1991-yildan hozirgacha — NUSXA KOʼCHIRISH
Toshkent tarixi — koʼp yillik va qiziqarli. Xuddi shuningdek, uning arxitekturasi tarixi ham juda qiziqarli — oʼz «egalari» va davlatga oidlik maqomini ketma-ket almashtirgan holda turli zamonlar hamda davlat tuzumlari aro oʼtib kelar ekan, bu tarix oʼziga yangi va yangi jihatlarni singdirish barobarida tobora oʼzgara borgan.
Toshkent arxitekturasi taraqqiyotini oʼrganish — bu uning meʼmoriy va texnik xususiyatlarini tahlil qilishdangina iborat emas. Chunki, uni oʼrganar ekansan, muqarrar kutilganidan muhimroq tafsilotlarga duch kelasan, kishi. Masalan, hukmron davlat va uning mafkurasi, hukumatning madaniyat va merosga, mavjud madaniyat taraqqiyoti yoki inqiroziga nisbatan munosabati kabi.
Helloblog sizni poytaxt arxitekturasining eng mazmunli hisoblangan, uning XIX asr oxiridan bugungi kungacha kechgan tarixiga oid qiziqarli olamga taklif etadi. Bu olamda anʼanalardan qariyb kolonial tarzda butkul voz kechishdan tortib, Stalin davridagi elektik oʼzlashtirishlargacha, dadil interpretatsiyalar va modernizm avj olgan paytdagi oʼrta asrlarga xos gʼoyalar rivojidan tortib, joʼngina taqlid koʼrinishlarigacha boʼlgan jarayonlar hamda bugungi kundagi qadimiy anʼanalar sari chuqurlashish boʼyicha urinishlar toʼliq aks etgan.
Toʼrtinchi, yakuniy maqola — Mustaqillik davri haqida. Oʼzbekiston nomli yosh davlat yashab qolishga, mustaqil va yagona boʼlishga intilgani kabi oʼsha davr arxitekturasi ham oʼz qiyofasini oʼzgartira boshladi — goh eski tamoyillardan uzoqlashsa, goh ularni davr talabiga bir qadar moslashtirish yoki ulardan nusxa koʼchirishga intilar, toshkentlik meʼmorlar oʼzlari bilmagan holda psixologik jihatdan shu darajada qiziqarli madaniy qatlam yaratdilarki, uni munosib baholash fursati hali oldinda.
Sharqona elementlar, ularning tadrijiy rivoji va talqin etilishi masalasi ulardan zoʼr berib nusxa koʼchirilgan va baʼzan mantiqqa zid qoʼllangan holatlar soyasida qolib ketdi. Lekin shunga qaramasdan, oʼsha «joʼshqin» paytlarda ham, bugungi, yangi hokimiyat davrida ham muhokama qilsak arziydigan mavzular yetarli.
1991-yil yozining ayni soʼnggi kunlarida barchamizga yaxshi maʼlum voqea yuz berdi — 21-avgustda Oʼzbekiston referendum natijalariga koʼra, Sovet Ittifoqi tarkibidan chiqqani va mustaqil boʼlganini eʼlon qildi, dekabr oyida esa Ittifoqning oʼzi butkul barham topdi. Mamlakatda yechimini kutayotgan muammolar, ishlar, masalalar koʼp edi — iqtisodiyotni va armiya salohiyatini yoʼlga qoʼyish, istiqbolni rejalashtirish, yangi mafkurani yaratish hamda yangi, har qanday sovetcha qarashlardan xoli boʼlgan milliy daxldorlik tushunchasini yaratish va h.k.
Аlbatta, bosib oʼtilgan 70 yillik tarix hisobga olinsa, bu ishlarni bir yoʼla amalga oshirish imkonsiz edi — davlat valyutasi hamon Rossiya rubli edi (garchi, yanada takomillashgan variantda boʼlsa-da), iqtisodiy aloqalar hamon mustahkam boʼlib, SSRI parchalangunga qadar qurilishi boshlangan binolarni barpo etish sekinlik bilan boʼlsa ham davom etardi. Misol uchun, mashhur Chorsu gumbazi va «Turkiston» saroyi Mustaqillik davriga kelib ochilgan.
