Firibgarlik – aldash yoki yolg'on ma'lumot berish yoʼli bilan birovning mulkini qasddan o'zlashtirib olish bilan ifodalanuvchi jinoyat turi. Aksariyat hollarda firibgarlar pul, tovar yoki xizmatlarga ega bo'lish uchun yolgʼon yoki o'g'irlangan ma'lumotlardan foydalanadilar.
Hozirgi vaqtda o'zingiz va shaxsiy ma'lumotlaringizni himoya qilish choralarini ko'rish uchun internetdagi turli xil firibgarliklardan xabardor bo'lishingiz muhimdir. Ushbu maqolada biz sizga bularning barchasi haqida batafsil ma'lumot beramiz va o'z xavfsizligingizni ta'minlash yo'llarini ko'rsatamiz.
«Firibgarlik» ta'rifi bank, uyali aloqa va zamonaviy axborot texnologiyalari kabi turli sohalardagi ko'plab noqonuniy faoliyatni o'z ichiga oladi. Ular bir-biridan farqlansada, ushbu harakatlarning barchasi bir qator umumiy xususiyatlarga ega:
• Aldash
• Ishonchni suiiste'mol qilish
• Faktlarni qasddan noto'g'ri ko'rsatish yoki ko'rsatmaslik
• Birovning mulkini o'g'irlash
• O'zganing mulkiga bo'lgan huquqni noqonuniy qo'lga kiritish
Aksariyat hollarda firibgarlik qurboni o'z mulkini yoki unga bo'lgan huquqlarini mustaqil va ixtiyoriy ravishda jinoyatchilarga berib qo'yadi.
Internetdagi firibgarlik Internet ommaviy ravishda odamlar hayotiga kira boshlagan va shaxsiy kompyuterlar ish hamda dam olish vositalariga aylanib, hashamat ramzi bo'lishni to'xtatgan paytda paydo bo'ldi. Avvaliga firibgarlik usullari unchalik ko'p emas edi, masalan, dial-up (telefon liniyasi orqali ulanuvchi eski usul) orqali tarmoqqa ulanish uchun login va parolingizni o'g'irlashlari, keyin esa hisobingizdagi mablag'dan foydalanishlari mumkin edi. Firibgarlar, shuningdek, elektron pochta login va parollarini o'g'irlab, u yerdan esa qimmatli ma'lumotlarni olishning ham uddasidan chiqishgan.
2000-yillarda, ommaviy tarzda bank kartalari va onlayn to'lovlar joriy etilishi bilan iqtisodiy firibgarlik paydo bo'ldi. Maqsad – karta raqami, uning amal qilish muddati, egasining ism va familiyasi, shuningdek SMS orqali keluvchi maxfiy kodni o'g'irlash edi.
Onlayn do'konlar, shuningdek, e'lonlar joylashtiriladigan turli platformalar paydo bo'lishi bilan esa firibgarlar haqiqiysidan farq qiladigan yoki sifatsiz tovarlarni, ba'zida butunlay mavjud bo'lmagan tovarlarni sotish orqali o'z qurbonlarini aldash yo'lini topdilar.
Ijtimoiy tarmoqlar evolyutsiyasi firibgarlikning rivojlanishiga o'z ta'sirini ko'rsatdi – bad niyatli bu firibgarlar odamlarning his-tuyg'ulari, ko'ngilchanligi va ishonuvchanligidan foydalana boshladilar. Ijtimoiy tarmoqlarda qarindoshlar, tanishlar, hamkasblar tomonidan bemor bolalarga moddiy yordam berish lozimligi haqidagi e'lonlar paydo bo'ldi, jamg'arilgan mablag'dan manfaatni esa firibgarlar ko'rdi.
Elektron to'lovlar va onlayn xaridlar bozorining tobora faollashuvi bilan barobar tarzda firibgarlikning yangi zamonaviy shakllari ham paydo bo'lmoqda. Ularning eng keng tarqalganlarini quyida keltiramiz:
Hamyonga o'tkazish. Ko'pincha, bunday hollarda xaridor sotuvchiga oldindan to'lovni Internet hamyoniga yoki bank kartasiga o'tkazadi, ammo oxir-oqibat u na mahsulotni, na pulni ololmaydi. Sotuvchining o'zi esa izsiz g'oyib bo'ladi.
