini og'ritish, ularga nisbatan har qanday faol va passiv tajovuz qilish. Yaqinda shogirdlarimdan biri menga shunday dedi: «Siz shunday sog'lom, yaxshi oila yaratdingizki, unda hech kim bir-biriga ruhiy jarohat yetkazmaydi, hech kim o'zini aslicha ko'rsatishdan qo'rqmaydi»”.

 

 

 

Improvizatsiya va psixodrama

 

“Improvizatsiya o'yinlari” ishtirokchilarining sahnada qanday ta'sirchan chiqishlarini, qanday xushchaqchaqlik bilan hazil qilishlarini va qanday xarakterlarni ko'rsatib bera olishlarini kuzatib, men beixtiyor o'ylanib qoldim. Ular haqiqiy hayotda aslida qanday insonlar? Professional aktyorni uzoqdan ko'rish (aniqrog'i, eshitish) mumkin, lekin bular eng oddiy yigit va qizlar, ularning aksariyatini olomon orasidan ajratib ham ololmaysiz. Talabalar, ofis xodimlari yoki ishlab chiqarish ishchilari, yosh ota-onalar, yo'lakdagi qo'shnilaringiz — ularning barchasi bu yerda tom ma'noda ko'z o'ngimizda qahramon-xushtorlar, masxarabozlar, yovuz odamlar va kino yulduzlariga aylanadilar. Axir bu maftunkor! Ehtimol, ushbu “niqoblar”ning barchasini kiyib ko'rish orqali ishtirokchilar kundalik hayotda qulfda saqlaydigan his-tuyg'ularni ozodlikka qo'yib yuborarlar. Bularning barchasi menga “psixodrama”ning psixologik amaliyotini eslatdi.

Psixodrama — bu Yakob Moreno tomonidan yaratilgan psixoterapiya va psixologik maslahat usuli. Bu terapevtik guruhiy jarayon bo'lib, unda dramatik improvizatsiya insonning ichki dunyosini o'rganish, uning ijodiy salohiyatini rivojlantirish va odamlar bilan adekvat xulq-atvor va o'zaro munosabat imkoniyatlarini kengaytirish uchun qo'llaniladi. Bu art-terapiya turlaridan biridir.

imp 5

Psixodrama va sahnadagi improvizatsiya mohiyatiga ko'ra qanchalik bir-biriga yaqin? Men bu savolni psixologik ma'lumotga ega bo'lgan kursning bir nechta ishtirokchilariga berdim.

 

 

Alisher, psixolog va rassom: “Sahnada ishlash o'yin orqali psixologik ishlashdir. O'z tajribamdan aytishim mumkinki, bu amaliyot menda eng samarali psixoterapiya va psixotrening usullariga o'xshash samara berishiga ishonch hosil qildi. Mashg'ulotga uyqusiragan yoki kasal holda, kayfiyatingiz yo'q bo'lib kelasiz. Ammo o'ynashni boshlaysiz va boshqacha obrazga kirish sehri sodir bo'ladi. O'zingizni kerakli to'lqinga maqsadli ravishda sozlashni va kerakli natijaga erishishni o'rganasiz. Yana bu juda qiziqarli ham”.

 

 

Yevgeniya, psixolog: “Men improvizatsiya kursini art-terapiya bilan solishtirishim mumkin. Bu usul miyani butunlay o'chirib qo'ygan holatda o'zingizga, qo'lingizga, hissiyotlaringizga ishonishni o'rganish imkonini beradi. Maqsad — inson o'zini har qanday shaklda ifoda eta olishi, o'z his-tuyg'ulari va fikrlarini qabul qilishi. Kurs davomida o'zimni ifoda eta olishim va har qanday holatda bo'la olishim — to'g'ri, noto'g'ri, mehribon, yovuz, kulgili bo'ishim improvizatsiya amaliyotini umuman terapevtik ekanidan dalolatdir. Ayniqsa, Nastya kursda yaratgan xayrixohlik va boshqalarni qabul qila olish muhitida bu yaqqol ko'rinadi. Haqiqatan ham, ruhiy salomatlik uchun insonning qabul qilinishi juda muhimdir”.

