Uzoq vaqt plyonkaga suratga olish muayyan qatlam kishilari uchungina ishqibozlik manbai bo'lib kelgan, chunki sarflanma materiallar va kimyoviy vositalarni topish nihoyatda qiyin kechar, qimmatga tushar, plyonka tasmasini proyavka qilish jarayoni esa vannaxona chegarasida o'tar, shunda ham bu jarayonga juda sinchkovlik bilan hozirlik ko'rish talab etilardi. Shunga qaramay, plyonka bugun yana urf bo'lmoqda: ijtimoiy tarmoqlar biroz chaplashgan va eksperimental fotosuratlarga to'la, odamlar esa plyonkali kameralarda suratga olishga ham, plyonkalarni proyavka qilishga ham tobora ko'proq qiziqishmoqda.
Jurnalist Yana Modelova Toshkentdagi ikkita fotolaboratoriya yaratuvchilari bilan plyonkali hududni yaratishga ularni nima ruhlantirgani, fotosuratlarni to'g'ri proyavka qilish va boshlovchi fotosuratchilar uchun foydali ko'nikmalar berish haqida suhbatlashdi.
Men rossiyalik ikki relokantlar tomonidan ochilgan FilmLab ga yetib keldim. Xususiy uyning yerto'lasida Erik va Olga xususiy studiya va plyonkaga olingan fotosuratlarni skaner qilish va chop etishga mo'ljallangan fotolaboratoriyani ochishgan. Devorlarga bu juftlikning bir nechta portretlari, shuningdek gullar va binolar tasvirlari ilingan — ularning barchasi plyonkaga olingan va qo'lda proyavka qilingan suratlar. Burchakda, fotoqog'oz va kitoblarga to'la javonning yonida proyavka qilish uchun kyuvetkalar, yonma-yon turgan uzun metall stolda esa — ikkita katta fotokattalashtirgich turibdi.
Bugun men va yana bir mehmonimiz uchun Erik plyonkani proyavka qilish va skanerlash bo'yicha mahorat-darsi o'tadi.
«Plyonkali fotosuratlar ikki xil bo'ladi: rangli va oq-qora, — deydi Erik. — Yana u turli formatlarda: ingichka, o'rta formatdagi plyonkaga, varaqli negativga, 8x10 va hokazo o'lchamli kuchli kameralarga olingan bo'ladi.
Biz, asosan, barcha formatlardagi oq-qora plyonkalarni proyavka qilamiz. Bu bizning hozircha eng ilg'or yo'nalishimiz. Yaqin orada biz rangli plyonkani ham chop etishni, shuningdek unga kerakli materiallarni sotishni boshlaymiz. Rangli plyonka juda injiq, unga mos tushadigan reaktivlarni uzoq qidirish kerak. Rangli plyonka bilan raqamli formatda ishlash ancha oson: keyin kompyuterda skanerlash va ishlov berish mumkin».
Mahorat-darsida men yetib kelgungacha bolalar olgan plyonkani proyavka qilamiz. Bu mahorat-darsining ikkinchi mehmoni — Moskvadan yaqinda Toshkentga kelgan fotograf uchun laboratoriya yaqinida o'tadigan kichik fotosessiya bo'ladi. Erik jarayon uchun kerakli asboblarni hozirlaguncha, Olga biz uchun choy damladi.
FilmLab nafaqat proyavka, balki skanerlash bilan ham shug'ullangani uchun men Erikdan skanerlar haqida batafsilroq so'zlab berishini so'radim:
«Bizning ikkita skanerimiz bor: Imacon va Nikon. Ulardan biri faqat 35-mm o'lchamdagi plyonkani raqamlashtirish uchun mo'ljallangan va nafaqat oq-qora, balki rangli plyonkani ham skaner qiladi — plyonkadan asosni chiqaradi, ranglarni joy-joyiga qo'yadi va h.k. Umuman, Imacon to'qsoninchi yillarning oxirida ko'plab mukofotlarni olgan, bunday skanerlarda oy dasturi raqamlashtirilgan.