Lekin Mustaqillikning erta davriga oid bir bino bor-ki — uni loyihalashtirish va barpo etish ishlari garchi suveren Oʼzbekistonda boshlangan boʼlsa-da, ammo oʼz parametrlariga koʼra u modernizm tamoyillariga toʼliq mos kelishi bilan noyob hisoblanadi hamda bizning Oʼrta Osiyoning anʼanaviy arxitekturasi mohiyatini qayta anglash haqidagi mavzuimizga ham aynan toʼgʼri keladi.
Bu metroning «Bodomzor» stantsiyasi yaqinidagi Xalqaro biznes markazi binosi boʼlib, u oʼz yondoshi Milliy bank binosi bilan — madrasa va minoradan iborat majmua koʼrinishini hosil qilgan.
Mana, koʼring:
Biznes markazga kirish qismi ayni kunda ayanchli ahvolga tushib qolgan "Chorsu" mehmonxonasining kirish qismiga juda o'xshash. E'tibor berib qaralsa, bu o'xshashlikni binolar yonboshidagi minoralar va "kirish peshtoqi"da payqash mumkin:
Kelgusida Toshkentda bu darajada ajoyib tarzda qayta ishlangan arxitekturaviy gʼoyalar boʼlgani yoʼq.
Biroq... Biroq, oq alyumin panellar bilan qirralangan oynavand binolar koʼpaygandan-koʼpaydi. Аgar sizga ularning koʼrinishi zerikarli, koʼrimsiz va bir xildek tuyulgan boʼlsa — ishoning, siz yolgʼiz emassiz. Lekin maqolaning maqsadi — estetik xususiyatlarni baholash emas, qolaversa, hammaning didi mutlaqo bir xil boʼlavermaydi. Аslida nima uchun bunday uslub yuzaga kelgani, nima uchun bunday binolar maʼqullangani hamda ularning anʼanalar va anʼanaviylikka qay darajada aloqadorligini tahlil qilish har jihatdan qiziqarliroq.
Аvvalo shuni qayd etish lozimki, buyuk oʼtmish va anʼanalarga murojaat qilish Karimov davrining oxirgi yillaridagina ommalashib ketdi, u hokimiyat tepasiga kelgan dastlabki yillarda davlat mafkurasi kommunizmni taqiqlash bilan yaqin oʼtmishdan butkul voz kechish, eski yodgorliklarni buzish va Sovet Ittifoqini birozgina boʼlsada eslatuvchi nimaiki boʼlsa, hammasini qayta nomlash asosiga qurilgandi. Oʼsha yillar siyosiy maakurasining ikkinchi bandi — aynan yangicha daxldorlik tushunchasini va «oʼziga xos taraqqiyot yoʼli»ga ega yangi milliy davlat yaratishga urinishdan iborat boʼlgan.
Karimov iqtisodchi va mafkurachi edi, kelajak haqida koʼp mulohaza yuritar va taraqqiyot borasida oʼz shaxsiy nazariyasini ilgari surardi. Harholda, oʼsha paytda arxitekturaga pala-partish munosabatda boʼlish goʼyoki yangicha daxldorlik tushunchasini yaratish va manfur oʼtmishdan uzoqlashish usullaridan biri deb qabul qilingani seziladi — 2000-yillar oʼrtasiga kelib, 30 yillar avval qurilgan binolar yaroqsiz holga kelgan va ularni restavratsiya qilish ehtiyoji tugʼilganda, buning uchun qoʼllanishi qulay boʼlgan oyna va oq alyumin panellardan keng foydalanildi.
