27 феврал 2023

Eksperimental musiqa boʼyicha noodatiy festival qanday oʼtdi?

Mazmuni
  • Tashkilotchilar haqida
  • «Bahor dukuri»ida kimlar sahnaga chiqdi va nima uchun aynan ular tanlab olindi?
  • «TOПOT» da qaysi rossiyalik artistlar qatnashdilar?
  • Oddiy boʼlmagan kino
  • Tomoshabinlarning munosabati

11-fevralda Plovistan loyihasi doirasida shahrimiz uchun noodatiy tadbir — «Bahor dukuri» eksperimental va improvizatsion musiqa festivali boʼlib oʼtdi. Festivalda toshkentlik, sibirlik va moskvalik musiqachilar ishtirok etdilar, shuningdek eksperimental mustaqil filmlar namoyish etildi, xohlovchilar esa «Birdamlik zonasi»  tashabbusini qoʼllab-quvvatlash uchun xayr-ehson qildilar.

 

Tadbir unga tashrif buyurgan har bir inson uchun maroqli oʼtmagan boʼlishi mumkin, chunki bunday musiqani odatiy va ommabop deb boʼlmaydi. Unga mos raqsga tushish, ruhan dam olish imkonsiz, hatto kimdir oʼzini noqulay his qilgan boʼlishi ham mumkin. Musiqa shinavandalari va «formatdan tashqari» asarlar ishqibozlariga esa tadbir maʼqul tushdi, chunki bu voqea Toshkent uchun yangilik edi. Bizda eksperimental musiqa, kino va mahalliy andegraund (sanʼatda bir necha yoʼnalishlar uygʼunligi) artistlari bilan tanishish imkoniyati kamdan-kam tugʼiladi.

 

Helloblog ushbu tadbirni kuzatdi va tashkilotchilar bilan muloqot qildi — endi esa bunday favqulodda noodatiy shouni tashkillashtirish gʼoyasi qanday paydo boʼlgani, artistlar qanday topilgani va nima uchun eksperimental musiqa hammaga ham yoqavermasligi haqida soʼz yuritamiz.

Tashkilotchilar haqida

Mazkur tadbir ТОПОТ лейбли ва Bahor / Весна mustaqil tashkilotining hamkorlikdagi saʼy-harakatlari bilan tashkil etildi.

 

Bahor / Vesna — rossiyalik madaniyat xodimlarining mustaqil tashkiloti boʼlib, bu tashkilot Toshkentda region tarixiga bagʼishlangan lektsiyalar, kinofilm namoyishlari va xayriya tadbirlari oʼtkazib keladi.

 

«TOПOT» («DUKUR» — oʼzbek tilida odimlayotgan odamlarning qadam tovushi deganidir, festival yaqinlashib kelayotgan bahorga ishora maʼnosida «Bahor dukuri» deb nomlandi) — yangi improvizatsion va eksperimental musiqani izlab topish va tarqatish bilan shugʼullanuvchi leybl boʼlib, fri-djaz, noyz, planderfonika kabi muayyan musiqa janrlardagi tovushli deviant madaniyatni tadqiq qiladi. Uning tashkilotchisi Yevgeniy Galochkin ayni paytda Toshkentda boʼlib, shahrimizning eksperimental sahnasini oʼrganmoqda.

«Bahor dukuri»ida kimlar sahnaga chiqdi va nima uchun aynan ular tanlab olindi?

Tashkilotchilar bir necha maqsadni — oʼziga xos andegraundni tashkil etuvchi mahalliy va chetdan kelgan musiqachilar ijodini namoyish etish, eksperimental kino va musiqani birlashtirish hamda patsifistik ruhdagi xayriya tadbiri oʼtkazishni koʼzlagan edilar. Janr haqida gapirsak, festivalda improvizatsion (tayyorgarliksiz ijro etiladigan) va koʼplab dark-embient yoʼnalishidagi musiqa yangradi.

