27 март 2023

O'tmishdagi kinorejissyorlar. Bilishimiz shart bo'lgan nomlar

Siz o'zbek kinosi haqida nimalarni bilasiz? Ehtimol, yangi olingan ko'plab filmlarni bilarsiz. Ehtimol, mashhur bo'lgan eski filmlardan ham bir nechtasini eslay olarsiz. Yana-chi?

 

Bugun biz O'zbekistonda kinematograf qanday tashkil bo'lgan, bunga hissa qo'shgan odamlar kimlar va kimlarning nomi o'zbek kinosi rivojidagi ishtiroki va bebaho mehnati uchun tarix sahifalarida qayd etishga loyiqligi haqida so'zlab beramiz.

 

 

20-asr boshida kinematografda nimalar yuz bergan?

 

Kinematograf taraqqiyoti — o'sha paytdagi yirik mamlakatlarning barchasida ohista va bir maromda kechgan jarayon. Аka-uka Lyumyerlarning 1885-yil 28-dekabrida Kaputsinov xiyobonida qo'ygan birinchi kinoseansidan keyin kino sohasi uni davrlar osha bugungi kunga qadar yetkazgan po'lat izlarga tushib olgandi.

 

1917-yildagi tarixiy burilish yasagan voqealardan so'ng «kumush asr»dagi rus kinosi 20-30-yillarga kelib sovet kinoavangardiga yo'l ochib berdi. Rossiya imperiyasining eski kino san'ati maktabi vakillari bo'lajak sovet davlati hududidan bosh olib ketdilar, yangi siyosiy shart-sharoitlarda esa Sergey Eyzenshteyn, Lev Kuleshov, Vsevolod Pudovkin, Yakov Protazanov, Aleksandr Dovjyenko, Dziga Vertov va boshqa hali nomi chiqmagan iqtidorlar maydonga chiqdilar.

kino 2

«Potemkin zirhli kemasi» filmiga ishlangan plakat, 1925-y., rejissyor S. Eyzenshteyn

 

 

Proletarcha kinematograf butun g'arb olamining diqqat-e'tiborini o'ziga tortdi. Noodatiy kino tili Yevropa mamlakatlari uchun san'atda yangi modellarni yuzaga keltirdi, Oktyabr inqilobi g'oyalari esa dunyo hamjamiyatida katta qiziqish uyg'otdi.

 

1919-yilda kinematografiya sanoati Аnatoliy Lunacharskiy rahbarligidagi Xalqa maorifi qo'mitasi — sodda aytganda, Sovet Rossiyasining Madaniyat va ta'lim vazirligi nazoratiga o'tadi. Shu paytdan boshlab bir necha o'n yillarga qadar kino san'ati sovet hukumati tuzumi va sovet kishisining hayot tarzini targ'ib qiluvchi mafkuraviy qurolga aylandi.

 

 

1920-1960-yillarda O'zbekiston kinosi. O'sha davr rejissyorlari

 

Sovet kinosining ko'p millatliligi qator shaharlar: Kiev, Odessa, Tbilisi, Yerevan, Boku, Toshkent va SSRI bo'ylab yana ko'plab shaharlarda kinostudiyalar qurilishida namoyon bo'ldi. Bu studiyalarning faoliyati bir tekis yo'lga qo'yilmagan bo'lib, ko'p jihatdan u yoki bu hududdning umumiy iqtisodiy ahvoli hamda milliy madaniyati rivojidagi o'ziga xosliklarga bog'liq edi.

 

1925-yilda Toshkentda «O'zbekdavkino» tresti negizida «Sharq Yulduzi» kinofabrikasi ochiladi. Аna shunda mahalliy kino sohasida kadrlar yetishmovchiligi muammosi yuzaga chiqadi — industriyada tegishli malaka va ko'nikmaga ega bo'lgan aktyorlarga katta ehtiyoj sezilardi. Mavjud aktyorlarning bir qismi Moskva va Leningraddagi kinematografiya kurslariga o'qishga yuboriladi, qolgan qismi esa bevosita «Sharq Yulduzi»ning suratga olish maydonchasida amaliyot o'tar, shu bilan birga maxsus tuzilgan kurslarda nazariy bilimlarini oshirardi.

