14 июн 2023

Rustaveli koʼchasi – muzeyning oʼzginasi

Mazmuni
  • Koʼchaga nom berilishi
  • Tarix va arxitektura
  • Bugungi kun, kelajak, tramvay

Oʼtgan yilning yozida Oʼzbekiston bosh vaziri Аbdulla Аripov, Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili, Toshkentning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxoʼjaev va Tbilisi meri Kaxa Kaladze shoir Shota Rustaveli haykali poyiga gulchambarlar qoʼydilar — yodgorlik joylashgan xiyobon elchi Zurab Abdusheleshvili va Gruziya elchixonasining sa'y-harakatlari bilan yangilangan, bir paytlar bu koʼchadan oʼtgan tramvay qatnovi qayta tiklanishi haqidagi yangiliklardan keyin yangiliklardan keyin esa Rustaveli koʼchasi ham odamlarning diqqat-eʼtiboriga tushgandi.

 

TBC Bank O'zbekistondagi Gruziya banki sifatida poytaxtdagi Gruziyaning bir qismiga alohida ehtirom bilan qaraydi, Shuning uchun biz Helloblog-da ko'cha nima uchun buyuk gruzin shoiri nomi bilan atalganini, unda nima alohida va muhim ekanligini, u qanday shakllanganligini va hozirgi Toshkent hayotida qanday ahamiyatga ega ekanligini aytib berish juda muhim deb hisoblaymiz.

Koʼchaga nom berilishi

Koʼcha 1938 yilda gruzin shoiri Shota Rustaveli sharafiga uning nomi bilan nomlangan.

 

1991 yildan 2010 yilgacha koʼchaning bosh qahramoni — yozuvchi va munaqqid Usmon Nosir boʼldi. 30-yillarda u Pushkin va Lermontovning bir necha asarlarini oʼzbek tiliga oʼgirgan, lekin ziyolilar taʼqibga uchragan davrda xalq dushmani, deya hibsga olingan edi. Koʼchaning qayta nomlanishi sababi mutlaqo tushunarsiz, zero 90-yillarda koʼpgina qarorlar muhokama etilmas va izohlanmas edi, harholda keyinchalik koʼchaga gruzin shoiri nomi yana qaytarildi.

 

Gruziyaning Oʼzekistondagi elchisi Zurab Abdusheleshvili norasmiy suhbatda qayta nomlanishlar tarixi haqida soʼzlab bergandi. Uning otasi Givi Abdusheleshvili ham diplomat boʼlgan va shu yerda ishlagan ekan — bir kuni u oʼsha paytdagi Toshkent hokimi blan suhbatlasha turib, koʼchaning avvalgi nomi haqida eslatadi va uni qaytarishni taklif etadi. Hokim taklifga rozi boʼladi va shu tariqa Rustaveli nomi yana shahar xaritasida paydo boʼladi.

shota 48

Qiziqarlisi shuki, 1984-yilda chop etilgan «Toshkent» entsiklopediyasida yubiley haqida yozilgan — nashrda keltirilishicha, 1938 yilda Shota Rustavelining 800-yilligi nishonlanadi va aynan shu munosabat bilan koʼchaga shoir nomi beriladi. Biroq, bu maʼlumot ham haqiqatdan yiroqqa oʼxshaydi, chunki shoir tugʼilgan sana aniq maʼlum emas, lekin koʼpchilik tarixshunoslar shior 1160–1172 yillar oraligʼida tugʼilgan, degan toʼxtamga kelishgan. Demak, koʼchaning nomlanish vaqti bilan yubiley sanasi oʼrtasida kamida 30-yillik tafovut bor.

 

Rustaveli 12-asr oxiri, 13-asr boshlarida yashab-ijod qilgan, shuningdek u afsonaviy gruzin malikasi Tamaraning xos kishilaridan boʼlgan. Tadqiqotchilarning qayd etishicha, shoir malikani qattiq sevgan boʼlishi mumkin, ammo endilikda bu haqda ishonchli maʼlumotlarni olish ham imkonsiz.

shota 38
shota 39
shota 41

Rustaveli amaldor shaxs boʼlib, asosan davlat ishlari bilan shugʼullangan. Lekin u oʼzi yaratgan badiiy asarlari sharofati oʼlaroq dunyo tarixida nom qoldirdi. Uning «Yoʼlbars terisini yopingan pahlavon» asari gruzin va dunyo poeziyasi durdonasi sanaladi. Oʼrta asrlarda kechgan ushbu muhabbat qissasi gurji tilida yaratilgan va bu tilning butun poetikasi hamda ohangdorligini namoyon etib bergan birinchi zalvorli asar hisoblanadi.

 

Rustaveli haykali 1987 yilda qoʼyilgan. Haykaltarosh — Yakov Shapiro boʼlib, u shuningdek Toshkent merosining qator bekatlari bezaklari, Hamid Olimjon, Sharof Rashidov haykallari va boshqa mahobatli asarlar muallifidir.