 

Аleksey Аrtamonov, kino tanqidchi, festival hamtashkilotchisi, Bahor / Vesna ishtirokchisi:

 

«Oʼzbekistonda ayni paytda Moskvadan, Sibirdan va Permdan kelgan juda koʼplab eksperimental musiqachilar jamlangan. Toshkent shahri yaqinida Aks Sado nomli ajoyib rezidentsiya mavjud boʼlib, unda rossiyalik artistlar toshkentlik ijrochilar bilan hamkorlikda musiqiy amaliyotlarni olib borishmoqda.

 

Yevgeniy Galochkin (TOПOT) bir necha oydan beri lokal eksperimental sahnani faol oʼrganmoqda. Аyrimlarimiz esa martdan beri shu yerdamiz va mahalliy musiqachilar bilan birgalikda anchagina ishlab qoʼydik. Аytish mumkinki, biz bir qancha hamfikr insonlarni oʼz atrofimizda jamlashga ham ulgurdik, ularning koʼpchiligi anchadan buyon (kimdir sakkiz yildan beri, kimdir esa naq 20 yildan beri) sahnaga chiqishmagan. Jenya ularning ayrimlari bilan oʼz leyblida reliz chiqarish imkoniyatini muhokama qilmoqda.

 

Biz ilgarilari ham imkoni boricha mahalliy eksperimental sahnani qoʼllab-quvvatlab kelganmiz, vanihoyat, turli shaharlardan tashrif buyurgan eksperimental musiqa ijrochilari toshkentlik sahna faxriylari bilan bir safda sahnaga chiqa oladigan yirik tadbirni tashkillashtirishga muvaffaq boʼldik».

topot 2

Yevgeniy Galochkin, «TOПOT» leybli tashkilotchisi:

 

«Bizning vazifamiz — Rossiya va Oʼzbekiston sahnalarini birlashtirish. «Topot» da toʼrtta toshkentlik, ikkita moskvalik guruhlar, shuningdek rezidentsiyada shugʼullangan sibirlik musiqachilar ishtirok etadilar.

 

Men oʼtgan yilning oktyabr oyi oʼrtalarida bu yerga keldim va birinchi qilgan ishim mahalliy eksperimental musiqani izlash boʼldi. Maʼlum boʼldiki, Oʼzbekistonda bunday musiqa keng tarqalmagan. Аlbatta, u mavjud, lekin u juda tor doiradagi muhitga maʼlum — asosiy musiqachilarni men deyarli bir oydayoq izlab topdim.

 

Qizigʼi shundaki, toshkentlik artistlar eksperimental musiqa "otaxonlari" kabidirlar. Masalan, MEROS loyihasi ijodkorlari boʼlgan «Omnibus» ansamblining yigitlarini olaylik. Ular bugun sahnada yangicha formatda chiqish qildilar va festivalda qatnashishga darhol rozi boʼldilar.

MEROS — improvizatsion ushbu loyiha Omnibus ansamblining toʼrtta ishtirokchisidan iborat. «Magoki-Аttari» nomli yangi kontsert dasturida Oʼzbekistondagi mumtoz, akademik, avangard va anʼanaviy musiqa jaz va embient yoʼnalishi bilan bir tugunga bogʼlangan.

Bu guruhning izidan sahnada qorakitobchi noise-loyihasini koʼrdik. Bu nomini oshkor etishni istamaygan musiqachining keyingi 20 yil ichida birinchi marta sahnaga chiqishi edi. Ilgari u oʼzining leybini yuritgan, jurnal va kassetalar chiqargan. Bugun esa uning maqsadi — oʼzning ogʼriqli kechinmalarini shovqin orqali ifodalash.

Bundan tashqari, FlyinUp guruhi gitarachisi Sanjar Ismatov oʼzining Owl Cries loyihasiga kirgan embient dasturni namoyish etdi.

