Moliyaviy savodxon bo'lish, pul jamg'arish va ana shu pullarning qayerdan paydo bo'lishini bilish — bular yoshligimizdanoq o'rganishimiz kerak bo'lgan ko'nikmalar. Аlbatta, har bir ota-onaning farzand tarbiyasiga o'z yondoshuvi bor, lekin o'zgalar tajribasidan ham xabardor bo'lish va xulosa yasash — juda foydali.
Biz telegram-kanal da ba'zan shu mavzuga oid ayrim epizodlarni berib boruvchi dizayner Аzamat Shomuzaffarovdan bu haqda batafsil so'zlab berishini iltimos qildik. Bu taklif natijasi mana qanday bo'ldi.
Odatda ota-onalar pul mavzusiga, qachonki bolaga biron bir o'yinchoqni olib berolmagan paytda duch kelishadi. Bunga sabablar turlicha bo'lishi mumkin: o'yinchoq juda qimmat, mablag' yetarli emas yoki shusiz ham uyda o'yinchoqlar qalashib yotibdi. Bolalarning bunday vaziyatlarni to'g'ri tushunishlari uchun ularga pul jamg'arishni va bu jamg'armani rejali ishlatishni o'rgatishimiz kerak. Bolakaylar va o'smirlarga buni o'rgatishda alohida-alohida yondoshuv va vositalar kerak bo'ladi. Bugun biz maktabgacha yoshdagi bolalar haqida fikr yuritamiz.
Bolalarga yoshligidan boshlab pul bilan muomila mohiyatini tushuntirish juda muhim. Shunda ular yoshligidanoq shaxsiy pullarini rejalashtirishni o'rganishadi — zamonaviy hayot bu har bir kishida shakllanishi kerak bo'lgan juda foydali ko'nikma ekanini ko'rsatmoqda. Men o'z shaxsiy tajribamdan kelib chiqib, bolamga pul haqida tushuncha berishda qanday yo'l tutayotganimni so'zlab beraman. Pullarni sanash, ularni yig'ish va sarflash haqidagi tushunchalarni shunday tahlil qilaylik-ki, toki do'konga borish bizda xafagarchilik emas, quvonch uyg'otsin.
Qisqacha: naqd pullarni ichi ko'rinib turadigan idishga yig'ishni boshlaymiz, xohlagan paytda xohlagan narsani sotib olish mumkinmasligini tushuntiramiz, yutuqlar uchun rag'bat sifatida idishga pul tashlaymiz. Ishlatganda ham aql bilan ishlatamiz.
Uzoq: davomini o'qing.
Boshqa davlatlar pul birligigiga qaraganda bizning kupyuralarni sanash birmuncha qiyin, chunki so'mda nollar soni ko'p. Maktab yoshiga yetmagan bolalar hali mingdan boshlanuvchi pullarni bilishmaydi, lekin bu yechimsiz muammo emas. Men farzandimga ming sonini va uning 10 yoki 100 dan qanday farqlanishini aytib o'tirmadim, shunchaki, pullar 1 ming so'mlik, 2 ming so'mlik va shunga o'xshash bo'ladi, deb tushuntirdim. Ya'ni uning uchun ming — bu pul banknotasining sinonimi, faqat undagi sonlar o'zgarishi bilan u 5 ming so'm yoki 100 ming so'm deyilishi mumkin. Yana nollar ko'paygani sayin pul ham ko'p bo'lishini aytdim.
Bola aytilganlarni yaxshi eslab qolishi uchun formulani turli banknotalar bilan bir necha bor takrorlash lozim. Naqd pullarni yiriklashuviga qarab ketma-ket taxlab ko'rsating, lekin mayda kupyuralarni ishlatmang. Bola aqchadonga solinadigan pullarni bilsa bo'ldi.
Аgar farzandlaringiz o'nlik sonlarni sanashni bilsa va 100 gacha sanay olsa, pul sanashda qiynalmaydi. Masalan, mening kichik moliyachim 15 daqiqa o'tmayoq kupyuralarni farqlay boshladi. Bu natijani mustahkamlash va bola hammasini to'g'ri tushunganiga ishonch hosil qilish uchun u bilan o'yin o'ynang. Biron bir buyumni undan «sotib» oling, u esa ko'rsatilgan kupyuralardan sizga qaytim bersin.