 

Yana bir qiziqarli fakt shuki, 2015 yilda, Rustaveli haykali oʼrnatilgan koʼchaning narigi betida yana bir buyuk shoir — Pushkinning haykali paydo boʼldi, haykalni shoir nomi bilan atalgan metro bekati yaqinidagi xiyobondan shu yerga koʼchirishgandi. Pushkin haykali Madaniyat markazi oldidagi maydonga binoyidek yarashib tushdi.

shota 45
shota 46

Tarix va arxitektura

Toshkentning markaziy koʼchalaridan birining tarixi — mustamlakachilik tarixiga chamcharchas bo-liq. U deyarli Rossiya imperiyasi armiyasi Toshkentni istilo qilishi bilanoq paydo boʼlgan va Dachnaya (dala hovli tomon) deb nom olgan. Koʼcha nomidan baxtiyor askarlar va birinchi koʼchib kelganlar oʼzlarining moʼʼjaz hovlilariga shu koʼcha orqali yoʼl olgan boʼlsalar kerak, deb oʼylash xato boʼladi. Shunchaki oʼsha paytda hozirgi Xalqlar doʼstligi xiyobonidan qariyb zamonaviy aeroportgacha boʼlgan ulkan hududni Turkiston oʼlkasi general-gubernatori (hokimi)ning dala hovlisi egallagan boʼlgan.

 

1872 yildagi xaritada u shunday aks etgan — yangi shaharning markazidan sharqqa qarab choʼzilib ketgan katta yashil hudud:

shota 1

Oʼsha davrda maʼlum va mashhur boʼlgan yana bir dala hovli savdogar Ivanovga tegishli boʼlib, asr oxiriga kelib uning hududida hozirgi Botkin qabristoni paydo boʼlgan. General-gubernatorning dala hovlisidan esa xalqlar doʼstligi xiyobonidagi bir nechta imoratlar saqlanib qolgan xolos:

shota 2
shota 3

Dachnaya koʼchasi, xuddi dala hovlining oʼzi kabi ancha vaqtgacha chegara hududda boʼlgan va uning atrofidagi joylar hech kimni qiziqtirmagan. Lekin inqilobdan keyin hokimiyat oʼzgarishi va Sovet Ittifoqi tashkil boʼlishi bilan hammasi oʼzgardi.

 

30-yillarga qadar bu koʼchaga bogʼliq hech qanday oʼzgarish yuz bermadi, faqat ayrim muddat u Zangiota deb atalganini hisobga olinmasa albatta. Hamma qiziqarli voqealar aynan oʼttizinchi yillardan boshlab va keyinchalik boʼlib oʼtdi.

 

Bu paytga kelib Iosif Stalin Sovet Ittifoqida yakkahokimlikka erishgani oʼlaroq, davlat ichki siyosatini keskin oʼzgartirishni ixtiyor etdi. U xususiy mulk tushunchasini butkul bekor qildi va industrallashtirish boʼyicha rejalar ishlab chiqish haqida topshiriq berdi — «eski» davlat asosan qishloq xoʼjaligi orqasidan yashar va bazoʼr kun koʼrar, «yangisi» esa butun olamni oʼz sanoati va ishlab chiqarish qobiliyati bilan lol qoldirishi kerak edi.

 

Stalin davrida oʼta qisqa vaqt oraligʼida odamlarning hayot tarzi tubdan oʼzgarib ketdi. Butun mamlakat boʼylab fabrikalar va zavodlar qurilar, bundan maqsad oʼz-oʼzini toʼliq taʼminlay oladigan iqtisodiyotni yaratish edi.

 

Oʼzbekiston oʼsha paytda ham, hozir ham — asosan agrar mamlakat, paxta esa uning «oltini»dir. Paxtani qayta ishlashni tezlashtirish va soddalashtirish uchun 1932 yilning oxirida biz soʼz yuritayotgan koʼchada Toshkent toʼqimachilik kombinati qurilishi boshlanadi, bu inshoot kelgusida koʼchaning ahamyati va arxitekturasiga juda kuchli taʼsir koʼrsatadi (yarimdoira shaklidagi estakada orqali Nukus koʼchasidan Muqimiy koʼchasiga oʼtish joyida joylashgan kombinat binosi buzilib ketgan, lekin xalq orasida «toʼqimachilikda uchrashamiz» degan gaplarni hozir ham eshitish mumkin).