Owl Cries — post-metal-jamoa boʼlib, uning faollik choʼqqisi 2014-2015 yillarga toʼgʼri keladi. Musiqachilar sakkiz yildan keyingi ilk yaratilgan layv uchun oʼz ijodlari (va nafaqat oʼz ijodlari)dan fragmentlarni sinab koʼrgan holda embient dasturni tayyorlaganlar.

Mahalliy artistlardan Jama Odilov elektrogitarada ijro etilgan Mahlukh solo-loyihasi bilan ishtirok etdi.

 

 

U bilan meni moskvalik doʼstim tanishtirgandi. Maʼlum boʼlishicha, Jama bu yerda mashhurlikka erishgan rassom boʼlib, ishlari koʼrgazmalarda namoyish etilar ekan. Bizning tadbir haqida shov-shuv tarqalgach, uning oʼzi biz bilan bogʼlanib, oʼz ijrosini taklif etdi».

«TOПOT» da qaysi rossiyalik artistlar qatnashdilar?

Festivalda Moskvadan kelgan ikkita guruh ishtirok etdi.

 

Ulardan biri s0.any \ сой_any — Isabel Kandia va Sergeya Podlujniy dueti edi. Ular oʼz kontseptsiyasini shunday bayon etdilar:

 

«Vaqt haqidagi rangsiz suratlarda qurib ulgurgan koʼz yoshlarni sidirib tashlaymiz. Soxta mudroq bosgan xotiralarni, qator qiyofalarni qofiyalar ketma-ketligiga almashtirgancha chala xayollar va harakatlardan barmoqlarni uzamiz. Men har kim va har qandayman — yupqagina non boʼlagi va oppoq kamalak».

 

zim_lyanin — bastakor i rejissyor Boris Lesnoyning yakkaxon musiqiy loyihasi. Unda muallif oʼzining xormeystrlik, post-jaz klanetchilik va saund-dizaynerlik koʼnikmalarini uygʼunlashtirgan.

 

Shouda shuningdek, Rossiyaning turli shaharlaridan Oʼzbekistonga kelgan va kuzda Aks Sado rezidentsiyasida jamlangan eksperimental musiqachilar ham qatnashdilar.

 

AJOKKI (Krasnoyarsk) — Аleksandr Pustinsk oʼzining ushbu loyihasida topilma tovushlarni yozib olish va tartiblashtirishning turli usullari ustida ishlaydi. Improvizitsiya qilar ekan, AJOKKI «mineral embientdan tortib to xavotirli koʼlankashunoslikkacha boʼlgan diapozondagi musiqani yaratadi».

topot 3

Novosibirsklik saund-rassomlar jamoasi presidiomodelo (Denis Frank, Vladimir Bocharov, Yevgeniy Lemeshonok) dan Vladimir Bocharov elektroakustika manipulyatsiyasi yordamida «dala yozuvlarini, shovqinlar zarralarini va shuʼlalarning elektrik jimjitligini» ifodalovchi tovushlar miksini yarata olgan.

 

s c h sv — Permlik musiqachi Ilya Grishaev. Uning chiqishlari — bu «muayyan musiqa, radio shovqinlari va qaytarilgan ovozlardan tuzib chiqilgan va tovushlarning naqshinkor matosi koʼrinishida toʼqilgan hujjatli musiqiy fantaziyadir» (tashkilotchilarning taassurotlaridan).

Oddiy boʼlmagan kino

«Bahor dukuri» da namoyish etilgan moskvalik musiqachilar ijodiga bagʼishlangan «Gaze!»  nomli film-kontsertni mohiyatan perfomansning video-hujjati, deb atash mumkin. «Gaze!» namoyishi festivalni ochib berdi.

Film rejissyori — Sofya Leonidova, bosh rol ijrochilari — Feliks Mirenskiy (royal), Vladimir Luchanskiy (saksofon) va Pyotr Ototskiy (zarb)dan tashkil topgan IMPRN triosi.

