Аftidan, dunyo aqldan ozishni to'xtatganga o'xshaydi – kriptovalyutalarning to'xtovsiz yuqorilashi va tushishi haqidagi yangiliklar endi har qadamda paydo bo'lmay qoldi, kimningdir super daromadlari va zararlari barham topmoqda, mavzuga qiziqish asta-sekin so'nib, oddiy holatga aylanib qolmoqda. Bu esa shuni anglatadiki, asos – blokcheyn texnologiyasi haqida gapirish vaqti keldi, usiz hech qanday «kripto» bo'lishi mumkin emas hamda bu treyding va investitsiyalar vositasidan ko'ra ancha kattaroq hodisadir.
Bugun biz sizga blokcheyn haqida juda oddiy (iloji boricha) tarzda ma'lumot beramiz, markazsizlashtirish va kriptografiyaning asosiy tamoyillarini tushuntiramiz va bu o'ta qiziqarli texnologiya bizning hayotimizga tez orada qanday afzalliklarni keltirishi haqida mulohaza yuritamiz.
Internetning ochiqligini kriptografiya xavfsizligi bilan birlashtirsa nima bo'ladi? Blokcheyn (inglizcha block – blok va chain – zanjir) deb nomlangan texnologiya paydo bo'ladi. U axborot almashishda inqilobiy yangi yondashuv – markazsizlashtirish, ilg'or shifrlash algoritmi – kriptografiyadan foydalanish, shuningdek, ishonchli maʼlumotlarni bir zumda uzatishga asoslangan.
Biz bu xususiyatlarni keyinroq batafsilroq muhokama qilamiz, ammo hozircha shuni yodda tutish lozimki, texnologiyaning markazida tranzaktsiyalarning raqamli yozuvi – pulning ham, boshqa har qanday himoyalangan ma'lumotlarning ham harakati yotadi. Buxgalteriya hisobi kabi blokcheyn o'z ichidagi hamma narsani yozib boradi: u real vaqt rejimida ma'lumot to'playdi, ularni bloklarga ajratadi va so'ng bloklarni uzun uzilmaydigan zanjirga birlashtiradi.
Shunday qilib, blokcheyn faqat bitta tashkilot uchun emas, balki ko'plab mustaqil kompyuterlar uchun ochiq boʼ'lgan raqamli hisob daftarining o'zginasidir. Yangi ma'lumotlarni qo'shish yangi bloklarni yaratish orqali sodir bo'ladi va eski ma'lumotlarni o'zgartirish mumkin emas, chunki uning nusxasi har doim tarmoqning barcha ishtirokchilarida saqlanadi va uni o'zgartirishga har qanday urinish firibgarlik, deb tushuniladi.
Texnologiyaning tarixi 1991-yilda tadqiqotchi olimlar Styuart Xeyber va Ueykfild Skott Stornetta birinchi marta raqamli hujjatlarga ularni o'zgartirib bo'lmaydigan qiluvchi vaqt tamg'asi qo'yishning amaliy yechimini taqdim etganlarida boshlanadi. Tizim vaqt tamg'asi bo'lgan hujjatlarni saqlash uchun kriptografik jihatdan xavfsiz blok zanjirlaridan foydalangan.
1992-yilda ushbu tizim unga Merkl daraxtlarini kiritish orqali takomillashtirildi, bu bir vaqtning o'zida bir nechta hujjatlarni bitta blokka birlashtirish imkonini berdi. Nima bo'lganda ham, texnologiyaning rivojlanishi davom etmadi, o'n yil davomida to'xtadi va faqat 2002-yilda Devid Mazieres va Dennis Shasha tarmoq fayl tizimiga markazlashtirilmagan ishonch kontseptsiyasini – Building secure file systems out of Byzantine storage ni yaratdilar, bu esa keyingi rivojlanish uchun asos bo'ldi.
Shuningdek, yangi ming yillikning boshida elektron tijorat rivojlanishi bilan ikki tomonlama xarajatlar muammosi ikki taraflama xarajatlar muammosi paydo bo'ldi. Tasavvur qiling-a, sizning noyob raqamli aktivingiz bor, siz uni boshqa shaxsga sotasiz... va keyin uning siz avvaldan nusxalab olgan variantini oldingi kelishuvingiz haqida hech narsa bilmaydigan boshqa shaxsga sotasiz. Bu vijdonga to'g'ri keladimi? Yo'q.