Ishimizga ko'proq odamlar qiziqa boshlasa, yana konveyr skaner xarid qilmoqchimiz, u raqamlashtirishni tezlashtirib beradi. Hozir mavjud ikkala modelimiz ham sekin ishlaydi va skanerlashning o'ziga bir soat yoki undan ko'p vaqt ketadi. Konveyrli skanerda esa bu ishlar o'n daqiqada bitadi…»
FilmLab — Chexiyadagi Foma fotomateriallar ishlab chiqaruvchisining rasmiy dileri hisoblanadi. Bu nom olis SSRI davrida plyonkaga suratga olib yurganlarga tanish bo'lsa kerak. Fotolaboratoriyada maxsus qog'oz, proyavka uchun kerak bo'ladigan barcha kimyoviy vositalarni xarid qilish mumkin.
Biz suhbatlashguncha bolalar plyonkani yuvib, quritib, kesishga ham ulgurdilar. Plyonkani yuvish — boshlovchilar uchun murakkab jarayon, bu ishning nozik jihatlari va ahamiyat berish shart bo'lgan detallari ko'p: albatta distillangan suvdan foydalanish, kimyoviy vositalar va fiksajni to'g'ri nisbatda olish, chiziqlar tushirmaslik va hokazo. Bizni oldinda fotokattalashtirgich orqali plyonkani chop etish jarayoni kutardi — Olga eshik va derazalarni zich yopdi, qizil chiroqni yoqdi va bizdan telefonlarimizni yoqmaslik, yorug'lik tushirmaslikni iltimos qildi, albatta, shunday qilinmasa yaxshi natijani kutmasa ham bo'ladi. Proyavka jarayoni ketar ekan, men Erikni yana savolga tutdim:
— Nima sizni shu ish bilan shug'ullanishga ruhlantiradi?
— Besh yoshligimda otam ilk bor menga qizil chiroqda proyavka qilishni ko'rsatgan. Men bu jarayondan katta taassurot olgandim — men uchun bu «qoyilmaqom ish» edi. Shundan buyon bu ishga bot-bot qaytib turardim. Oradan yillar o'tib, Olga bilan Moskvada yashay boshlaganimizda, ikkimizda ham xonaki studiya ochib, o'sha yerda ishlash istagi paydo bo'ldi.
Mana, hozir Toshkentda bizda juda ko'p istiqbolli rejalar tug'ildi, ularni endi rivojlantirish va amalga oshirish kerak. Biz to'laqonli laboratoriya ochib — yangi avlodni ham, azaldan suratga olib yurgan soha «qariyalari»ni ham bu jarayonlar bilan tanishtirish va uni ommalashtirish, qolaversa, bu ishning sehrli jozibasini ko'rsatishga qaror qildik. Bu ishning zavqli, qiziqarli ekanini va faqat sun'iy intellekt yoki har xil ishlov berishlar bilangina emas, balki haqiqiy, qo'l bilan bajariladigan ijodkorlik orqali ham ajoyib natijalarga erishish mumkinligini ko'rsatishni istaymiz.
Fotokattalashtirgich yordamida barcha kadrlarni chop etishdan oldin Erik bizga fotoqog'ozning test tekshiruvi haqida so'zlab berdi. Yupqa qog'oz varag'i xuddiki bosqichma-bosqich, bir necha bor shunday «yorishib» borardi-ki, yakunda «yorug'lik narvoni» paydo bo'ldi. Qirqimning ust qismi — butun jarayon davomida kattartirgich nuri ostida turgani uchun eng qoramtir edi, har bir keyingi bosqichda esa u oqarib borardi, chunki har safar oldingi bosqichdagiga nisbatan 5-10 soniya kamroq yoritilardi. So'ngra sinov yuvish va fiksaj bosqichiga o'tdi, yakuniy natijaga qarab esa tasvirni qog'ozga o'tkazish uchun eng maqbul vaqt tanlanadi.
Keyin fotosurat o'lchami tanlanadi va butun jarayon takrorlanadi: fotokattalashtirgich, vaqt hisobi, yuvish va fiksaj. Shu bilan biz bir nechta suratlarga ega bo'ldik. Tan olaman — men shu payt Erikning «qoyilmaqom ish» degan iborasini to'lig'icha his etdim. Ko'z o'ngimda, bor-yo'g'i bir daqiqa ichida oppoq varaqda, xuddiki Garri Potterda Talonchilar xaritasida bo'lgani kabi soyalar, gavdalar, chiziqlar paydo bo'ldi-qoldi.