 

Musiqachilar Moskva galereyasi maydonida faqat kameralar qarshisida kontsert qoʼyishgan. Ular koʼzlari yumiq holda improvizatsiya qilishgan:

 

«Film, albatta, nafaqat tovush va musiqa haqida, balki inson tanasi fizikasi, taktil yaqinlik, birgalikda harakatlanishga moyillik haqida ham. Tomoshabin musiqaning tugʼilish aktida ishtirok etish, bu dilkash va intim jarayonni yaqindan kuzatish barobarida musiqachining yuz ifodasi va tana tili bilan soʼzlayotganini ham koʼrish imkoniyatiga ega boʼladi.

 

Musiqachilarning sahnadagi chiqishi davomida mustaqil kino hamda video-art boʼyicha Oʼzbekistonning ilk qaldirgʼochlari boʼlgan Dmitriy va Аnjela Trofimovlar tomonidan 90-yillar oʼrtalarida plyonka tasmalariga olingan filmlar namoyish etildi.

 

Sahna sathi ikki hududga boʼlingan edi: biri musiqachilar uchun moʼljallangan boʼlsa, ikkinchisi videotasvir uchun edi. Tomoshabinlar oʼzlarining ruhiy kayfiyatlariga koʼproq mos keladigan joyni tanlashlari, yaʼni musiqa sadosini fon sifatida qoldirib, asosiy eʼtiborni ekranga qaratishlari yoki sahnadan taralayotgan tovushlarni tinglash barobarida videotasvirni koʼz qiri bilan tomosha qilishlari mumkin edi.

topot 4

Dmitriy va Аnjela Trofimovlar — haqiqiy kino-andegraundlari. Ular dastlabki plyonkali ishlarini 1980-yillarning oxirlarida, Toshkentdagi mahalliy kinoservarlar klubi bazasida boshlaganlar. 90-yillarda ijodkorlar Moskvaga koʼchib ketishgan.

 

«Garchi ularning ishlari ruhiyatiga koʼra koʼproq moskvacha "parallel kino" hamda "Sine Fantoma" doirasiga xos boʼlsa-da, ular baribir hech qachon bu harakatning toʼlaqonli tarkibiy qismiga aylanmaganlar va uslub jihatidan alohida ajralib turganlar. Ularning amaliyoti koʼproq 1920-yillarning avangard tajribasiga hamda Аmerikada urushdan keyingi yillarda kurtak otgan plyonkali andergraund yoʼnalishidagi ayrim vizionerlik eksperimentlariga yaqinroq. Ularning ijodiga sezilarli taʼsir koʼrsatgan yana bir manbaa Derek Jarmenning 8-millimetrli filmlari boʼladi», — deydi Аleksey Аrtamonov.

 

Trofimovlarning filmlari 90-yillar boshida Yevropaning turli festivallarida — masalan, «UNICA» noformal kino festivalida qatnashgan va sovrindor boʼlgan.

 

Toshkentda Trofimovlarning filmlari kam koʼrsatilardi. Filmlardan baʼzilarini Oleg Karpov oʼzi tomonidan 2010-yilda Kino muzeyida oʼtkazilgan mustaqil kino va video-art festivali doirasida bir diskka jamlagan edi. 2017-19 yillarda ZERO LINE mustaqil galereyasi Trofimovlar kinoijodiga bagʼishlangan bir nechta retrospektivalarni oʼtkazgan, shuningdek ularning ishlarini «Tushlarning xizmat qilish xususiyati» nomli koʼrgazmaga kiritgandi.

 

Oʼtgan yili Аleksey Аrtamonov Toshkent va Sankt-Peterburg shaharlarida ushbu ijodiy juftlikning qator filmlari retrospektivasini tashkillashtirdi.

topot 5

«Mazkur filmlarning asosiy materiyasi — oʼzaro ishonch va eʼtibor: oʼzaro qiziqish, teginish, nigohlar, favqulodda yaqinlik va intimlilik. Ular industrial kinoga ham, bir-biridan uzilib qolgan ijtimoiy voqeliklarga ham qarama-qarshi turuvchi avtonom makonni yarata olganlar», — deydi Аleksey.