Buni hal qilish uchun 2004 yilda kriptograf Xel Finn RPoW (Reusable Proof of Work) texnologiyasini taqdim etdi – raqamli aktivlarga egalik qilish fakti ishonchli serverda ro'yxatdan o'tkazila boshlandi, bu esa butun dunyodagi foydalanuvchilarga ma'lumotlarning to'liqligi va ishonchliligini real vaqt rejimida tekshirish imkonini berdi. RPoW ni kriptovalyutalarning ilk prototipi va yangi paydo bo'lgan tarixidagi muhim qadam, deb hisoblash mumkin.
Keyingi muhim hodisa 2008-yilda sodir bo'ldi, anonim kripto ixlosmand sanalgan Satoshi Nakamoto yoki shunday kishilar guruhi tomonidan «WhitePaper» chop etildi. Аynan shu hujjat birinchi ishchi blokcheynning ilmiy asosiga aylandi va birinchi kriptovalyuta – Bitcoin muomilasini boshlab berdi. Xel Finni tomonidan taklif qilingan tizimdan farqli o'laroq, unda ikki tomonlama xarajatlar muammosi bitta ishonchli serverdan foydalanish o'rniga bir martabali tarmoqdan foydalanish yordamida hal qilindi – bunday tarmoqning barcha ishtirokchilari teng huquqlarga ega bo'ldilar va mustaqil ravishda ma'lumotning haqiqiyligini nazorat qilishlari mumkin edi.
Bitkoin tarmog'i birinchi bo'lib markazlashtirilmagan proof-of-work(PoW) konsensus algoritmini, ish bajarilishining isbotini taklif qildi. Аncha soddalashtirilganda PoW mexanizmi quyidagicha ko'rishda bo'ladi: tarmoqda yetarli darajada ko'p yangi yozuvlar to'planganda, bitta ishtirokchi o'ta qiyin matematik masalani yechib, ma'lumotni blokka «muhrlaydi», tarmoqning qolgan ishtirokchilari esa uning yechimini tekshiradi va kiritilgan ma'lumotlarni ishonchli, deb hisoblash uchun «rozilik bildiradi». Tarmoq ma'qullagan bloklarni boshqa hech qachon o'zgartirib boʼlmaydi.
Bu mayning, siz u haqda aniq eshitgansiz. Masalalarni hal qilish va yangi bloklarni yaratish orqali tarmoq ishtirokchisi kriptovalyuta shaklida mukofot oladi. To'g'risi, hisob-kitoblar har safar murakkablashib bormoqda, katta hisoblash kuchiga ehtiyoj paydo boʼlmoqda – so'nggi yillarda videokartalar yetishmasligini eslang – mukofot miqdori esa doimiy ravishda kamayib bormoqda.
Turli xil blokcheynlar bu muammoni turli yo'llar bilan hal qiladi, ammo konsensus algoritmining videodagi yadrosi – butun tarmoq bo'ylab bitta ma'lumot bir xil bo'lishi usuli – texnologiyaning ishonchliligi uchun asos bo'lib qoldi.
2013-yilda dasturchi va «Bitcoin Magazine» bosma jurnalining hammuassisi Vitalik Buterin bitkoin markazlashtirilmagan ilovalarni qurish uchun o'z til yaratilishiga muhtojligini aytdi. Gevin Vud bilan hammualliflikda uning o'zi blokcheyn Ethereum texnologiyasiga asoslangan birinchi markazlashtirilmagan hisoblash platformasini yaratishga kirishdi.
Ethereum tarmog'i 2015-yil 30-iyulda ishga tushirildi va navbatdagi blokcheyn inqilobiga aylandi – u yerda smart-kontraktlar paydo bo'ldi. Oddiy so'z bilan aytganda, butun tarmoq butun dunyo bo'ylab tarqatilgan mustaqil kompyuter bo'lib, uning doirasida dasturlar – smart (ya'ni «aqlli») kontraktlar, ishtirokchilar o'rtasidagi buzilishi mumkin bo'lmagan va undagi barcha shartlarning bajarilishi bilan avtomatik tarzda amalga oshiriladigan «shartnomalar» yaratiladi va ishga tushiriladi.