 

 

 

 “Men aktyor bo'lmasamchi?”

 

Anastasiya Pryadkina: “Menga tez-tez savol berishadi: «Agar men professional bo'lmasam va o'z kelajagimni aktyorlik kasbida ko'rmasam, u holda nega men bu kursni o'tashim kerak?» Va men javob beramanki, bu butunlay boshqacha narsa. Bu kurs psixologik to'siqlarni, o'sha soft-skillzlarni olib tashlashga ko'maklashadi”.

 

 

Yevgeniya, moliyachi va restorator: “Men moliyachiman, men uchun hamma narsa aniq, rejalashtirilgan, javonlarga taxma-tax joylashtirilgan bo'lishi kerak. Men perfeksionistman, hamma narsa mukammal bo'lishi kerak deb hisoblayman. Agar to'satdan biror narsa o'xshamasa, men o'zimni ayblay boshlayman, buni qila olmayman, deb o'ylayman. Miyamni va o'zimni haddan tashqari nazorat qilishni bo'shatishga muvaffaq bo'lganimda, bu jarayondan to'liq rohatlanish hissini tuydim.

 

Improvizatsiya amaliyoti xodimlarga, atrof-muhitga, atrofdagi vaziyatlarga munosabatimga ta'sir qildi. Men yanada erkin bo'ldim, vaziyatlarni osonroq va hatto hazil bilan qabul qilishni o'rgandim. Muzokaralarni olib borishim osonlasha boshladi. Siz o'zgarsangiz, atrofingizdagi dunyo ham o'zgaradi. Menga bu juda yoqdi”.

 

 

Yevgeniya, psixolog: “Hozir psixologlar ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilishni, kadrda o'zini tuta olishni bilishlari kerak. Bizning vazifamiz doimo rivojlanish, komplekslar ustida ishlay olish hamda ongimiz va his-tuyg'ularimizni uyg'un holatda ushlab turishga harakat qilishdir. Men o'zimni bo'sh qo'ya olishim kerakligini his qildim. Bu qiziqarli tajriba bo'ladi degan qarorga keldim.

 

O'z-o'zidan paydo bo'ladigan vaziyatni taqlid qilish juda qiyin. Albatta psixolog sifatida o'zim bilan aql, his-tuyg'ular darajasida ishlashim mumkin, lekin tanadagi qisinib qimtinishlar ustida ishlash mutlaqo boshqa narsa. Buni eshiklari yopiq xonada emas, balki ma'lum bir jamoada qilish samaraliroq. Boshqa odamlar bilan birga bo'lganingizda tana o'zini boshqacha tuta boshlaydi. Shuning uchun, ijtimoiy muhitda o'zingizni ozod qilish ancha qiziqarli.

 

Kursdan so'ng men kundalik hayotda odamlar bilan muloqot qilish osonroq bo'lganini, ba'zi muammolar va yoqimsiz voqealar haqida kamroq bezovta bo'la boshlaganimni payqadim. Endi men bularning bari o'yin ekanligini his qilyapman. Huddi bolalikda bo'lgani kabi. Bolalar hamma narsani osonroq boshdan kechiradilarku”.

 

 

Anastasiya Pryadkina: “Odamlar shartli nazariyaga asoslangan qandaydir ma'ruzalar hech kimga kerak emasligini tushuna boshlashayapti, ammo muloqot qilish qobiliyati, sheriklarini eshitish va ko'rish qobiliyati, o'z tanasi va ovozini boshqara olish haqiqatan ham juda foydali. Men hatto tashqi tomondan shogirdlarimning qiziqroq bo'lib qolganini kuzataman: yelkalarini bo'sh tutishadi, ko'zlari porlay boshladi. Ularda o'zini qadrlash hissi paydo bo'lgan. Tom ma'noda ular boshqa insonlarga aylanishgan”.

imp 6

Xulosa qiladigan bo'lsak, improvizatsiya amaliyoti quyidagilarga yordam beradi:

  • tanani “ozod qilish”,
  • ovoz, diksiya ustida ishlash va notiqlik mahoratini oshirish;
  • tasavvur va ijodiy fikrlashni rivojlantirish,
  • hissiy ochiqlik va o'ziga ishonchga ega bo'lish.

