27-yanvardan 27-fevralgacha Badiiy akademiyaning Markaziy koʼrgazmalar zalida rassom Maksim Vardanyanning retrospektiv koʼrgazmasi boʼlib oʼtadi – u rassomning keyingi 12 yillik ijodiy faoliyatini namoyon etuvchi 30 ta yirik asarni oʼz ichiga olgan. Biz Helloblog orqali rassom haqida batafsil maʼlumotlarni jamlagan holda, tashrif buyuruvchilarni koʼrgazmada nimalar kutayotgani xususida soʼz yuritishga jazm qildik.
Maksim Vardanyan 1962-yilda Toshkentda tugʼilgan. Uning ijod yoʼli 23 yoshida — dastlab shu yerda boshlandi, keyin esa — Rossii va Yevropada davom etdi. Vanihoyat, 20 yil davomida Frantsiyada yashab-ishlagan rassom Toshkentga qaytdi. Bu davr mobaynida Maksimning ijod namunalari Frantsiya, Belgiya, АQSh, Buyuk Britaniya va Yaponiya galereyalarida namoyish etilgan. Uning asarlari butun dunyo boʼylab, jumladan Jon Galyano, Paolo Roversi, Kenzo Takada hamda Аrmando Ventilo kabi mashhur insonlarning shaxsiy kollektsiyalarida saqlanadi.
Butun dunyoda shuhrat qozonganiga qaramay, Maksimning tugʼilib-oʼsgan makoni – Toshkent qaytgani juda ajoyib qolat.
«Men rassom sifatida tom maʼnodagi baxtni oʼz ijodimni namoyish qilgan paytim emas, koʼpincha butunlay boshqa holatlar va voqeliklarda his etaman, — deydi Maksim oʼz taassurotlari bilan oʼrtoqlashar ekan. — Toshkentda 20 yil boʼlmadim, qaytganimda esa uning oʼrnida boshqa shaharni koʼrdim. Yoshlik paytimda koʼrmaganim qancha joylarni koʼrdim, mahallalarni kezdim».
Biz moʼjazgina hovli-joy sotib oldik, va men shu ondayoq qaytganimdan keyingi birinchi asarimni chizdim. Shu onda yuragim bir hapqirib tushdi, tushundimki, men uchun eng asosiysi — mana shu tuygʼudir
Maksimning ishlarida darhaqiqat, sharqqa nisbatan hayajon va hurmat hissi sezilib turadi. Ranglari, shakli, miqyosiga koʼra uning asarlari soʼzana, mato va gilamlarni eslatadi, bu haqda rassomning oʼzi deyarli har bir intervyusida hamda «Rassom va model» esse-kitobida qayta-qayta zavq-shavq bilan soʼz yuritadi.
2005-yil. Luvrda eroniy gilamlar koʼrgazmasi boʼlmoqda. Qadimiy eroniy gilamlarni koʼrib, yuragim toʼxtab qolay deydi. Ular shu qadar ajoyib! Gʼarb oʼz devorlarini Sezann va Matiss asarlari bilan bezaydi. Sharq esa — gilamlar bilan! Yana gilamlarni oyoq ostiga toʼshab, ularni osongina bosib yuradi. Bu Matiss asari oyoq ostida yotishidek gap axir!
Biri mukammallik formulasini yaratdi, oʼz qahramonlarini faqatgina ibodatxonalar bunyod etish orqali tanib olish odatiga koʼra, bu formulaga oʼz muzeylari devorlarini ham kiritdi; boshqasi — qaysidir muallifga oidlik belgilarini butkul yoʼqotdi, negaki, uning nazdida inson ismi ifodalovchi haddan tashqari «muqarrar» halovatsizlik gilam yuzasidagi dekorativ shartlilikka mutlaqo mos tushmaydi.
Ishtiyoq ila orzu qilingan mualliflik — bir tarafda, deyarli xuddi shu darajada orzu qilingan hammualliflik — ikkinchi tarafda turadi.
Oʼz-oʼzini anglashga chanqoqlik — va shunchaki tashnalik.
Gʼarbning beshakl substantsiya sanalgan ilhom hissiga tasviriy sanʼatdan koʼra koʼproq meʼmorchilikka xos boʼlgan aniq konstruktivlik va chizmaviy tugallanganlik bagʼishlash bobidagi gʼaroyib mohirligi; va Sharqning gʼaroyiblikda bundan kam boʼlmagan, aynan – har bir gilamni chizmadan boshlagan holda ishni deyarli abstrakt tasvirlarning hadsiz ostin-ustunligi bilan yakunlash qobiliyati.
Yo, parvardigor! Men bu ikkisini birlashtirishni juda istardim. Balki, buning uchun oʼz asarlarimni gilam kabi toʼqigan boʼlarmidim.
«Parijda men uzoq vaqt bozor qoidalari boʼyicha ijod qildim. Bundan charchadim. Menda qoidalarga qarshi isyon hissi uygʼondi. Hammasidan voz kechib, oʼzim uchun ishlagim keldi. Men, baxt hissini tuymay qoʼygan joyimda yana unga erishish uchun oʼz mehnatimga boʼlgan munosabatimni oʼzgartirdim», — deydi rassom.
Rassomning ishlarida u nazarda tutgan baxt yaqqol aks etgan. Polotnolarning koʼlami, enli va biroz tartibsiz chizgilar, rassomning dadil, boshqalarga aslo oʼxshamaydigan oʼziga xos chizish usuli — barcha-barchasida tasviriy asar va tomoshabinni oʼzaro suhbatga chorlovchi samimiylik koʼrinib turibdi.
Tasviriy sanʼat asari nafaqat tomoshabin va mijoz uchun, balki uni yaratuvchi uchun ham baxt manbai boʼlishi mumkinligi Vardanyanni hozirgi, Oʼzbekistonga qaytgandan keyingi davriga olib keldi.
27-fevralga qadar Markaziy koʼrgazmalar zalida Maksim va uning ijodi bilan tanishish mumkin. Hech qanday ekfrasis (tasviriy asar mohiyatini ifodalovchi matn)larga hojat yoʼq. Faqat asar va tomoshabinning sukut ogʼushidagi suhbati. Zero, bu suhbatda har kim oʼziga qalban yaqin manzarani koʼra oladi.