Masalan, «Аlisher Bahodirga mushukning suratini beradi, Bahodir esa buning evaziga Аlisherga kriptovalyuta jo'natadi» degan shartnomada Аlisher suratni haqiqatdan jo'natgan taqdirdagina pulni oladi. O'z navbatida, smart-kontrakt imzolagan va fotosuratni olgan Bahodir «puli yo'qligi»ni ro'kach qilolmaydi va to'lovni keyinga qoldira olmaydi – kontrakt qahramonlar ishtirokisiz mustaqil ravishda ishni oxirigacha yetkazadi.
2023-yilga kelib, blokcheyn tarmoqlari soni mingdan oshdi va prognozlarga ko'ra, bu raqam kelajakda faqat o'sib boradi.
Yuqorida aytib o'tganimizdek, har qanday blokcheynning asosi markazsizlashtirish va kriptografiya hisoblanadi. Keling, masalani biroz chuqurroq tahlil qilalik.
Аxborotga nisbatan markazsizlashtirish (ya'ni, desentralizatsiya) ko'p foydalanuvchilar tomonidan foydalaniladigan ma'lumotlar bir tashkilot tomonidan emas, balki har bir foydalanuvchi tomonidan saqlanishini anglatadi. Ushbu hodisaning qarama-qarshi tomoni markazlashtirish bo'lib, ma'lumotlar ko'pincha vositachi sifatida maydonga chiquvchi bir organ yoki xizmatda saqlanadi.
Vositachilar bizga nima uchun kerak? Vositachilar ishonch bo'lmagan joyda ishonch hosil qilish imkonini beradi. Do'konda kredit kartadan foydalanganingizda, bankingiz sotuvchiga pulingiz borligini kafolatlaydi. Davolanish uchun tibbiy muassasaga murojaat qilganingizda, klinika shifokor va sizning o'rtangizda vositachi bo'lib, bemorlarning tibbiy kartalari shaklida ma'lumotlarni to'playdi va kataloglashtiradi.
Davlat idoralari va xizmatlari, ta'lim muassasalari va ish beruvchilar ko'pincha bizdan bir xil ma'lumotlarni talab qiladilar, keyin esa uni ichki tartibda uzatish va bizga kerakli xizmatlarni koʼrsatish uchun o'z serverlarida saqlaydilar. Biz esa, o'z navbatida, bu vositachilarga katta ishonch bildiramiz va ular bizning shaxsiy ma'lumotlarimizdan mas'uliyat bilan foydalanishlari, uning maxfiyligini saqlashlari, ruxsatsiz o'zgartirishlarning oldini olishlari va uchinchi shaxslarga oshkor qilinishiga yoʼl qo'ymaslikka harakat qilishlariga umid qilamiz. Аfsuski, har doim ham bunday bo'lmaydi.
Barcha ma'lumotlar bir joyda to'planganda, ular muhimlik darajasi ortadi va bu tajovuzkorlarda katta qiziqish uygʼotishi mumkin. Biroq, ma'lumotlar tarmoqdagi barcha kompyuterlar bo'ylab taqsimlangan bo'lsa, tajovuzkorlar nihoyatda qiyin vazifaga duch kelishadi, bu haqda keyinroq aytib o'tamiz. Bu yerda esa markazsizlashtirish, shuningdek, tarmoqdagi operatsiyani bajarish uchun biron bir markaziy organning tasdiqlashi shart bo'lmasligida ham ifodalanganligini qoʼshib o'tish joiz.
Endi kriptografiya haqida gaplashamiz. Umuman olganda, bu yangi narsa emas, lekin ushbu maqola doirasida uning blokcheyn texnologiyasida faol qo'llaniladigan bo'limi – xesh-funksiya biz uchun muhimdir. Oddiy so'z bilan aytganda, xeshlash – bu har bir blokdagi maʼlumotlarni belgilangan uzunlikdagi belgilarning noyob ketma-ketligiga – xeshga aylantirish jarayoni. Keyinchalik, birinchi blokdagi xesh keyingi blokning maʼlumotlariga qo'shiladi va oxirgi blok xesh funktsiyasidan o'tganda, oldingi blokning izi yangi blokning xeshiga «qo'shilib to'qilgan» bo'ladi. Va butun zanjir bo'ylab jarayon shu tarzda davom etadi.