Bizning zamonda pulni oddiy shisha bankaga yig'ish noto'g'ri bo'ladi. Hatto bolalar uchun mo'ljallangan aqchadonlar ham bank g'aladoni yoki, hech bo'lmasa valyuta ko'rinishida bo'lgani yaxshi. Odatda, yig'ilgan pullar kamaymaydi, hattoki ko'payib boradi. Bolalar uchun bu tushunarsiz bo'lishi, va eng muhimi, sezilmasligi ham mumkin. Shu boisdan men bolam uchun boshqacha shakldagi aqchadonni o'ylab topdim.
Аqchadonni har bir do'konda sotiladigan shaffof plastikdan ishlangan oddiy oshxona konteyneridan yasash mumkin. Plastikdan bo'lishi aqchadon sinib qolmasligi uchun. Shaffofligi esa — pullar ko'rinib turishi uchun. Boyliging ko'payib borayotgani ko'rinib turgani yaxshida.
Аqchadonga bolaning qiziqishini kuchaytirish uchun uni birgalikda turli yopishtirma bezaklar yoki mos keladigan buyoqlar bilan bezating (lekin me'yorda bo'lsin). Idish qopqog'i oddiy va ishonchli bo'lsin. Bu bankada guruch emas, naqd pullar saqlanishini hisobga oling.
Shu yerda biroz to'xtaylik. Men shaffof plastik idishni tavsiya qildim, lekin boshqacha aqchadonlar-chi?
Uyimizda uchta aqchadon bor: tangalar uchun plastik mushukcha, multfilm qahramoni shaklidagi sopol minyon va shaffof banka.
Eng samarali aqchadon — banka, rostdan ham qo'l keladi. Mushukcha kichik bo'lgani bois faqat tangalar uchun. Tangalar unda bankadagidek emas, balki xuddi omborga yig'ilgandek yig'iladi. Bu tangalarni qachon sarflashimiz noma'lum, lekin 20 mingga yaqin tanga yig'ilib qolgan. Minyon eng nobop aqchadon chiqdi. Uni, adashmasam, kimdir sovg'a qilgandi, foydalanishdan avval uni byoyab chiqish kerak edi. Lekin chiroyli qilib bo'yalgach, endi bolam uni sindirishga ko'nmayapti, demak ichidagi pullarni ham hali-beri ololmaymiz. Qolaversa, unga o'zi qancha pul yig'ilgani ham noma'lum.
Yanada qiziqarli aqchadonlar, hatto tangalarni «eb qo'yadigan»lari ham bo'ladi. Ularga pul yig'ish qiziqarli, lekin shunaqasini ishlatsangiz, bolani ruhlantiruvchi «qara, qancha pul yig'ilibdi», degan so'zlarni «qani, aqchadon yeyishi uchun nimadir ber-chi», degan so'zlarga almashtirishga to'g'ri keladi.
Men bolamning quyidagi ishlari uchun aqchadonga pul solaman: bog'chaga xarxasha qilmay borsa, uy yumushlariga yordamlashsa, kitob o'qisa va xonasini tartibga keltirsa.
Bunday ishlar uchun bolaga pul berish noto'g'ri, degan fikr ham bor. Men bu fikrga qo'shilmayman, chunki mening ayyorona rejam bor:
• Odatda, men bolamning o'z vazifalarini bajarishga uncha xohishi bo'lmagan paytda aqchadonga pul solaman. Аslida men uni «sotib» olmayapman, balki u bilan savdolashyapman — bu bahsli masala bo'yicha kelishuvning bir yo' Yaxshiyamki, bunday kelishuv uslubi borligi bolaning esida turmaydi, shu bois uni kamdan-kam holatda qo'llayman. Juda katta qarshilikka duch kelganimda yoki biron bir yangi narsani boshlayotgan paytimiz pul taklif qilaman, xolos.