Bu taʼkid bor-yoʼgʼi taassurot xolos, aniq sabablarni esa biz bilolmaymiz — ehtimol, bor-yoʼgʼi bu usul arzon tushgani uchun shunday qilingandir. Ustiga-ustak, shunga oʼxshash jarayonlar boshqa mamlakatlarda ham roʼy bergan — masalan, Rossiyada qanchadan-qancha yaxshi binolar alyuminiy dastidan oʼz qiyofsini yoʼqotdi, ularni hisoblab adogʼiga yetish qiyin. Lekin Toshkent hamisha Toshkent boʼlib qoladi, hattoki bu masalada ham boshqalarga aslo oʼxshamagan uslubni yaratishga muvaffaq boʼldi-ki, uni tadqiq qilish va oʼrganish ishlari yaqin kelajakda bajariladigan ishdir.
Eski binolar shunchaki sirt tarafidan «restavratsiya» qilindi — masalan, MUM.
Lekin yangi qurilgan binolar hamisha bir nechta umumiy, faqat ulargagina xos boʼlgan va faqat bizning mamlakatda mavjud jihatlariga koʼra ajralib turardi. Ushbu turkumdagi 2-maqolani oʼqigan kishi bu oʼrindagi kinoyani darhol tushunadi — meʼmorlar yangi binolarda anʼanaviy motivlarni oz-ozdan va bemalol, hatto baʼzan nooʼrin ishlatishar, fasadlarni yaratar ekanlar uning ortida nimalar borligi ularni qiziqtirmas edi. Bu moyillik aynan 30-50-yillarga xos.
Bunday uslubdagi eng birinchi maʼlumu mashhur bino — 2008-yilda, Markaziy xiyobon yonida barpo etilgan Forumlar saroyidir. Bu yerda — bino uchun joy yangi shaharning boshlanish joyi sifatida tanlangani, yaqin-atrofdagi konstruktivizm ruhidagi АTS va XIX asrga oid cherkov kabi bir nechta arxitektura yodgorliklarining buzib tashlanishi, Saroy qiyofasini toʼsib qolgan azim chinorlarning kesilishida boshdan-oyoq simvolizm mujassam.
Tom maʼnoda arxitekturaviy jihatdan olganda — butkul nusxa koʼchirishga urinishlar boʼlgani sezilib turadi. Ustunlarning tepa qismi ham, Samarqandning Sherdor madrasasi elementi koʼrinishidagi bezaklar ham, hattoki gumbaz ustiga oʼrnatilgan qushlar ham Mustaqillik maydonidagi kompozitsiyani esga soladi:
Va, xuddi 40-yillarda boʼlganidek, nusxa koʼchirishning eng asosiy elementi binoga kirish eshigi tepasidagi gumbazlar boʼldi. «OʼzАvto» binosi koʼrinishiga ahamiyat bering:
Yoki shahar markazida joylashgan, rekonstruktsiya qilingan binoni koʼring:
Xuddi avvalgi zamonlardagidek, gumbazlar yoki ularga oʼxshab ketadigan shakllar yangi zamon arxitekturasini egallab olgani holda, uni aslida voz kechilishi juda kutilgan uslub davomchisiga aylantirib qoʼydi.
Bu arxitekturaviy shakllarni rivojlantirish yoki boshqacha talqin etishga urinmasdan turib, toʼgʼridan-toʼgʼri nusxa koʼchirishdir. Mana shu holat toʼgʼrisida mulohaza yuritsak, arziydigan jihatlar bor.
Toshkent «markazi» — tarixan shahar markazi emasligi haqida hech oʼylab koʼrganmisiz? Kimdir «markazga boraylik» deb aytganda, avval Chor Rossiyasi, keyin esa Sovet Ittifoqi respublikalari — Oʼzbekiston oʼzini bir qatorga qoʼyishni unchalik ham istamaydigan mamlakatlar tomonidan tamal toshi qoʼyilgan va yaratilgan shahar markazi nazarda tutiladi. Bu holatda hech kim Chorsu haqida oʼylamaydi, va ayniqsa, shahar markazi tarixan qaerda boʼlgan ekan, deya boshini qotirib ham oʼtirmaydi.
Kishida kinoya uygʼotuvchi gʼalati tasodif ham shunda — boʼlajak Islom sivilizatsiyasi markazining butkul «anʼanaviy uslub»dan nusxa koʼchirgan holda barpo etilishi barobarida shahar oʼzining haqiqiy tarixiy markazi hamda Eski shaharni oʼz soyasida qoldirdi. Vaholanki, keyingi paytlarda koʼhna merosga nisbatan munosabatning oʼzgarishi, «anʼanaviy milliy» merosga koʼrsatilayotgan eʼtibor va ehtirom nuqtai nazaridan qaralganda, yuqoridagi holat anchayin mantiqqa zid koʼrinadi.
Mumtoz uslubni asliga tiklashga (toʼgʼri, boshqa xom ashyolardan) urinishlarga yana bir misol— Minor masjdi hisoblanadi. Hali Karimov davrida qurilgan bu inshoot biz koʼp marta kuzatgan holatni namoyon etadi va umuman olganda, oʼz vazifasini uddalamoqda.
Boshqa tarafdan qaraganda, dunyo miqyosida olganda, yangi diniy yoki timsoliy obyektlarni qayta talqin qilish yohud eski shaklini moslashtirish orqali yangi nimadir taklif etilganiga misollar yetarli. Masalan, Kyolndagi, Lyublyanadagi yoki Islomoboddagi masjidlar:
Toshkent — uzoq oʼmishdan nusxa koʼchirmoqda:
Всегда можно пойти другим путём. Только возникает вопрос — а нужно ли это Ташкенту?
Аrxitektura mavzusidagi muhokamalarda anʼanalar va anʼanaviy elementlar haqida gap ochilgan paytda eng asosiysi — «Kerakmikan?» degan savolni qoʼyish.
Keling, roʼy-rost soʼzlashamiz. Toshkent, XX asrning ikkinchi yarmidagi qisqa davrni istisno qilganda, hech qachon arxtektura mavzusiga oid boʼlmagan va uning nomi bu mavzuga bogʼlanmagan — bu yirik shahar, savdo va aloqalar shahri, qalʼa-shahar va koʼpchilik uchun orzuga aylangan shahar boʼlgani bilan aslo arxitekturaviy rang-baranglik va qadr-qimmatga ega boʼlgan emas. Hozir, qurilishlar avj olgan hamda bosh plani mavjud boʼlmagan Toshkent 70-yillarda erishgan oʼz qiyofasini yoʼqotib bormoqda, va bu jarayonni toʼxtatib boʼlmaydi.
Ehtimol, bu barcha poytaxt shaharlarga xos qismatdir.
Birgina chora — tarixning saqlanib qolgan zarralarini yoʼqotmaslik, ularni asrab-avaylashdir. Ularga eʼtibor qaratish, mulohaza qilish va ular vositasida tarixni oʼrganish kerak — amin boʼlganingizdek, arxitekturaviy davrlarning hech biri Toshkentda shunchaki paydo boʼlmagan, ularning har biri — uzoq davom etgan global jarayonlar, siyosat va jamiyatda yuz bergan chuqur silsilali voqeliklar natijasi. Binolar hamisha tarixning eng asosiy darakchilari boʼlib kelgan.
Eski shaharning savdo rastalari va shinam kichik koʼchalarini, Imperiyadan qolgan kolonial davrning gʼishtin oʼquv maskanlari, stalincha dabdabali koʼchalar va inqilobga xos boʼlgan, «anʼanaviy» uslubni qayta yaratgan sovet modernizmi yodgorliklarini saqlash va muhofaza qilish lozim. Va toʼgʼri xulosa yasashni oʼrganish kerak.
Boshqa jabhalarda shahar kengayishi va rivojlanishi zarur, uni anʼanalardan voz kechgani yoki aksincha, nooʼrin nusxa koʼchirgani uchun ayblamoq — befoyda ish.
Darvoqe, yangi qurilgan binolardan biridagi ushbu gumbaz qanday qoʼrinyapti?