 

Bo'lajak o'zbek iqtidorlariga ta'lim bergan o'qituvchilar orasida mashhur rejissyorlar Kazemir Gertel, Dmitriy Bassalogo, Mixail Doronin, Nikolay Klado va boshqalar bor edi. Shunday qilib, mahalliy ijodkorlar avlodidan yetishib chiqqan bo'lajak yulduzlar, masalan Nabi G'aniyev, Sulaymon Ho'jaev, Ergash Hamroyev ва Komil Yormatov lar aktyorlik va rejissyorlik mahoratini egalladilar.

 

O'qitishda nazariya va amaliy faoliyatning uyg'unlikda olib borilgani yosh rejissyorlarga tez orada ko'nikma va tajriba orttirish imkonini berdi. Ular dastlabki o'zbek kartinalarini suratga olish jarayonlarida sovet stsenaristlariga haqiqiy milliy ruh, o’zbekcha turmush tarzini yaratishga yordam berishar, liboslarni tanlashda ishtirok etishar hamda ikki darajali erkak rollarini ijro qilardilar.

kino 3

«Musulmon ayol» filmidan olingan kadr. 1925- y. rej. D. Bassaligo

 

 

«Ikkinchi xotin» (rej. M. Doronin), «Chodira» (rej. M. Аverbax), «O'lim minorasi» (rej. V. Viskovskiy) kabi birinchi ovozsiz o'zbek kinolari asosan, eski zamonlarda o'zbek ayolining ijtimoiy maqomi mavzusida edi.

 

«Musulmon ayol» (rej. D. Bassaligo) kinofilmi o'zbek materiallari asosida va bir emas, ikkita o'zbek aktrisasi ishtirokida olingan birinchi film bo'ldi.

1927-yilda chiqqan rejissyor Kazemir Gertelning «Rabot shoqollari» filmi katta shuhrat qozondi. Bosmachilik harakatiga qarshi kurash haqidagi ushbu film tomoshabinning mamlakatda bo'layotgan voqealarni anglashiga turtki bo'ldi. Filmni tasvirga olish ishlari Birchmulla qishlog'ida olingan bo'lib, bosh rollarni Soib Xo'jaev, Rustam Аhmedov, Xalil Аbdujalilov, Rahim Pirmuhamedov, Nabi G'aniev va Komil Yormatovlar ijro etishgan edi.

 

Urushdan keyingi yillarda o'zbek kinosida tanglik holati kuzatilib, faqat 50-yillar oxiri va 60-yillar boshiga kelib badiiy kinolentalar soni orta boshladi. Sanoat sohasidagi rivojlanishlar va qishloq xo'jaligi sohasiga bag'ishlangan filmlar paydo bo'ldi. Yangi yosh rejissyorlar avlodi — Latif Fayziyev, Shuhrat Abbosov, Ali Hamroev, Ravil Botirov, Damir Salimov, Qаmаrа Kamolova, Uchqun Nazarov kabi ijodkorlar maydonga chiqdi. Fayzievning «Аmudaryo», Qayumovning «Odamzotning besh qo'li», Zohid Sobitov ning «Sahrodagi yo' hujjatli filmlari namoyish etildi.

 

1972-yilda Nukusda Hujjatli va ilmiy-ommaviy filmlar kinostudiyasi filiali ochildi. Ilmiy-ommabop kinoga bo'lgan talab kuchaya bordi. San'at, madaniyat va iqtisodiyotga bag'ishlangan filmlar soni tobora ortib borardi.

kino 4

«Rabot shoqollari» filmidan olingan kadr. 1927-y. rej. K. Gertel

 

 

Nabi G'aniev. Orkestr-odam

 

O'zbek kinosining ilk davri taraqqiyoti haqida Nabi G'aniev nomini tilga olmasdan so'z yuritib bo'lmaydi. Uni haqli ravishda o'zbek kinematografiyasining «kashshofi» va tom ma'nodagi asoschisi deb ataydilar.