 

 

Yevgeniya, psixolog: “Yoshlar kursga o'zini sinab ko'rish, kuchli tomonlarini topish, kimligini, nima ekanligini tushunish uchun kelishadi.

 

O'smirlarning ota-onalari juda yosh yigit-qizlar bo'lgan jamoaga kelish va ular bilan teng ravishda ijod qilishni o'rganish foydali bo'ladi. Bu katta yoshli avloddan asossiz mag'rurlik va qandaydir «bronzalanganlik» hissini olib tashlashga va yoshlar bilan til topa olishga yordam beradi.

 

Shuningdek, kurs butun hayoti mantiqqa bo'ysunadigan intellektual soha xodimlari, ishbilarmonlar uchun ham foydali bo'la oladi. Chunki ba'zida bolalik holatiga qaytish muhimdir. Axir, spontanlik odatda ruhiy salomatlik belgisidir”.

 

 

 

“Muhabbat bilan qilingan narsa yaxshi bajarilgan bo'ladi”

 

Improvizatorlar bilan uchrashib, ularning chiqishlarida qatnashib, har qanday yoshda ham o'zingizni yangidan kashf qilishga kech emanligiga amin bo'ldim. Shuningdek, Toshkentda har doim madaniy va foydali tarzda dam olish yo'lini topish mumkinligini ham bildim. Axir, agar hayot odatiy bir ssenariyga aylanib qolgan bo'lsa, bu bizning issiqqina kichkina dunyomizda juda uzoq vaqt o'tirib qolganimizni anglatadi. Biz afishalar yonidan o'tamiz, “bu men uchun emas” deya e'lonlarni nazardan qochiramiz. Va oxir-oqibat, bor ovoz bilan yangrash nima ekanligini butunlay unutamiz. Dadillik, adrenalin, yonib turgan ko'zlar. Aktyorlik improvizatsiyasi kursi bu o'zgarishlar tajribasini yanada ko'proq odamlarga taqdim eta oladi degan umiddamiz.

imp 7

Anastasiya Pryadkina: “«Muhabbat bilan qilingan narsa yaxshi bajarilgan bo'ladi»” — Van Gogning bu iborasi menga juda mos keladi. Siz biron narsani muhabbat bilan qilsangiz, evaziga muhabbat, sermahsullik, rezonans, qo'llab-quvvatlashga ega bo'lasiz. Hozir improvizatsiya kursini to'liq tamomlagan yigit-qizlar bilan yig'ilib turamiz, ishtiyoq bilan yonganlari yigirmaga yaqin. Ularning barchasi kursdan quvvatlangan. Mening global g'oyam bor — komyuniti, truppa yig'ish va butunlay improvizatsiya qilingan teatr yaratish. Biz turli xil shakllarni sinab ko'ramiz: ham falsafiy, ham komedik, turli maydonlarda chiqish qilib ko'ramiz. Har bir makonda bir oz boshqacha o'yinlar, boshqa mavjudlik bo'ladi. Biz «Improvizatorlarga qarshi stendap» kabi batllarni o'tkazish uchun stendap artistlari bilan hamkorlik qilish haqida o'ylayapmiz. Turli sharoitlarda, turli odamlar bilan o'zimizni sinab ko'rish istagi bor. Maqsad — ko'proq odamlar improvizatsiya haqida bilishsa, uni sevib qolishsa va bizning jamoamizga qo'shilishsa”.

 

Yevgeniya, moliyachi va restorator: “Psixologik nuqtai nazardan, men o'zimda juda ko'p narsalar ustida ishladim, kurs mendagi yashirin potensialni ochdi. Shuning uchun, aql bovar qilmaydigan narsani his qilishni istagan har bir kishi hayotida hech bo'lmaganda bir marta buni sinab ko'rishi kerak, deb hisoblayman. Hammaga tavsiya qilaman!”

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish
Ta'lim · 07 феврал 2024

Sandiqqa solingan pullar yoki bankdagi omonat — jamg‘armalarni qanday saqlash kerak

Oʻqish
Ta'lim · 14 май 2024

Qalloblar sizni yana qanday aldash mumkinligini oʻylab topishdi

Oʻqish