Bundan qanday himoyalanish mumkin: Firibgarlardan o'zingizni himoya qilish uchun xavfsizlik bo'yicha mutaxassis bo'lishingiz shart emas – nima va qachon izdan chiqayotganini va pullaringizni daxlsiz saqlash chorasini bilsangiz yetarli.
Yana xuddi o'sha holat. Ilg'or foydalanuvchilar va xavfsizlik boʼyicha mutaxassislar uchun bizning misollarimiz va tavsiyalarimiz oddiy ko'rinishi mumkin. Ammo firibgarlik holatlar tahlil bilan kunda shug'ullanmayganlar, ya'ni oddiy foydalanuvchilar uchun bu maslahatlar pul yoki shaxsiy ma'lumotlarni saqlashda juda asqotishi aniq.
Fishing, ya'ni bank kartasiga yo'l topish uchun ma'lumotlarni o'g'irlash. Asosan, fishing uchun ijtimoiy tarmoqlar, SMS yoki pochta orqali xabarlar tarqatishdan foydalanadilar. Bu xabarlar qaerdan kelayotgani muhim emas. Asosiysi, ularning barchasida banklar yoki yirik tashkilotlarning original sahifalariga juda o'xshash soxta saytlarga havolalar mavjud bo'lib, turli aktsiyalar yoki sovg'alar haqida xabar beriladi. Bu havolalarda so'ralgan tafsilotlarni kiritish, pullaringiz bilan xayrlashish demakdir.
Keling, «sovg'a tarqatish» orqali firibgarlikka bir misol keltiraylik – yaqinda bir guruh firibgarlar go'yoki lotereya o'tkazayotgan fishing saytga havolani ommaviy ravishda yuborishdi va saytda ko'rsatilishicha, aynan siz «sovg'a»ning baxtli egasi bo'ldingiz.
Albatta, fishing sayt haqiqiydek ko'rinadi. U yerda hatto ba'zi «odamlar»ning avvaliga bunga ishonmagani, lekin barchasi rost bo'lib chiqqani haqidagi izohlarini ham ko'rasiz.
Bu bilan qanday kurashish kerak: Kompaniya va banklarning rasmiy resurslarida ma'lumot manbalarini tekshirish juda muhimdir. Аgar siz soxta saytga duch kelsangiz, darhol bank/kompaniyaning bo'linmasiga qo'ng'iroq qilib, uning saytini soxtalashtirishga urinish bo'lgani haqida xabar berishingiz kerak.
Saytning haqiqiyligini tekshirish ham juda oson. Buni tekshirishning bir necha yo'li mavjud. Ular orqali siz bu sayt ishonchlimi-yo'qmi, maxfiy ma'lumotlarni topshirishga arziydimi-yo'qmi yoki bordi-yu, bu firibgarlar sayti bo'lsa, balki uni darhol tark etish lozimdir, degan gumonlarga javob topasiz.
Аslida, eng tezkor yo'l sizning xotirangizdir. Masalan, TBCBank ning rasmiy sayti https://tbcbank.uz ekanligini bilsangiz, http://winner-tbc-bank-uz.online manzili soxta ekanligini darhol anglab yetasiz.
Shuningdek, savdo platformalarida biror narsani sotuvga qo'yganingizda ham firibgar domi tushib qolishingiz xavfi mavjud. Shunday bo'ladi-ki, «xaridor» o'z karta raqami o'rniga sizga ushbu savdo maydonchasining «etkazib berish xizmati»ga havolani taklif qiladi, bu yerda esa siz karta ma'lumotlari va kodni kiritishingiz kerak bo'ladi. Esda tuting-ki, rasmiy to'lov tizimlari bilan bog'liq bo'lmagan biron bir onlayn xizmat sizdan SMS orqali kelgan kodni talab qilmaydi. O'zingiz bilgan rasmiy saytlardagi ma'lumotlarni tekshiring va shubhali narsalarni ko'rsangiz, qo'llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qiling.
Xo'sh, asosiy qoida – hech qachon, hech kimga kartangizga oid to'liq ma'lumotlarini bermang va uning fotosuratini tarqatmang. Mablag' o'tkazish uchun uning raqami kifoya qiladi va agar sizdan aniq ism, amal qilish muddati va CVVni bilishga harakat qilsalar, demak, siz firibgarga yo'liqibsiz!
To'satdan boyib ketish yoki «Nigeriya xatlari» deb ataladigan narsa. Ularda afsonaviy qarindoshidan meros haqida chiroyli afsona va advokat xizmatlarini to'lash yoki komissiya to'lash uchun hisob raqamiga pul o'tkazish so'rovi mavjud bo'ladi. Albatta, «Nigeriya xatlari» allaqachon eskirgan va deyarli darhol spamga o'tadi, ammo «to'satdan kelgan boylik» tizimi hali ham «tirik». Misol uchun, kriptovalyutalarning mashhurligi ortib borishi bilan «yangi birjalar» paydo bo'ldi, ular «yangi mijozlarni jalb qilish uchun» birinchi foydalanuvchilarga kriptovalyutada katta miqdorda pul «berdi». Veb-saytlarda ro'yxatdan o'tgan, o'zlarining ichki hisoblariga «bonus» olgan jabrlanuvchilar bu pullarga hatto «savdo» qilishlari ham mumkin edi, ammo ular pul mablag'larini yechib olmoqchi bo'lganlarida, bitta kichik amaliyotni – «hisobni faollashtirish va tekshirish» uchun hisob raqamiga ma'lum bir summani o'tkazib turishlari kerakli uqtiriladi.
Albatta, katta mablag'ga ega bo'lishni istagan odamlar firibgarlarga kamroq pulni o'tkazishlari ham mumkin. Ammo, nima bo'lganda ham «mukofot»ni ular, afsuski, ololmaydilar.
Bundan qanday himoyalanish mumkin:
Saytda odamlarning sharhlari, mashhur banklar va boshqa nufuzli tashkilotlarning logotiplari bo'lsa ham, pishloqni hech kim tekinga bermasligini unutmang: bularning barchasi firibgarlarning hiyla-nayranglari. Аgarda siz shubhali saytga kartangiz ma'lumotlarini kiritgan bo'lsangiz, zudlik bilan bankingizga qo'ng'iroq qiling va bu haqda xabar bering, bank xodimi sizga nima qilish kerakligini aytadi.
Firibgarlikdan himoyalanishning eng yaxshi yo'li – uning turli usullaridan xabardor bo'lish va shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilish choralarini ko'rishdir. Atrofingizdagi voqea-hodisalarga e'tiborli bo'ling, ayniqsa onlayn faollik haqida gap ketganda, ogoh bo'ling. Shaxsiy ma'lumotlaringizni kimga taqdim etayotganingizni biling va bu borada juda ehtiyotkor bo'ling. Siz foydalanayotgan veb-saytlar yoki ilovalar xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qiling. Agar biror holat sizda shubha uyg'otsa, bu haqda bank yoki kerakli organlarga xabar bering.
Puldan tashqari, firibgarlar boshqa narsalarni – pasport, bank hisob raqami, kredit ma'lumotlarini qo'lga kiritishga urinishi va keyin ulardan o'z manfaatlari uchun foydalanishi mumkin. Bundan himoyalanish uchun shaxsiy ma'lumotlarni onlayn tarzda almashish jarayonida hushyor bo'lish va qaydlar uchun ishonchli parollardan foydalanish muhimdir. Aytgancha, to'g'ri kelgan odamga pasport fotosuratini yuborish ham xavfdan xoli emas.
Shuningdek, shaxsiy kompyuter va boshqa qurilmalarni «toza» saqlash va xavfsizlik darajasini yangilab turish ham muhim – o'zingiz ishlaydigan tizimlarni doimo yangilab turing, shubhali xatlarni ochmang yoki tasdiqlanmagan manbalardan fayllarni yuklab olmang, sifatli antiviruslardan foydalaning.