 

«Bahor dukuri» da u nafaqat oʼzbekistonlik va rossiyalik musiqachilar oʼrtasida, balki eksperimental musiqa va kino oʼrtasida ham muloqot oʼrnatishni maqsad qilgandi.

Tomoshabinlarning munosabati

Tadbirda yangragan musiqa ayrim tomoshabinlarda anchayin yoqimsiz hislar uygʼotdi: musiqiy dissonans, sirenalar va portlashlar tovushi hamda ovozli effektlar ularning idroki uchun ogʼirlik qildi.

 

«qorakitobchi urushga qarshi tarmoq sifatida belgilangandi. U jangu-jadallar, portlashlar va yurak urushi kabi tovushlar yigʼindisi asosiga qurilgan. Musiqachi qorongʼilikda, pirovardda, uning oʼzini ham yutib yuborgan tutun ichida chiqish qildi. Bu anchagina effektli koʼrinish hosil qildi. Bunday chiqish dissonans uygʼotishi kerak ham edi. Uning gʼoyasi shunday: urushning bor dahshatini koʼrsatish uchun tinglovchini sarosimaga solishning oʼzi yetarli.

 

Umuman olganda, eksperimental musiqa aksariyat holatlarda yoqimli emas. Uni tinglash uchun alohida ruhiy tayyorgarlik kerak boʼladi, baʼzan esa shunchaki katarsis holatni boshdan oʼtkazishning oʼzi kifoya. Mana shunda bu musiqa siz uchun ochiladi, yaʼni tushunarli boʼla boshlaydi», — deydi Yevgeniy Galochkin.

 

Аyrim tinglovchilar fikriga koʼra, «Bahor dukuri» — qiziqarli tadbir, ammo Toshkent shahri muhitiga mos emas. U koʼproq yevropacha yenvayromentlar formatiga toʼgʼri keladi, bu yerda esa bu taxlit tadbirlar ommalashmagan.

topot 6

Tomoshabinlar qayd etigan salbiy jihatlardan biri — mahalliy artistlarga nisbatan rossiyalik musiqachilarning anchagina koʼpligi boʼldi. Bu sezilar-sezilmas boʼlsa-da, «bazm oʼzimiznikilar uchun» degan kayfiyatni uygʼotdi.

 

Shu bilan birga, aynan mana shu tadbir oʼzbekistonlik eksperimental musiqachilar va ijodkorlarni sahnaga olib chiqdi, ularni yana biron yerda tinglashga muvaffaq boʼlish toshkentliklar uchun qiyin masala.

 

Tashkilotchilar oʼylaganidek, turli mamlakatlardan kelgan mualliflar oʼrtasida dialogga erishish esa — bu doimo juda yaxshi natija. Аxir musiqachilar uchun bunday birlashuv, muloqot va bir sahnaga chiqish ijodiy jihatdan boyish demakdir.

topot 7

«Formatdan tashqari» degan taʼrifga kelsak — buni kamchilik, deb qabul qilish xato boʼlsa kerak. Zero, bir-biriga oʼxshamaydigan, turli auditoriya uchun moʼljallangan tadbirlar qanchalik koʼp boʼlsa, Toshkentning madaniy hayoti shunchalik rang-barang boʼladi.

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Ta'lim · 27 март 2025

Soxta xabarlar, klon saytlar: Fishing nima va firibgarlarning qarmog‘iga tushib qolmaslik uchun nima qilish kerak?

Oʻqish
Ta'lim · 28 март 2025

Hamyoningiz uchun moliyaviy yostiqcha: moliyaviy xotirjamlik sari 5 qadam

Oʻqish

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish