2014-yilning 16-martida Toshkentda birinchi “Antikafe” ochildi. Antikafe ovqatlanish korxonalarining oʻziga xos xususiyatlari koʻp, bizda faoliyatini boshlagan kafe oʻzining stol oʻyinlari bilan e’tiborga loyiq edi. Bu yerda barchamiz bolalikdan bilgan shaxmat va domino emas, balki yangi oʻyinlar, masalan, “Manchkin” oʻynash mumkin edi. Afsuski, “Antikafe” koʻp oʻtmay yopildi, biroq stol oʻyinlariga boʻlgan qiziqish soʻnmadi.
Qanchadir muddat poytaxtimizda “Magic Place” klubi faoliyat yuritdi. Bu yerda stol oʻyinlari doʻkonchasi va oʻyin hududi mavjud edi. Klubda asosan “Magic: The Gathering” – qudratli sehrgarlar jangi haqidagi kolleksion karta oʻyini mashhur edi. Ushbu oʻyinning ishlab chiqaruvchilari “Magic Place”ni qoʻllab-quvvatlagan hatto. Klub, afsuski, pandemiya vaqtida yopilib ketdi.
2018-yil Toshkentda Rossiyaning “Hobby Games” va “Mosigra” doʻkonlarining filiallari ochildi va stol oʻyinlari mamlakatga yopirilib kirib kela boshladi. “Hobby Games” “Parus” koʻngilochar markazida dam olish kunlari bepul igrotekalar tashkil etardi. Istagan kishi bu yerga kelib, stol oʻyinidan foydalanishi, oʻziga yoqqan oʻyinni doʻkondan sotib olishi mumkin edi. Shundan beri stol oʻyinlari oddiy holatga aylandi va “shanba kuni oʻyinga boramiz” degan taklif hech kimni ajablantirmay qoʻydi.
Stol oʻyinlari har xil boʻladi: “Manchkin” va “Magiya” kabi karta oʻyinlari, “Catan” singari taxtadagi oʻyinlar, “Warhammer”ga oʻxshash miniatyuralar bilan oʻyinlar. Stolda oʻynaladigan rol oʻyinlari alohida oʻringa ega boʻlib, ulardan zavq olish uchun faqat qogʻoz, ruchka, oʻynaladigan kubiklar va rivojlangan fantaziya talab etadi.
Shuningdek, oldinlari “Vega” SKMda “Dungeons and Dragons” oʻyini ishqibozlari yigʻilishardi. Pandemiyadan soʻng ushbu oʻyin onlayn formatga oʻtdi. Hozir “DnD”chilarni ba’zan “Parus” savdo markazida uchratish mumkin. Biroq, eski oʻyinchilarning birini aytishicha, hozirgi ishtirokchilar oldingidek qogʻoz va kublar bilan emas, faqat telefonlar yordamida oʻynashmoqda.
Ikkinchi guruh – “Warhammer” oʻyinchilari. Ushbu oʻyinda maktab yoshidagi yigit-qizlar ham, katta yoshli “amaki”lar ham ishtirok etishi mumkin. Varxamerchilar jumladan plastikdan yasalgan askarchalardan tuzilgan armiyalarning “Warhammer 40000” va “Warhammer Age of Sigmar” tizimlari boʻyicha yirik janglar, “Warcry”, “Kill Team” va “Necromunda” tizimlarida kichik toʻqnashuvlar uyushtiradi. Shuningdek, ular miniatyuralarni bezaydi, bino, xaroba va boshqa elementlarning modellarini yaratishadi hamda “Warhammer” koinotidagi adabiyotni muhokama qilishadi. Haqiqiy “varxammerchi” oʻnlab turdagi ranglarni va qora rangning turlarini ham farqlay oladi.
“Warhammer” koʻp sarf-xarajat talab etadigan xobbi. Oʻyin uchun miniatyuralar qimmat turadi. Yangi quticha sotib olgan bir oʻyinchi doʻstlariga: “xotinim soʻrasa, oʻyinni menga siz sovgʻa qilganingizni ayting”, deb tayinlab qoʻygan hatto. Ba’zi chet el miniatyura doʻkonlari hatto posilkaga soxta sovgʻa sertifikatini ham qoʻshib joʻnatadi. “Varxammerchilar” jamoasi haqida batafsil hook.report maqolasida oʻqishingiz mumkin.