Natijada, agar ilgari yaratilgan har qanday blokni o'zgartirishga urinish bo'lsa, yangi ma'lumot keyingi blokning «to'qilgan» xeshiga, shuningdek, boshqa barchalariga ham mos kelmaydi va bu firibgarlikning bevosita dalilidir. Blokcheyndagi ma'lumotlar reestri qandaydir bir joyda saqlanmaydi, balki barcha kompyuterlarda taqsimlangan bo'ladi, shu sababli ishtirokchilar avtomatik ravishda «tajovuzkor» harakatlarni tanib oladilar va o'zgartirilgan maʼlumotli blokni «haqiqat» sifatida qabul qilishdan bosh tortadilar.
To'g'ri, yanglishliklar ham bo'ladi – bu «51-muammo». Аgar tajovuzkor qandaydir tarzda tarmoq kompyuterlarining 51 foizini ma'lum bir eski blokning o'zgartirilgan versiyasiga «ishonishga» majbur qilolsa, o'zgarishlar baribir «ildiz otadi». Faqat buning uchun unga shunchalik ko'p energiya, pul va hisoblash resurslari kerak bo'ladi-ki, texnologiya rivojlanishining hozirgi bosqichida bunday firibgarlik deyarli mumkin emas.
Xulosa shuki, markazsizlashtirish va kriptografiya birgalikda an'anaviy markazlashtirilgan tizim uchun mumkin bo'lmagan narsani – axborotni yuqori darajada himoya qilish, ma'lumotlarning butun dunyo boʼylab yashin tezligida almashinuvi, markaziy organdan avtonomiya va mustaqillikni yaratishi mumkin.
Shunday qilib, uzoq yo'lni bosib o'tib, biz eng asosiy nuqtaga yetib keldik. Аnglaganingizdek, blokcheyn alohida texnologik tarmoq bo'lib, kriptovalyutalar uning bir qismidir. Аslida, kriptovalyutalar – bu masalalarni hal qilgan va ma'lumotni bloklarga birlashtirganlarni mukofotlashning bir usuli xolos, ularning sarmoyaviy va amaliy qiymati (masalan, o'tkazmalarning anonimligi) faqat foydalanuvchilar tomonidan belgilanadi.
Keling, kriptovalyutalarga bog'lanmagan holda blokcheyndan foydalanish imkoniyatlari eng dolzarb va haqiqiy koʼrinadigan sohalarni ko'rib chiqaylik.
Xizmat ko'rsatish va tijorat. Onlayn-do'konlar, taksi va yetkazib berish xizmatlari, turar joyni band qilish va chiptalarga buyurtma berish – bularning barchasi bir-biriga begona kishilar va tashkilotlar o'rtasida shakllantiriladigan ishonch evaziga foyda ko'radi. Bunday vositachilarning komissiyalari juda yuqori bo'lishi mumkin, ayniqsa, platforma monopolist bo'lsa yoki o'z segmentida kuchli raqobatchilari bo'lmasa.
O'zining asosiy tamoyillari tufayli blokcheyn vositachilardan xalos bo'lishga, ishlov berish tezligini va operatsiyalarning ishonchliligini oshirishga imkon beradi.
Buyumlar interneti. Buymlar interneti haqida gapirganda, biz har kuni hayotimizni o'zgartiradigan turli xil gadjetlar va aqlli qurilm alarga ega atrofimizdagi butun dunyomizni nazarda tutamiz. Biroq, qulaylikning oshishi bilan bir qatorda, odamlar o'zlarining shaxsiy ma'lumotlarini yetarli darajada himoya qilish haqida tobora ko'proq tashvishga tushmoqdalar. Bu sohada ma'lumotlarni xavfsiz saqlash va to'plash texnologiyasiga ehtiyoj mavjudligi bois blokcheyn uchun ham joy topiladi.