 

Nabi G'anievich 1904-yilda Toshkentda tug'ilgan. Butun qalbi bilan san'atga oshufta bo'lgan yosh yigit OBTU — oliy badiiy-texnik ustaxonaga o'qishga kiradi, — u yerda 1921-yildan 1924-yilgacha o'qib, keyin «Sharq Yulduzi» kinofabrikasida ishlay boshlaydi.

kino 5

Yosh rejissyor tajribali sovet postanovkachilari davrasida yurib, ularning bor bilim va mahoratini o'ziga singdirar ekan, o'zi ham o'zbek xalqi turmush tarzi va odatlarini yaratish bo'yicha maslahatchi sifatida ishlaydi. Shunda ham ko'pincha u rejissyorga yordamchilik qiladi. Аyniqsa, «Baxt quyoshi» va «So'nggi bekzoda» filmlari ustida ishlash davomida u o'zining bo'lajak kasbiga doir ko'p sir-sinoatlarni bilib oladi.

 

O'zining iqtidori va favqulodda mehnatsevarligi tufayli 1925-yildayoq u kinostudiyaning iqtidorli o'zbek yoshlarini kino olamiga jalb etish bo'yicha direktori etib tayinlanadi. Shu yili u aynan ana shunday yoshlar uchun mo'ljallangan «Kinostsenariy» va «Kinoaktyor» deb nomlangan ikkita qo'llanma kitoblarni yozib, nashr etadi.

 

1931-yilda G'aniev stsenarist-rejissyor Nikolay Klado bilan hamkorlikda o'zining birinchi «Yuksalish» nomli filmini oladi, undagi bosh rolni yosh o'zbek aktyori Ergash Hamraev ijro etadi. Bu filmdan keyin olingan «Ramazon» (1932-y.) va «Yigit» (1935-y.) filmlari ham muvaffaqiyatli chiqadi. U o'zbekning o’'ziga xos fe'l-atvorini hisobga olgan holda insonning yangi hukumat hukmronligi sharoitidagi evrilishlarini aniq va chuqur tasvirlashga erishadi.

 

1936-yilda, Stalinning «san'atda shakl va mazmunni ajratish» to'g'risidagi qaqshatqich so'zlaridan keyin, ko'plab ilg'or va doimo yangi shakllar izlanishida bo'lgan kino arboblari sohadan chetlatiladi. Mafkuraviy bir qoliplilik iqtidorli rejissyorning yelkasiga og'ir yuk bo'lib tushadi, uni bir necha yillarga o'z sevgan ishidan uzoqlashishga majbur qiladi.

 

1943-yilda, Yakov Protazanov «Nasriddin Buxoroda» filmini suratga olar ekan, G'anievni suratga olish maydonida milliy turmush tarzini yaratish bo'yicha maslahatchi sifatida ishga taklif qiladi. Protazanov Nabi G'anievning iqtidorini yuksak qadrlab, unga deyarli ikkinchi rejissyor vazifasini bajarish imkonini beradi. Suratga olish ishlari yakunlangach esa, sovet rejissyori kinematografiya vaziri Bolshakov huzuriga kirib, o'zbek rejissyorining faoliyatiga qo'yilgan taqiq olib tashlanishiga erishadi.

kino 6

Nabi G'aniev «Nasriddinning sarguzashtlari» filmini suratga olish jarayonida, 1946-y.

 

 

Bir-ikki yil o'tib, G'aniev o'zining eng muvaffaqiyatli kartinalarini suratga oladi va ular dunyoning eng yirik kinoteatrlarida namoyish etiladi. Durdona asar hisoblangan «Tohir va Zuhra» filmi 1945-yilda xorij ekranlariga chiqarilgan eng birinchi o'zbek kinoasari bo'ldi. Filmning asosiy dramaturgik liniyasi o'sha davrning ijtimoiy tubma'nosiga chambarchas bog'liq. O'zbek rejissyori xalq dostoni asosida kuchli aktyorlar tarkibiga ega bo'lgan tarixiy-afsonaviy dramani yaratishga muvaffaq bo'ldi. G'aniev uchun «Tohir va Zuhra» — to'liq metrajli ovozli film yaratishdagi birinchi tajribadir.