Tabiiyki, Erikdan plyonkaga qanday kameradan suratga olgan yaxshiroq va umuman boshlovchi odam ishni nimadan boshlashi kerak, deb so'ramasam bo'lmasdi.
«Qayndaydir “sovundon”larni olishni mutlaqo maslahat bermayman, — deydi Erik, — chunki plyonkali fotografiya siz jarayon haqida o'ylay boshlagan paytingizdan, ya'ni parametrlarni sozlashingiz, kadrni sahnalashtirishingizdan boshlanadi. “Sovundon”lar va barcha zamonaviy kameralar — o'tmish qoldiqlari xolos. Bir vaqtlar, hali smartfonlar bo'lmagan paytlar ular juda ommabop bo'lgan.
Soz ishlaydigan plyonkali kamerani topish kerak, ana shunda viderjka bo'ladimi, yoki ekspozitsiya va diafragma bo'ladimi — barcha sozlash ishlarini qo'lda mustaqil bajarish mumkin bo'ladi. Yana oq-qora plyonka o'ramini olish kerak, ishni u bilan boshlash osonroq. O'ramni albatta uyda proyavka qilib ko'rish kerak, biron kishi chiroqni yoqib yuborishi mumkin, shu bois bu ishni palto yoki po'stin ostida qiling, chunki sizga yorug'lik tushmaydigan joy kerak.
Muammolar tufayli ishni to'xtatib qo'yish kerak emas. Proyavka qiling, xatolaringizni ko'ring, vaqti kelib, hammasi risoladagidek bo'layotganini seza boshlaysiz. Shundan keyin kontaktli usulda chop etishga urinib ko'ring va mana endi, ishingizdan zavqlanishingiz mumkin — sizga hatto fotokattalashtirgich ham kerak bo'lmaydi. U yog'iga bizning mehmonimiz bo'lib, shu yerda plyonkalaringizni chop ettirishingiz mumkin».
Shuningdek biz ambrotipiyani — bundan bir yarim asr avval paydo bo'lgan qadimiy fotojarayonni qayta tikladik. Bu jarayonda tasvir shaffof oynada aks etadi: derazalarga solinadigan oddiy oyna kerakli o'lchamda kesilib, kollodiy bilan qoplanadi va kumush nitratiga botirib qo'yiladi. Keyin, oyna plastinasi yorug'likka nisbatan sezuvchanlikka ega bo'lgach, suratkashning suratga olish va proyavka qilish uchun bor-yo'g'i bir necha daqiqa vaqti bo'ladi.
Mohiyatan ushbu jarayon — qadimiy polaroidga surat olishdek, chunki tayyor fototajarayon mahsulini bir necha daqiqadayoq ko'rish mumkin. «Аmbrotipiya» so'zi esa «o'lmas asar» degan ma'noni bildiradi — oynadagi tasvir kumush zarralari asosida yaratilgani bois deyarli abadiy qoladi. Bugungi raqamli texnologiyalar asrida, xususan fayllar, nusxalar va obrazlar disklarda saqlanayotgan zamonda bu haqda so'z ochish biroz g'ayritabiiy tuyulishi mumkin. Lekin, ayni haqiqat shundaki — bundan 100 yil avval oynaga ishlangan bunday suratlar hozirgi kungacha o'z holatini mutlaqo o'zgartirmagan.
Erik bilan Olganing fikricha, plyonkali fotografiya keyingi yillarda yanada ommalashib bormoqda. Bu, qisman retromoda bilan bog'liq — ayni kunda, shuningdek, vinil plastinkalar yoki ikki minginchi yillar boshidagi strit-staylga qiziqish ortib borayotgani kabi. Shunga qaramasdan, ular raqamli fotografiya va uning imkoniyatlari rivojini inkor etmaydilar. FilmLab vazifasi — oq-qora plyonkaga suratga olish jarayonini ommalashtirish hamda o'z tajriba va bilimlarini sohaga qiziquvchi kishilar bilan bo'lishish. Qolversa, plyonkada ishlashning o'z romantikasi va «raqamli»larda aks ettirish qiyin bo'lgan o'ziga xos kayfiyati bor.
Yana bir laboratoriya — 139 Documentary Center hududining bir qismida yaratilgan. Ular birinchilardan bo'lib proyavka va skanerlash uchun buyurtmalar olishni boshlashgan, endi esa fotoplyonkalar sotuvi va proyavka jarayoni bo'yicha individual va guruhlarda mahorat darslari ham yo'lga qo'yilgan. Biz fotolaboratoriya xodimi Ksyusha Gorbachyova bilan plyonkada ishlovchi fotograf o'z ishini nimadan boshlashi mumkinligi va umuman, bu nima uchun kerak, degan mavzuda suhbatlashdik.
Ksyusha fotografiya sohasiga birdan kirib kelgan. Sibirlik bu qiz o'zi tug'ilib o'sgan sanoat shahri haqida bir nechta hujjatli filmlarni suratga olgan. Sankt-Peterburgga ko'chib o'tgach esa Ksyusha ancha vaqt raqamli kamerada fotosuratlar olib yurdi hamda kino va jurnalistika sohasida ishladi:
— Menga montaj xonasi yoqib qoldi — xonada doimo sokinlik, faqat kompyuterlarning shig'illashi eshtilib turardi. U yerda kechgacha o'tirasan, hech narsani sezmaysan, chunki ishingga sho'ng'ib ketgansan. Film kadrlari asta-sekin butun bir yaxlit asarga aylanib borayotganini ko'rib, bajarayotgan ishing mohiyatini anglay boshlaysan. Sen suratga olgan videolavhalar dunyoni o'zgartirishi mumkinligini his etasan. Ishlarimdan birida men barcha a'zolari taksi xizmatida ishlaydigan oila haqida hikoya qilgandim. Bu oddiy hayotning bir ko'rinishi, bunday oilalar atrofimizda juda ko'p, lekin shunga qaramay, videolavha juda qiziqarli va asosli chiqqandi.
Ksyusha plyonkaga suratga olishni do'stining yordami bilan boshlagan: karantin boshlanishi oldidan u Ksyushaga kamera, uchta batareyka to'plami va bir nechta plyonka katushkasidan iborat tayyor jamlanmani sovg'a qilgandi. Ksyushaning aytishicha, bu jamlanma unga tushkunlikdan chiqishi hamda atrofdagi ajoyibotlarni yangi rakursdan ko'rishiga yordam berdi:
«Bilasanmi, plyonka bilan odam o'zini «daxldor» his qiladi. Plyonkaga chuqur mehr qo'yganlar dunyoni o'zlari uchun qayta kashf qiladilar. O'sha paytlar men uchun og'riqli kechayotgandi, lekin mana shu sovg'aga ega bo'lgach, atrofdagi go'zalliklarni payqay boshladim. Karantin payti do'stlar bilan oddiy sayrda ham oraliq masofa saqlab yurardik, bunday paytda plyonkaga tushirilgan tasvirlargina xotiralarni saqlab qo'yishga imkon beradi.
Insonlarning ularini fotosuratga tushirishimga ruxsat berishlari men uchun juda qadrli. Men bu imkoniyat uchun doimo ularning har biriga minnatdorchilik bildiraman. Men odamlarni yaxshi ko'raman va ularning kayfiyatlarini kameraga muhrlashni yoqtiraman. Men odamni kamera orqali, suhbat orqali o'rganaman. Odam bunday tadqiqaotdan sira charchamaydi, zerikmaydi — axir insonlar-ku, bu dunyodagi eng ulug' qadriyat».
Biz Ksyusha bilan fotolaboratoriyada o'tiribmiz. Bu galereyaning orqa qismida joylashgan kichkinagina xona. Аsosiy joyni ulkan fotokattalashtirgich — fotograf Maks Penson nabirasining sovg'asi egallagan. Maestro qachonlardir o'z ishlarini mana shu uskuna orqali chop etgan. Kattartirgichning yonida yana bir nodir uskuna — skaner joylashtirilgan stol turibdi. Ksyusha menga mana shu skanerni ishlatish uchun kompyuterga Windows 95 ga ega virtual mashina o'rnatishga to'g'ri kelganini so'zlab berdi, chunki bu skanerga mos tushadigan drayver zamonaviy operatsion tizimlarda mavjud emas.
Skaner va fotokattalashtirgichdan tashqari laboratoriyada o'tmish qadriyati ufurib turgan narsalar ko'p: Italiyada chop etiladigan Vogue jurnalining eski sonlari va fotografiya bo'yicha sovet davri kitoblari, ularning orasida esa bir martalik plyonkali kameralar turibdi — bir vaqtlar aynan shunday kameralar juda ommalashgandi, ular hozir ham deyarli ekzotika sanaladi.
Men Ksyushadan plyonkali fotosuratlar ishlash ko'nikmasini qanday rivjlantirish, buning uchun nimalar qilish kerakligini surishtiraman.
— Har birimizda o'z-o'zini tanqid qilish kayfiyati bor. Аynan shu tufayli kino sohasini tashlab ketdim, deb o'ylayman, bu soha shunchalik meni ezib qo'ygandi. Plyonkachilarda ham shunday kayfiyat bo'ladi: kimdir yillar davomida “sovundon”ga suratga olib yuraveradi, umuman rivojlanmaydi, chunki uni mana shu kayfiyat siqib qo'ygan bo'ladi. Balki uni o'zining ayni damdagi darajasi to'liq qoniqtirar, agar shunday bo'lsa, bu ham quvonarli hol. Demak, bu odam shunchaki hayotining ayrim damlarini o'zi uchun saqlab qo'ymoqchi.
Men ham xuddi shunday edim, hayotimdagi lahzalarni kameram bilan birga nishonlardim. Keyin menga ko'proq va kattaroq miqyos kerakligini angladim. Hamisha o'zimning fotolaboratoriyam bo'lishini istaganman, shu boisdan maxsus o'quv kursiga qatnay boshladim — plyonkani proyavka qilishni va fotosuratlarni chop etishni o'rgandim.
Ksyusha O'zbekistonga o'tgan yili ko'chib keldi va deyarli kelgan zahotiyoq galereyaning yigitlari unga fotolaboratoriyada ishlashni taklif etishdi. Аlbatta, u bu taklifga rozi bo'ldi. Аvvaliga Ksyusha boshqa xodim bilan birga ishladi, hozir esa bir o'zi ishlayapti — plyonkani proyavka qilish uchun buyurtma oladi, uni yuvadi, quritadi, fotosuratlarni chop etadi va skaner tasvirlarni xaridorlarga topshiradi. Bora-bora laboratoriyaning doimiy mijozlari paydo bo'ldi, ular shunchaki negativlarni keltirib topshirishadi va tayyor ishlarni olib ketishadi.
Suhbatimiz chog'ida galereyaga bir yigit kirdi va bobosining plyonkali portretini proyavka qilib berishlarini so'radi — bu surat oila arxivida saqlanib qolgan yagona fotoxotira ekan.
Hozir Ksyusha o'zining xususiy fotoklubini tashkil etmoqchi, uni o'zi bir paytlar Piterda ko'rgan fotoklubi ko'rinishida bo'lishini istaydi. Bundan tashqari, u plyonkada ishlash bo'yicha nazariy bilimlarni nafaqat amaliyot bilan boyitmoqchi, balki fotografiya ishqibozlari o'rtasida kollaj yaratish va mustaqil proyavka qilishni ham ommalashtirmoqchi.
«Men, odamlarning xotirlashga arzirli lahzalarni aynan plyonkali fotosuratlarda muhrlashlarini istayman. Raqamli vositalarga mutlaqo qarshiligim yo'q, lekin o'zim do'stlarimga ramkaga solib, devorga ilib qo'yiladigan fotosuratlarni taqdim etishni xohlardim. Yana istaymanki, odamlarda o'z hayotlarining haqiqiy bir parchasi aks etgan fotosurat bo'lsin va ular undan doimo zavqlana olsinlar».