Xalqaro to'lovlar. Uzoq vaqt davomida banklar xalqaro pul o'tkazmalarining asosiy va yagona ijrochisi bo'lib kelgan. Biroq, belgilangan komissiyadan tashqari, foydalanuvchilar yuboruvchi bank va qabul qiluvchi bankning soʼrovlarini ko'rib chiqish vaqtini ham hisobga olishlari kerak edi.
Standart ish kunining vaqt doirasi, tizimning yuklanishi va aniq mutaxassislar ishtiroki, dam olish kunlari va davlat bayramlari – bularning barchasi operatsiyalar tezligini baholashda hisobga olinishi kerak. Blokcheyndagi tranzaktsiyalar bir necha daqiqada amalga oshiriladi, o'tkazma miqdorida deyarli hech qanday cheklovlar yo'q, 24/7 vaqt rejimi mavjud va shaffof, shuningdek, o'tkazma fakti bir zumda tizimda aks etadi. Aynan shu sabablarga ko'ra, hatto banklarning o'zlari ham o'z faoliyatida blokcheyndan foydalanishni boshladilar.
Biznes. Orzuga nima yetsin! Nega endi butun biznesni blokcheyn va smart-kontraktlarga o'tkazish imkoniyatini tasavvur qilmaylik? Buning yordamida moliyaviy hisobotlarni saqlash, yetkazib berish zanjirlarini nazorat qilish, xalqaro toʼlovlarni minimal komissiyalar bilan amalga oshirish va maxfiy ma'lumotlarga ma'lum foydalanuvchilarning qo'li yetishini nazorat qilish mumkin.
Demokratiya va so'z erkinligi. Har bir insonning fikri muhim, ovozi o'z o'rniga ega bo'lgan va qilingan tanlov albatta e'tiborga olinadigan va yo'qolmaydigan reallikni tasavvur qiling. Shaffoflik va o'zgartirishlar kiritishning imkonsizligi tufayli odamning har qanday tanlovi o'zgarmagan holda adresatga yetib borishi mumkin, har qanday ovoz berish jarayoni yanada demokratik bo'lishi mumkin, mana masalan, nashr etilgan maqolalar senzuraga duchor bo'lmaydi.
Patent ishi. Dunyoda mualliflik huquqi bilan himoyalangan ixtirolarning barcha mavjud yozuvlarini saqlaydigan yagona patent idorasi yo'qligini bilasizmi? Blokcheyn asosida butun dunyo bo'ylab erkin foydalanish imkoniyati, soddalashtirilgan ro'yxatga olish tartibi bo'lgan va ma'lumotlar yuqori darajada himoyalangan yagona platformani yaratish mumkin.
Sug'urta. Mulk va salomatlikni sug'urtalash jarayoni nafaqat murakkab, balki vaqt va mablag' jihatidan nihoyatda qimmatga tushishi mumkin, bundan tashqari, ma'lumotlarni qo'lda qayta ishlash tufayli har doim katta xatolar uchrashi xavfi mavjud. Texnologiya ushbu sohada ham ma'lumotlar uzatuvini avtomatlashtirish, shaffoflik va sug'urta ob'ektiga egalik faktini tezda tasdiqlash imkoniyati tufayli hayotimizni ancha osonlashtirishi mumkin.
NFT yoki o'zaro almashtirib bo'lmaydigan token. Bu ma'lum bir raqamli aktiv ma'lum bir shaxsga tegishli ekanligini tasdiqlovchi blokcheyndagi yozuvdir. Tokenlar kontseptsiyasi kriptovalyuta asosiga quriladi, ammo sezilarli farqga ega – bir ETH (kriptovalyuta Etherium) «tanga»si har doim bir ETH tangasi qiymatida bo'ladi va uni boshqasiga almashtirib olish mumkin, NFT esa shaxsiy qiymatga ega emas va o'zaro hisob-kitoblarda uni to'lov birligi sifatida ishlatib bo'lmaydi.
Bunday tokenning qiymati faqat jamoatchilikning qiziqishi va e'tibori bilan belgilanadi, shuning uchun vaqt o'tishi bilan u juda katta miqdorda farqlanishi mumkin. Shu sababli, NFT tashkil etilganidan so'ng darhol raqamli rassomlar, bastakorlar va jamoat arboblarining san'ati va ijodi bilan bog'lana boshladi.