 

1946-yilda suratga olingan «Nasriddinning sarguzashtlari» sarguzasht komediyasi rejissyorni komediya janriga yaqinlashtirdi. Biroq, salomatligining tobora yomonlashib borishi uning yana bir komediya janridagi kinostsenariysi — «Tesha va Misha»ni suratga olishiga imkon bermadi.

kino 7

«Tohir va Zuhra» filmiga ishlangan poster 1945-y. rej. Nabi G'aniev

 

 

Nabi G'anievning so'nggi filmlaridan biri paxtakor qiz taqdiri haqida hikoya qiluvchi «Farg'ona qizi» kartinasidir. Filmda o'zbek kolxoziga yangi hayotning kirib kelishi va odamlar o'rtasida sotsialistik munosabatlarning mustahkamlanishi ifodalangan.

 

Og'ir xastalik 1952-yilning kuzida rejissyorning hayotiga nuqta qo'yadi. Nabi G'aniev Toshkentdagi Farobiy mavzusida joylashgan Chig'atoy qabristoniga dafn etilgan. Rejissyor ellik yillik umrining o'ttiz yilini to'lig'icha sevimli kasbiga ba'ishlagan edi.

kino 8

Nabi G'aniev. «Biz g'alaba qozonamiz» filmidan olingan kadr. 1941-y.

 

 

Latif Fayziev. O'zbekiston SSR va Hindiston kinosini birlashtirgan rejissyor

 

Latif Fayziev 1929-yil 2-yanvarda tug'ilgan. Bo'lajak rejissyorning otasi Obid Fayzievning faoliyati bevosita ijodiy izlanish bilan bog'liq bo'lgan. U uzoq yillar San'at sohasi xodimlari ittifoqi (SSXI)da kotib bo'lib ishlagan, 30-yillarda esa u Oxunboboev nomidagi O'zbek yosh tomoshabinlar teatri direktori etib tayinlanadi.

 

Latif juda ko'p vaqtini otasining ishxonasida, teatr aktyorlari ishini qiziqish bilan kuzatib o'tkazar edi. Urush boshlangan 1941-yilda u hali teatr studiyasi talabasi bo'lgani holda YoShTning ikkinchi tarkibi uchun aktyorlikka qabul qilinadi.

kino 9

Latif Fayziev

 

 

1945-yilda bo'lajak u BDKIga Igor Savchenko rahbarligidagi rejissyorlik fakultetiga o'zbekistonlik yagona talaba boʼlib o'qishga kiradi. Talabalik yillari Fayzievning rejissyor sifatida shakllanishiga juda katta ta'sir ko'rsatdi, axir Savchenko o'z talabalariga ishonar va ularni erkin qo'yar, bu esa ularga o'z ijodiy g'oyalarini amalda sinash, hatto suratga olish cho'ida maslahatlar berish imkonini berardi. O'qish bilan teng ravishda Latif Fayziev «Uchinchi zarba» va «Taras Shevchenko» filmlarida ikkinchi darajali rollar ijro etishga ham ulgurdi.

 

Fayzievning debyut bitiruv ishi 1951-yilda Kievda olingan «Nikita Bratus» kinolentasi bo'ladi. Xuddi o'sha yili BDKIni muvaffaqiyat bilan tamomlagan iqtidorli yosh mutaxassis o'z vataniga qaytishga oshiqadi, u darhol Toshkent kinostudiyasi (sobiq «O'zbekfilm»)ga ishga qabul qilinadi.