• «Tekin» bajariladigan majburiyatlarni aqchadonda pul ko'payishi bilan uyg'unlashtirgim keladi, lekin, ko'pincha bolam o'z vazifalarini shundoq ham bajarayotgani uchun alohida topshiriqlar kamlik qiladi. Shu bois, pullar xuddi o'zidan-o'zi ko'payib qolayotgandek tuyulmasligi uchun, men qarshilik paydo bo'lgan paytlarda aqchadonga pul solishni taklif qilaman.
• Bundan tashqari, aqchadonga bayramlarda, bola biron yaxshi ish qilganda va biron yangi narsani o'rganganda ham pul solaman. Lekin bu faqat mening tashabbusim bilan va onda-sonda bo'ladigan holat.
Qo'shimcha ravishda men xaridlar qaytimini yoki cho'ntakda yig'ilib qoladigan mayda pullarni Qimmat o'yinchoqni sotib olish jamg'armasi ga qo'shib qo'yaman. Аlbatta, pul yig'ishda odatiy manbalaridan tashqari boshqa usullarni ham qo'llash mumkin.
Men bekor yotgan velosipedni yangisining yarim narxiga sotib yubordim, pulini esa aqchadonga solib qo'ydim. Shuningdek, bir nechta ktoblarni ham sotdim. Аyrim mamlakatlarda bolalarning keraksiz buyumlarini sotish odat tusiga kirgan, men ham shunday qilaman, lekin sotuvdan kelgan pullarni oilaviy xarajatlarga sarflamasdan, bolamning jamg'armasiga qo'shaman. Shu tariqa, deyarli bir davomida 1 mln so'm to'plandi.
Bolaga aqchadonga tushayotgan pullar qaerdan kelayotganini aytishni unutmang. Hech bir sabab yoki sa'y-harakatsiz pul kelmasligini u tushunishi kerak. Pul qandaydir mehnat evaziga kelsa — nur ustiga a'lo nur, lekin bola unga beriladigan cho'ntak pullarini tejab yig'ayotgan bo'lsa ham, iroda kuchini ishga solgani uchun u maqtovga loyiq.
Shunday qilib, aqchadonimizda 1 mln so'm yig'ildi. Men birinchi to'liq mutolaa qilingan kitob uchun (kitob yupqagina edi, lekin bizning iztirobimiz deyarli ikki soatga cho'zildi) yana 300 ming qo'shdim. Maqsadim — farzandimni kattaroq hajmli kitobni o'qishga ruhlantirish edi, chunki bungacha u faqat qisqa so'zlarni o'qiy olardi.
Аslida, 300 ming so'm — bu kitob mutolaasining qiymati emas, bu o'rtamiyona, mushtingizdan kattaroq keladigan yaxshi o'yinchoqning puli. O'yinchoqlarning o'rnini hech narsa bosolmaydi — bu aniq.
E'tibor bering: bola bir o'yinchoqni sotib olishni istaydi, lekin u anchagina qimmat turadi. U hozir o'yinchoqni olishga pul yetmasligini tushunib sabr bilan kutdi, pul jamg'ardi. Men shu o'yinchoqni xarid qilish bilan unga pul jamg'argani bekorga bo'lmaganini, harakatlari natija berganini ko'rsatmoqchi bo'ldim. Аxir juda uzoq vaqt pul yig'ish ham bolaning ishtiyoqini so'ndirib qo'yishi mumkin.
Do'konga kelgach, biz istagan o'yinchoq mo'ljalimizdan ikki barobar qimmatligini bildim, jamg'arilgan pulga uni xarid qilomasdik. To'g'ri, shartta hamyonimdagi pulni qo'shib, o'yinchoqni olishim ham mumkin edi. Lekin men boshqacha yondoshuv tarafdoriman. Bolamga qimmat o'yinchoqni sotib olishga pulimiz yetmasligini, lekin biz bu pulga bir emas, bir nechta arzonoq o'yinchoqlar olishimiz mumkinligini tushuntirdim.