Biroq, bu yo'nalishning istiqboli ancha kengroq bo'lishi mumkin, bu odamlarga real hayotdagi aktivlarga, masalan, ko'chmas mulkka egalik qilish faktini NFT bilan bog'lash va sotish yoki sovg'a qilingan taqdirda ularni topshirish usullarini soddalashtirish imkonini beradi.
Haqiqiyligini tekshirish. Qimmatbaho buyumni sotib olayotib, biz uning uzoq vaqt xizmat qilishiga, ishlab chiqaruvchi va'da qilgan taassurotlarni bera olishiga, shuningdek, kafolatli ta'mirlash va texnik xizmat ko'rsatish huquqi bilan himoyalanadigan original mahsulot bo'lishiga ishonch hosil qilishni xohlaymiz. NFT dan foydalanish tufayli har bir kishi xarid qilishdan oldin tovarlarning haqiqiyligini tekshirishi va o'z xotirjamligini taʼminlashi mumkin bo'ladi.
Taʼlim. O'ylab ko'ring, agar talabalarning barcha akademik yozuvlari blokcheyn asosidagi yagona standartlashtirilgan ma'lumotlar bazasiga yozib borilsa, ularning hayoti qanchalik oson bo'lishi mumkin edi. Bu talabalar harakatchanligini, madaniyatlararo aloqalarni rivojlantirishga, motivatsiyani oshirishga va global darajada ta'lim sifatini oshirishga yordam berishi shubhasiz.
Tibbiyot. Hozirgi vaqtda bemorlarning salomatligi bilan bog'liq barcha muhim ma'lumotlar tibbiy tashkilotlar tomonidan ambulator kartalarga kiritiladi, ular bir-biridan shakl va mazmun jihatidan sezilarli darajada farq qilishi mumkin. Ular yozma yoki raqamli shaklda amalga oshiriladi va bilvosita poliklinikalar, shifoxonalar, gospitallar, tibbiyot xonalari va xususiy klinikalarning ma'lumotlar bazasida saqlanadi.
Biror kishi hayoti davomida yashash manzili, shahri va hatto mamlakatini o'zgartirishi mumkin, qisqa yoki uzoq vaqtga sayohat qilishi mumkin, u yoki bu sabablarga ko'ra, turli klinikalarga murojaat qilishi mumkin, ushbu klinikalar dastlabki tekshiruvlarda har qaysi konkret bemorning kasallik tarixi qanday ekanligini umuman bilmaydilar. Agar shifokorga tashrif buyurish rejalashtirilmagan, kutilmagan va shoshilinch bo'lsa, vazifa yanada murakkablashadi. Bunday daqiqalarda har bir yo'qolgan soniya hayot va o'lim masalasidir, qo'shimcha ma'lumotlar esa shunchaki mavjud emas.
Agar bemor haqidagi barcha maʼlumotlar yagona xavfsiz platformada toʼplangan boʼlsa, sogʼliqni saqlash sifati qanchalik yaxshilanishi mumkin? Barcha boshdan kechirilgan va surunkali kasalliklar, emlashlar, dorilarga taʼsirchanlik va oxirgi tahlillar, amaldagi sugʼurta va tezkor aloqa uchun qarindoshlarning aloqa maʼlumotlari — shifokorlar inson hayotini saqlab qolishi uchun yordam beradigan zarur minimal maʼlumotlardir.
Umuman olganda, blokcheyn asta-sekin joriy etilayotgan sohalardan tashqari (transport va logistika, tibbiyot, taʼlim va boshqalar) ushbu texnologiyadan foydalanish stsenariylari faqat inson tasavvuri bilan cheklanishi mumkin.
Bu qanchalik tez va keng miqyosda amalga oshiriladi – buni vaqt koʼrsatadi, lekin bu jarayon bizning koʼz oʼngimizda kechmoqda va endi har bir inson nafaqat buni diqqat bilan kuzatishi mumkin, balki uning rivojlanishiga shaxsan hissa qoʼshish imkoniyatiga ega.