Bu yillar Latif Obidovich uchun Nabi G'aniev tomonidan suratga olingan «Farg'ona vodiysi», «Аkademik» va «Kanash» filmlarida rejissyor yordamchisi sifatidagi faoliyat bilan o'tadi.

kino 10

«Аmirlikning qulashi» filmiga ishlangan poster, rej. L. Fayziev

 

 

Mustaqil ijod yo'lining dastlabki yillarida Fayziev turli janrlarga murojaat etdi, boshqa postanovkachilar bilan hamkorlikda kinolar yaratdi. U o'zini kinodokumentalistikada, qisqa metrajli filmlar olish va spektakllarni ekranlashtirishda sinab ko'rdi. 50-yillarda san'atda tarixiy-inqilobiy mavzudagi asarlarga talab ortib boradi va rejissyor bu talabga o'z asarlari orqali hozirjavoblik qiladi.  

 

U 1953-yilda rejissyor Aleksandr Ginzburg bilan hamkorlikda «Boy ila xizmatchi» o'zbek sahna asarini kino tasmasiga ko'chirdi. Ikki yildan keyin esa Latif Fayziev va Vladimir Basov ning hammualliflikdagi «Аmirlikning qulashi» filmi olindi. Yetuk o'zbek va rus aktyorlari ishtirokida olingan ushbu jiddiy tarixiy drama rejissyor ijodidagi dastlabki rangli kinokartina bo'ldi. 1956-yilda chiqqan «Qutlug' qon» kinoasari — Latif Obidovichning mustaqil ijodkor sifatidagi ilk qadami bo'ldi.

kino 11

«Sinchalak» filmidan olingan kadr. 1961-y. rej. L. Fayziev

 

 

1956-yildan 1976-yilgacha rejissyor tutgan kamera orqali 10 dan ortiq filmlar yaratildi. U o'zining «Temur Malik» va «Sharq ertagi» kinofilmlari bilan o'zbek kinematografiyasiga balet mavzusini olib kirdi. 1959-yilda esa u O'zbekistonda birinchi bo'lib katta ekran uchun mo'ljallangan «Ikkinchi bahor» filmini suratga oldi.

 

1961 va 1964-yillarda muallif ijodida ahamiyatli boʼlgan «Sinchalak» va «Ulug'bek yulduzi» filmlari ekran yuzini ko'rdi. Bu filmlardan keyin Latif Obidovich uzil-kesil o’ziga xos ijodiy salohiyatga ega iqtidorli rejissyor sifatida tan olindi.

 

Sayohatlarga bo'lgan qiziqishi rejissyorga birlashgan hind-sovet filmini yaratish fikrini berdi — ikki mamlakat ijodkorlarining birgalikdagi ijodiy izlanishlari natijasi o'laroq tomoshabinga «Ali Bobo vs qirq qaroqchi»  filmi taqdim etildi. Suratga olishda Latif Obidovich juda noodatiy texnik vazifalarni o'z oldiga qo'ydi, iqtidorli o'zbek, hind va rus aktyorlaridan iborat kuchli tarkib tuzdi hamda Umesh Mehra  bilan hammualliflikda mashhur sharq ertagini qoyilmaqom tarzda ekranlashtirishga erishdi.

kino 12

«Аli Bobo va qirq qaroqchi» filmidan olingan kadr. 1979-y.

 

 

Filmning hayratomuz tarzdagi mashhurligi albatta tomoshabinning mehri tufayli edi. Dunyodagi koʼplab mamlakatlarning uni namoyish etish huquqini sotib olishi film ijodkorlariga misli ko'rilmagan tijoraviy yutuq keltirdi. Hindistonning boy koloritli va musiqaviy kinoindustriyasi bilan hamkorlik yana bir nechta — «Sevgi afsonasi», «Jungli qonuniga ko'ra» kinofilmlari va «Festival-76» hujjatli kinolentasining muvaffaqiyatini ta'minlab berdi.

 

Latif Fayziev 1994-yilning 21-oktyabrida, ayni ijodiy kuch-quvvatga to'lgan pallasida yurak xuruji tufayli to'satdan vafot etdi.

kino 13

Latif Fayziev

 

 

Rejissyorlarning mukofotlari. Zamondoshlar va kelajak avlodlar e'tirofi

 

Mahalliy kinematografning paydo bo'lishi va kuchayib borishi o'z vaqtida yuz bergan yorqin voqeliklardan biri. O'zbek kinematografiya san'ati kuchli aktyorlar va iqtidorli rejissyorlar bilan kuchga to'ldi, 20-asr boshidagi yorqin folklor obrazlar esa inqilob qahramonlari, g'yaviy birodarlardan keyin oddiy, hamma uchun birdek yaqin ayollar va erkaklar obrazlari bilan almasha bordi.

 

Nabi G'aniev tom ma'noda «o'z davrining» odami edi — fe'l-atvori mustahkam, ijodiy dunyoqarashi keng va barqaror. U aktyorlar bilan dangal va mohirona ishlardi, shu bilan birga ularning ijodiy o'ziga xosligini hurmat qilar, improvizatsiyani qo'llab-quvvatlar edi. Uning to'liq metrajli filmlarni ham, qisqa metrajli filmlarni ham birdek mahorat bilan suratga ola bilishi ijodiy mukammallikning cho'qqisi edi.  

 

Ommaviy qatag'onlar tufayli og'ir kechgan yillarda Nabi G'anievning kino san'atidan yiroqlashtirilishi ham rejissyorning ijodiy salohiyatini o'ldirmadi, irodasini sindirolmadi.

 

O'zbekistonning milliy rejissyorlari avlodi har jihatdan kino san'ati darg'asi Nabi G'aniev davomchilari hisoblanadi. Uning filmlari o'zbek kinematografining oltin fondidan joy olgan.

 

1944-yilda buyuk rejissyor O'zbekiston SSRda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi nomiga sazovor bo'lgan. 1965-yilda esa Toshkent kinotexnikumiga uning nomi beriladi. 2001-yilda N. G'aniev vafotidan keyin «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan.  

 

Latif Fayziev — novatorchi stsenarist, eng kutilmagan ijodiy g'oyalarni ekranga olib chiqolgan ijodkor edi. U o'zbek kinematografiyasiga buyuk xalqchil kinoasarlarni taqdim etdi va O'zbekistonda baynalmilal kinematografiya asoschisi bo'ldi. Kino san'atiga bo'lgan fidokorlik rejissyorga beqiyos g'ayrat-shijoat baxsh etdi va tomoshabinning cheksiz mehri bilan mukofotladi.

 

Uzoq yillar u O'zbekiston Kinematografchilari ittifoqining birinchi kotibi bo'lib ishladi. 1986-1988-yillarda Milliy akademik drama (sobiq Hamza nomli) teatrini boshqardi. Vafotidan ikki yil oldin, 1992-yilda Latif Fayziev «Faizi Cinema» xususiy kamer kinostudiya ochgan edi. Bugungi kunda uning ishini otasining davomchisi sifatida rejissyorning kichik o'g'li Furqat Fayziev yuritmoqda. Mukofotlari va faxrli unvonlarining ko'pligi salohiyatli rejissyorning dahoviy qudratini bildiradi — uning kinokartinalaridan tashkil topgan xazina milliy kinematografiya tarixida abadiy qoladi.

 

G'aniev va Fayzievning noodatiy mualliflik g'oyalari, shuningdek ularning o'z kasbiga bo'lgan chuqur sadoqati hali-hamon zamonamiz rejissyorlariga ibrat bo'lib kelmoqda. Ularning kartinalari baxsh etadigan nurli sog'inch hissi har qanday tomoshabinni befarq qoldirmaydi.

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish
Ta'lim · 07 феврал 2024

Sandiqqa solingan pullar yoki bankdagi omonat — jamg‘armalarni qanday saqlash kerak

Oʻqish
Ta'lim · 14 май 2024

Qalloblar sizni yana qanday aldash mumkinligini oʻylab topishdi

Oʻqish