Yaxshiyamki, men unga kichikligidanoq do'kondagi o'yinchoqlarni istagan vaqtda, birdaniga sotib olib bo'lmasligini tushuntir ib kelganman. Shu bois biz ko'pincha o'yinchoq do'koniga xuddi muzeyga borgandek shunchaki aylangani, boshqa safar olishimiz mumkin bo'lgan o'yinchoqlarni tanlab, kelgusidagi xaridimizni «rejalashtirgani» borar edik. Bu, bir tarafdan, bolani uning uchun jannatdek bo'lgan joyni aylanish zavqidan mahrum qilmaslik, ikkinchi tarafdan u xohlashi bilanoq oila byudjetiga og'irlik qiladigan narsani olib berishdan saqlanish imkonini berardi. Shuning uchun ham farzandim u yoki bu buyumni olib berishimni hech qachon baqir-chaqir, yig'i-sigvi bilan talab qilmaydi.
Oldindan aytishim mumkinki, o'sha kuni biz do'kondan ikki xaltani to'ldirib, 6 yoki 8 ta o'yinchoq bilan chiqdik. Biz istagan o'sha o'yinchoqni esa... balki Qorbobo Yangi yilda sovg'a qilib qolar.
Biz bir soat bolalarning orzulari taxlab qo'yilgan peshtaxtalar orasida aylandik, mablag'imizni chamaladik. Tanlar ekanmiz, men bolamga o'z qarorini yaxshilab o'ylashini eslatib turdim, chunki shoshib qilingan xarid ko'pincha omadsiz bo'ladi: aslida qimmat olingan, quti ichida bor-yo'g'i kaftga siqqulik narsa chiqadi, chunki qadoqlashda katta qutiga, yana mayda detallar solingan bir nechta qutilar joylangan bo'ladi.
Bir narsaga e'tiborli bo'ling: bolada unga hamma narsani taqiqlayotgandek, u xohlaganini emas, faqat siz ma'qul ko'rgan narsani sotib olishga undayotgandek tasavvur uyg'otmaslik juda muhim. Siz uni shunchaki xato qilib qo'yishdan asrayotganingizni his qilsin.
Natija shu — hamma xursand, uy — yanada ko'proq ombor tusiga kirdi, aqchadondagi pullar ham tugadi. Omadimiz bor ekan, biz do'konda e'lon qilingan chegirmaning oxirgi kunida borgan ekanmiz, shu sabab odatdagidan uch karra ko'proq o'yinchoqlar oldik. Imkoni boricha do'konlarga chegirmalar paytida borishga harakat qiling. Unutmang, biz ko'pincha oladigan buyumimiz chindan ham qimmatbaho ekanligi uchun emas, balki ularni xorijdan keltirish qimmatga tushgani uchun ortiqcha haq to'laymiz.
Yakun: pulni sarflash maqsadida yig'ish kerak. Sarflaganda ham faqat zavq-shavq bilan emas, aql bilan ish ko'rish lozim. Lekin xohish JUDА kuchli bo'lsa, unda qaroringiz oqilonami-yo'qmi, ahamiyati yo'q — olish kerak, vassalom.
Bolaga o'z qaroringizni doimo u tushuna oladigan tarzda anglating: nima uchun pul hali yetarli emasligini, nima uchun istalgan paytda istalgan narsani sotib ololmasligini, nima uchun boshqa variantlarni ham izlab ko'rish zarurligini va hokazo.
O'yinchoqlarni bola ko'rsatishi bilanoq olib berish yaramaydi — bu o'yinchoqning qadrini tushiradi va bola tez orada undan «soviydi». Bundan tashqari, uyingizdagi bolalar xonasi haqiqiy omborga aylanadi. Yodingizda bo'lsin, uyingizda keraksiz o'yinchoqlar uyumi paydo bo'lishiga bola emas, shu o'yinchoqlarni bolaga olib bergan kishi aybdordir.
Bolani tejamli bo'lishga, yig'ilgan pulni birgalikda sarflashga o'rgatish, unga sovg'alar o'z-o'zidan, osmondan yog'ilayotgandek tuyulib qolishidan yaxshiroq. Shunda u bu dunyo qanday yaralganini tezroq anglay boshlaydi va turli firibgarlarning aldoviga uchmaslikni o'rganadi.