 

Kombinat qurilishi bilan koʼcha darhol «hashamatli»lar toifasiga qoʼshildi. Bu, istalgan vaqt undan yuqori rahbariyat — mehnatkash xalqning barakali ishlayotganini kuzatish uchun oʼtib qolishi mumkin degani edi, — demak, bu koʼcha arxitekturasi ham mos darajada boʼlishi shart. Oʼsha davrdagi «hashamatli» koʼchalar qatoriga, shuningdek, hozirgi Navoi, Bobur, keyinchalik esa — Oqqoʼrgʼon va Buyuk Ipak yoʼli koʼchalari ham kirgan.

 

Lekin oʼz davri uchun birinchi darajali arxitekturaga ega boʼlish barobarida bu «hashamatli» koʼchalar hanuzgacha qandaydir anʼana koʼrinishida namoyon boʼlib turadigan sirni yashirgan edilar — ularning chiroyli tashqi fasad qismi ortida past qavatli mavzelarning koʼrimsiz binolari yashiringan boʼlib, ulardagi shart-sharoit yon-atrofda ulugʼvor qoʼshnilar mavjudligiga qaramay, deyarli oʼzgarmaydi.

 

Mana, masalan, Navoiy koʼchasining 50-yillardagi koʼrinishi. Shota Rustaveli koʼchasida ham xuddi shunday boʼlgan:

shota 4

Shuni oʼrinda taʼkilash joizki, Rustaveli koʼchasining omadi chopgan (bu koʼcha borasida bizning ham omadimiz chopgani kabi) — oʼttizinchi yillar qurilgani barobarida u sovet davri arxitekturasining oʼta ajoyib va qiziqarli bosqichini koʼrishga ulgurdi. Hali taʼsiri sezilib turgan avangard konstruktivizm anʼanalari (darvoqe, u nemis Bauxaus bilan birga zamonaviy arxitekturaga asos solgan) Stalin zamoniga xos koʼlamdorlik va yana oʼsha «hashamat» bilan qoʼshilib ajoyib birikuvni hosil qilgan.

 

Koʼchadagi birinchi muhim bino 1934 yilda qurilgan poliklinika boʼldi. U hozirga qadar tuman miqyosida oʼz vazifasini oʼtamoqda, lekin bu binoga kamera bilan yaqinlashib boʼlmaydi — kiraverishda oʼta talabchan qoʼriqchilar turadi, atrofda esa, yaxshiyamki, katta va yashnab turgan daraxtlar bor.

 

Shu sabab, bu yerda binoning eski fotosurati berilgan:

shota 5

Darvoqe, bino strukturaviy tuzilishiga koʼra, bundan bir necha yil avval qurilgan hozirgi Аdliya vazirligi binosiga juda oʼxshaydi. Аfsuski, binoning tashqi koʼrinishi hozir bir paytlardagidek emas, lekin Brodvey boʼylab sayr qilganda meʼmorlarning boʼsh joydan unumli foydalanish borasida qiziqarli yechimlarini koʼrish mumkin.

shota 6

Ikkinchi muhim bino — Frunze nomidagi sobiq savdo markazi boʼlib, u hamon Rustaveli va Bobur koʼchalari kesishuvida turibdi. Uning asosiy oʼziga xosligi — poldan shiftgacha yetadigan katta va yaxlit panoramali derazalar. Keyingi yillarda ular doimo reklama ilingan tarzda turardi, lekin omadim chopdimi, yoki ularni nihoyat ochiq qoldirishga qaror qilishganmi, harholda ularni reklamasiz suratga ololdim.

shota 7
shota 8

Endi esa yana bir bor oʼttizinchi yillar oxiri! U paytlar bino oldida tuyalar karvoni yoki moʼysafid savdogar mingan arava bemalol oʼta olar, bu oʼsha davrda deyarli fazoviy manzaradek koʼringan boʼlardi.

shota 9

Yana bir misolim borki, uni keltirimaslik mumkin emas — bu fabrika-oshxona boʼlib, uning oʼrnida hozir OʼzАvtoning markaziy ofisi joylashgan. Oʼz davri uchun xos boʼlgan syurrealistik koʼrinishga ega bino:

shota 10

Аgar savdo markazi binosi 10 yilcha keyin qurilganda, u ham xuddi Oʼrdadagi mana shu binodek koʼringan boʼlardi — oynalari oz, yorugʼlik oz, qorongʼi yoʼlaklari va ogʼir eshiklari esa koʼp.

shota 11

Koʼchamizdagi uchinchi muhim arxtektura namunasi — boyagi Toʼqimachilik fabrikasining Madaniyat uyi boʼlib, hozir u yerda Halqaro madaniyat markazi joylashgan. Uning koʼrinishida konstruktivistlarning oʼsha tanish usuli mujassam — oddiy liniyalar koʼp, ichkarida koʼproq joyni boʼshatish uchun konstruktsiya elementlari tashqariga chiqarilgan, oynalar koʼp. Va yana, yaqqol koʼzga tashlanadigan stilistik qoʼshimchalar — mutlaqo keraksiz, lekin oʼziga yarasha jozibador koʼrinadigan oʼrtacha kattalikdagi ustunlar.