Stol oʻyinlari ishqibozlarining yana bir turi borki, ular bitta oʻyin bilan cheklanmaydi. Oʻyinchilar “Tainted Grail”da qadimgi Avallonni yovuzliklardan tozalaydi, yulduzlararo imperiyalar quradi, “Unmatched”da superqahramonlar va personajlarni urushtiradi, Govard Lavkraftning koinotida boʻylab koʻplab turdagi oʻyinlarda qadimgi xudolar va ularning xizmatkorlarini quvib chiqaradi. Xullas, ular, yaxshi hamrohlar boʻlsa, har qanday oʻyin tarafdori. Biroq bunday oʻyinchilar atrofdagilar uchun tushunmovchilik uygʻotishga tayyor turishi kerak. Masalan, “men hammaga sifilis yuqtirdim” degan iborani eshitgan kishi gap “Azob tortayotgan oʻrta asr” oʻyini haqida ketayotganini tushunmasligi mumkin. Yoki “sen mendan ovqatimni tortib olaversang, men qanday oʻsaman” degan gapni eshitgan qoʻshni bu “Evolyutsiya” oʻyiga tegishli ekanini tushunmasa kerak.
Turli xil oʻyinlar tarafdorlari uchun yana bir xavfli holat – oʻyinlarga kirishib ketish xavfi. Muallifning bir tanishining uyida yuzdan ortiq katta qutilar va boshqa kichik oʻyinlar bor. Shulardan faqat yarmidan kami oʻynalgan xolos.
Albatta, ushbu guruhlar orasida qat’iy chegaralar yoʻq. “Varxamerchi”lar orasida “DnDchi”lar ham bor, “Unmatched” oʻyinchilari ham bor, “lavkraftchilar” esa kosmik Taxtlar oʻyinini ham oʻynashi mumkin.
Stol oʻyinlariga kirib kelish jarayoni har kimda har xil boʻladi. Artyom 11 yoshli oʻgʻliga stol oʻyinini sovgʻa qilganida birinchi marta ushbu oʻyinni oʻynagan. Bir soat davom etgan quvnoq oʻyin natijasida Artyom yosh bola uchun gadjetdan koʻra stol oʻyinlari yaxshiroq ekanini tushungan. Uchinchi oʻyinni sotib olgach, bu narsa unga ham yoqishini sezib boshlagan. Artyom mana toʻrt yildirki stol oʻyinlarini oʻynab keladi. Uning aytishicha, oʻyinlar uni turli qiziqarli insonlar bilan tanishishiga sabab boʻlgan.
Bek oʻzining ilk stol oʻyinini 2007-yilda oʻynagan. Yomgʻirli yoz kunida u doʻsti bilan uyiga “Arkxem dahshati” oʻyinini olib kelgan. Dastlab uni juda koʻp varaqlarqa ega boʻlgan qoidalar kitobi qoʻrqitib yuborgan, biroq u baribir oʻyinda gʻalaba qilgan. Shundan beri u koʻplab oʻyinlarni oʻynab koʻrgan, hozir esa u “Parus” savdo markazida stol oʻyinlari kechalarining eng faol tashkilotchilaridan biri. Bek uchun stol oʻyinlaridagi asosiy element – bu odamlar. Oʻyinlar qiziqarli odamlar bilan tanishtiradi, iste’dod va didni shakllantiradi, jamiyatga qoʻshilishga yordam beradi.
Mixail yoshligidan oʻyinlarga qiziqadi. U oila a’zolari bilan turli viktorinalar, “hojatxona” oʻyini, qoʻlda yasalgan “Moʻjizalar maydoni” oʻyini (ularda hatto strelkasi bor baraban ham boʻlgan), shuningdek “Monopoliya”ning bir turi boʻ lgan “Bank” oʻyinini birgalikda oʻynagan. Kattaroq yoshda doʻsti unga “Beng” karta oʻyinini koʻrsatgan. Keyin Mixailni Beruniy metrosi yonida joylashgan antikafega taklif qilishgan. Bu yerda u turli xil stol oʻyinlarini uchratgan va koʻplab insonlar bilan tanishgan. Antikafe yopilgach, Mixail bir muddat stol oʻyinlarini oʻynamay qoʻydi. Bir kuni u tanishining uyida “Arkxem dahshati” oʻyinini koʻrib qolib, stol oʻyinlari uning hayotining bir qismi ekaligini tushundi. U ushbu oʻyinni oʻzi bilan olib yurardi va turli insonlar bilan oʻyinlar tashkil etardi, mamlakatda tanqis boʻlgan oʻyinlarni oʻzi bosib chiqarardi. “Duch kelgan oʻyinlarni boshqalar bilan oʻynayverardim”, - deydi Mixail. Stol oʻyinlari tufayli u koʻplab ajoyib doʻstlar orttirdi.
Stol oʻyini muxlislari kamdan-kam holatlarda bitta oʻyin bilan cheklanib qoladi. Ularning aksariyati – oilali, ishli, hayotda maqsadlari boʻlgan yetuk insonlar. Ular oʻynaydigan oʻyinlar esa – oʻzini namoyon qilishning, vaqt oʻtkazishning, hordiq chiqarib, muammolardan chalgʻishning yana bir usuli.