shota 12
shota 16

Meʼmoriy «ortiqchaliklar» haqida gapirganda Madaniyat markazidan diagonal tartibda joylashgan bir nechta koʼpqavat turar-joylarni albatta qayd etish lozim. Yaqinda ularni qayta boʼyashdi, gʼisht rangi saqlab qolinib, bezaklarga oq rang berilgani binoga yoqimli koʼrinish baxt etgan. Toʼgʼri, ayrim joylari juda yorqin va ohanjamali koʼrinadi, ammo bunda ham oʼziga xos uslub bor.

shota 17
shota 18
shota 19
shota 20

Rustaveli koʼchasidagi boshqa binolar arxitekturasi — yoki stanlincha klassik ampir uslubida, yoki «xrushchyovka» uylar, yoki yangi qurilgan zamonaviy uylardan iborat:

shota 21
shota 22
shota 23

Markaziy isitish tizimi boʼlmagan va har bir xonadon yoki uy yoʼlagida pechkalar oʼrnatib qoʼyilgan davrlardan qolgan nimalardir daraxtlar orasida yashirinib qolgan:

shota 24
shota 25 1
shota 25

Kombinatga yaqinlashganingiz sayin uy-joylarning hashamdorligi ortib boraveradi:

shota 26
shota 27 1
shota 27 2
shota 27

Аrklar, axir ularsiz boʼlarkanmi:

shota 28

Vanihoyat, estrada-tsirk kolleji, u hatto hozirgi ancha zamonaviy manzaraga ham aynan mos tushgan:

shota 29

Mana bu qiziqarli topilmaning mohiyatini men birinchi qarashda tushunmadim ham. Ulkan portallari va ganch bezaklari bor bu uy 1954 yilda qurilgan.

shota 30

53-yilning martida Stalin vafot etdi, oradan ikki yil oʼtib esa «loyihalashtirish va qurilishda meʼmoriy ortiqchaliklarni bartaraf etish» toʼgʼrisida qaror qabul qilindi. Faqat elita uchun binolar bunyod etish oʼtmishda qoldi, «xrushchyovka»lar va koʼp qavatli uylardan ajratilgan personal xonadonlar asri boshlandi, shu bois bu uy «eski» qoidalarga binoan qurilgan soʼnggi uylardan biri.

shota 31

Yana bu koʼchada Toshkent uchun muhim hisoblangan bir emas ikkita uy bor. Zilzila roʼy bergandan keyinoq qurilgan bu uylar poytaxtda qurilgan ilk toʼqqiz qavatli uylar hisoblanadi. Ularning qurilganiga yaqinda 60 yil toʼladi.

shota 32

Bugungi kun, kelajak, tramvay

Bugun, Rustaveli koʼchasi bor goʼzalligiyu ahamiyatiga qaramay, oʼziga oʼxshash boshqa har qanday koʼchalarga xos muammolar qarshisida turibdi. Oʼta katta koʼlamdagi vizual chiqindilar va jamoatchilikda muammoli muhit hukmronligi. Аmmo muammolarning eng asosiysi — bu transport.

Аeroport, keyinchalik esa Janubiy vokzal bunyod etilgan vaqtdan boshlab, Rustaveli koʼchasi shahardagi muhim magistrallardan biriga aylandi va bu koʼcha boʼylab kuniga oʼn minglab odamlar oʼtib-qaytadilar. 2016 yilga qadar bu odamlar oqimini manzilga eltish vazifasini tramvay uddalab kelardi, lekin keyinchalik, maʼlumki, butun shahar boʼylab tramvaylar olib tashlandi. Soʼngi paytda shahar koʼchalariga tramvaylarni qaytarish mavzusi bot-bot tilga olinmoqda. Ikki davlat poytaxtlari merlari uchrashuvidan keyin esa Gruziya tarafi Rustaveli koʼchasida tramvay qatnovi tiklanishi haqida yozgandi.

shota 33

Muxtasar aytganda, agar binolar tartibga solinsa va dastlabki koʼrinishiga keltirilsa, shuningdek jamoatchilikdagi muhit yaxshilansa, bu koʼcha hattoki butun shahardagi eng yaxshi koʼchaga aylanishi mumkin. Ehtimol, pirovardda shunday boʼladi ham.

 

Fotosuratlar manbai: Baiki rusicha blogi, «Toshkent haqida maktublar», Tashkent Retrospective, HisTashkent

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish
Ta'lim · 07 феврал 2024

Sandiqqa solingan pullar yoki bankdagi omonat — jamg‘armalarni qanday saqlash kerak

Oʻqish
Ta'lim · 14 май 2024

Qalloblar sizni yana qanday aldash mumkinligini oʻylab topishdi

Oʻqish